Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Fevral, 2025   |   7 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:09
Quyosh
07:29
Peshin
12:42
Asr
16:04
Shom
17:49
Xufton
19:03
Bismillah
06 Fevral, 2025, 7 Sha`bon, 1446

BOLANI URISH – ODOBDANMI? G‘AZAB QURBONI BO‘LGAN JAJJI QO‘LLAR

22.01.2020   4761   7 min.
BOLANI URISH – ODOBDANMI?  G‘AZAB QURBONI BO‘LGAN JAJJI QO‘LLAR

 

 Alloh taolo insonga ko‘plab ne’matlar ato qildi. Ushbu ne’matlari ichida farzand deb atalmish in’omi juda ham ulkandir. Lekin bu nemat ulug‘vorligi bilan tub negizida katta bir mas’uliyatli ish yotadi. Shu bilan birga farzandli bo‘lish baxti hammaga ham nasib qilavermaydi. Atrofimizga nazar tashlaganimizda kimdir tirnoqqa zorligini, yana kimdir bir qancha farzandlar bilan siylanganini ko‘ramiz. Buning barchasi buyuk Robbimizning hikmati ila bo‘lgan ishdir. Bazida ko‘p yillardan buyon farzand ko‘rishni, unga mehr berishni orzu qilib kelayotgan ota-onalarni ko‘rganda kishi Allohga beadad hamdu sanolar aytishligi kerak bo‘ladi. Chunki Alloh taolo bizlarga ko‘plab o‘g‘il-u qiz farzandlarni ato qildi. Inson faqatgina Allohga shukr qilish bilan cheklanib qolmasdan balki o‘ziga ato qilingan ulkan mas’ulyatli ishni a’lo darajada ado qilishi kerak.

Bola tarbiyasi eng muhim ishlardan hisoblanadi. Tarbiya esa bolaning murg‘aklik paytidan boshlanadi. Shuning uchun ham “bola boshidan” degan xalqimizning hikmatli so‘zi bejizga aytilmagan. Bolaning tarbiyasi bilan ko‘proq ona shug‘ullanadi. Chunki ota oila nafaqasi sababidan ko‘pincha ishda bo‘ladi. Bolaning chiroyli unib o‘sishi, go‘zal xulqli bo‘lishida onaning beqiyos xizmatlari yotadi. Qadimdan ota-bobolarimiz farzand tarbiyasida dunyo xalqlariga o‘rnak bo‘ladigan darajada namuna bo‘lganlar. Ular bolaga qanday yo‘sinda gapirish kerakligi, qaysi holatda ulardan sodir bo‘lgan ishlarga tanbeh berish lozimligi hamda nimani qilsa yaxshiyu, nimani qilsa yomon ekanini o‘zlarining go‘zal uslublari ila tushuntirganlar. Lekin eng achinarlisi hozirgi kunimizda ba’zi bir ota-onalar farzandlarini yoshligidan boshlab ayrim holatdagi ishlarini to‘g‘ri tushintirmasdan ularni jerkib berishlari, qo‘pollik ila baqirishlari, eng yomon ko‘rinishlaridan biri yosh murg‘akkina go‘dakni kaltaklashlari bu bizning milliy an’analarimiz va   dinimiz ko‘rsatmalariga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki bunday holatda voyaga yetgan bolaning qalbida mehr-shafqat, insonparvarlik, o‘zgalarga izzat, hurmat, qalb musaffoligi o‘rnini boshqalarga nisbatan shafqatsizlik, qo‘pollik, dag‘allik va ko‘plab salbiy sifatlar egallaydi. Shuning uchun ham keksalarimiz agar biror bir kishi o‘zining yoshgina bolasini urayotganini ko‘rsalar, ularga: “Bolaga bunday muomalada bo‘lmagin, aks holda farzanding shu holatga o‘rganib qoladi. Sen unga yaxshi so‘zlar bilan uni qilayotgan ishi go‘zal xulqli insonlar amaliga teskari ekanini hamda bunday ishni qilgan kishi yon atrofdagi insonlar oldida xijolatda qolishini yotig‘i bilan tushuntirgin”, degan so‘zlarini ko‘p marotaba eshitganmiz. Agar bolaga chin ko‘ngildan mehr berilsa, uning qalbida  ota-onasiga, jamiyatdagi insonlarga bo‘lgan munosabati ijobiy holatga o‘tadi. Aks holda, bu ishimiz o‘zimizga ham, atrofimizdagi insonlarga ham foyda o‘rniga zarar keltirishi mumkin.

Shu o‘rinda arab o‘lkalaridan birida bo‘lib o‘tgan voqeani keltirib o‘tishni lozim topdik. Erta tong bilan uydan chiqqan kishi ko‘chalarni aylanib yurgan paytida do‘kondan chiroyli(portret,manzara tasviri tushirilgan) uy jihozi sotib oldi. Uyga olib kelib mehmonxonaga qo‘ydi. So‘ng o‘zi ishga jo‘nab ketdi. Uyda ahli ayoli bilan to‘rt yoshli farzandi qolgan edi. Onasi uy yumushlari bilan ovora bo‘lib bolasiga e’tibor bera olmadi. Bola esa qo‘lida bo‘yoqli qalam bilan jihoz qo‘yilgan joyga keldi va uni bo‘yay boshladi. Ishdan so‘ng ota uyga qaytib kelgandan keyin ne ko‘z bilan qarasinki jihozning barcha joyi bo‘yab tashlangan edi. O‘zini qo‘lga ololmagan ota avvalo ayoliga tashlanib uni urishib koyidi. So‘ng to‘rt yoshli farzandiga o‘shqirib uni kaltakladi. Bu ham yetmaganday farzandini o‘ng qo‘lini stolning bir oyog‘iga, chap qo‘lini esa boshqa bir oyog‘iga mahkam qilib bog‘lab quydi. Bola dod-faryod qilar, qattiq chinqirab yig‘lar edi. Onasi bo‘lsa bolasiga yordam bergisi kelar, lekin erining g‘azabidan qo‘rqib farzandining oldiga bora olmas edi. Oradan biroz vaqt o‘tgandan so‘ng bolaning ovozi tinib qoldi. Ona bolam uxlab qoldi, degan o‘yda farzandining oldiga borganda ne ko‘z bilan ko‘rsinki murg‘akkina qo‘llari ipning qattiq bog‘langanidan qorayib, ko‘karib ketgan, o‘zi esa behush yotar edi. Shu paytda ona bor ovozicha qichqirib yubordi. Boshqa xonada darg‘azab bo‘lib o‘tirgan ota birpasda o‘g‘lining oldiga yetib kelib qo‘llarini arqondan bo‘shatdi. Va yelkasiga opichlab olib yaqin o‘rtadagi shifoxonaga borishdi. Shifokorlar bolani ahvolini ko‘rib, uni ikki qo‘lini darhol kesib tashlash kerakligini aytishdi. G‘azab sababidan bir xato tufayli bolaning murg‘akkina qo‘llari kesildi.

Endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, arzimagan narsa uchun bolasini kaltaklagan ota farzandini barmoqsiz qo‘llarini ko‘rganda qalbidan qanday xayollar o‘tar ekan? Ko‘cha-ko‘yda farzandlarining qo‘llaridan tutib sayr qilib yurgan otalarni ko‘rganida o‘zi g‘azab holatida qilib qo‘ygan ishidan qalbida vijdon azobi qanchalik alangalanishini o‘sha insonning o‘zi va yaratgan Robbimizning o‘ziga ayon. Bunga o‘xshash holatlar ko‘plab topiladi. Achinarlisi, hayotda ba’zi bir ota-onalarni ko‘cha-ko‘yda, uylarida farzandlarini bo‘lar-bo‘lmasga kaltaklayotganini eshitamiz. Aslida bu ishlari noto‘g‘ri ekanligini bilishmaydi. Agar ularga nasihat tarzida bu ishni qilmang, oqibati yomon bo‘ladi desangiz, ular sizga ursam o‘zimni farzandimni uraman siz aralashmang degan ohangdagi so‘zlariga guvoh bo‘lamiz. Shuning uchun ham biz farzandlarimizni tarbiyalashda milliy qadriyatlarimizga, islom dini ko‘rsatmalariga amal qilishimiz kerak bo‘ladi. Agar yosh bola biror-bir insondan mehr-muhabbat ko‘rsa bu ishni hech qachon yodidan chiqarmaydi.

Imom Muslim o‘zlarining “Sahihi Muslim ” kitoblarida quyidagi hadisni keltiradilar. Jobir ibn Samura roziyallohu anhu yoshliklarida bo‘lib o‘tgan bir go‘zal voqeani esga oladilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan masjidda bomdod namozini o‘qidim. Namoz tugagandan so‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tashqariga chiqdilar. Bolalar u kishini o‘rab oldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning har birining yuzini muborak qo‘llari ila silab qo‘ydilar. So‘ng meni yuzimga ham muborak qo‘llarini tekkizdilar. U zotning qo‘llaridan juda ham xushbo‘y hidni topdim. Xuddi attorning xushbuylik solingan idishidan qo‘llarini chiqarganlari kabi xushbuy hid taralib turar edi. E’tibor bering: Yoshgina bola Nabiy sallollohu alayhi vasallam taraflaridan bo‘lgan mehrni yodidan chiqarmagan. Shuning uchun biz ham Alloh taolo bizga ato qilgan farzand deb atalmish ne’matning qadriga yetishimiz, farzandimizning odobini go‘zal qilishimiz, kelajakda uni o‘zi uchun hamda yashab turgan jamiyatiga foyda keltiruvchi qilib tarbiyalashimiz lozim.

Alloh taolo barchamizning ko‘zlarimizni farzandlarimizdan quvontirsin. Omin!

 

“Maktabatu Shomila”asosida tayorlandi. 

 

Masharipov Qo‘ziboy

Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus

islom bilim yurti mudarrisi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Alloh taologa “chiroyli qarz” berish

6.02.2025   1409   3 min.
Alloh taologa “chiroyli qarz” berish

Baqara surasining: «Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo‘lida o‘z boyligidan sarflaydigan) kishi bormi?..» 245-oyati karimasi nozil bo‘lgach, Abu Dahdah roziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli! Alloh qarzdan behojat bo‘lgani holda, bizning qarz berishimizni xohlaydimi?” – dedilar.

Nabiy alayhissalom: “O‘sha sababli sizlarni jannatga kiritishni xohlaydi”, deya javob berdilar. “Agar men Robbimga qarz bersam, uning evaziga men va bolalarimni ham jannatga kiritadimi?” – dedilar Abu Dahdah.

Nabiy alayhissalom: “Ha”, dedilar. Shunda Abu Dahdah: “Unday bo‘lsa, qo‘lingizni uzating!” – dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini uzatgan edilar, Abu Dahdah: “Mening ikkita bog‘im bor, ularning biri Madinaning past tarafida, boshqasi tepa tarafida joylashgan. Xudo haqqi, menda shulardan boshqa narsa yo‘q, ularni Allohga qarz berdim”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bittasini Allohga berib, boshqasini o‘zing va oilang tirikchiligi uchun olib qo‘yavergin”, dedilar.

Abu Dahdah: “Yo Allohning Rasuli, siz guvoh bo‘lingki, men ikkisidan eng yaxshisini, ichida 600 tup xurmosi borini berdim”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unday bo‘lsa, Alloh u sababli seni jannat ila mukofotlaydi”, dedilar.

Abu Dahdah bog‘ tomon yurdilar va ayoli hamda bolalarini chaqirib: “Chiqing, men bu yerni Allohga qarz berdim”, dedilar.

Ummu Dahdah: “Yo‘g‘-e, nimaga bunday qildingiz, axir bu bog‘ni orqangizdan qoladigan bolalaringizga tashlab ketganingiz yaxshi emasmi? Choraginimi yo yarminimi berib, qolganini o‘zimizga olib qolmabsiz-da!” demadilar.

Aksincha, Ummu Dahdah: “Yaxshi savdo bo‘libdi, Alloh sizga baraka bersin”, dedilar. Keyin bolalariga o‘girilib, ularning etaklaridagi xurmolarni qoqib tashladilar va og‘zida chaynab turganlarini ham chiqartirib yubordilar. Shu zahoti bolalari bilan u yerdan chiqib, ikkinchi bog‘ga kirib joylashdilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Abu Dahdah uchun mevalari mo‘l qanchadan-qancha xurmo dar­axt­lari tayyorlab qo‘yilgan”, dedilar.

Ey Abu Dahdah, mukofotingizni Alloh bersin! Qanday qilib Allohning amriga bu darajada tezlik ila labbay deya javob berdingiz-a?! Qanday qilib ajabtovur, mevalari ko‘pligidan shoxlari egilib qolgan bu xurmozorni
Allohning jannatidan umid qilib,  O‘zining yo‘lida sadaqa qildingiz?! Buni qanday uddaladingiz?!

Hozirgi kunda oldiga ishonchli kishilar kelib masjid qurilishi uchun yordam so‘rashganida yoki musulmonlarga foyda keltiradigan biror-bir ishga homiylik qilish iltimosi bo‘lganda ikkilanadigan ba’zi boylarga o‘xshab Abu Dahdah roziyallohu anhu uzoq o‘ylanmadilar. Yoki bo‘lmasa maqtov, o‘zlarining haqlariga madhiya so‘ramadilar. Yo‘q, Allohga qasamki, u zot bu ishlarni Alloh O‘zining muxlis bandalariga tayyorlab qo‘ygan jannatiga talabgor bo‘lib qildilar, bundan boshqa narsaning talabida bo‘lganlari yo‘q.

Ey Abu Dahdah, qilgan ishingiz muborak bo‘lsin! Yana sizga bundayin soliha ayol muborak! Bunday ulkan martabada tura olish qutlug‘ bo‘lsin! Ey Ummu Dahdah! Musulmonlarning ayollari sizdayin zotlarga ergashsinlar...

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

Maqolalar