Inson boshqa jamiki narsalardan mumtoz, hamma mahluqotlardan eng ulug‘idir. Inson ulkan izzat va hurmatga loyiqdir. Alisher Navoiy o‘zining «Vaqfiya» asarida, «Butun osmon va osmondagi jami narsalar, butun yer yuzi va yer yuzidagi jami narsalar, hamma dengizlar va unda mavjud bo‘lgan hamma narsalar, hamma mamlakatlar va ularda bor jami ne’matlar - bari, eng yaxshi narsalar inson uchun, uning baxt-saodati uchun yaratilgan, bularning jami - insonga xizmat qilmog‘i kerak» deb yozgan edi. Insonning mukarramligining yana bir jihati aql-idrok va tafakkurga ega bo‘lganligidadir. Aql-idrok sohibi bo‘lganligi uchun u ikki dunyodagi voqealarni bilishga urinadi, ilmu-tafakkuri, dahosi, mehnati, salohiyoti bilan dunyoni boshqaradi. Insonda buyuk mutafakkirlarimiz ta’kidlaganlaridek, bebaho marvarid – aql-zakovat mavjud. Unda tabiat va jamiyatning sir-asrorlarini va yuksak cho‘qqilarini bilish qobiliyati jamul-jamdir.
Barcha ilohiy va mumtoz asarlarda inson qadri odam zotining Allohning eng buyuk mo‘jizasi sifatida ulug‘lanishi, har tomonlama munosib qadr-qimmat topishini anglatadi. Islom insonlarni bir-biriga zarar yetkazishlikdan va o‘zini ham qiyinchilikka solishlikdan qaytaradi. Inson o‘ziga ato etilgan hayot ne’matini qadrlamog‘i lozim. Ming afsuslar bo‘lsin, hayotining qadriga yetmaydigan insonlar ham borki, o‘z jonlariga qasd qilish holatlariga guvoh bo‘lib qolamiz.
Qur’oni Karimda o‘z joniga qasd qilishi eng katta gunohlardan ekani ta’kidlangan: “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir”[1]. Va yana “O‘zingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta. Alloh ehson qiluvchilarni xush ko‘radi”[2]. O‘zini-o‘zi o‘ldirish Islomda qattiq qoralanadi. Bu ish mo‘min musulmon odamga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan ish bo‘lib, o‘z joniga qasd qilish Alloh taoloning qazoi qadariga norozi bo‘lish, U bergan hayot ne’matiga nonko‘rlik qilish osiylik va irodasizlikdir. O‘zi o‘zi o‘ldirish musulmonlarga xos bo‘lmagan qo‘rqoqlik va nomardlikdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda esa o‘zini o‘ldirgan kishining jazosi yanada ravshanroq yoritilgan: “Kim o‘zini bir temir parchasi bilan o‘ldirsa, qiyomat kunida jahannam o‘tida temirlar parchasi qo‘lida, abadiy ravishda u bilan o‘zini o‘ldirib azoblanib yotadi. Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, doimiy ravishda zaharlanib jahannam o‘tida azoblanadi. Kim o‘zini tog‘dan tashlab yuborsa, doimiy ravishda jahannam o‘tida o‘zini tashlab o‘ldirib azoblanadi”.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Alloh taolo hadisi qudisiyda marhamat qilurki, “Bandam o‘zini o‘zi o‘ldirib men unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy xarom qildim”. Va yana boshqa bir hadisda imom Buxoriy Jundab roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Bir odamning jarohati bor edi. U o‘zni o‘zi o‘ldirdi, shunda Alloh azza va jalla: “Bandam mendan avval joni haqida o‘zi shoshqoloqlik qildi, Men unga jannatni xarom qildim”, - dedi”, deganlar.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhu dan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam: “O‘zini o‘zi bo‘g‘gan do‘zahda ham o‘zini bo‘g‘ib turadi. O‘ziga o‘zi pichoq urgan do‘zahda ham pichoq urib turadi”, deganlar. Demak o‘zini o‘zi o‘ldirgan odam do‘zahga tushishda shubha yo‘q. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, islomda insonning o‘z joniga qasd qilishi gunohi kabiralar (eng og‘ir gunohlar)dan sanalib do‘zaxiy bo‘lishi qayta-qayta ta’kidlangan.
Ibni Sirin rahimahulloh aytadilar: “O‘zini halokatga tashlash Alloh taoloni rahmatidan umidsizlik belgisidir”. Imom Nasafiy aytadilar “Ba’zi johillar kabi odam o‘zini o‘zi o‘ldirmasligi kerak”.
Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy sallollohu alayhi vasallamga o‘zini mishqoslar bilan o‘ldirgan odam olib kelindi. Bas u zot unga janoza o‘qimadilar”. Hadisdagi “mishqos”dan murod - keng tig‘li pichoqqa o‘xshash narsa. Nabiy sallollohu alayhi vasallam o‘zini o‘zi o‘ldirgan odamga janoza namozi o‘qimaganliklari bu odamning qilgan noma’qulchiligi uchun munosib jazodir. Oxiratda esa alohida jazo bo‘ladi. O‘z joniga qasd qilgan inson Alloh taolo rahmatidan uzoq bo‘lib, oxiratda hadislarda keltirilganidek, abadiy azob uqubatda bo‘lish bilan birga har bir musulmonning gunohlarini kafforat bo‘lishiga sabab bo‘ladigan janoza namozidan ham mahrum qilinar ekan.
Hayot atalmish aziz ne’mat inson uchun berilgan eng qadrli omonatdir. Shuningdek, u Alloh taolo tomonidan bizlarga topshirilgan imkoniyat va mas’uliyat hamdir. Har inson bu ne’matni asrab avaylashi, unga hiyonat qilmasligi kerak, aks holda eng og‘ir jinoyatga qo‘l urgan bo‘lib, o‘z zimmasiga katta gunoh orttirgan bo‘ladi.
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
o‘qituvchisi Joziba Jamol qizi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sahobai kiromlar iymonu Islom, shariatu tariqat, axloqu odob va shunga o‘xshash barcha kerakli narsalarda har birlari biz uchun muqtado bo‘lgan ajoyib insonlar jamoasidir.
Ushbu mavzuga kirishdan avval «sahoba» va «fazl» so‘zlarining ma’nolarini yaxshilab o‘rganib olishimiz lozim.
«Sahoba» so‘zi «sahiba» o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda «suhbatdosh bo‘lmoq» va «sohib bo‘lmoq» degan ma’nolarni anglatadi.
Istilohda esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni musulmonlik hollarida ko‘rgan odamga sahoba deyiladi.
Musulmon odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rsa bo‘ldi, suhbatlashib o‘tirmasa ham sahoba bo‘laveradi.
Ulamolar bu masalada ko‘plab batafsil bayonotlar, turli fikr-mulohazalarni keltirganlar. Lekin mazkur tortishuvlarning barchasining natijasi yuqoridagi ta’rifga borib taqaladi.
«Fazl» so‘zi lug‘atda «ziyoda», «ortiqlik», «ustunlik» degan ma’nolarni anglatadi.
Shundan «Sahobalarning fazli» iborasining ma’nosini tushunib olish mumkin.
Payg‘ambar alayhissalom hazrati Jobir roziyallohu anhuga va «Bay’atir-Rizvon»da ishtirok etgan boshqa sahobiylarga qarata: «Sizlar yer yuzidagi eng yaxshi odamsizlar», deganlar.
Shunga binoan, har bir musulmon mazkur baxtiyor shaxslarni sevishi, hurmatlashi va e’zozlashi lozimdir.
Alloh taolo ularga «yaqin fath»ni mukofot qilib berdi. Hudaybiyadan so‘ng tezda butun dunyoni fath qilish boshlandi. Ikki oydan ko‘p vaqt o‘tmay, birinchi, eng muhim fathlardan biri – Xaybar fathi bo‘ldi. Undan keyin esa navbatdagi fathlar ketma-ket sodir bo‘laverdi.
