Umar roziyallohu anhu keksayib qolganlarida “Ey Alloh, Yo‘lingda shahid bo‘lish va Rasulingning shaharlarida vafot etishni nasib etgin!” deb duo qilardilar. U kishi bir kuni odamlarga xutba qila turib, bir tush ko‘rganlarini, unda bir xo‘roz o‘zlarini bir yoki ikki marta cho‘qiganini, o‘zlarining ajallari yaqinlashib qolganini sezayotganlarini aytadilar. Shunda odamlar u kishidan o‘rnilariga xalifa bo‘lish uchun nomzodni aytishlarini so‘radilar. U zot sho‘ro majlisi qilmoqchi ekanlarini, bu majlisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam rozi bo‘lgan sahobalaridan olti nafarlari bo‘lmish Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhumning ishtirok etishlarini bayon qiladilar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yaqin orada fath etilgan shaharlardan keluvchi balog‘atga yetgan yigitlarni Madinaga kiritmaslikka qaror chiqargan edilar. Iroq voliysi bo‘lib turgan Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhu mo‘minlar amiridan iroqlik bir yigitni Madinaga kirishiga ruxsat so‘radilar. U yigit temirchi va duradgor edi. Madina ahliga foydasi tegar degan o‘yda edilar. U yigitning ismi Feruz bo‘lib, Abu Lu’lu’a kunyasi bilan atalar, o‘zi asli majusiy edi. Shu bois zohirida musulmon bo‘lib ko‘rinib, nifoqni ichida saqlardi. Hazrati Umar roziyallohu anhu uning kelishiga rozi bo‘ldilar.
Bir kuni Umar roziyallohu anhu tegirmon yasayotgan o‘sha Abu Lu’lu’aning yonidan o‘tayotganlarida yigit u kishiga tegirmon yasab bermoqchiligini aytadi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Umar roziyallohu anhu uni huzurlariga chaqirtirib, “Sen menga havoda aylanadigan tegirmon yasab beraman deb aytmaganmiding?!” deydilar. Bu gapga javoban Abu La’lu’a “Ey mo‘minlarning amiri, men sizga shunday bir tegirmon yasab berayki, odamlar uni mashriqu mag‘ribda gapirib yursinlar” deydi. Bu gapni eshitgan Umar roziyallohu anhu uning maqsadini anglaydilar va sahobai kiromlarga “Bu bola menga tahdid qilmoqda” deydilar.
Kunlarning birida Umar roziyallohu anhu bomdod namoziga imomlikka o‘tib, Allohu akbar deb quloq qoqqanlarida safda turgan majusiy oldinga o‘tdi-da, ichida berkitib turgan xanjari bilan mo‘minlar amirini tanalariga bir necha marta zarba berdi. Umar roziyallohu anhu Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuni oldinga o‘tqazib, o‘zlari qon ko‘p yo‘qotganlari sababli hushlaridan ketadilar. Namozni o‘qib bo‘lgan sahobai kiromlar u kishini uylariga ko‘tarib boradilar. Uylarida o‘zlariga kelgan ulug‘ xalifa yonlarida o‘tirgan sahobalardan “Namozni o‘qib bo‘ldinglarmi?” deb so‘raydilar. Ular “Ha” deyishgach, suv keltirishni buyuradilar. Suv kelgach, tahorat olib o‘zlari namozlarini o‘qib, yakuniga yetkazib qo‘yadilar. Tanalaridan esa qon to‘xtovsiz oqib turardi.
Namozdan so‘ng o‘zlariga kim xanjar urganini so‘raydilar. Qotilning ismini eshitgach, musulmon bo‘lmagan kimsa u kishiga xanjar urgani uchun Alloh taologa hamd aytdilar. Keyin Umar roziyallohu anhu Oisha onamiz roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallam va Abu bakr roziyallohu anhuning yonlariga dafn etilishga ruxsat so‘rab o‘g‘illarini yuboradilar. Onamiz ruxsat beradilar, bundan Umar roziyallohu anhu shodlanadilar. Oradan ko‘p o‘tmay ulug‘ xalifa o‘sha jarohat sababli vafot etadilar va janozalari o‘qilgach, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlariga dafn etiladilar. Qabrga o‘g‘illari Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu va Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu tushadilar. Bu voqea hijriy 23 sanada, milodiy 644 yilda sodir bo‘lib, o‘shanda ulug‘ xalifaning yoshlari 63 da edi.
Alloh taolo hazrati Umarning duolarini ijobat etib, u kishiga Madini Munavvarada shahidlik maqomini nasib etdi.
Ushbu rasmda sariq chiziq bilan belgilangan joy Umar roziyallohu anhuning mehroblari o‘rni bo‘lib, xuddi shu yerda u kishiga xanjar urilgan edi.
Alloh taolo barcha sahobalardan, jumladan, Umar ibn Xattobdan rozi bo‘lsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Asokir Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Masjid tomon yurdim. Sarpo kiyib olgan bir qurayshlik odamni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin yana bir sarpo kiyib olgan qurayshlik odamni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin pastroq sifatli sarpo kiyib olgan ansoriy odamni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
U (Muhammad ibn Maslama) masjidga kirib, baland ovoz bilan takbir aytdi va:
«Allohu akbar! Alloh va Uning Rasuli rost aytdi! Allohu akbar! Alloh va Uning Rasuli rost aytdi!» dedi.
