Alloh taolo insoniyatni yaratgach, ularni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etib, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurdi hamda halol va harom bo‘lgan narsalarni bayon qildi.Demak, har bir inson halol rizq talab qilishi bilan birga, birovning haqqidan hazar qilishi va o‘zgalarning molini nohaq yo‘llar bilan o‘zlashtirmasligi o‘ta muhimdir.
Hayotda o‘zgalarning haqqiga tajovuz qiladigan, o‘zgalar molini o‘zlashtirib oladigan kimsalar, garchi ko‘zga uddaburon kishilar bo‘lib ko‘rinsa-da, nochor va bechora kishilar aynan o‘shalardir.
Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:
«Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang» (29-oyat).
Birovning molini botil yo‘l bilan yeyishga ribo, qimor, poraxo‘rlik, aldamchilik, narxni sun’iy ravishda ko‘tarish, o‘g‘rilik, qimorbozlik, tovlamachilik, qarzga olgan narsalarni qaytarib bermaslik va boshqa shu kabilar kiradi.
Yana bir oyatda Alloh taolo marhamat qiladi:
«Kim buni tajovuzkorlik va zulm ila qilsa, albatta, uni olovga kiritib, kuydirurmiz. Bu esa Allohga osondir» (30-oyat).
Oyatdagi «buni» so‘zi birovning molini botil yo‘l bilan yeyish va o‘zini o‘zi halokatga duchor qilishga ishoradir. Demak, kim birovning molini tajovuzkorlik (ya’ni haromligini bilib turib) va zulm ila (ya’ni tap tortmay) yesa, oxiratda do‘zaxga kiradi. Odatda botil yo‘l bilan mol yeydiganlar bu dunyoda jazodan qutulib ketishi mumkin. Shuning uchun ham ularning zehniga, ilojini topsa, hamma narsadan qutulsa bo‘ladi, degan fikr o‘rnashib qolgan bo‘ladi.
O‘sha fikrni ko‘tarish uchun oxirida:
«Bu esa Allohga osondir», deyilmoqda. Ya’ni botil yo‘l bilan mol yeganlarni do‘zaxga kiritish Alloh uchun osondir. Hech kim qochib, hiyla qilib qutula olmaydi.
Hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom shunday dedilar: “Muflis (hech vaqosi yo‘q nochor) kim bilasizlarmi?” Sahobalar: “Bizning oramizda biror narsasi, biror dirhami ham bo‘lmagan kishi muflisdir”, deyishdi. Shunda Rasululloh: “Mening ummatimdan haqiqiy nochorlar shunday kishilarki, qiyomat kunida namoz, ro‘za, zakotlari bilan kelishadi, shu bilan birga, dunyo hayotida mana buni so‘kkan, yana birini ayblagan, boshqa birining molini yegan va yana boshqasining qonini oqizgan, yana birini nohaq urgan. Bas unday kishining yaxshi amallari qiyomat kunida ana u haqdoriga olib beriladi agar haqdorining har biriga haqlari olib berilgunga qadar yaxshi amallari tugab qolsa, ularning xatolari olinib bunga yuklanadi, so‘ngra do‘zaxga uloqtiriladi”, – dedilar.
Ha, haqiqiy nochorlar mana shu toifadagi kishilardir. Agar yaxshiligi bo‘lsa ham o‘zgalarini aldab, molini o‘zlashtirgani bois o‘sha yaxshiligidan ham mahrum bo‘luvchilardir. Shuning uchun bu dunyoda qochib qutilgan aybdan oxiratda qutilolmaydi.
Hayot taqozosi bilan insonlar doimo bir-birlari bilan turli xil moliyaviy muomala qilishlari aniq. Lekin bu aloqada maqsadni halol yo‘l bilan amalga oshirish, harom yo‘llardan va o‘zgalarni haq-huquqlariga hamda mol-mulklariga tajovuz qilmaslik shartdir.
Hayotda o‘zgalarning moliga ko‘z olaytirib, ularga xiyonat qilganlar qiyomatda Allohning huzurida hisob beradilar va albatta, haqlar Alloh tarafidan o‘z egalariga olib beriladi. Dunyoda qilgan tajovuzlari, xiyonatlari ularga alamli azobning kelishiga sabab bo‘ladi.
Birovni haqqini yeyish ikki xil yo‘l bilan bo‘ladi: birinchisi – zulm orqali. Bunga zo‘rlik bilan tortib olish, xiyonat, o‘g‘rilik, talonchilik bilan yeyish kiradi. Ikkinchisi – hazil – o‘yin orqali. Bunga qimor va turli ermaklar kiradi. Rasululloh yana aytadilar: “Kim qayerdan mol topayotganiga e’tibor bermasa, Alloh ham uni do‘zaxning qaysi eshigidan kirishiga e’tibor bermaydi”. Demak, har bir inson o‘zini bu ishlardan ehtiyot qilmog‘i lozim. Bugungi kunda tovlamachilik, o‘zgalar haqqiga tajovuz qilishning bir qancha ko‘rinishlari ommalashgan.
Jumladan, tijoratda o‘z sherigiga xiyonat qilish, bozorda tarozidan urish yoki sotayotgan narsasining aybini berkitib sotish, qarz olib qaytarib bermaslik va hokazolar, bu ishlar ayrim ibodatli kishilar orasida ham uchrayotir. Bu kabi ishlar oilalardan, jamiyatdan baraka ko‘tarilishiga sabab bo‘lib, insonlar orasida ishonchsizlik, adovatni paydo qiladi.
Payg‘ambarimiz: “Kim xiyonat qilsa u bizdan emas”, – deganlar. O‘z yaqinidan qarz olib, turli yolg‘on bahonalar bilan qaytarib bermaslik, unga nisbatan zulm ekanligi ham hadisda bayon qilingan. Nasaiy qilgan rivoyatda: “Mening jonim Uning qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilib qatl qilinsa va yana tiriltirilib so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, to qarzini ado etmaguncha jannatga kirmas”, – deyiladi. Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzini uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarz uzilsagina jannatga kiradi.
Ulamolarning fatvolarida quyidagi so‘zlar bor: “Boshqalarning haqqini nohaq yeguvchilar sirasiga xoin, aldoqchi, o‘g‘ri, battol, foiz oluvchi (sudxo‘r) va beruvchi, yetim molini yeguvchi, yolg‘on guvohlik beruvchi, qarz olib undan tonuvchi, poraxo‘r, o‘lchov va tarozidan urib qoluvchi, molining aybini yashirib sotuvchi, qimorboz, sehrgar, munajjim, fohisha, azada dod solib yig‘lovchi, sotuvchidan so‘ramay haqqini olib qoluvchi dallol, hur-ozod odamni sotib pulini yeydiganlar kiradi”.
O‘tmishda ajdodlarimiz birovning haqqidan qattiq xazar qilishgan, o‘zganing haqqini olish u yoqda tursin, o‘zlari bilmagan holda tasodifan kelib qolsa ham undan zudlik bilan qutilishgan. Mazhabboshimiz Imom A’zam (r.a)ning taqvolari, halolliklari, o‘zganing haqqidan astoydil qochganlari tarixda ma’lum va mashhurdir. Bu zot savdogarlik bilan shug‘ullanib yurganlarida molning aybini aytishni unutib sotib yuborgani uchun savdogarchilikdagi o‘ttiz yillik sheriklari Hafs ibn Abdurahmon bilan sheriklikni uzganlar va o‘sha moldan kelgan daromadni hammasini sadaqa qilib yuborganlar.
Ulug‘larimiz hatto shubha aralashgan moldan ham o‘zlarini shu qadar ehtiyot qilganlar. Islom dini insonning jonini qanchalik himoya qilgan bo‘lsa, uning molini ham shunchalik himoya qiladi. Ya’ni birovning joniga tajovuz qilish katta gunoh bo‘lganidek, uning moliga tajovuz qilish ham ulkan gunohdir. Firibgarlik qilib molni o‘zlashtirgan yoki qarz olib uni egasiga qaytarmayotgan kishilar yoki omonatga xiyonat qilganlar qiyomatda Allohning rahmatidan mahrum kishilardir. Demak, bunday ishlarni qilayotgan kishilar, avvalo, o‘zlariga o‘zlari zulm qilayotgan kishilardir. Shu o‘rinda, kishi e’tibor qilishi lozim bo‘lgan muhim jihat bor.
Ma’lumki, mazkur yo‘l bilan topilgan ozuqa oilada farzandlarga olib boriladi, bunday ishlarda juda katta xatar bor. Ya’ni o‘g‘rilik, aldov yoki zo‘rlik bilan topilgan ozuqani yeb katta bo‘layotgan farzandlar kelajakda kim bo‘ladi? Bu ayni insonni o‘ylantiradigan masala. Ularning axloqi, tarbiyasi, fe’l-atvori qay holatda bo‘ladi?
Harom taomdan ulg‘aygan bola, albatta, zulmkor, axloqsiz bo‘lib ulg‘ayishi ehtimoli borligiga hakim va ulamolar ishora qilganlar. Unga hech qanday pandu nasihat, ta’lim–tarbiya kor qilmaydi. Chunki haromda shayton bor, harom luqma bilan birga bolaning taniga shaytoniy tabiat ham kirib, singib boradi. Bejizga Qur’oni karim o‘rtadagi molni nohaqlik bilan, botil yo‘l bilan yeyishdan qaytarmagan. Bekorga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlarini faqat halol rizq topishga, o‘zganing haqidan hazar qilishga chaqirmaganlar. Harom do‘zaxga eltadi, halol esa jannat kafolatidir.
Rivoyat qilishlaricha, Abu Dardo roziyallohu anhu masjidga erta kelib, kech qaytardilar. Namozdan keyin Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning suhbatlarini diqqat bilan tinglardilar. Biroq xurmo pishig‘ida Abu Dardo avvalgidan kechroq kelib, ertaroq ketadigan bo‘ldilar. Bu hol Payg‘ambarimizning diqqatlarini tortdi. Abu Dardoni yonlariga chaqirib: “Sening masjidga kelib ketishingda o‘zgarish ko‘ryapman. Nima bo‘ldi?” – deb so‘radilar. Abu Dardo raziyallohu anhu uzrli ohangda shunday javob berdilar: “Shu kunlarda qo‘shnimizning xurmo mevalari pishib, to‘kila boshladi, xurmolar bizning hovliga ham tushyapti. Bolalarim qo‘shnimdan so‘roqsiz ularni yeb qo‘yishmasin, degan xavotirdaman. Bomdodga kelishdan oldin to‘kilgan xurmolarni to‘plab, qo‘shnimiznikiga olib chiqib beraman. Shu sabab masjidga kech kelyapman. Men masjiddaligimda ham daraxtlardan xurmo to‘kiladi. Ularni yig‘ib, qo‘shnimnikiga chiqarishga shoshilaman”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Dardo roziyallohu anhuning bu so‘zlaridan mamnun bo‘ldilar va uning haqqiga duo qildilar.
Musulmon kishi harom yo‘l bilan mol-dunyo kasb qilishdan xuddi cho‘chqaning go‘shtini yeyishdan hazar qilgandek hazar qilishi kerak. Harom yo‘l bilan mol-dunyo topgan odam ikki dunyoda sharmanda bo‘ladi. Bu dunyoda azob-uqubat, turli balo-ofatlarga yo‘liqadi, u dunyoda jahannam ichida turib, qorniga taom o‘rniga olov yeydi.
Haromdan hazar qilish musulmonlarning asosiy fazilatlaridan biri bo‘lganidek, shubhali narsalardan hazar qilish ham salafi solihlarimizning odatlari bo‘lgan. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu shubhali narsadan bir luqma yeb qo‘yib, keyin uni qayt qilib tashlaganlari ma’lum va mashhur.
Abon ibn Abu Ayyosh roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Anas roziyallohu anhu quyidagilarni aytganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga:«Ey Allohning Rasuli, meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilib qo‘ying», dedim. U zot:
«Ey Anas, kasbingni pok qilgin, duoing qabul bo‘lur. Chunki bir odam bir luqma haromni og‘ziga solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmaydi», dedilar» (Daylamiy rivoyat qilgan.)
Anas roziyallohu anhu har doim Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarini ixlos bilan qilib yurganlaridan ba’zi vaqtlarda ushbu rivoyatda zikr qilinganga o‘xshash narsalarni U zotdan so‘rashga jur’at qilganlar. Albatta, u kishining bu safargi so‘rovlari katta savollardan edi:
«Ey Allohning Rasuli, meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilib qo‘ying».
Duosi qabul bo‘ladiganlardan bo‘lish har banda uchun ulkan baxt. Bu har bir mo‘min-musulmon bandaning eng ulkan orzularidan biri.
Albatta, bunday vaqtda odatda, Payg‘ambar alayhissalomning Alloh taologa duo qilib, Anas roziyallohu anhuni duosi qabul bo‘ladigan qilib qo‘yilishini so‘rashlari xayolga keladi.
Ehtimol, Anas ibn Molik roziyallohu anhu ham xuddi shu narsani iroda qilgan bo‘lsalar kerak. Ammo Payg‘ambarimiz alayhissalom faqat Anas roziyallohu anhuning o‘ziga emas, qiyomat kunigacha butun Islom ummatiga yetadigan javobni berdilar:
«Ey Anas, kasbingni pok qilgin, duoing qabul bo‘lur. Chunki bir odam bir luqma haromni og‘ziga solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmaydi», dedilar».
Oxirgi zamon Payg‘ambari, Habibi Robbil olamiyn Muhammad Amin sollallohu alayhi vasallamning ushbu javoblari umumiy qoida bo‘lib qoldi.
Qaysi zamon, qaysi makonda bo‘lishidan qat’i nazar, duoim qabul bo‘lsin, degan har bir mo‘min-musulmon halol kasb ila shug‘ullansin, yeydigan luqmasini halol qilsin. Ana o‘shandagina duosi qabul bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning ushbu javoblaridagi: «Chunki bir odam bir luqma haromni og‘ziga solsa, qirq kungacha duosi ijobat bo‘lmaydi», degan so‘zlariga alohida e’tibor beraylik. Bundan juda oz miqdordagi harom narsa insonga ilashsa ham, uning duosi qabul bo‘lmasligi kelib chiqadi.
Bir luqma taom oz narsa, insonning bir marta ovqatlanishi davomida ham bir luqma deyarli hech narsani tashkil qilmaydi. Lekin siz bilan bizning nazarimizda arzimas bo‘lib ko‘ringan o‘sha bir luqma uni yegan odamning duosini qirq kungacha qabul bo‘lmaydigan qilib qo‘yar ekan.
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kim halol yeb-ichsa, sunnatga muvofiq amal qilsa, odamlarga zarar yetkazmasa, albatta, jannatga kiradi”, – deganlar. Birovning haqqini yeyish harom ekani Qur’oni Karim va Sunnati Nabaviyada sobit bo‘lgan. Kim o‘zini bularga tolib sanasa, haromdan hazar qilsin, o‘zganing haqqiga tajovuz qilishdan tiyilsin. Shundagina islom ummatiga munosib solih insonlardan bo‘la oladi.
Ehtimol, tanovul qilingan har bir taomning asari inson jismida qirq kungacha tursa kerak.
Endi insof bilan o‘ylab ko‘raylik. Hammamizning qilayotgan har bir kasbimiz, topayotgan molu mulkimiz halolmi? Hammamizning tanovul qilayotgan har bir luqmamiz halolmi?
Endi nima uchun duolar qabul bo‘lmayotganini, nima uchun ishlar yurishmayotganini tushunib yetgandirmiz?!
Ushbu ulug‘ hadisi sharifga amal qilib, kasbimizni pok qilishimiz, bir luqma ham haromni og‘zimizga olmasligimiz lozim. Ikki dunyoning baxt-saodati shundadir.
JahongirChoriyev
Toshkent viloyati “Hasanboy ota”
jome masjidi imom-xatibi
Munosabat
Alloh taologa behisob shukrki, taraqqiyotimizning yangi davrida qabul qilinayotgan qonun-qoidalar va me’yoriy hujjatlar insonning e’tiqod erkinligi, ijtimoiy adolatni ta’minlash, uning qadr-qimmatini hurmat qilish hamda huquq-erkinliklarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda islohotlarning barchasi xalqimiz ehtiyojlarini ta’minlash, odamlarni rozi qilish va har bir insonning farovon hayot kechirishini ta’minlashga qaratilganini o‘z hayotimizda guvohi bo‘layapmiz. Bugun ro‘yobga chiqayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlar zamirida Asosiy qonunimiz va unga asoslangan normativ hujjatlarning mazmun-mohiyati mujassam. Chunki mazkurlarda «Inson va uning qadr-qimmati» degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yilgan. Shu nuqtayi nazardan, Davlatimiz Rahbari barcha islohotlarning asosiy maqsadini «Odamlarni hayotdan rozi qilish – asosiy mezon» degan yuksak tamoyilga qaratmoqda.
Ta’kidlash joizki, taraqqiyotimizning yangi davrida insonlarning e’tiqod erkinligini ta’minlash xalqimizni ma’nan yuksaltirish va ilm-ma’rifatli avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, mo‘min-musulmonlarimiz ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi, mamlakatimiz bo‘ylab yuzlab masjidlar ochildi, Qur’oni karim kurslari faoliyat yuritmoqda. Haj kvotasi 3 barobar oshirildi, umra ziyoratchilari bir necha yuz mingni tashkil etmoqda. Natijada qariyb 800 ming mo‘min-musulmonlarimiz haj va umra ibodatlarini amalga oshirish baxtiga erishdilar.
Diniy ta’lim tizimining rivojlanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 ta oliy islom ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, jumladan, 2 ta ayollar madrasasi yoshlarga ilm-ma’rifat bermoqda. Dunyoviy va diniy bilimlarni uyg‘unlashtirish, diniy sohada kadrlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.
Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirlar merosini ilmiy o‘rganish, zamonaviy tahdidlarning g‘oyaviy asoslarini tadqiq etish yo‘lida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari jadal faoliyat ko‘rsata boshladi.
Yaqinda muhtaram Prezidentimiz ulkan va noyob loyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi bilan tanishish jarayonida din arboblari, ziyolilar, olimlar, me’morlar bilan suhbatlashar ekan, mazkur imoratni buyuk ajdodlarimiz zakovati, xalqimiz ma’naviy salohiyatiga mos qilib barpo etish, uni yoshlar uchun ulkan tarbiya maktabi, sayyohlar uchun tabarruk qadamjoga aylantirish kerakligini ta’kidladilar.
Mamlakatimizdagi mazkur umuminsoniy va inson qadri yo‘lidagi islohotlar amalga oshirilishi hamda fuqarolarimizning e’tiqod erkinligi ta’minlanishida Konstitutsiyamiz va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun mustahkam poydevor bo‘lmoqda.
Shu yilning 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan tashabbus qilingan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani ham mana shunday ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Ushbu hujjat bilan tanishar ekanmiz, konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda puxta ishlab chiqilganiga guvoh bo‘lamiz.
Xususan, Konsepsiyaning 3-bandida diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishi hamda ularning avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tishiga xizmat qilib kelishi ta’kidlanib, bu Davlatimizda barcha dinlarga bo‘lgan e’tibor va e’tirofning yorqin dalili hisoblanadi.
Ta’kidlash kerakki, konsepsiya ko‘pmillatli va turli konfessiyali yurtimizda erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun barqaror muhitni ta’minlashga qaratilgandir. Jumladan, hujjatda “Har bir shaxsning qonun asosida teng huquq, imkoniyat va himoyaga ega bo‘lishini ta’minlash, har bir inson qadrlanadigan, hurmat qilinadigan va fikri inobatga olinadigan ijtimoiy muhitni yaratish”, deb alohida qayd qilingan.
Demakki, bunday sa’y-harakatlar inson qadr-qimmatini oshirishga, millatlar va dinlararo munosabatlarni mustahkamlashga, tinchlik-xotirjamlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ham yanada ahamiyatga ega. Zero, inson qachonki millati, xalqi, dini g‘ami bilan yashasa, barkamollikka erishadi. Hayotga tadbiq etilayotgan bu kabi qonun-qoidalar natijasida hamjihatligimiz yanada mustahkamlanadi.
Muhim bandlarni sinchkovlik bilan o‘qigan inson, qaysi sohada bo‘lmasin, ilm-ma’rifat, ilmiy asoslanganlik va rivojlanishga targ‘ib etilganini anglab yetadi. Jumladan, “jahon ilm-fani, madaniyati, san’ati va adabiyotining ilg‘or yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda mamlakat ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish”, shuningdek, “mamlakat aholisida, ayniqsa, yoshlarda ilmiy, aqliy salohiyatni yuksaltirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini, milliy qadriyatlar va ijtimoiy axloq normalariga bo‘lgan hurmat ruhini kuchaytirish”, degan mazmundagi bandlar bayon etilgan.
Zero, Islom dini doimo insonlarga taraqqiyot yo‘lida yurishni shart qilgan va kishilarni ilm-ma’rifatga undagan. Chunki jamiyatni ilmdan boshqa narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi va taraqqiyotga ham erishtira olmaydi. Mujodala surasidagi 11-oyatda esa ilmli kishilar Alloh taoloning huzurida boshqalardan ko‘ra yuqori darajada turishi ochiq-oydin aytilgan: «Alloh sizlardan imon keltirganlarning va ilmga berilganlarning darajalarini ko‘tarur».
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham kishilarni ilmga targ‘ib qiluvchi ko‘p hadisi shariflarni aytganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir», dedilar» (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyatlari). Demak, har bir musulmon ilm talab qilishni o‘zi uchun shart deb bilishi zarur. Yurt taraqqiyoti ham, xalqning farovon hayoti ham ilm bilan bo‘lishini har bir inson anglab yetishi juda muhimdir.
Teran nazar bilan loyihani o‘qib chiqqan kishi, mazkur hujjat bilan fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etilayotganini tushunib yetadi.
Yana bir e’tiborga molik jihat shuki, hujjatning juda ko‘p muhim nuqtalarida umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda tenglik va adolat kabi muhim tamoyillarga katta urg‘u qaratilgan. Bu ham bo‘lsa, jamiyatimiz adolatlilik, insonparvarlik va birdamlik yo‘lidan odimlayotganini yaqqol ifoda etadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, mazkur Konsepsiya qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, xalqimiz totuvligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yoshlar ilm-ma’rifati, ma’naviyatini yuksaltirishga, davlatchilikning huquqiy asoslarini mustahkamlashga zamin hozirlaydi.