Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

Islom tarixi: HUD, SOLIH VA SHUAYB ALAYHIMUSSALOM

6.01.2020   6290   67 min.
Islom tarixi: HUD, SOLIH VA SHUAYB ALAYHIMUSSALOM

BЕSHINCHI FASL

ARABISTON YARIMOROLI

Arablar Islomni eng birinchi qabul qilgan xalq bo‘lishdi. Ular Islom bayrog‘ini baland ko‘tarib, unga da’vat olib borishdi. Avval ushbu xalqning tarixi bilan yaqindan tanishib olsak, yana ham yaxshi bo‘ladi. Arabiston yarimorolida yashaydigan qavmlar arab millatiga xos xalqlardir. Yarimorolning markazi sahroviy joylar bo‘lib, mazkur joylarning eng ahamiyatli mintaqasi Najd deb ataladi. Yarimorolning markazi bo‘lmish bu yerning aholisi o‘troq xalqlar hisoblanadi. Ushbu mintaqaning eng ahamiyatli joylari janubda Yaman, shimolda G‘asson, sharqda Bahrayn va Ahso, g‘arbda esa Hijoz o‘lkalaridir.

Tarixchilar arablarning sulolalarini ikki qismga bo‘lishadi:

- boida, ya’ni yo‘q bo‘lib ketgan arab qavmlari;

- boqiya, ya’ni boqiy qolgan arab qavmlari.

BOIDA ARABLAR

Yo‘q bo‘lib ketgan arab qavmlari Od, Samud, Tasm, Jadis, Imloq, Umaym, Birinchi Jurhum, Hazur, Vabor, Abil, Josim, Hazramavt, As'hobi rass, ahli Madyan kabi qabilalardir.

Bularga yuborilgan payg‘ambarlar tarixi bilan keyingi sahifalarda tanishasiz.

HUD ALAYHISSALOM

Hud alayhissalomning nasablari Nuh alayhissalomga borib taqaladi. Hud alayhissalomning qavmlari u zotning katta bobolari Od nomi bilan ataladi.

Od qavmi boida — yo‘q bo‘lib ketgan, eng qadimgi arablardan hisoblanadi.

Od qavmi o‘zining sarkashligi bilan mashhurdir. Shuning uchun ham ularning o‘z payg‘ambarlari Hud alayhissalom bilan bo‘lib o‘tgan qissalari «Od qavmi qissasi» deyiladi. Od qavmi ham ikkiga bo‘linadi: birinchi Od va ikkinchi Od. Hud qavmi birinchi Oddir.

Bu qavm Arabiston yarimorolining janubida, Yaman bi-lan Umon oralig‘idagi Hazramavtning shimolida, ko‘chib yuruvchi qumliklarda, Ahqof nomli joyda yashab o‘tishgan. Ular baland bo‘yli, keng yag‘rinli kishilar bo‘lib, haybatli chodirlarda yashashgan. Shuning uchun ham Od qavmi o‘z zamonasidagi «eng quvvatli kishilar» deb talqin qilinadi.

Ular doimo: «Qani, bizdan ham kuchli odamlar bormi?» deb maqtanib yurishardi. Ularning gavdalari katta bo‘lsa-da, aqllari qisqa edi, doimo but-sanamlarga sig‘inib, ularni himoya qilish uchun urushib yurishardi.

Alloh taolo ularni hidoyatga boshlash uchun o‘zlaridan bo‘lgan Hud alayhissalomni payg‘ambar qilib tanladi.

Hud alayhissalom ham, xuddi Nuh alayhissalom kabi, qavmiga Allohga ibodat qilish zarurligini, Allohdan o‘zga ibodatga loyiq zot yo‘qligini tushuntirdilar. Shuningdek, ularni taqvoga, Allohdan qo‘rqishga chaqirdilar. Zero, ularga payg‘ambar yuborgan Zot yagona, ularga ko‘rsatma bergan Zot birdir. Xo‘sh, Hud alayhissalomning qavmi nima qildi?

Bu zolim qavm Allohning payg‘ambariga «Sen esipastsan. Sen yolg‘onchisan», dedi. O‘z qavmidan bunday qabih tuhmatni eshitgan Hud alayhissalom aytdi:

«Ey qavmim, menda esipastlik yo‘q. Lekin men olamlarning Robbidan rasuldirman. Sizlarga Robbimning risolatlarini yetkazaman va men sizlarga ishonchli nasihatgo‘yman. O‘zingizdan bo‘lgan bir kishiga sizlarni ogohlantirish uchun Robbingizdan eslatma kelganidan ajablandingizmi?! Sizlarni Nuh qavmidan keyin xali-fa qilganini va xilqatingizda kuch-quvvatni ziyoda qilganini eslang. Allohning ne’matlarini eslang. Shoyadki, zafar topsangiz» (A’rof surasi, 67-69-oyatlar).

Hud alayhissalom johil qavmga haqiqatni bosiqlik bilan, sodda qilib bayon etishga o‘tdilar. Ular da’vo qilganlaridek esipast emasliklarini, olamlarning Robbi tomonidan payg‘ambar etib yuborilganlarini hamda payg‘ambarlik maqsadlarini bayon etdilar.

«Ey qavmim, menda esipastlik yo‘q. Lekin men olam-larning Robbidan rasuldirman. Sizlarga Robbimning risolatlarini yetkazaman va men sizlarga ishonchli nasihatgo‘yman».

So‘ng ularni payg‘ambar o‘zlarining oralaridan tanlangani uchun ajablanmaslikka chaqirdilar.

«O‘zingizdan bo‘lgan bir kishiga sizlarni ogohlantirish uchun Robbingizdan eslatma kelganidan ajab-landingizmi?!»

Keyin esa Alloh tomonidan ularga berilgan imtiyozlarni eslatdilar:

«Sizlarni Nuh qavmidan keyin xalifa qilganini va xilqatingizda kuch-quvvatni ziyoda qilganini eslang».

Alloh taolo Nuh qavmini og‘ir gunohlari tufayli yer yuzidan yo‘q qilib tashlagan edi. Xuddi shu osiy qavmdan so‘ng sizlarni yer yuzida o‘zining xalifasi qilib tanladi. Bu ulug‘ ne’mat. Bunga faqat shukr qilish lozim edi.

«Allohning ne’matlarini eslang. Shoyadki, zafar topsangiz».

Alloh taoloning sizga bergan ne’matlari juda ko‘p. Ularning sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Buning fahmiga yetish, tushunishga da’vat — ne’mat beruvchi Zotga, ya’ni Allohga shukr qilishga chorlovdir. Shukr qiluvchi bo‘ling, shoyadki, najot topsangiz».

Ammo Od qavmi ham jaholatida qattiq turib oldi.

«Ular: «Bizga yolg‘iz Allohning O‘ziga ibodat qilishimiz va ota-bobolarimiz ibodat qilgan narsalarni tark etishimiz uchun keldingmi?! Agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, bizga va’da qilayotgan narsangni keltir!» dedilar» (70-oyat).

Ular shu inkorlari bilan o‘zlarining esipast kimsalar ekanlarini oshkor qilishdi. Hech qanday dalilsiz ota-bobolari qilgan amalni Allohdan kelgan amrdan ustun qo‘yishdi.

Ularning jaholatlari shu darajada ediki, o‘sha botil narsani deb har qanday azob-uqubatga tayyor ekanlarini bildirishdi va agar iymon keltirmasalar, Allohning iqobiga uchrashlari muqarrarligini ta’kidlab turgan Hud alayhissalomga:

«Agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, bizga va’da qilayotgan narsangni keltir!» dedilar».

Endi ortiqcha gapga o‘rin qolmadi. Hud alayhissalom qat’iy qilib:

«Batahqiq, ustingizga Robbingiz tomonidan kirlik va g‘azab voqe bo‘lgan. Alloh ular haqida hech qanday hujjat tushirmagan, o‘zingiz va ota-bobolaringiz nomlab olgan ismlar haqida men bilan tortishasizlarmi?! Kutinglar! Men ham sizlar bilan kutib turaman», dedi» (71-oyat).

Hud alayhissalom qavmini yo‘lga solish maqsadida turli choralar ko‘rib borish jarayonida ularga Alloh taolo bergan ne’matlarni ham eslatdilar:

«Ey qavmim! Har tepalikka bir belgi bino qilib, behuda o‘yin qilaverasizmi? Xuddi mangu turadigandek «masna’lar» tutasiz» (Shuaro surasi, 128-129-oyatlar).

Ushbu oyatdagi «masna’lar» so‘zi hozirgi arab tilida zavod-fabrikalar ma’nosida ishlatilmoqda. Albatta, qadimda hozirgidek inshootlar bo‘lmagan. Shuning uchun ham qadimgi tafsirlarimizda bu so‘zga baland qasrlar, suv omborlari, baland qo‘rg‘onlar ma’nosi berilgan.

Asrdosh tafsirchilarimiz esa «Od qavmi ulkan qasrlar qurish, tog‘larni o‘yib ishlash va boshqa faxr uchun ko‘taradigan binolarida foydalanadigan asbob-uskunalarni ishlab chiqaradigan ishxonalarga ega edi. «Masna’lar»dan murod o‘shalar», deydilar. Birinchi oyatda qurilishlarga doir ochiq-oydin ma’no bor. Shuning uchun ushbu ikkinchi tafsir asosliroq bo‘lib chiqadi.

Od qavmi jismoniy jihatdan yetuk, baland qomatli, juda baquvvat va sog‘lom odamlar bo‘lishgan. Shuningdek, Alloh taolo ularga o‘tkir zehn ham bergandi, hamma ularga havas qilardi. Ammo ular mazkur ne’matlarni to‘g‘ri yo‘lda ishlatishmadi. G‘ururga ketib, hovliqishdi va «Bizdan kuchliroq kim bor?!» deb maqtanishdi. Besh kunlik dunyo matohiga berilishdi. Ular hashamat, faxr va bir-birlaridan o‘zish uchun bekordan-bekorga ulkan qasrlar, turli kerakli-keraksiz inshootlar bino qilishdi. Shunday ishlarga berilib ketib, Alloh taoloni unutishdi va turli yomonliklarga qo‘l urishdi. Jumladan, moddiy kuch-quvvatlari ila boshqalarga zulm o‘tkazishdi.

Hud alayhissalom ularni tavba qilishga chaqirib ko‘rdilar, ammo bu ish ham foyda bermadi. Bu haqda Hud surasida quyidagi bayonlar keladi. Hud alayhissalom:

«Ey qavmim, Robbingizga istig‘for ayting, so‘ngra Unga tavba qiling, shunda U ustingizga yomg‘irni mo‘l-ko‘l qilib yuboradi va quvvatingizga quvvat ziyoda qiladi. Jinoyatchi bo‘lgan holingizda yuz o‘girib ketmang», dedilar (52-oyat).

Oyatda istig‘for aytib, tavba qilsalar, quvvatlariga quvvat qo‘shilishi va’da qilinmoqda.

Hud alayhissalomning bu da’vatlariga Od qavmi sarkashlik qilib, qo‘pollik bilan salbiy javob berdi:

«Ey Hud, bizga ochiq-oydin hujjat keltirmading. Biz sening gaping uchun olihalarimizni tark qiluvchi emasmiz va biz senga iymon keltiruvchi ham emas-miz. Biz faqat «Seni ba’zi olihalarimiz yomonlik ila uribdi» deymiz, xolos».

U aytdiki: «Men Allohni guvoh qilaman va siz ham guvoh bo‘lingki, men siz shirk keltirayotgan Un-dan o‘zga narsalarga aloqador emasman. Hammangiz menga qarshi hiyla qilingda, menga muhlat bermay qo‘yavering» (53-55-oyatlar).

Hud alayhissalom mo‘jiza keltirmaganga o‘xshaydilar, shuning uchun ham Od qavmi ta’na qilib:

«Ey Hud, bizga ochiq-oydin xujjat keltirmading».

«Shu tufayli biz sening paygambar ekaningga ishonmaymiz va aytgan so‘zlaringni qabul qilmaymiz», demoqda.

«Biz sening gaping uchun olihalarimizni tark qiluvchi emasmiz» va sening Xudoyingga sig‘inuvchi emasmiz»

«va biz senga iymon keltiruvchi ham emasmiz».

«Qilayotgan ishingga, aytayotgan gapingga qarab, sen haqiqatda bir fikrga keldik. U ham bo‘lsa:

«Biz faqat «Seni ba’zi olihalarimiz yomonlik ila uribdi» deymiz, xolos», deyishdi.

Ya’ni «Jinni bo‘libsan» degan so‘zni boshqacharoq qilib aytishdi. Ulardagi ruhiy va ma’naviy buzuqlik shu darajaga borib yetgan ekan. O‘zlariga payg‘ambar bo‘lib kel-gan zotni jinniga chiqarib: «Alahsirab, har xil gaplarni gapiryapti», deyishmoqda. Holbuki, Hud alayhissalomning gaplarida hech alahsirash alomati, jinnilik belgisi yo‘q edi. U zotning har bir so‘zlari purhikmat, oliy ma’nolarni, o‘sha qavmni baxt-saodatga yetaklaydigan ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan edi.

U qavm bunday gaplarni aytib turganida Hud alayhissalomning ham qattiqroq gapirishdan, ularni ojiz qoldirishga urinishdan o‘zga choralari qolmadi:

«Men Allohni guvoh qilaman».

«Mening payg‘ambarligimga Allohning O‘zi guvoh. Agar yolg‘onchi bo‘lsam, meni jazolaydi. Siz gunohkor bo‘lsangiz, unda sizni jazolaydi. Lekin hozir orani ochiq qilib olaylik, men sizlarga bir haqiqatni aytib qo‘yay:

«...va siz ham guvoh bo‘lingki, men siz shirk keltirayotgan Undan o‘zga narsalarga aloqador emasman. Hammangiz menga qarshi hiyla qiling-da, menga muhlat bermay qo‘yavering».

Bu ham iymoni komil insonning Alloh taologa ishonch bilan aytgan gaplaridir. O‘zlari yolg‘iz bo‘la turib, qarshilaridagi dushmanga — quvvati, shiddati bilan dong taratgan butun boshli bir xalqqa bu gaplarni aytish oson emas. Ammo Hud alayhissalom o‘zlarining haq yo‘lda ekanlarini butun vujudi bilan anglab yetgan payg‘ambar edilar. Allohning xohishisiz u zotga hech kim hech narsa qila olmasligini yaxshi bilar edilar.

Hud alayhissalom yana so‘zlarida davom etdilar:

«Men mening Robbim va sizning ham Robbingiz bo‘lmish Allohga tavakkul qildim. Har bir o‘rmalaydigan narsaning peshonasi Uning changalidadir. Albatta, Robbim to‘g‘ri yo‘ldadir» (56-oyat).

Shuning uchun ham: «Men mening Robbim va sizning ham Robbingiz bo‘lmish Allohga tavakkul qildim».

Faqat Ungagina suyandim. Undan o‘zga tavakkul qilinadigan zot yo‘q.

«Har bir o‘rmalaydigan narsaning peshonasi Uning changalidadir».

«Ana shuning uchun ham men sizdan emas, o‘sha qudratli, g‘olib va qahhor Alloh taolodan qo‘rqaman va Ungagina suyanaman».

«Robbim to‘g‘ri yo‘ldadir».

«Men Robbimning yo‘liga yurganman va Uning yordamida maqsadga yetishimda shubha yo‘qdir. Sizdan zarracha ko‘rqmasligimning boisi ham shunda».

«Agar yuz o‘girib ketsangiz, men sizlarga nima ila yuborilgan bo‘lsam, uni sizlarga yetkazdim. Robbim o‘rningizga sizdan boshqa qavmni keltiradi va siz Unga hech bir zarar yetkaza olmassiz. Robbim har bir narsani muhofaza qiluvchidir» (57-oyat).

Ya’ni «Agar siz mendan yuz o‘girib ketmoqchi bo‘lsangiz, bemalol ketavering, mening qo‘rqadigan joyim yo‘q».

«...men sizlarga nima ila yuborilgan bo‘lsam, uni izlarga yetkazdim».

«Alloh taolo O‘z payg‘ambari sifatida menga nimani topshirgan bo‘lsa, o‘shani bajardim. Vazifamni ado etdim. Endi U Zotning O‘zi siz bilan hisob-kitob qilib oladi. Agap xohlasa,

«Robbim urningizga sizdan boshqa qavmni keltiradi».

«Siz kufringiz, beboshligingiz ila azobga haqli bo‘ldingiz. Shuning uchun U sizni xohlagan vaqtida halok qilib, yo‘qotib tashlab, o‘rningizga O‘ziga iymon keltiradigan, taqvo qiladigan bir qavmni keltirishi hech gap emas. Agap shunday qilsa,

«...siz Unga hech bir zarar yetkaza olmassiz».

«Qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi, chunki siz ojiz bir bandasiz».

«Robbim har bir narsani muhofaza qilguvchidir», dedi. 

«Siz Undan qochib qutula olmaysiz. Biz mo‘minlarni va dinni Alloh taoloning O‘zi himoya qilib oladi».

Endi munozara ishi tugab, belgilangan vaqt keldi.

«Amrimiz kelgan paytda Hudga va u bilan birga iymon keltirganlarga O‘z rahmatimiz ila najot berdik va ularni qattiq azobdan qutqardik» (58-oyat).

«Va’da qilingan azobni yuborib, Od qavmini halok qilishga amrimiz kelganida Hud alayhissalom va u bilan birga iymon keltirgan mo‘minlarni istisno tariqasida bu azobdan qutqarib qoldik. Qutqarganda ham qattiq azobdan qutqardik.

Ammo o‘sha azob kofirlarni qattiq tutdi. U qanday bo‘lganini Ahqof surasidagi quyidagi oyatlar bayon qiladi:

«Uning (azobning) vodiylari tomon bulut bo‘lib kelayotganini ko‘rganlarida: «Bu bulut bizga yomg‘ir yog‘dirur», deyishdi. Yo‘q! Bu o‘zingiz oshiqqan narsa — alamli azobi bor shamoldir» (24-oyat).

Rivoyatlarda kelishicha, Od qavmi qattiq issiqqa duchor bo‘lgan. Yomg‘ir yog‘may, qurg‘oqchilik va issiqning ta’siridan havo lov-lov qizdirgan.

Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan uzun hadisda jumladan, bunday deyiladi:

«...Od qavmi qurg‘oqchilikka uchraganida Qayl ismli odamni vakil qilib yuborishibdi. U Muoviya ibn Bakrning oldiga borib, huzurida bir oy mehmon bo‘libdi. Aroq ichib, ikki joriyadan qo‘shiqlar eshitibdi. Bir oy o‘tgach, Muhra tog‘iga chiqib, duo qilibdi: «Allohim! Uzing bilasan, men bir kasalni davolagani kelganim yo‘q yoki bir asirni ozod qilgani ham kelganim yo‘q. Allohim! Od qavmini O‘zing serob qiladigan narsa ila serob qilgin».

Shunda uning tepasidan bir qancha qora bulutlar o‘ta boshlabdi va ulardan «Tanlab ol!» degan ovoz chiqibdi. U bir qora bulutga ishora qilibdi. Shunda «O‘shani ol!» de-gan nido kelibdi».

Oyatdagi «vodiylari tomon», ya’ni Od qabilasining vo-diylari tomon ko‘ndalang bo‘lgan narsa ana shu azob bulutidir. Albatta, bu holni ko‘rgan qavm «Endi qurg‘oqchilikdan qutular ekanmiz», deb xursand bo‘ldi va: «Bu bulut bizga yomg‘ir yog‘dirur», deyishdi.

Lekin ilohiy rad javobi boshqa xabarni keltirdi: «Yo‘q!»

«Siz aytgandek emas. O‘zingiz Hud payg‘ambarga «Agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, bizga va’da qilayotgan narsangni keltir», deb shoshilib, orziqib so‘ragan edingiz».

«Bu o‘zingiz oshiqqan narsa — alamli azobi bor sha-moldir».

«Bu siz aytayotgandek, yomg‘ir yog‘diradigan bulut emas. Bu o‘zingiz orziqib so‘ragan narsangiz — azobdir. Bu — azobni, alamli azobni o‘z ichiga olgan bo‘rondir», deyildi.

Ushbu bo‘ronning vasfi va oqibati kelasi oyatda bayon qilinadi:

«Robbining amri ila har bir narsani yakson qilur. Maskanlaridan boshqa narsa ko‘rinmaydigan holga aylandi. Jinoyatchi qavmlarni shunday jazolarmiz» (25-oyat).

Od qavmiga yuborilgan shamol alohida azob shamoli bo‘lib, u Allohning amri ila nimaga tegsa, vayron-halok qilishi kerak edi.

Shu bilan birga, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qilingan rivoyatda aytilishicha, shunday bo‘lgani bilan, bu bo‘ron bor-yo‘g‘i bir uzukning teshigiday joydan chiqqan, xolos.

Darhaqiqat, shamol Od qavmini halok qildi. U o‘tgan joylarda uy-maskanlardan boshqa hech narsa qolmadi. Qavmning hammasi halok bo‘lib ketdi.

Alloh taolo Od qavmini ana shunday tarzda halok qilgach, Hud alayhissalom Hazramavtda o‘z hayotlarini davom ettirdilar. U zot vafot etganlarida Hazramavtning Ta-rim nomli shahri yaqiniga dafn etildilar.

Alloh taoloning boida arablarga yuborgan ikkinchi payg‘ambari Solih alayhissalomdir.

SOLIH ALAYHISSALOM

Solih alayhissalomning otalarining ismi Ubayd bo‘lib, nasablari Nuh alayhissalomga borib taqaladi. U zot boida arablardan bo‘lmish Samud qabilasiga mansubdirlar.

Samud qavmi Arabiston yarimoroli, Hijoz o‘lkasining shimoliy tarafida, Hijr deb ataladigan vodiyda istiqomat qilar edi. U vodiy hozirda «Madoini Solih» deb ataladi. Alloh taolo Samud qavmiga o‘z ichlaridan Solih alayhissalomni payg‘ambar qilib yubordi.

Alloh taolo bu haqda Hud surasida quyidagilarni aytadi:

«...va Samudga o‘z birodarlari Solihni (yubordik). U «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan o‘zga iloh yo‘q. U sizni yerdan paydo qildi va uni obod qilishingizni talab qildi. Undan mag‘firat so‘rang, so‘ngra Unga tavba qiling. Albatta, Robbim yaqindir, ijobat qiluvchidir», dedi» (61-oyat).

Oyatdan ko‘rib turibmizki, Solih alayhissalom ham payg‘ambar bo‘lib kelib, qavmlariga o‘zlaridan oldingi payg‘ambarlarning gaplarini aytganlar.

Solih alayhissalomning bu gaplariga qavmlari quyidagi javobni berishdi:

«Ey Solih, bundan oldin ichimizda orzu qilingan eding. Endi bizni ota-bobolarimiz ibodat qiladigan narsaga ibodat qilmog‘imizdan qaytarasanmi? Biz sen da’vat qilayotgan narsa haqida shak-shubhadamiz» (62-oyat).

Samud qavmi ham boshqa qavmlarga o‘xshab o‘zlaridan chiqqan payg‘ambarga, u da’vat qilayotgan dinga shak-shubha bilan qarashmoqda. Shu bilan birga, ular Solih alayhissalomning avvalgi hollarini e’tirof qilishmoqda:

«Ey Solih, bundan oldin ichimizda orzu qilinganding».

Ya’ni «Fazilatlaring uchun, aqling, ilming, rostgo‘yliging, husni xulqing, omonatdorliging uchun hammamiz senga havas qilar, sendek bo‘lishni orzu etar edik».

«Endi bizni ota-bobolarimiz ibodat qiladigan narsaga ibodat qilmog‘imizdan qaytarasanmi?»

Nobakor qavmning bu raddiyasidan so‘ng Solih alayhissalom ularga bosiqlik bilan haqiqatni tushuntirishga urinib ko‘rdilar:

«Ey qavmim, ayting-chi, agar Robbim tomonidan ochiq-oydin hujjatga ega bo‘lsam va menga U Zotdan rahmat berilgan bo‘lsa-yu, Unga osiy bo‘lsam, kim menga Alloh (azobi)dan (qutulishga) yordam beradi?! Sizlar menga ziyondan o‘zgani ziyoda qilmassizlar» (63-oyat).

Ming afsuski, bu gaplarning barchasi Samud qavmiga ta’sir qilmadi. Shuaro surasida aytilganidek:

«Samud rasullarni yolg‘onchiga chiqardi. O‘shanda biro-darlari Solih ularga dedi: «Qo‘rqmaysizlarmi?! Men sizlarga ishonchli rasulman. Allohdan qo‘rqinglar va menga itoat qilinglar. Buning uchun sizlardan ajr so‘ramasman. Mening ajrim faqatgina olamlar Robbining zimmasidadir. Bu joydagi narsalarda omon holda tark qilinasizmi?! Bog‘-rog‘larda, buloqlarda?! Ekinzorlaru tugunchasi mayin xurmozor ichlarida-ya?!» (141-148-oyatlar).

Allohning payg‘ambari Solih alayhissalomning qavmiga aytayotgan ushbu gaplaridan bu qavmning moddaparastlikka, mol-dunyo va aysh-ishratga berilgani ko‘rinib turibdi.

«...va tog‘lardan manmanlik-la uylar yo‘naverasiz-mi?!» (149-oyat).

Samud qavmi ahli dunyolarga — moddaparastlarga o‘xshab o‘zlaridagi mavjud dunyo matohlari ila manmanlik qilishni xush ko‘rishardi. Ularning manmanlik qilishlarining ko‘zga ko‘ringan sohasi — tog‘ yonbag‘irlaridagi toshlarni yo‘nib uy qilish edi. Ular tog‘ning toshlarini yo‘nib, ich tomoniga kirib, uylar, qasrlar qilishar edi. Ana o‘sha uylari hozirgacha saqlanib qolgan bo‘lib, Arabiston yarimorolining shimolida sayohatchilar ularni tomosha qilishadi.

Solih alayhissalom qavmlariga o‘sha manmanlik uchun toshdan uy yo‘nishlarini ham tanqid ma’nosida eslatmoqdalar.

Solih alayhissalomning kuyunib aytgan bu gaplariga jinoyatchi Samud qavmi quyidagi javobni berdi:

«Sen sehrlanganlardandirsan, xolos. Sen bizga o‘xshagan bashardan boshqa hech narsa emassan. Agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, mo‘jiza keltir» (153-154-oyatlar).

Samud qavmining bu talabiga binoan Alloh taolo Solih alayhissalomga mo‘jiza berdi.

Endi Solih alayhissalom Samud qavmiga o‘sha mo‘jizani e’lon qilmoqdalar:

«Mana bu tuya. Unga (bir kun) suv ichish va sizga ma’lum bir kun suv ichish. Va unga yomonlik yetkazmanglar, yo‘qsa sizni buyuk kunning azobi tutadir». Uni so‘ydilar-u, nadomat chekuvchilarga aylandilar» (155-157-oyatlar).

Boshqa oyatlarda bayon etilganidek, Alloh taolo tomonidan mazkur tuyaning toshdan chiqarilishining o‘zi mo‘jiza bo‘lgan edi.

Qavm tuyaga mutlaqo zarar yetkazmasligi kerak. Agar bu shartni buzib, tuyaga zarar yetkazadigan bo‘lsalar, ularga azob yetishi turgan gap edi. Ammo jinoyatkor qavm shartga imal qilmadi. Samud qavmi tug‘yonga ketib, tuyani so‘yishdi. Keyin esa nadomat cheka boshlashdi.

Samudning yana boshqa jinoyati ham bor edi. Nobakorlarning bu jinoyati haqida Naml surasida quyidagilar aytiladi:

«U shaharda to‘qqiz kishilik guruh bo‘lib, yer yuzida buzg‘unchilik qilishar, isloh qilmas edilar» (48-oyat).

Ya’ni Solih alayhissalomning shaharlari bo‘lmish Hijr shahrida to‘qqiz kishidan iborat bir guruh bo‘lib, o‘sha guruh a’zolari buzg‘unchilik, fasod ishlar bilan shug‘ullanishar, yaxshilikka, isloh qilishga qo‘l urishmas edi.

Ana o‘sha to‘qqiz kishilik buzg‘unchi guruh a’zolari islohga chaqirayotgan Solih alayhissalomdan eng ko‘p darg‘azab bo‘lishdi. O‘z jinoyatlari bilan shahar aholisini qo‘rqitib olgan mazkur uyushgan jinoyatchilar guruhi o‘zlarining barcha hamkasblariga o‘xshab shaharning kattayu kichik har bir ishiga aralashib turishardi.

Solih alayhissalomning xabarlari chiqqanidan so‘ng ular ishni o‘zlaricha muolaja qilishga o‘tishdi. Hamma zamondagi buzg‘unchi, zo‘ravon, jinoyatchi, iymonsiz guruhlarning uslubi shu — o‘zlarining yo‘liga qarshi bo‘lgan, odamlarni fisqu fasoddan qaytarayotgan, xaloyiqqa buzg‘unchilik, qalloblik, harom-xarish nimaligini anglatib, ularning ko‘zini ochayotgan shaxsga suiqasdlar uyushtiriladi; kechasi xoinlarcha berkinib kelib, o‘ldirib yoki boshqa biror zarar yetkazib ketiladi; keyin mazlumning tarafdorlariga «Bu ishni kim qildi ekan, bilmadik», deya bexabardek turaverishadi.

Solih alayhissalomning ilohiy da’vati yoqmagan to‘qqiz kishilik jinoyatchi gurudagilar ham xuddi shu uslubni qo‘llash haqida maslahat qilishdi.

Solih alayhissalomni ochikdan-ochiq o‘ldirishga ular-ning yuragi betlamadi. Kechasi xoinlarcha kelib, hech kimga bildirmasdan o‘ldirishga ahd qilishdi.

Solih alayhissalomni o‘ldirmoqchi bo‘lgan jinoyatchilarni Samud qavmidan oldin Alloh taolo osmondan tushgan toshlar bilan parchalab halok qildi.

Samudning qolgan kofirlarini esa Alloh taolo turli uslubdagi shiddatli azoblar bilan halok qildi. Qur’oni Karim o‘sha halok qilish qanday bo‘lganini o‘ziga xos uslublar ila turli suralarda bayon etgan.

Azobning birinchi turi:

«Biz ularga bir ovoz yubordik va ular qo‘ra quruvchining quruq shox-shabbalariga o‘xshab qoldilar» (Qamar surasi, 31-oyat).

Ya’ni Alloh taolo Samud qavmini dahshatli, kuchli ovoz bilan halok qilgan. Ular halok bo‘lganlaridan so‘ng qo‘y boqarlar qo‘yxona qurish uchun ishlatadigan quruq shox-shabbalarga o‘xshab qolishgan edi. Hozirgi paytda ham sirli suratda halok bo‘lganlarni «Qattiq ovozdan qo‘rqib o‘lgan bo‘lsa kerak», deb taxmin qilishmoqda.

Azobning ikkinchi turi:

«Ularni shiddatli zilzila oldi va joylarida muk tushib qoldilar» (Arof surasi, 78-oyat).

Azobning uchinchi turi:

«Ammo Samudni hidoyat qildik. Ular esa hidoyatdan ko‘ra ko‘rlikni afzal ko‘rdilar. Kasb qilgan narsalari tufayli ularni xorlik azobining chaqmog‘i urdi» (Fussilat surasi, 17-oyat).

Samud qavmi kasb qilgan kufri va gunohlari tufayli chaqmoqqa uchrab halok bo‘ldi. Bu chaqmoq xorlik azobi chaqmog‘idir.

Barcha qavm halok bo‘lib, Solih alayhissalom bilan birga taxminan bir yuz yigirma nafar mo‘mingina salomat qoldilar. Solih alayhissalom umrlarining oxirigacha mo‘minlar bilan Falastinning Ramla nohiyasida tinch-omon yashadilar va ulamolarning rojih (kuchli) qavllariga ko‘ra, shu yerga dafn qilindilar.

Allohning boida arablarga yuborgan uchinchi payg‘ambari Shuayb alayhissalomdir.

SHUAYB ALAYHISSALOM

Shuayb alayhissalomning nasablari Ibrohim alayhissalomning Madyan ismli o‘g‘illariga borib tutashadi. Demak, Shuayb alayhissalom ham Ibrohim alayhissalomning sulolalaridandir.

Shuayb alayhissalomning payg‘ambarliklari Lut alayhissalomdan keyin bo‘lgan. Buni Hud surasidagi quyidagi oyatda kelgan u zotning o‘z qavmlariga aytgan gaplaridan bilib olish mumkin:

«Ey qavmim, menga muxoliflik qilish sizlarni yo Nuh qavmiga, yo Hud qavmiga, yoki Solih qavmiga yetgan musibatga o‘xshash musibat yetishiga olib bormasin. Lut qavmi sizlardan uzoq emas» (89-oyat).

Ya’ni «Nuh, Hud va Solihlarning qavmiga yetgan musibatlar sizga ham yetmasligini xohlasangiz, menga xilof qilishni yig‘ishtiring.

Chunki o‘sha qavmlar payg‘ambarlariga xilof qilishlari oqibatida musibatlar, azob-uqubatlarga duchor bo‘lishgan edi. Sizlar ham menga qarshi chiqmoqdasiz, agar shu taxlit davom etaversangiz, o‘sha qavmlarga yetgan musibatlar sizlarga ham yetishi turgan gap».

Alloh taolo Shuayb alayhissalomni Madyan nomli joyga payg‘ambar qilib yuborgan. Bu haqiqat A’rof surasida ta’kidlanadi:

«...va Madyanga o‘z birodarlari Shuaybni (yubordik) » (85-oyat).

Madyan aslida Ibrohim alayhissalomning o‘g‘illaridan birining ismi bo‘lib, keyinchalik undan tarqagan qabilava ular yashaydigan yurt uning nomi bilan ataladigan bo‘lib ketgan. Madyanliklar ham asli arablar bo‘lib, ularning yerlari Qizil dengizning shimolidagi Aqaba qo‘ltig‘idan Turi Siynoga qadar cho‘zilgan.

Shuningdek, Shuayb alayhissalom yashagan joy, ya’ni Madyan o‘lkasi «Ayka», u kishining qavmlari «as'hobul Ayka» deb ham ataladi («ayka» - arab tilida «quyuq daraxtzor, daraxtlari bir-biriga kirishib ketgan o‘rmon» degan ma’noni bildiradi). Bu ham Qur’oni Karimning ta’biri bo‘lib, Alloh taolo bu hakda Shuaro surasida quyidagilarni aytadi:

«Quyuq daraxtzor sohiblari rasullarni yolg‘onchiga chiqardilar. O‘shanda ularga Shuayb dedi: «Qo‘rqmaysizlarmi?!» (176-177-oyatlar)

Madyan o‘lkasi Hijoz bilan Falastin o‘rtasida, Aqaba ko‘rfazining sharqiy tarafida joylashgan.

SHUAYB ALAYHISSALOM VA U ZOTNING 

QAVMLARI QISSASI

Alloh taolo Shuayb alayhissalomni Madyanga payg‘ambar qilib yuborgach, u zot qavmlariga pand-nasihatlar qilishni boshladilar. Hamma davrlarda bo‘lganidek, bu qavm ham u zotga qarshi chikdi, zalolat va isyonda davom etdi. Orada kurash boshlandi.

A’rof surasida ushbu jarayonning bayoni kelgan.

«...va Madyanga o‘z birodarlari Shuaybni (yubordik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan o‘zga iloh yo‘q. Batahqiq, sizga Robbingizdan ochiq-oydin hujjat keldi. O‘lchov va tarozini to‘liq ado eting, odamlarning narsalarini kamaytirib qolmang va yer yuzida u isloh qilinganidan keyin buzg‘unchilik qilmang. Agar mo‘min bo‘lsangiz, ana shu o‘zingiz uchun yaxshidir.

Allohga iymon keltirganlarni qo‘rqitib, Uning yo‘lidan to‘sib, uning qing‘ir bo‘lishini istab, har ko‘chada o‘tirib olmang. Oz bo‘lgan chog‘ingizda sizni ko‘paytirib qo‘yganini eslang va buzg‘unchilarning oqibati qanday bo‘lganiga nazar soling.

Agar men ila yuborilgan narsaga sizdan bir toifa iy-mon keltirgan va boshqa toifa iymon keltirmagan bo‘lsa, Alloh oramizda hukm qilguniga qadar sabr qiling. U hukm qiluvchilarning eng yaxshisidir» (85-87-oyatlar).

Ammo jinoyatkor qavm bu oqilona taklifni qabul qilmadi. Sabr qilib Allohning hukm chiqarishini kutmadi.

«Uning qavmidan mutakabbirlik qilgan zodagonlar: «Qasamki, ey Shuayb, seni va sen bilan birga iy moi keltirganlarni qishlog‘imizdan chiqarib yuboramiz yoki o‘z millatimizga qaytasizlar», dedilar. U aytdi: «Garchi yomon ko‘ruvchi bo‘lsak ham-a?!

Agar Alloh bizga undan najot berganidan so‘ng millatingizga qaytsak, batahqiq, Allohga nisbatan yolg‘on to‘qigan bo‘lamiz. Biz uchun unga qaytish mumkin emas, Robbimiz — Alloh xohlasagina mustasno. Robbimiz hamma narsani O‘z ilmi ila qamrab olgandir. Allohgagina tavakkul qildik. Robbimiz! Biz bilan qavmimiz o‘rtasini haq ila ochgin. Sen ochuvchilarning yaxshisidirsan» (88-89-oyatlar).

Shu yo‘l bilan ishni o‘zining haqiqiy egasi hukmiga havola qilib, iymon va kufr o‘rtasida hukm chiqaruvchi Hokimi mutlaqqa murojaat etdilar. Shunda zodagonlar mo‘minlarga tahdid qilishga o‘tishdi:

«Uning qavmidan bo‘lgan, kufr keltirgan zodagon-lar: «Agar Shuaybga ergashsangiz, u holda ziyon ko‘ruvchidirsiz», dedilar» (90-oyat).

Ixtilof shu holga yetganidan so‘ng Shuayb alayhissalom

«...ulardan yuz o‘girdi va: «Ey qavmim, batahqiq, siz-ga Robbimning risolatlarini yetkazdim va sizga nasihat qildim. Endi qanday qilib kofir qavmga achinay», dedi» (93-oyat). Shu yerda qissa tugab, Allohning dinini inkor qilgan, payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqarganlarga odatda qanday munosabatda bo‘lish bayon qilinadi:

«Qaysi bir shahar-qishloqqa rasul yuborsak, shoyad, tazarru qilsalar deb, uning axlini yo‘qchilik va qiyinchiliklar ila tutganmiz» (94-oyat).

Albatta, Alloh taolo payg‘ambar yo‘llab, yana uning qavmiga hech qanday sababsiz musibat yubormaydi. Bandalarni bekordan-bekorga zarar va musibatga giriftor qilavermaydi. Avvalo, bandalarning o‘zlari shunga loyiq bo‘lishadi. Zikr etilgan qissalardagi kabi, ular Alloh yuborgan payg‘ambarga qarshi chiqishadi, U Zotga kufr keltirishadi, odamlarni iymon yo‘lidan to‘sishadi, isyon qilishadi. Shundan so‘nggina Alloh taolo ularga balo-ofatlarini yuboradi.

Oyatdan anglash lozim bo‘lgan mantiqlardan biri shuki, Alloh taolo payg‘ambar yubormasdan turib, azob tushirmaydi. Ya’ni Alloh taolo kishilarni avval O‘z elchisi orqali to‘g‘ri yo‘lga da’vat etadi, va’z-nasihatlar qiladi, shundan keyin ham bosh tortganlarni azobga duchor etadi.

Ikkinchidan, bandalarga qashshoqlik va musibatlarni yuborishdan maqsad, ularni tavba-tazarru qilishga chorlashdir. Inson farog‘atda yashasa, hech bir kam-ko‘sti bo‘lmasa, juda ko‘p narsalarni, hatto Xoliqini ham esidan chiqarib qo‘yadi. Boshiga musibat yetib, o‘zining ojiz bir qulligini anglab qolsa, o‘ziga kelishi muqarrar. Shuning uchun ham Alloh taolo kufr va isyon ahliga turli musibatlar yubora-di. Uning bundan maqsadi O‘ziga biror foyda ko‘zlash yoki odamlarni azoblab, zavq olish emas. U Zot bundan behojat va pokdir. Parvardigorning irodasi — insonlarning manfaati, vaqtida tavba-tazarru kilib, o‘zlarini o‘nglab olishga imkoniyat berish.

«So‘ngra yomonlikning o‘rnini yaxshilikka almashtirganmiz. Nihoyat ko‘payishib: «Ota-bobolarimizga ham qiyinchilik va xursandchilik yetgan edi», deganlarida, ular-ni sezmagan hollarida to‘satdan tutganmiz» (95-oyat).

Vaqti kelib Alloh taolo mazkur yomon holatlarni yaxshilariga almashtirib qo‘yadi. Ochlik o‘rniga to‘qlik, musi-bat o‘rniga shodlik keladi. Bu yaxshi hollarda odamlarning mol-mulklari, orzu-havaslari, nozu ne’matlari ziyoda bo‘ladi. Ammo bu ziyodalik ham ular uchun sinov ekanini anglab yetishmaydi. Shukr qilarmikan deb, Alloh taolo ular-ni yaxshi holatlarga solganini bilishmaydi.

«Ota-bobolarimizga ham qiyinchilik va xursandchi-lik yetgan edi», deganlarida...»

Ular «Qiyinchilikdan keyin osonchilik kelishi odatiy holat. Ota-bobolarimiz zamonida ham shunday bo‘lgan, bizning davrimizda ham shunday bo‘lmoqda, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Vaqti kelganda qiyinchilikni tortdik, endi xursandchilik qilib olaylik», deyishadi. Ushbu tushuncha to‘riga ilinib, o‘zlarini dunyo matohiga urishadi. Farovon turmushda bardavomlik ularni xotirjam kilib qo‘yadi, har qanday gunohni tap tortmay qilaverishadi.

G‘aflat nigohlarni qoplab, xiralashtirib qo‘yadi. Ana shunda Alloh taolo ularni azob-uqubatlarga giriftor qiladi.

«Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, ular-ni kasb qilgan narsalari tufayli tutdik» (96-oyat).