Musulmonlar Islom jamiyatining asl mag‘zini, javharini tashkil etar edilar. Ular uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qism peshqadam muhojirlar edi.
«Birinchi peshqadam muhojirlar».
Ular Makkai Mukarramada hech kim iymonga kelmagan paytda iymonga kelgan, kofirlarning ozorlariga chidagan, ularning zulmlariga bardosh bergan ulkan sahobiylardir.
Ulamolar: «Ushbu oyatda «oliy maqom egalari» deb sifatlanayotgan muhojirlar Badr urushiga qadar Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga hijrat qilgan sahobalardir», deydilar. Chunki ular eng qiyin vaqtda iymonga kelib, eng qiyin vaqtda hijrat qilgan shaxslardir. Badr urushida musulmonlar g‘olib kelib, Islom jamiyati yuzaga chiqib, o‘z tayanchiga ega bo‘lganidan keyin hijrat qilish ham oson bo‘lib qolgan.
Ikkinchi qism – «ansoriylar», ya’ni Madina ahllaridan birinchi bo‘lib Islomga kelgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Aqaba»da bay’at qilgan, din qardoshlarini o‘z yurtlari – Madinaga taklif etgan, makkaliklar hijrat qilib borganlarida o‘zlari yemay, ularga yedirgan, o‘zlari kiymay, ularga kiydirgan, uylarini, molu mulklarini bo‘lib bergan, dinu diyonatlari uchun molu jonlaridan kechishga tayyor turgan madinalik peshqadam musulmonlardir.
Uchinchi qism – «ularga yaxshilik bilan ergashganlar», ya’ni peshqadam muhojir va ansoriylarga yaxshilik bilan ergashganlardir. Ular vasf qilinmish peshqadam muhojir va ansoriylardan keyin, mazkur mashhur voqealardan keyin musulmon bo‘lib, xuddi peshqadam musulmonlar kabi ixlosli, ibodatli va taqvodor kishilar bo‘lganlar. Ularga faqat peshqadamlik, ya’ni eng qiyin damda safda bo‘lmaganliklari yetishmaydi, xolos. Alloh ana shu uch toifadagi musulmonlarning barchasidan «rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar».
Banda erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori martaba Allohning roziligidir. Zotan, har bir bandaning oliy maqsadi ham mana shu. Bandaning Allohdan roziligi Uning qadariga ishonishi, qazosidan yaxshilik kutishi, ne’matlariga shukr qilishi, balo-ofatlariga sabr qilishidir.
Alloh ulardan rozi ekanligi uchun: «Ularga ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarni… tayyorlab qo‘ydi».
Ular mazkur jannatga vaqtinchalikka kirmaslar, balki «ular u (yer)larda abadiy mangu qoluvchi bo‘lgan hollarida».
Alloh taolo ulardan rozi bo‘lmaganida, ularni bunday ikromga sazovor qilmas edi.
«Ana o‘sha ulkan yutuqdir».
Bundan ortiq yutuq bo‘lishi mumkinmi?
Alloh «Hashr» surasida sahobai kiromlarni shunday madh etadi:
«Diyorlaridan va mol-mulklaridan judo qilingan, Allohdan fazl va rozilik umid qiladigan hamda Allohga va Uning Rasuliga yordam beradigan faqir muhojirlargadir. Ana o‘shalar sodiqlardir» (8-oyat).
Muhojirlar aslida makkalik kishilar bo‘lib, dinu iymon yo‘lida ona yurtlarini, mol-mulklarini, qarindosh-urug‘larini tashlab, Madinai Munavvaraga hijrat qilganlar (ko‘chib o‘tganlar). Shu sababli ularning ko‘pchiligi miskin, faqirga aylanganlar.
Ular faqatgina Alloh beradigan fazlni deb, Uning roziligini topamiz, deb bu mashaqqatlarga bo‘yin egdilar. Qiyin ahvolga qaramasdan, Allohning va Rasulining ishiga qo‘llaridan kelgan barcha yordamlarini ayamadilar. Shuning uchun ham Alloh ularni «Iymonlarida sodiq kishilar» deb maqtamoqda.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi