Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

Arshi a’lo larzaga kelmasin (yohud oila qurish ne’mati)

13.01.2020   2741   4 min.
Arshi a’lo larzaga kelmasin (yohud oila qurish ne’mati)

Alloh taoloning irodasi bilan dunyoga kelgan har bir insonning millati, tili, dinidan qat’i nazar bu dunyoda baxtli, saodatli yashagisi keladi. Bunday yuksak orzuga erishish, ya’ni baxtli yashashning sharti va garovi bo‘lgan omillar juda ko‘p. Ular orasida hayotimizga ma’no – mazmun beradigan va hayotni yanada yorqin va go‘zal qiladigan bir omil borki, u ham bo‘lsa insonning o‘z oilasidir. Darhaqiqat, oila qurib yashash ham bir ne’mat. Qay bir insonga Alloh oila qurishni nasib qilgan bo‘lsa, demak u Allohning buyuk ne’matiga sazavor bo‘libdi.

Islom dini har bir insonni voyaga yetganidan keyin oila qurib yashashini buyurgan. Chunki oila qurib yashamoqlik hayotni yanada yorqin bo‘lishiga va saodatni his qilib yashashga xizmat qiladi. Aslida oila qurish bir ne’matdir. Mana shu ne’matni saqlash, ehtiyot qilish, har bir oila qurgan insonga o‘z navbatida oila qurish ne’mat ekanligini his qilib yashash, buning uchun Allohga shukr qilishlari kerak. Buning ne’mat ekanligini his qilmasak, o‘sha ne’matdan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘lib qolishini unutmaslik lozim. Alloh har bir kishini oila qurib yashashga buyuradi va oilaning buzilishiga rozi bo‘lmaydi. Alloh taoloning oila qurishga buyurishdan murodi insonlar o‘zlaridan pokiza nasl qoldirishlaridir. Muqaddas dinimizda arzimas dunyo va uning arzimas matohlarini deb yoki sabrsizlik va qanoatsizlik sababli, yoki bo‘lmasa johilona takabburlik sababli oilalarning buzilishiga olib kelish qattiq qoralanadi. Unutmaslik kerakki, oilaning mas’uliyatini o‘ziga olmay bunga yengil qarash katta gunohdir.

Alloh taolo Fotir surasining 6-oyatida “Albatta, shayton sizga dushmandir. Bas, uni dushman tuting” deydi. Hargiz shaytonni do‘st tutmaslik lozim. Buni zikr qilishimizdan murod shuki, kishilar halol yo‘l bilan oila qurib, ahil bo‘lib yashasalar va o‘zlaridan pokiza avlodlarni dunyoga keltirsalar shaytonning qattiq g‘azabi keladi. Oilalarning ajralib ketishlarida esa Shaytonning cheksiz muvafaqqiyati va quvonchi yotadi. Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Iblis o‘z kursisini suv ustiga o‘rnatib, shaytonvachcha malaylarini har tarafga insonlarni yo‘ldan ozdirish topshirig‘i bilan jo‘natadi. Iblisga eng yaqin va yaxshisi eng katta fitna qilgani bo‘ladi. Shaytonvachchalar ishlarni qilib kelgandan so‘ng Iblis ulardan so‘raydi. Shunda ulardan biri men falonchini hech holiga qo‘ymadim, falon gunohlarni qildirdim oxiri yo‘ldan ozdirdim deydi. Shunda Iblis ishidan qoniqmasdan, hech narsa qilmabsan deydi. Keyigisi ham, undan keyingisi ham turli gunohlarni qildirganligini aytadi va ularga ham hech narsa qilmaganligini aytadi. Vaholangki, ular qildirgan ishlar katta gunohlar edi. Ulardan so‘nggisi kelib “Men falonchini o‘z xotinidan ajratdim” deydi. Iblis bu ishdan qanoatlanib, shod bo‘ladi va uni quchoqlab, “Sen eng zo‘risan” deydi”.

Mana, azizlar, biz ehtiyot bo‘lishimiz kerak bo‘lgan ish qayerda? Oila buzilishida shaytonning xursandchiligi, Allohning esa g‘azabi bor. Doimo Allohni rozi qiladigan ishlarni qilaylik. Hargiz, oilalarning buzilishiga sabab bo‘lib qolmaylik. Oilaning buzilishida katta xatarlar bor. Xususan, oila egalari va ahllarining qalbida alamli og‘riq va iztirob paydo bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, qarindoshlar orasida ham katta adovatni paydo qiladi. Buning oqibatida qancha ko‘ngilsiz ishlar paydo bo‘ladi. Qolaversa, o‘rtada farzandlar tirik yetim bo‘lib qolishi bor. Ularning mehr-muhabbatsiz bo‘lib qolishlariyu, ta’lim-tarbiyasining nuqsonli bo‘lishi bor. Ota-onasidan to‘liq tarbiya ololmagan farzandlardan kelajakda noqobil insonlar paydo bo‘lishi bor. Bundan ko‘rinadiki, bir oilaning buzilishi, jamiyatga qay darajada zarar keltiradi. Demakki, oila jamiyat va davlat hayotida, uning rivoji yo‘lida katta ahamiyat kasb etadi. Arzimas sabablar ila ajralishning oqibati qanchalar ayanchli ekan. Mana nima uchun ajralish sababidan Allohning arshi larzaga keladi. Bugun atrofga ibrat ko‘zi bilan qaramasak, kelajak avlodlarimizning hayotiga beparvolik bilan yengil qarasak, boshimizda tashvishimiz ortib boraveradi. Agar biz oila qurishni bir ne’mat bilib, uni qadrlasak, arzimas ishlar uchun ajrashib ketishning gunoh ekanligini  his qilsak, oilani saqlab qolishimiz mumkin bo‘ladi.

Alloh barcha oilalarga ofiyat bersin.

 

Usmon bin Maz’un jome’ masjidi imom-xatibi O‘tkir Hakimov

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Profilingiz” sizni uyaltirib qo‘ymasin!

04.07.2025   3785   1 min.
“Profilingiz” sizni uyaltirib qo‘ymasin!

- Avvalo, ijtimoiy tarmoqlarga kirishdan maqsadingiz shunchaki vaqt o‘tkazish, ermak emas, balki boshqalarga manfaat ulashish, ulardan manfaat olish, ilmni oshirish, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish;

- Fahsh, harom, boshqalarga tegishli rasm va videolarini tarqatish tiyilish;

- Dinni, ulamolarni, shaxslarni, xalqlarni kamsitadigan, obro‘ to‘kishga qaratilgan maqola, rasm va videolarni post qilib qo‘ymang;

- Foydasiz tortishuvlarga kirishmang;

- Mish-mish aytuvchi, tarqatuvchi bo‘lmang! Ma’lumotlarni tarqatishdan oldin tekshirib, aniqlashtiring;

- Postlaringiz bilan odamlarga ilm-ma’rifat, yaxshilik ulashishga intiling va bu ishlarning barchasini Alloh taoloning roziligi uchun qiling;

- Yozayotgan, yuborayotgan, ulashayotgan har bir so‘zingiz oxiratda sizning zararingizga emas, foydangizga guvohlik beradigan so‘z bo‘lishiga diqqat qiling;

- Ijtimoiy tarmoqlardan me’yorida foydalaning! Ibodatni ado etish, oilaning nafaqasi, silai rahm, qo‘shniga yaxshilik qilish kabi zimmangizdagi mas’uliyatlaringizni unutib qo‘ymang;

- Postlarga “yoqdi” tugmasidan bosishdan oldin bu ish iymoningizga futur yetkazadimi yoki yo‘qmi, aniqlab oling! Gunoh bo‘lgan postlarga “yoqdi” tugmasini bosish iymonga salbiy ta’sir etadi;

- Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizni oxiratda Alloh taoloning huzurida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilarida xijolat bo‘lib qolmaydigan tarzda yuriting!

Norin tumani “Abu Iso at-Termiziy” jome masjidi

imom-xatibi Maxmudov Yosinxon.

Manba: @SOFTALIMOTLAR

MAQOLA