Insoniyat ushbu oyati karimada bayon qilinayotgan oddiy na sodda haqiqatni tushuna olmayotgani g‘oyatda ajablanarli hol. Inson uchun osmon va zamindan barakot eshigi ochilishi uchun birgina shart kifoya, ya’ni u iymonli va taqvoli bo‘lishi lozim ekan. Ana o‘shanda insonga osmonu zamindan barakot eshigi lang ochib qo‘yiladi, chunki iymon insonni barakotli hayot yo‘liga boshlaydi, chunki taqvo insonni farovon hayot yo‘liga soladi. Iymon bilan taqvo bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lganidek, barakot ham ularga bog‘liqdir. 

«Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, ularga osmonu yerdan bara kotlarni ochib qo‘yar edik».

Bu haqiqatga kattayu kichik — barcha kishilar har bir sohada guvoh bo‘lishlari mumkin. Insonlar haqiqiy iy-mon va taqvo sohibi bo‘lgan paytlarida ularga barakotlar osmonlar va yerdan ochib qo‘yilganiga tarix shohid. Shu o‘rinda «barakot» deganda faqat oziq-ovqat, kiyim-kechak va moddiy farovonlikkina ko‘zda tutilmasligini ham eslatib o‘tishimiz lozim.

Biroq bunday qilishmadi:

«Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, ularni kasb qilgan narsalari tufayli tutdik».

Shuayb alayhissalom o‘z qavmlari halokatga uchraganidan keyin bir muddat yashab, so‘ng bu dunyoni tark qildilar. Tarixchilar: «Shuayb alayhissalomning payg‘ambarliklari, qavmlari bilan bo‘lgan hodisalar va u zotning vafotlari Yusuf alayhissalomning payg‘ambarliklaridan ke-yin, Muso alayhissalom payg‘ambar bo‘lishlaridan oldin bo‘lgan», deydilar.

KЕYINGI MAVZULAR:

Boqiya arablar;

Arablarning Islomdan oldingi siyosiy tarixi;

O‘troq arablarning podshohliklari;

Yaman podshohliklari;

Arabiston yarim oroli shimolidagi davlatlar;

Hijoz;

Makkaning paydo bo‘lishi. Ismoil alayhissalom qissasi;

HUD, SOLIH VA SHUAYB ALAYHIMUSSALOM

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Vasila qilish bayoni

31.01.2025   322   11 min.
Vasila qilish bayoni

Bismillahir Rohmanir Rohiym

 -66 لَعَلَّ اللهَ يَعْفُوهُ بِفَضْلٍ وَيُعْطِيهِ السَّعَادَةَ فِي الْمَآلِ

Ma’nolar tarjimasi: Shoyad, Alloh uni fazli bilan afv etar va unga oxiratda saodatni ato etar.

Nazmiy bayoni:

Shoyad, Alloh afv-la aylab inoyat,
Ato etsa oxiratda unga saodat.

Lug‘atlar izohi:

لَعَلَّ – oltita nasb qiluvchi harflardan biri bo‘lib, “tarajjiy” (umidvor bo‘lishni bildirish) va “ishfoq” (qo‘rquvdan ogohlantirish) ma’nolarida keladi. Bu yerda “tarajjiy” ma’nosida kelgan.

اللهَ – bu lafz لَعَلَّ ning ismi bo‘lgani uchun nasb bo‘lib turibdi.

يَعْفُوهُ – jumla لَعَلَّ ning xabari bo‘lgani uchun raf o‘rnida turibdi. Afv lug‘atda “uzrini qabul qilish”, “jazolamaslik” kabi ma’nolarni anglatadi.

بِفَضْلٍ – jor va majrur يَعْفُوهُ ga mutaalliqdir. Fazl qilish deganda biror sababga bog‘lamasdan yaxshilik qilish tushuniladi.

يُعْطِيهِ – bu fe’l ikki maf’ulli bo‘lib, هِ birinchi maf’ulidir.

السَّعَادَةَ – ikkinchi maf’ul. Saodat lug‘atda “baxt” ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Bu kalima ko‘pincha ulug‘lash ma’nosida ishlatiladi.

فِي – “zarfiyat” ma’nosida kelgan jor harfi.

الْمَآلِ – jor va majrur يُعْطِيهِ fe’liga mutaalliqdir. Bu kalima lug‘atda “qaytiladigan joy” ma’nosini anglatadi. Bu yerda barcha bandalarning qaytadigan joylari bo‘lgan oxirat iroda qilingan.

Matn sharhi:

Muallif “shoyad, sizlarning ixlos bilan yolvorib qilgan duolaringiz barakotidan ushbu baytlar muallifini Alloh taolo rahmatiga olib, oxiratini obod qilsa”, deya o‘quvchilardan duo qilishlarini so‘ragan. Ushbu so‘zlarida xayrli amallarni vasila qilish mumkin ekaniga ham ishora bor. Shu o‘rinda duoda vasila qilish haqidagi bahslar bilan yaqindan tanishib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Vasila lug‘atda “u bilan o‘zgaga yaqin bo‘linadigan narsa” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “duo ijobat bo‘lishi uchun Alloh taologa Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilish, vasila deb ataladi”.

Vasila duoning maqbul bo‘lish darajasini ko‘tarish maqsadida qilinadi.

Vasila qilish bandadagi muhabbatning, Alloh taologa dalolat qiladigan narsalarni ulug‘lashining alomati hisoblanadi. Zero, bunday ish Qur’oni karimda qalblarning taqvosidan ekani aytilgan:

“Kim Allohning nishonlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu, qalblarning taqvosidandir”[1].

Chunki qilingan amallar qalbdagi taqvoga dalolat qiladi.

Vasila qilish joizligi haqida gapirilganda, uning vosita qilish emasligini, undan tubdan farq qilishini bilib qo‘yish lozim. Chunki banda o‘zining qalbidan o‘tkazayotgan narsalarini ham bilib turuvchi Zotga vosita orqali munojot qilmaydi, balki vasila qiladi. Shu ma’noda vasila vosita qilishdan quyidagi jihatlardan farq qiladi:

1. Vosita qilish haqqi poymol bo‘lgan kishining biror kishini yoki biror narsani o‘rtaga solib zolimdan adolat so‘rashi ma’nosida ishlatiladi. Vasila qilishda esa o‘rtaga biror narsani vosita qilib Alloh taolodan adolat so‘rash ma’nosi yo‘qdir. Balki duoning maqbul bo‘lish darajasini oshirish uchun Alloh taolo huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilishdir.

2. Vosita qilish ikki taraf ham manfaatdor bo‘ladigan narsaga nisbatan ishlatiladi. Masalan, bir shaxs ikkinchi shaxs orqali ishini bitkazib olsa, ishi bitganidan keyin unga minnat qilishi ham mumkin bo‘lib qoladi. Chunki u ham bu ishdan ozmi-ko‘pmi manfaat ko‘rgan bo‘ladi. Vasila qilishda esa faqatgina bir taraf, ya’ni banda manfaatdor bo‘ladi. Zero, Alloh taolo bandalaridan manfaat ko‘rishdan oliy bo‘lgan Zotdir.

3. Vosita qilishda bir taraf ikkinchi tarafga u bilmagan narsani kimdir yo nimadir yordamida bildirishga harakat qiladi. Vasila qilishda esa oshkora va maxfiy barcha narsalarni bilguvchi Zotga Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilinadi.

Shuning uchun vasila qiluvchida ushbu tushunchalar haqida to‘g‘ri tasavvur bo‘lishi lozimdir.

Qur’oni karimda vasila axtarishga buyruq kelgan:

“Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringlar”[2].

Ushbu oyatning tafsirida Imom Moturidiy rahmatullohi alayh: “Bu oyat Allohga isyon qilishdan saqlanish bilan Unga muqarrab bo‘lishga urininglar” ma’nosini anglatadi”, – degan.

Vasilaning beshta turi bo‘lib, ulardan to‘rttasining joiz ekanida biror ixtilof yo‘qdir:

1. Zamon. Arafa kuni, Ramazon oyi, Zul hijjaning o‘n kuni, har kechaning oxirgi qismi kabi ulug‘ sanalgan vaqtlarni vasila qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Allohim, Ramazon oyini vasila qilib so‘rayman”, deyish mumkin.

2. Makon. Ka’ba, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ravzalari, Masjidul aqso va hakozo ulug‘ sanalgan makonlarni vasila qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Allohim, Ka’bani vasila qilib so‘rayman”, deyish mumkin.

3. Holat. Vasila qilinadigan ma’lum bir holatlar bor. Masalan, suyanadigan hamma narsasidan umidi uzilib, hech iloj topa olmay, chorasiz qolgan kishi o‘zining nochor holatini vasila qilib so‘rashi mumkin hisoblanadi. Bunday holatga tushgan kishining duolari qabul bo‘lishi Qur’onda bayon qilingan:

“Yoki muztar (nochor) odam duo qilganda ijobat etadigan”[3].

Shuning uchun ham suyaniladigan hamma narsadan umid uzilib, chorasiz qolgan paytda beixtiyor Alloh taologa yolvorishga, Unga iltijo qilishga o‘tish barcha insonlarning tabiatida bor bo‘lgan xususiyatdir.

 4. Amallar. Namoz o‘qib, ro‘za tutib, sadaqa berib, haj qilib, umra qilib, Qur’on tilovat qilib, zikr va tasbeh aytib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytib, istig‘for aytib, duo qilib, mo‘minlarning duolarini olib, Alloh taoloning go‘zal ismlarini aytib, savob ishlar qilib va harom ishlardan voz kechib vasila qilish mumkin.

Vasilaning ushbu to‘rtta turining joizligida ixtilof yo‘q. Ammo quyidagi beshinchi turi haqida ixtilof qilingan.

5. Ma’lum shaxslarni vasila qilish. Shaxslarni vasila qilish mumkin emas, deganlar ham bor. Vasilaning ushbu turi haqidagi ixtiloflarni umumiy uch qismga ajratish mumkin:

a) mo‘tazila va xavorij firqalari biror shaxsni vasila qilishni mutlaq inkor qilishgan. O‘zlarining bu da’volariga Qur’on va sunnatda kelgan umumiy xabarlarni dalil qilib keltirishgan. Masalan, Qur’oni karimda faqatgina Allohdan yordam so‘rash bayon qilingan:

“Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so‘raymiz”[4].

Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:

إِذَا سَأَلْتَ فَاسْأَلِ اللَّهَ وَإِذَا اسْتَعَنْتَ فَاسْتَعِنْ بِاللَّهِ.

“Agar so‘rasang, Allohdan so‘ra, agar yordam tilasang Allohdan tilagin”. Termiziy rivoyat qilgan.

Ushbularga o‘xshash oyat va hadislarning zohirlarini dalil qilishib, biror shaxsni vasila qilish mumkin emas, – deganlar;

b) ba’zi ulamolar biror ulug‘ shaxsni vasila qilish joiz, faqat u tirik bo‘lishi shart, – deyishgan. O‘zlarining bu qarashlariga quyidagi hadisni dalil qilib keltiradilar:

 عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ كَانَ إِذَا قَحَطُوا اسْتَسْقَى بِالْعَبَّاسِ بْنِ عَبْدِ الْمُطَّلِبِ فَقَالَ اللَّهُمَّ إِنَّا كُنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّنَا صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَتَسْقِينَا وَإِنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِعَمِّ نَبِيِّنَا فَاسْقِنَا قَالَ فَيُسْقَوْنَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob agar qurg‘oqchilikka duch kelsalar, Abbos ibn Abdulmuttalib bilan (vasila qilib) yomg‘ir so‘rab shunday derdi: “Allohim, biz senga Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib so‘rar edik, Sen bizga suv berar eding. Biz endi Sendan Nabiyyimizning amakilarini vasila qilib so‘raymiz, bizlarga suv bergin”. So‘ngra ularga suv berilar edi”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ya’ni ushbu rivoyat Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vafot etganlaridan so‘ng vasila qilib bo‘lmasligiga dalolat qiladi, – deydilar;

v) Ahli sunna val-jamoaning jumhuri biror ulug‘ shaxsni vasila qilish uchun uning tirik bo‘lishi shart emas, – deganlar. Yuqoridagi hadisni dalil qilib keltirganlarga bir qancha raddiyalar qilganlar:

– Mazkur rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vafot etganlaridan so‘ng vasila qilib bo‘lmasligiga dalolat qiladigan birorta ham ochiq-oydin lafz yo‘q;

– Ushbu rivoyatning, o‘zini, aslida Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vasila qilish joizligiga dalil deyish ham mumkin. Chunki Umar roziyallohu anhu: “Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib so‘rar edik”, degan. Ma’lumki, ushbu qurg‘oqchilik yili Misr fath etilgandan so‘ng hijriy o‘n sakkizinchi yildan keyin bo‘lgan. Shunga ko‘ra, bu rivoyat o‘tgan yillar mobaynida hayotda bo‘lmaganlari uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni biror marta ham vasila qilishmagan, degan ma’noga dalolat qilmaydi.

– Abbos roziyallohu anhuni vasila qilish aslida musulmonlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa zotlarni ham vasila qilish mumkin ekanini bildirib qo‘yish uchun bo‘lgan. Sahobalar ichidan aynan Abbos roziyallohu anhuni xoslash esa nubuvvat xonadoni hurmati e’tiboridan bo‘lgan.

Shuningdek Umar roziyallohu anhuning mazkur ishlarida yuqoridagilardan tashqari boshqa bir nozik jihati ham bor. Umar roziyallohu anhu zaif mo‘minlarning rioyasini qilib Abbos roziyallohu anhuni vasila qilgan deyish ham mumkin. Chunki duo ijobati Allohning irodasiga bog‘liq ish. Agar u zot farazan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vasila qilganida va duo ijobati kechikkanida ba’zi insonlarning ko‘ngillariga vasvasaga o‘xshagan narsa kelishi mumkin edi. U zot alayhissalomdan boshqani vasila qilganda esa ijobat kechiksa ham mazkur noqulaylik yuzaga kelmaydi. Ana shu e’tibordan Umar roziyallohu anhuning mazkur ishi rahimdillik bilan qilingan hikmatli ish bo‘lgan.

Keyingi mavzu:
Xotima.

[1] Haj surasi, 32-oyat.
[2] Moida surasi, 35-oyat.
[3] Naml surasi, 32-oyat.
[4] Fotiha surasi, 5-oyat.

Maqolalar