2.Aroqxo‘rlik va giyohvandlik.
Bu ikki ofat bir-biriga bog‘liq, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Ko‘pincha, er Alloh taolo harom qilgan aroqni ichib mast bo‘ladi. Mast bo‘lgandan keyin oilada janjal ko‘taradi. Janjal esa, xotinini taloq qilish bilan nihoyasiga yetadi. Gunoh ustiga gunoh bo‘ladi, oila buziladi, bolalar tirik yetimga aylanadilar.
Aroqxo‘rlikning shunga o‘xshash zararlari ko‘p bo‘lganligidan, u dinimizda harom qilingan.
Alloh taolo “Moida” surasida shunday deb marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
“Albatta, xamr, qimor, butlar va cho‘plar shayton amalidan bo‘lmish ifloslikdir. Bas, undan chetlaning. Shoyadki, zafar topsangiz” (90-oyat).
Arab tilida “xamir” so‘zi “to‘sish”, “berkitish” ma’nolarni anglatadi. Iste’mol qilgan kishining ongiga ta’sir etadigan, uning aqlini to‘sadigan, berkitadigan, boshqacha qilib aytganda, mast qiladigan har bir narsani “xamir” deyiladi.
Shariatning barcha buyruq va qaytariqlaridan ko‘zlangan maqsadlardan biri “حفظ العقل”, ya’ni “inson aqlini himoya qilib, uni saqlash” bo‘lib, xamr shu shariat maqsadiga zid, bu narsa haromdir. Musulmon kishilar undan chetda bo‘lishlari, yaqiniga yo‘lamasliklari lozim.
Alloh taolo “Moida” surasida yana bunday deb marhamat qiladi:
إِنَّمَا يُرِيدُ الشَّيْطَانُ أَنْ يُوقِعَ بَيْنَكُمُ الْعَدَاوَةَ وَالْبَغْضَاءَ فِي الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ وَيَصُدَّكُمْ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَعَنِ الصَّلَاةِ فَهَلْ أَنْتُمْ مُنْتَهُونَ
“Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va nafratsolishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni istaydi. Endi to‘xtarsizlar?!”(90-oyat)
Bu oyati karimada xamr bilan qimor sababli musulmonlar orasida o‘zaro adovat va yomon ko‘rish paydo bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Xamrning shaxsga, oilaga, jamiyatga va butun insoniyatga keltiradigan zararlari hammaga, hattoki uni iste’mol qiluvchilarning o‘zlariga ham ma’lumdir. Bu haqiqatlarni butun dunyo- musulmon ham, kofir ham, xudosiz ham yaxshi biladilar.
Qayerda ichkilik bo‘lsa, o‘sha joyda ko‘ngilsizlik kelib chiqadi. Ichkilik tufayli oilalarning buziladi, aka-ukalar, ota-bolalar, do‘stlar, qo‘ni-qo‘shnilar bir-biriga dushman bo‘ladi. Ishxona, mahalla, to‘ylar, jamoatchilik to‘planadigan yerlardagi adovat va dushmanlik, urish janjallarning hisobi yo‘q. Shunday ekan, oilasi buzilmasligini, farzandlari xoru zor bo‘lmasiligini, dunyo va oxirati barbod bo‘lmasligini xolagan odam aroq ichmaydi.
Giyohvandlik tufayli yangi uylangan yigitlar kelinga qo‘shila olmay, oilalar buzilib ketishning o‘zi katta musibat. Giyohvandlik nafaqat oilani, balki inson zotini barbod qiluvchi omillardan biri ekani allaqachon hech kimga sir emas,giyohvandlik ham “حفظ العقل”, ya’ni “inson aqlini himoya qilib, uni saqlash” ga zid bo‘lib, shariatda qat’iyan man qilingan.
نَهَى رسول الله صلَّى اللهُ عليهِ وسلَّم عن كلِّ مُسْكِرٍ ، ومُفَتِّر. رواه أبو داود عن أم سلمة قالت:
Ummu salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam har bir mast qiluvchi va bo‘shashtiruvchidan qaytardilar”. Abu dovud rivoyat qilgan.
Demak, iste’mol qilganda tanani, a’zolarni, asabni va boshqa joylarni bo‘shashtiruvchi har qanday narsa harom bo‘ladi.
Xuddi hadisi sharifdagi aytilgan “bo‘shashtiruvchi”lik sifati boshqa tillarda “narkotik” deb nomlanayotgan giyohvandlik moddalarining asosiy sifatidur.
Asrdosh ulamolarimiz giyohvandlik moddalarni iste’mol qilish, ishlab chiqarish, ularning tijorati bilan shug‘ullanish haqida: “giyohvandlik moddalari orqali qilingan kasb haromdir, ularning ta’siri ostida namoz o‘qigan odamning namozi qabul emas, ulardan kelgan foyda haromdir, uni sadaqa ham qilib bo‘lmaydi, yaxshilik ishlarga ham ishlatib bo‘lmaydi” deb, hammasi harom ekaniga ittifoq qilganlar.
“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Rahimov Ne’matulloh
Joriy yilning 5 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazilib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirning navbatdagisi Bandixon tumanida o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili o‘rinbosari Abduxalil domla Abdunazarov boshchiligida o‘tkazilgan tadbirga Surxondaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Bandixon tumanidagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, Haj-2024 ziyoratchilari va mahalla raislari taklif qilinib ular ishtirokida ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan tumanda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar, jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, jazo muddatini o‘tab qaytganlar, muqaddam sudlanganlar, nogiron va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan umumiy hisobda 30 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib bordilar
So‘ng ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, yig‘ilgan qavmga “Yurtimizda bo‘layotgan xayrli ishlar”, “Mehr-oqibat va shukronalik fazilati”, “Tinchlik va osoyishtalik qadri” va “Masjidlarni obod qilish” kabi dolzarb mavzularda ma’ruza qilinib, bir yuz o‘ttiz besh nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Bandixon tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Surxondaryo viloyati tumanlar imom-xatiblari ish samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruhning faoliyati davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
matbuot xizmati