Har-qanday jamiyatni rivojlantiradigan, farovonlikka, baxt-saodatga yetaklaydigan omillar bo‘lishi bilan bir qatorda, shu jamiyatni parokandalikka, mavjud farovonlikning ko‘tarilishiga, baxtsizlikka olib keladigan sabablar ham mavjuddir. Ana shunday musulmonlar jamiyatiga zararli bo‘lgan illatlardan biri bu- oilalarning ajralishidir.
Oila buzilishining ba’zi sabablari va ularning muolajasi haqida so‘z borar ekan, albatta bunda hayotimizda bo‘lib turgan holatlarni hisobga olib, quyida keladigan asosiy omillar e’tiboridan so‘z yuritiladi.
1.Oila va oilaviy munosabatlar haqida ilmning yetishmasligi.
Bu borada birinchi o‘rinda turadigan omil oilaviy hayot, er-xotin oralaridagi munosabatlar va oila yuritish bo‘yicha madaniyatning yetishmasligi, to‘g‘risini aytganda, o‘sib kelayotgan yoshlarga, bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarga turmush madaniyatini o‘rgatish yo‘lga qo‘yilishi lozim. Ming afsuslar bo‘lsinki, ko‘pchilik kelin-kuyovlar to‘ydan keyin o‘z xonalarida yolg‘iz qolganlarida, ularda oilaviy hayot haqidagi olingan asosli, shar’iy ta’limotlar emas, balki ko‘cha-ko‘yda eshitgan asossiz maslahatlar qoladi. Vaholangki har bir musulmonga o‘z holati qanday bo‘lsa, shu holatining shar’iy hukmini o‘rganib olish lozimdir. Misol uchun, tijoratchi savdo-sotiq ilmini, ota-ona farzand oldidagi shar’iy huquq va majburiyatlarini, er xotini oldidagi va xotin, er oldidagi vazifalarini o‘rganishi farzdur. Chunki:
عن أنس بْنِ مَالِكٍ قَالَ :عن النبيِّ صلَّى اللهُ عليهِ وسلَّم أنه قالَ : طَلَبُ العِلْمِ فَرِيْضَةٌ عَلَىْ كُلِّ مُسْلِمٍ
.رواه ابن ماجه ( 224 )
Anas ibni Molik roziallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ilm o‘rganish har bir musulmonga farzdur”, dedilar”. Ibni Mojja rivoyati.
Ya’ni, ushbu hadisdan hammaning zimmasida hamma ilmlarni o‘rganish borligi tushunilmaydi, chunki bunga bandaning toqati yetmaydi, shari’at esa bandaga toqatidan ziyoda narsani yuklamaydi. Demak, har-bir musulmonga o‘z holati qanday bo‘lsa, shu holatining shar’iy hukmini o‘rganib olish farzdur.
Jamiyatimizda kelin kuyovlikka nomzod yoshlarimizni oilaviy hayotga tayyorlash ishlarini tartib bilan kerakli hajm va saviyada yo‘lga qo‘yishimiz juda ham zarur.
Albatta, oilani qurish, u qay tarzda amalga oshirilishi, oila a’zolarining o‘zaro munosabatlari qanday bo‘lishi kerakligi va boshqa zarur narsalar haqidagi dinimiz ta’limotlarini oldindan bilib, ularga ixlos bilan amal qilish, har bir mo‘min-musulmon uchun, uning baxt-saodati, oilasining mustahkamligi uchun shartdir. Oilaviy noxushliklar va muammolarning asl negizi o‘sha ta’limotlardan bexabarlik yoki ularga amal qilmaslikdir.
Albatta, har bir narsani tushunib yetib, bilim asosida olib borish ko‘p yaxshiliklarning manbasi bo‘ladi. Oila, er-xotinlik munosabatlari juda ham nozik narsalar ekani hammaga ma’lum. Shuning uchun bu munosabatlarga jiddiy qarashimiz va ularni yuqori saviyada tutishga harakatda boo‘lishimiz lozim. Aynan shuning uchun ham farzandlarimizni oilaviy hayotga yoshliklaridan o‘rgatib borishimiz, bu borada moddiy taraflariga e’tibor berib, ma’naviy taraflarni unutib qo‘ymasligimiz zarur.
“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Rahimov Ne’matulloh
Mamlakatimizning bir guruh diniy-ma’rifiy soha vakillaridan iborat delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi xodimi Muhammadamin Nasriyev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev va bir nechta soha mutaxassislari bor.
Dastlab Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri o‘rinbosari Abdulloh A’qiyl hamda Podshoh Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi vakili Ismoil Habbat bilan muloqot o‘tkazildi. Samimiy muloqotda tomonlar o‘rtasida soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy tadqiqot hamda o‘quv-uslubiy, shuningdek, ekstremizm hamda radikalizmning oldini olish yo‘nalishida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi. Shuningdek, Iordaniya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar uchun stipendiya, grant ajratish va yotoqxona bilan ta’minlash masalalari haqida so‘z yuritildi. Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishchi rejasini tasdiqlash kerakligi ta’kidlandi.
Tashrif davomida Iordaniya xalqaro islom fanlari universiteti rektori Ja’far al-Fanatseh bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Ikki mamlakat oliy diniy ta’lim muassasalarida hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini aniqlash, o‘quv dasturlarini o‘rganish va bir-biriga muvofiqlashtirish haqida so‘z yuritildi. Pedagoglar, ilmiy tadqiqotchilar va mutaxassislarni o‘zaro jalb qilish, malaka oshirish va stajirovka, mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishga kelishib olindi. Suhbatda Iordaniya xalqaro islom fanlari universiteti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent islom instituti o‘rtasida Anglashuv memorandumlarini imzolash masalasi bo‘yicha so‘z yuritildi.
Iordaniya xalqaro islom fanlari universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlar bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”, “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzularida fikr almashildi. Mamlakatning mavjud qonunlari va universitet ichki tartib qoidalariga rioya etish tushuntirildi, Iordaniyada yurtimiz allomalari ilmiy merosi va turizm salohiyati targ‘ibotini amalga oshirish tavsiya qilindi.
Delegatsiya a’zolari mazkur universitetning Shariat va qonun fakulteti dekani, professor Shayx Saloh Abulhoj va hanafiy mazhabi mutaxassislari bilan uchrashdilar. Muloqot chog‘ida Shayx Saloh Abulhoj yurtimiz vakillarini Iordaniyada ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Uchrashuvda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, vakillarimiz tomonidan O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni, buyuk allomalarni yetishtirib chiqargan yurt ekani, o‘zbek xalqining bag‘rikeng va mehmondo‘stligi Iordaniyalik professor-o‘qituvchilarga tanishtirildi.
Manba: https://www.iiau.uz