Mazhabboshimiz Imomi A’zam rahimahullohning “Fiqhul akbar” kitobida bunday yozilgan: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo‘lsa ham, basharti uni halol deb e’tiqod qilmagan bo‘lsa, undan imon ismini olib tashlamaymiz, uni haqiqiy mo‘min deb atayveramiz, uni fosiq mo‘min deb atash mumkin, faqat kofir emas”.
«Kufr» so‘zi lug‘atda «o‘rash», «to‘sish» kabi ma’nolarni bildiradi. Istilohda esa ikki xil ma’noda keladi: biri dinda, ya’ni, Alloh va Uning rasuliga itoatsizlik, ikkinchisi, in’om etilgan ne’matni mensimay, inkor etishni anglatadi. Masalan, Qur’oni karimda «kufr» lafzi bir necha o‘rinlarda kelgan bo‘lib, ba’zi oyatlarda «mutlaq kufr» zikr etilib, Islom dinidan chiqishgacha bo‘lgan holatlar nazarda tutilsa, ba’zi o‘rinlarda shunchaki cheklov yoki to‘xtamlarni o‘z ichiga oladi.
Shu bois olimlar kufrni ikkiga, ya’ni katta va kichik turga bo‘lganlar. Kichik kufr amaliy hisoblanib, Kitob va sunnatda «kufr» deb nomlangan gunohlarni o‘z ichiga oladi. Biroq ular dindan chiqaruvchi haqiqiy kufr darajasiga yetmaydi, balki kufroni ne’mat, noshukrlikni nazarda tutadi. Masalan, Ibrohim surasining 34-oyatida “kufr” so‘zidan “noshukrlik” ma’nosi iroda qilingan: «…Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir».
Kichik kufr hadisi sharifda ham kelgan: «Mendan keyin bir-biringizni bo‘yningizga qilich soluvchi kofir bo‘lmanglar». Ulamolar kichik kufr dindan chiqarmaydi va amallarni bekor (habata) qilmaydi, lekin amallarni nuqsonli qiladi hamda u orqali banda azobga duchor bo‘ladi, deganlar.
Katta kufr esa istilohda haqni berkitish, ya’ni imonning ziddini bildiradi. Jumladan, imon keltirish shart bo‘lgan narsalardan birini inkor etish katta kufrdir. Katta kufr kishini dindan chiqaradi.
Takfir esa asossiz sabablar bilan mo‘min-musulmon kishini kofirga chiqarishdir. Musulmonni kofir deyish juda xatarli masala bo‘lib, oqibati yomon ishdir. Ulamolar ijmosi bilan kufr hisoblangan so‘z mutlaq «kufr»dir. Mo‘min imon asoslarini inkor etish bilangina dindan chiqadi. Kufr kalimasini aytgan kishiga «kofir» hukmini berishning shartlari bor. Dindan chiqqan musulmon kofir sanaladi va u «murtad» deb ataladi. Murtadlik quyidagilardan birortasini qasddan bajarish orqali yuzaga keladi: kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilish; botil aqidaga e’tiqod qilish; so‘z yoki amali bilan kofir bo‘lishni niyat qilish; Islomdagi qat’iy, mutavotir yo‘l bilan farz qilingan amallardan birini inkor qilish.
Imom Abu Mansur Moturidiyning qarashlari karromiylar, jahmiylar, mu’taziliylar, qadariylar va rofiziylarning aynan mazkur masala yoki u bilan bog‘liq bo‘lgan imon va amal, gunoh va gunohkorning holati, mo‘minlik va kofirlik bilan bog‘liq qarashlariga bergan raddiyalarida namoyon bo‘ladi. Jumladan, «Kitobut tavhid» asarida Imom Moturidiy «aslida sof diniy e’tiqoddagi ta’limotni bilish oson ish emas» ekanini uqtiradi. Alloma takfir masalasida mu’taziliylarning gunoh bois imonning zavol topishi, shuning uchun osiy mo‘min kofir bo‘lib, do‘zaxda abadiy qolishi haqidagi qarashlarini rad etadi va ahli sunnaning ushbu masala yuzasidan fikrlarini bayon qiladi.
Asarda mazkur masalalar keng yoritilgan. Alloma musulmonga kofir hukmini berishda haddan oshgan firqalarning qarashlariga raddiyalar bergan va ahli sunnaning ushbu masala yuzasidan qarashlarini Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar bilan dalillagan. Jumladan, asarda quyidagilar bayon qilingan: «Gunohi kabira qilgan kishi to‘g‘risida murjialar: “Mo‘minning imoniga gunohi kabira zarar qilmaydi”, desalar, xorijiylar: “gunohi kabira qilgan musulmon imondan chiqadi, kofir bo‘ladi”, deydilar». Imom Moturidiy esa ularni rad etib, Yusuf surasining: «Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo‘lur», (87-oyat) oyatini dalil qilib keltiradi. Gunohi kabira borasida Imom Moturidiy ahli sunnaning e’tiqodini bayon qilib aytadiki: «Mo‘min fosiq bo‘lsa, unga tavba vojib bo‘ladi. Qur’oni karimda: “(Ey Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi Mag‘firatli va Rahmlidir”, deyilgan» (Zumar surasi, 53) oyatni hujjat qilib keltiradi.
Ahli sunna ulamolari ittifoqiga ko‘ra, katta (kabira) gunoh sodir etgan kishi qilgan ishini halol sanamas ekan, hargiz kofir bo‘lmaydi va u banda do‘zaxda abadiy qolmaydi.
Yuqorida sanab o‘tilganlar oqimlar da’vo qilayotgan soxta g‘oyalar ahli sunna val jamoa e’tiqodiga mutlaqo ziddir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qibla ahlidan biror kishini, garchi gunohi kabira qilsa ham, kofirga chiqarmaslikka buyurganlar. Sahobai kiromlar ham qibla ahlining hech birini kofirga chiqarmaganlar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Qachon kishi o‘z birodariga “Ey, kofir” desa, ikkovlaridan biri o‘shandoq bo‘ladi», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ya’ni, haligi odam kofir bo‘lmasa, uni kofir degan odamning o‘zi kofir bo‘ladi.
Hanafiy ulamolar esa kishining kofirligiga to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lib, unday emasligiga bitta dalil topilsa, o‘sha bitta dalil olinishi lozimligini aytadilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh esa: “As'hoblarimizdan hech kim qibla ahlidan bo‘lgan ahli havoni kofirga chiqarishni aytmagan. Bir narsani vojib yoki harom deyish, birovga savob yoki azob berish, birovni kofir yoki fosiq deb hukm qilish Allohning ishidir», deganlar.
Xulosa qilib aytganda, xorijiylar, mu’taziliylar kabi firqalar tomonidan takfir masalasi ahli sunna val jamoa e’tiqodiga zid tarzda talqin qilingan. Hozirgi kunda Islom niqobi ostida faoliyat olib borayotgan turli oqimlar musulmonlarni qilgan amali bois kofirga chiqarish orqali o‘zlarining jinoyatlarini oqlamoqdalar. Biroq bularning bari dinimiz ta’limotiga ziddir.
Raufjon RASHIDOV,
mustaqil tadqiqotchi
“Hidoyat” jurnalining 12-sonidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Har bir inson hayotida xavotir va qo‘rquvni his qiladi. Bu tabiiy holat. Ayniqsa, bugungi kunimizda turmush tashvishlari, hayot qiyinchiliklari, narxlar oshishi, hashamatli uy va to‘y qilish borasidagi behuda orzu-havaslar ortidan olinadigan qarzlar, ular keltirib chiqaradigan turli xil muammolar insonni chinakamiga xavotir va qo‘rquv iskanjasiga oladi. Agar odamda bu hissiyotlar haddan tashqari kuchayib ketsa, uning tafakkur va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati to‘xtab qoladi, xayollari doimiy suratda sochilib, oddiy narsalarga ham diqqatini qaratishi qiyin bo‘lib qoladi. Islom dini inson qalbining xotirjam bo‘lishiga katta e’tibor qaratadi. Qur’on va hadislarda xavotir va qo‘rquvni yengish haqida ko‘plab hikmatlar bor.
Miya va ruhiyatning o‘zaro bog‘liqligi
Miyamiz ikki asosiy bo‘lim orqali ishlaydi:
1. Ratsional tafakkur (aql va mantiq) – bu insonning ongli qarorlar qabul qilish qobiliyatini boshqaradi.
2. Limbik tizim (hissiyotlar markazi) – bu qo‘rquv, xavotir va stressga javob beruvchi qism.
Shuni ta’kidlash lozimki, limbik tizimi mantiqiy fikrlashga javob beruvchi qismiga qaraganda faolroq ishlaydi
Agar inson haddan tashqari qo‘rquv va xavotirga berilsa, uning mantiqiy tafakkuri bloklanadi va u noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishi mumkin. Islomiy nuqtayi nazardan qaraganda, ortiqcha xavotir va qo‘rquv shaytonning vasvasasi bo‘lishi ham mumkin.
Qo‘rquv va xavotir bizga qanday zarar beradi?
1. Allohga tavakkul qilish hissini zaiflashtiradi
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Shayton sizlarni kambag‘allik bilan qo‘rqitadi va buzuqlikka buyuradi. Alloh esa sizlarga o‘zining mag‘firati va fazlini va’da qiladi» (Baqara surasi, 268-oyat).
Shayton insonni kelajakdan qo‘rqitib, uni tang ahvolga soladi. Bunday paytlarda tavakkul qilish eng muhim quroldir. Shuningdek, ulamolarimiz mo‘min kishi doimiy tarzda istig‘for aytib yurishi kerakligini ham ta’kidlab o‘tganlar. Bu haqida ham bir qancha oyat va hadislar mavjud.
2. Mantiqiy tafakkurni o‘chiradi
Bunday vaqtlarda inson faqat muammoga e’tibor qaratadi, lekin uning yechimini topa olmaydi. Bu xuddi g‘ildirakning aylanishiga o‘xshaydi: aylanaveradi, ammo oxiri bo‘lmaydi. Eng to‘g‘ri yo‘l esa muammoni boricha qabul qilib, yorqin kelajakka umid qilmoqdir.
Qur’onda bunday oyat bor: «Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir» (Sharh surasi, 6-oyat).
Bu oyat insonni qiyinchilik ichida qolib ketmaslikka, yechim borligini tushunishga undaydi.
3. Shukur qilishni kamaytiradi
Xavotir va qo‘rquv ichida yashagan odam bor ne’matlarni ko‘rmaydi. Shu bois atrofidagi kishilarni, o‘zi yashayotgan muhitni ayblay boshlaydi va bu o‘zi-o‘zidan Alloh taologa nisbatan isyon qilishga olib kelishi mumkin. Ammo inson ayni onda o‘zidagi bor narsalar: iymon, sog‘lik, tinchlik va oila kabi ne’matlarni hayotida eng yuqori pog‘onalarga qo‘yib yashashi kerak.
Alloh taolo Qur’onda bunday deydi: «Agar shukur qilsangiz, sizlarga (ne’matimni) yana ziyoda qilaman. Agar kufr qeltirsangiz, bas, albatta azobim qattiqdir» (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Shukur qilish xavotirni yengishda eng kuchli qurollardan biridir.
Qo‘rquv va xavotirni qanday yengish mumkin?
1. Allohni ko‘p zikr qilish. Bu ilmiy tadqiqotlarda o‘z amaliy isbotini topgan jarayondir. Yaponiyalik olim Masaru Emoto so‘zlar, musiqa va energiyaning suv molekulalariga ta’sirini aniqlash borasidagi «Suv xotirasi» nomli tadqiqot o‘tkazgan. Tadqiqot jarayonida bir idishdagi suvga har xil qo‘pol va salbiy so‘zlarni aytishgan, bularning orasiga betartib va yoqimsiz shovqinlar ham qo‘shilgan. Yana bir idishdagi suvga esa, aksincha, chiroyli va go‘zal so‘zlarni aytishgan. Keyin bu ikki idishdagi suvni muzlatishganida ularda ikki xil naqshlar paydo bo‘lgan. Qo‘pol so‘zlar aytilgan suvda xunuk va beo‘xshov naqshlar, chiroyli so‘zlar aytilgan suvda esa juda go‘zal va jimjimador kristallar paydo bo‘lgan. Ushbu tadqiqot orqali Masaru Emoto inson tanasining 60–70% suvdan iborat ekanini inobatga olib, qanday so‘zlar eshitayotganimiz ruhimiz va sog‘lig‘imizga bevosita ta’sir qilishini ta’kidlagan.
«Aytginki, albatta, qalblar faqat Allohni zikr qilish bilan xotirjam bo‘ladi» (Ra’d surasi, 28-oyat).
Dunyodagi eng go‘zal so‘zlar, shubhasiz, Allohning so‘zlari, Uning pok ismlaridir. Ko‘p tasbeh aytish, Qur’on tilovat qilish va Allohni eslash qalbni tinchlantiradi.
2. Namoz o‘qish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda biron ish muammo bo‘lsa, namozga shoshilardilar (Imom Abu Dovud rivoyati)
Namoz – insonning ruhiy muvozanatini tiklovchi eng kuchli vositalardan biridir. Namoz nafaqat tana harakati, balki qalb sadosi, ruh so‘rovi va Alloh bilan bo‘ladigan sirli suhbatdir. Har bir ruku’, har bir sajda, har bir salom – bu hayotdagi og‘irliklardan xoli bo‘lish, ichki g‘amu tashvishlarni Alloh huzurida yengillatishdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror tashvishli hol yuz bersa, namozga shoshilganlar. U zot namozni qalb panohi, ruhiy madad va hayotdagi tinchlik manbai deb bilganlar. Namoz – bu qalbni g‘uborlardan poklaydigan yomg‘irdir. Har kuni besh mahal unga cho‘milgan banda ichki soflikka erishadi.
Shuning uchun ham kimki hayotida iztirob, xavotir, ruhiy bosim his etsa, u avvalo o‘z namoziga boqsin. Chunki namoz bor joyda baraka, sakinat va Allohning rahmati bo‘ladi.
3. Tavakkul va duo qilish
Chorasizlik ham bir choradir, degan hikmatni ko‘p eshitganmiz. Bu aynan biz musulmonlarga nisbatan juda mos va xos bo‘lib tushadi. Chunki mo‘min kishi o‘zidagi barcha imkoniyatlardan kelib chiqib harakat qiladi. Imkon va chora qolmaganida esa Allohga yuzlanadi, Unga duo qiladi. Aslida musulmon kishi doimo Robbining qudrati va jaloliyatini yoddan chiqarmasdan yashaydi. Ammo barcha eshiklar yopilib, iztirob va qayg‘u ichida qolganida bu ne’matning qadri butun bo‘y-basti bilan ko‘rinadi. Allohga tavakkul qilish – qo‘rquv va xavotirdan chiqishning eng yaxshi yo‘li.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday duo o‘rgatganlar: «Allohim! Meni g‘am-tashvishdan, zaiflik va dangasalikdan, qo‘rqoqlik va baxillikdan, qarzdan va odamlarning menga zulm qilishidan panohingga ol!» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).
4. Hozirgi onni his qilish
Qo‘rquv va xavotir odatda kelajakdagi noma’lumlikdan kelib chiqadi. Lekin inson hozirgi vaqtda yashashni o‘rgansa, xavotiri kamayadi.
Ibn Qayyim rahimahulloh aytgan: «Insonning hayoti uch qismdan iborat: o‘tgan kunlar – qaytib kelmaydi, kelajak – noma’lum, faqat bugun senga tegishli. Shuning uchun bugunning ne’matlaridan bahramand bo‘l».
5. Jismoniy va ruhiy sog‘liq uyg‘unligi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga sog‘lom turmush tarzini tavsiya qilganlar: «Kuchli mo‘min zaif mo‘mindan yaxshiroq va Allohga mahbubroqdir» (Imom Muslim rivoyati)
Sport bilan shug‘ullanish, yetarlicha uxlash va sog‘lom ovqatlanish ham miyani tinchlantirishga yordam beradi. Bu narsa hozirda biz unutgan eng katta zaruriyatlardan biridir. Chunki doimiy jismoniy mashg‘ulot tananing baquvvat bo‘lishi bilan birga miyani bosimlarga chidamli qiladi. Yetarli darajada uxlash esa tananing gormonal o‘zgarishlarini yaxshilaydi, qon aylanishlarini muvozanatlashtirib, tana va asab tizimlarining tiklanishiga yordam beradi. To‘g‘ri ovqatlanish va tabiiy ozuqalarni iste’mol qilish, miyamizdagi epifez bezining samarali ishlashiga ko‘maklashadi, zaruriy gormonlar ishlab chiqarilishini nazoratda ushlaydi.
Xulosa
Qo‘rquv va xavotir miyani bloklab, insonning mantiqiy tafakkurini susaytiradi. Aslida mo‘min qo‘rquvga tushishi kerakmi? Bizning eng katta iztiroblarimiz bu dunyoning tashvishlaridan, cheki yo‘q orzu-havaslarimiz ortidan paydo bo‘lmoqda. Kelajakdan umidisizlikka tushish, bugungi kunimizning qadriga yetmasligimiz, o‘tmishimizdan iztirobga chekishimiz – bularning barchasi aslida iymonimiz zaifligidan emasmikan? Bugungi kunimizda baxtli hayotni va’da qilayotgan, buning uchun o‘z treninglarida qatnashishni targ‘ib etayotgan va insonlarning eng nozik qadriyati – dinni niqob qilib, hadis va oyatlarni hech qanday asossiz o‘z maqsadlari va tavsiyalariga bog‘lashga harakat qilayotgan soxta psixologlar, qalbshunoslar uchun bunday zaiflik ayni muddaodir. Ammo ziyrak nigoh bilan nazar solsak, najot ko‘z o‘ngimizdadir. Allohning muqaddas dini bizga bunday holatlardan chiqish yo‘lini ko‘rsatadi:
Allohga tavakkul qilish va Unga duo qilish;
Namoz o‘qish va zikr qilish;
Shukur qilish va bor narsaga qanoat qilish;
O‘z his-tuyg‘ularini boshqarishni o‘rganish;
Salomatlik va ruhiy xotirjamlikka e’tibor berish;
Alloh taolo bizni dunyodagi eng katta boylik –– iymon halovati bilan siylasin! Albatta, U o‘ta karamli va saxovatli Zotdir.
Bilolxon To‘ychiyev,
Hadis ilmi maktabi xodimi.