Umar roziyallohu anhu uning ovozini eshitdi va unga «Oldimga kel», deb odam yubordi. U ikki rak’at namoz o‘qib olib, keyin borishini aytdi. Umar vositachini yana qaytarib yuborib, «Kelishingni azm qildim», dedi.
U kelganda Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu: «Men ham o‘zimcha ikki rakat namoz o‘qimasdan turib, uning oldiga bormaslikka azm qildim», dedi. Bas, Umar roziyallohu anhu kelib, uning yoniga o‘tirdi. Namozini o‘qib bo‘lganidan keyin unga:
«Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozgohlarida ovozingni ko‘tarib, takbir aytganingning va «Alloh va Uning Rasuli rost aytdi!» deganingning xabarini ayt. Bu nima?» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, masjid tomon yurdim. Yo‘limda sarpo kiyib olgan qurayshlik Falon ibn Falonni uchratdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin sarpo kiyib olgan qurayshlik Falon ibn Falonni uchratdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, ikki sarpodan pastroq sifatli sarpo kiyib olgan Falon ibn Falon ansoriyni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ogoh bo‘linglar! Albatta, sizlar mendan keyin birovni birovdan ustun ko‘rishni ko‘rasizlar», deganlar. O‘sha narsa sening qo‘ling-la bo‘lishini xohlamadim, ey mo‘minlarning amiri!» dedi.
Umar roziyallohu anhu yig‘lab yubordi va «Astag‘firulloh! Endi qaytarmayman», dedi. O‘sha kundan keyin birorta qurayshlikni birorta ansoriydan afzal ko‘rmadi».
Muhammad ibn Maslama hazrati Umar roziyallohu anhuning eng ishonchli taftishchilari edi. U kishi Muhammad ibn Maslamani eng nozik ishlarni, xususan, amirlar ustidan tushgan arizalarni taftish qilish uchun yuborar edilar. Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu esa bunday ishlarni hazrati Umar roziyallohu anhu kutganlaridan ham a’lo darajada ado etib kelar edi.
Bu safar ushbu daqiq taftishchining panjasiga Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning o‘zlari tushib qoldilar. Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu o‘z vijdoni amriga binoan taftish yuritdi. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari tomon yurib borayotib, yo‘lda odatdagidan boshqacha kiyimlar kiyib olgan kishilarni ko‘rdilar. Ulardan kiyimlari haqida so‘rab bildilar.
Shu bilan birga, uning taftishchilik qobiliyati o‘z-o‘zidan ishga tushib, birovning, hatto adolati ila tillarda doston bo‘lgan xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ham xayollariga kelmagan nozik narsalarni ilg‘ab oldilar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘zlariga yaqin bo‘lgan muhojirlarga ansoriylarga qaraganda yaxshiroq, sifatliroq kiyimlar sovg‘a qilgan edilar. Albatta, sovg‘a bermoqchi bo‘lgan odam kimga nimani xohlasa, o‘shani beradi. Ammo rahbarning, xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning jamiyat mulkidan bo‘lgan narsalarni bu xilda hadya qilishga haqlari yo‘q edi. Shuning uchun Muhammad ibn Maslama masjidga kirishi bilan Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan adolatsizlik sodir bo‘lganini, unga bildiradigan darajada baland ovoz bilan aytib, dod soldi.
Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhuning kimligini hech kim bilmasa ham, hazrati Umar roziyallohu anhu yaxshi bilar edilar. Shuning uchun u kishi o‘zlarini qo‘yishga joy topa olmay qoldilar. Muhammad ibn Maslamaning nimadan norozi ekanligini tezroq bilishga shoshilib qoldilar va uni huzurlariga chorlab, odam yubordilar.
Lekin Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu ham anoyilardan emas edi. Xalifaga xushomad emas, taftishchilik qilmoqchi edi. Shuning uchun xalifa ikki marta odam yuborsa ham bormay, namozini o‘qiyverdi. Bu esa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning tashvishlarini yana ham oshirdi. Endi u kishi Muhammad ibn Maslamani chaqirish u yoqda tursin, uning namoz o‘qiyotgan joyiga o‘zlari kelib oldilar va namoz o‘qib bo‘lishini kuta boshladilar.
Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhuning achchiq tanqidlaridan keyin dunyodagi eng kuchli jamiyatning rahbari, zabardast xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘z xatolarini tan olib, darhol tavba qildilar. Shu bilan birga, o‘sha xatoni qayta takrorlamaslikka va’da berdilar va va’dalarining ustidan chiqdilar.
Bunday ishni qilish uchun mas’ul kishi iymonli, ixlosli bo‘lishi kerak edi.
Bunday ishni qilishi uchun mas’ul kishi Alloh taolodan qo‘rqadigan bo‘lishi kerak edi.
Bunday ishni qilishi uchun mas’ul kishi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bo‘lishi kerak edi!
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi