Alloh taolo insonga ko‘plab ne’matlar ato qildi. Ushbu ne’matlari ichida farzand deb atalmish in’omi juda ham ulkandir. Lekin bu nemat ulug‘vorligi bilan tub negizida katta bir mas’uliyatli ish yotadi. Shu bilan birga farzandli bo‘lish baxti hammaga ham nasib qilavermaydi. Atrofimizga nazar tashlaganimizda kimdir tirnoqqa zorligini, yana kimdir bir qancha farzandlar bilan siylanganini ko‘ramiz. Buning barchasi buyuk Robbimizning hikmati ila bo‘lgan ishdir. Bazida ko‘p yillardan buyon farzand ko‘rishni, unga mehr berishni orzu qilib kelayotgan ota-onalarni ko‘rganda kishi Allohga beadad hamdu sanolar aytishligi kerak bo‘ladi. Chunki Alloh taolo bizlarga ko‘plab o‘g‘il-u qiz farzandlarni ato qildi. Inson faqatgina Allohga shukr qilish bilan cheklanib qolmasdan balki o‘ziga ato qilingan ulkan mas’ulyatli ishni a’lo darajada ado qilishi kerak.
Bola tarbiyasi eng muhim ishlardan hisoblanadi. Tarbiya esa bolaning murg‘aklik paytidan boshlanadi. Shuning uchun ham “bola boshidan” degan xalqimizning hikmatli so‘zi bejizga aytilmagan. Bolaning tarbiyasi bilan ko‘proq ona shug‘ullanadi. Chunki ota oila nafaqasi sababidan ko‘pincha ishda bo‘ladi. Bolaning chiroyli unib o‘sishi, go‘zal xulqli bo‘lishida onaning beqiyos xizmatlari yotadi. Qadimdan ota-bobolarimiz farzand tarbiyasida dunyo xalqlariga o‘rnak bo‘ladigan darajada namuna bo‘lganlar. Ular bolaga qanday yo‘sinda gapirish kerakligi, qaysi holatda ulardan sodir bo‘lgan ishlarga tanbeh berish lozimligi hamda nimani qilsa yaxshiyu, nimani qilsa yomon ekanini o‘zlarining go‘zal uslublari ila tushuntirganlar. Lekin eng achinarlisi hozirgi kunimizda ba’zi bir ota-onalar farzandlarini yoshligidan boshlab ayrim holatdagi ishlarini to‘g‘ri tushintirmasdan ularni jerkib berishlari, qo‘pollik ila baqirishlari, eng yomon ko‘rinishlaridan biri yosh murg‘akkina go‘dakni kaltaklashlari bu bizning milliy an’analarimiz va dinimiz ko‘rsatmalariga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki bunday holatda voyaga yetgan bolaning qalbida mehr-shafqat, insonparvarlik, o‘zgalarga izzat, hurmat, qalb musaffoligi o‘rnini boshqalarga nisbatan shafqatsizlik, qo‘pollik, dag‘allik va ko‘plab salbiy sifatlar egallaydi. Shuning uchun ham keksalarimiz agar biror bir kishi o‘zining yoshgina bolasini urayotganini ko‘rsalar, ularga: “Bolaga bunday muomalada bo‘lmagin, aks holda farzanding shu holatga o‘rganib qoladi. Sen unga yaxshi so‘zlar bilan uni qilayotgan ishi go‘zal xulqli insonlar amaliga teskari ekanini hamda bunday ishni qilgan kishi yon atrofdagi insonlar oldida xijolatda qolishini yotig‘i bilan tushuntirgin”, degan so‘zlarini ko‘p marotaba eshitganmiz. Agar bolaga chin ko‘ngildan mehr berilsa, uning qalbida ota-onasiga, jamiyatdagi insonlarga bo‘lgan munosabati ijobiy holatga o‘tadi. Aks holda, bu ishimiz o‘zimizga ham, atrofimizdagi insonlarga ham foyda o‘rniga zarar keltirishi mumkin.
Shu o‘rinda arab o‘lkalaridan birida bo‘lib o‘tgan voqeani keltirib o‘tishni lozim topdik. Erta tong bilan uydan chiqqan kishi ko‘chalarni aylanib yurgan paytida do‘kondan chiroyli(portret,manzara tasviri tushirilgan) uy jihozi sotib oldi. Uyga olib kelib mehmonxonaga qo‘ydi. So‘ng o‘zi ishga jo‘nab ketdi. Uyda ahli ayoli bilan to‘rt yoshli farzandi qolgan edi. Onasi uy yumushlari bilan ovora bo‘lib bolasiga e’tibor bera olmadi. Bola esa qo‘lida bo‘yoqli qalam bilan jihoz qo‘yilgan joyga keldi va uni bo‘yay boshladi. Ishdan so‘ng ota uyga qaytib kelgandan keyin ne ko‘z bilan qarasinki jihozning barcha joyi bo‘yab tashlangan edi. O‘zini qo‘lga ololmagan ota avvalo ayoliga tashlanib uni urishib koyidi. So‘ng to‘rt yoshli farzandiga o‘shqirib uni kaltakladi. Bu ham yetmaganday farzandini o‘ng qo‘lini stolning bir oyog‘iga, chap qo‘lini esa boshqa bir oyog‘iga mahkam qilib bog‘lab quydi. Bola dod-faryod qilar, qattiq chinqirab yig‘lar edi. Onasi bo‘lsa bolasiga yordam bergisi kelar, lekin erining g‘azabidan qo‘rqib farzandining oldiga bora olmas edi. Oradan biroz vaqt o‘tgandan so‘ng bolaning ovozi tinib qoldi. Ona bolam uxlab qoldi, degan o‘yda farzandining oldiga borganda ne ko‘z bilan ko‘rsinki murg‘akkina qo‘llari ipning qattiq bog‘langanidan qorayib, ko‘karib ketgan, o‘zi esa behush yotar edi. Shu paytda ona bor ovozicha qichqirib yubordi. Boshqa xonada darg‘azab bo‘lib o‘tirgan ota birpasda o‘g‘lining oldiga yetib kelib qo‘llarini arqondan bo‘shatdi. Va yelkasiga opichlab olib yaqin o‘rtadagi shifoxonaga borishdi. Shifokorlar bolani ahvolini ko‘rib, uni ikki qo‘lini darhol kesib tashlash kerakligini aytishdi. G‘azab sababidan bir xato tufayli bolaning murg‘akkina qo‘llari kesildi.
Endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, arzimagan narsa uchun bolasini kaltaklagan ota farzandini barmoqsiz qo‘llarini ko‘rganda qalbidan qanday xayollar o‘tar ekan? Ko‘cha-ko‘yda farzandlarining qo‘llaridan tutib sayr qilib yurgan otalarni ko‘rganida o‘zi g‘azab holatida qilib qo‘ygan ishidan qalbida vijdon azobi qanchalik alangalanishini o‘sha insonning o‘zi va yaratgan Robbimizning o‘ziga ayon. Bunga o‘xshash holatlar ko‘plab topiladi. Achinarlisi, hayotda ba’zi bir ota-onalarni ko‘cha-ko‘yda, uylarida farzandlarini bo‘lar-bo‘lmasga kaltaklayotganini eshitamiz. Aslida bu ishlari noto‘g‘ri ekanligini bilishmaydi. Agar ularga nasihat tarzida bu ishni qilmang, oqibati yomon bo‘ladi desangiz, ular sizga ursam o‘zimni farzandimni uraman siz aralashmang degan ohangdagi so‘zlariga guvoh bo‘lamiz. Shuning uchun ham biz farzandlarimizni tarbiyalashda milliy qadriyatlarimizga, islom dini ko‘rsatmalariga amal qilishimiz kerak bo‘ladi. Agar yosh bola biror-bir insondan mehr-muhabbat ko‘rsa bu ishni hech qachon yodidan chiqarmaydi.
Imom Muslim o‘zlarining “Sahihi Muslim ” kitoblarida quyidagi hadisni keltiradilar. Jobir ibn Samura roziyallohu anhu yoshliklarida bo‘lib o‘tgan bir go‘zal voqeani esga oladilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan masjidda bomdod namozini o‘qidim. Namoz tugagandan so‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tashqariga chiqdilar. Bolalar u kishini o‘rab oldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning har birining yuzini muborak qo‘llari ila silab qo‘ydilar. So‘ng meni yuzimga ham muborak qo‘llarini tekkizdilar. U zotning qo‘llaridan juda ham xushbo‘y hidni topdim. Xuddi attorning xushbuylik solingan idishidan qo‘llarini chiqarganlari kabi xushbuy hid taralib turar edi. E’tibor bering: Yoshgina bola Nabiy sallollohu alayhi vasallam taraflaridan bo‘lgan mehrni yodidan chiqarmagan. Shuning uchun biz ham Alloh taolo bizga ato qilgan farzand deb atalmish ne’matning qadriga yetishimiz, farzandimizning odobini go‘zal qilishimiz, kelajakda uni o‘zi uchun hamda yashab turgan jamiyatiga foyda keltiruvchi qilib tarbiyalashimiz lozim.
Alloh taolo barchamizning ko‘zlarimizni farzandlarimizdan quvontirsin. Omin!
“Maktabatu Shomila”asosida tayorlandi.
Masharipov Qo‘ziboy
Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kun avval uxlashga kech yotganim uchunmi, saharda vaqtli uyg‘onishim qiyin bo‘ldi. Masjidda jamoat bilan bomdod namozini ado etganimdan so‘ng, uyga qaytdim. Biroz mizg‘ib olay deb, boshimni yostiqqa qo‘yganimni bilaman, kimdir darvozamizni qattiq taqillatib qoldi. Tezda borib, eshikni ochdim. Qarasam: qo‘shnimiz. Ko‘zlari bejo. Sochlari hurpayib ketgan. Qo‘l-oyoqlari qaltirayotgani bilinib turibdi.
– Qo‘shni, – dedi u titragan ovozda. – Shaharni dushmanlar egallabdi. Hammasi qurollangan emish. Narigi mahalladagi xonadonlarning har biriga kirib, erkaklarni bir mashinaga, keksalar, ayol va bolalarni avtobusga bosib olib ketishayotganmish. Qarshilik qilganlarni joyida otib tashlashayotganmish...
– Subhanalloh. Nimalar deyapsiz? Qanaqa dushmanlar? Kim aytdi bu gaplarni sizga?
– Hozir ukam telefon qildi. Maktablarga, shifoxonalarga ham hujum qilishibdi. Shahar markazida harbiylar bilan dushmanlar o‘rtasida otishmalar bo‘layotganmish...
Shunday deya qo‘shnimiz nari ketib, uydagilariga «Bo‘laqolinglar, mashinaga o‘tiringlar, shahardan tezroq chiqib ketish kerak», deb baqira ketdi.
Nimalar bo‘layotganini tushunmay garang bo‘lib turganimda, qo‘shnim mashinasini yurgizib, ikki-uch marta signal berdi.
Shu payt uyg‘onib ketdim... Xayriyat, tush ko‘rayotgan ekanman. Astag‘firulloh. Bunaqa holatlardan o‘zing asragin, ey Allohim. Turib, tahorat qildim. Ikki rak’at namoz o‘qib, Yaratganga hamdu sanolar, shukronalar aytgan holda U Zotdan yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo saqlashini so‘rab duo qildim. To‘g‘ri, bu bir tush, lekin xuddi shu holat hozir dunyoning qaysidir burchagida haqiqatda sodir bo‘lmayaptimi?! Tan olish lozim: ko‘pchiligimiz bugun mamlakatimizda hukm surib turgan xotirjamlikning qadriga yetmayapmiz.
Alloh taolo tomonidan insonga berilgan ne’matlarning son-sanog‘i yo‘q. Shunday ne’matlardan biri xotirjamlikdir. Xotirjamlik – o‘zbek tilining izohli lug‘atida «ruhan tinch bo‘lish», «bamaylixotirlik», «osoyishtalik» ma’nolarini bildirishi aytilgan. Istilohda inson uchun unga biron kimsa yoki biror narsa halaqit qilmaydigan qilib berilgan tinch sharoitga xotirjamlik deyiladi. Xotirjamlikning aksi – bezovtalik, ko‘ngli g‘ashlik, betoqatlik, tashvishlanish. Zero, odatdagi oromi, tinchi buzilgan har qanday kishi hayajon va iztirobga tusha boshlaydi, halovati buziladi.
Hadisda: «Munofiqning alomati uchta: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’dasiga vafo qilmaydi, agar unga omonat topshirilsa, xiyonat qiladi», deyilgan (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Afsuski, ko‘pchiligimiz, bilib-bilmay ba’zida bizga berilgan bu omonatga xiyonat qilib qo‘ymoqdamiz. Alloh tomonidan bizga berilgan tinchlik, xotirjamlik ne’matining qadriga yetmayapmiz. Yer yuzining ba’zi nuqtalarida ro‘y berayotgan mash’um voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarmayapmiz...
Darhaqiqat, bugun jahonning ayrim davlatlaridagi ahvol achinarli ko‘rinish olmoqda. Odamlar ko‘chaga chiqishdan qo‘rqadi. Bolalar tahlikali holatda yashamoqda. Otilgan o‘qlar, portlashlar shovqinidan cho‘chib uyg‘onmoqda. Ta’lim olish, hordiq chiqarish, to‘yib yeb-ichish – ular uchun orzu.
Alhamdulillah, yurtimizda tinchlik hukmron. Ko‘chada xotirjam yurishimiz, ishlab, halol rizq topishimiz, farzandlarimizni qo‘rqmay, bemalol maktabga, bog‘chaga jo‘natishimiz – katta ne’mat.
Bolaligimizda nuroniy otaxonlarimiz, yoshi ulug‘ onaxonlarimiz «Tinchlik-xotirjamlik bo‘lsin, yurtimizni yomon ko‘zdan asrasin, barchamizni salomat qilcin, xonadonlarimizdan osoyishtalik arimasin, ilohim» deb duo qilsalar, ushbu so‘zlar ma’nosini yaxshi anglamas edik. Keyinchalik bu kalomlar naqadar qimmatli ekanini tushunib yetdik.
Urush bu – vahshiylik, bosqinchilik, vayronagarchilik, qon to‘kilishi. Urush bu – ochlik, judolik, tanazzul, inqiroz. Uning oqibatlarini aytib ado etib bo‘lmaydi. Shunday ekan, osmonimizni musaffo qilib turgan Alloh taologa shukr qilaylik. Qur’oni Karimda marhamat qilinadi:
«Sizlarga yer yuzida qudrat va imkoniyatlar berdik va unda sizlar uchun yashash vositalari qildik. Qanchalar oz shukr qilasizlar-a?!» (A’rof surasi, 10-oyat).
G‘oyat qisqa iboralardan tashkil topgan ushbu oyati karima cheksiz haqiqatni, voqelikni mujassam qilgandir. Yer yuzida insonga yashash muhitini yaratib berish oson ish emas. Bu imkonni yaratish uchun qanchadan-qancha bir-biriga bog‘liq ishlar amalga oshirilgan. Avvalo, olam inson hayotiga moslangan, keyin inson bu dunyoda yashashga moslashtirilgan. Bu ikki taraflama moslashishning vujudga kelishiga sababchi ishlar haqida olimlar qanchadan-qancha kitoblar yozganlar va yozmoqdalar ham. Inson aqlini ishlatib, dunyoda uning uchun yaratilgan yashash muhitlaridan aqalli bir yoki ikkitasini o‘ylab ko‘rsa, tushunib yetadiki, Allohga har qancha shukr qilsa ham oz ekan.
O‘tgan asrning 70-yillarida Shveysariya statistika markazi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, insoniyatning 5000 yillik tarixi davomida Yer kurrasida atigi 292 yil urushsiz o‘tgan ekan. 15 500 dan ortiq urush, jangu jadallarda 3 milliard 640 million kishi hayotdan ko‘z yumgan (Lixtenshteyn Ye., «Fan haqida so‘z» (Slovo o nauke), M.: «Znaniye», 1976 y., 117-bet).
Shu o‘rinda bu urushlarning aksariyati turli xildagi fitnayu fasodlar, ig‘voyu gijgijlashlar (provokatsiyalar) oqibatida yuzaga kelishini aytib o‘tish lozim. Shunday ekan, har birimiz o‘zimizni, farzandlarimizni, yaqinlarimizni – fitna urug‘ini sochuvchilarning, yo‘q joydan janjal-nizo ko‘taruvchilarning domiga tushib qolishdan, ularning hiyla-nayranglariga uchishdan saqlashimiz darkor.
Alloh barchamizni urush, tuhmat, ofat kabi balo-qazolardan saqlasin. Dorilomon kunlarimiz bardavom bo‘lsin!
Shuhrat Xo‘jayev