1. Uyga kirish va chiqish odobi
Uyingizga kirish va chiqishda xushmuomalalik va chiroyli tadbir ila harakatlaning. Qachon uyga kirsangiz yoki chiqsangiz eshikni qattiq yopmang yo bo‘lmasa kuch ila o‘zi yopiladigan holda qoldirmang! Chunki, bu ishlar obro‘ e’tiborga sazovor bo‘linadigan Islom ko‘rsatmasiga to‘g‘ri kelmaydi. Balkim! Oisha roziyallohu anhodan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: "Muloyimlik nimada bo‘lsa ziynatlaydi, muloyim bo‘lmagan esa mahrum bo‘ladi"-degan so‘zlarini eshitgandirsiz.
2. Xonadoningizga kirish va chiqishda salom bering!
Agar xonadoningizga kirsangiz yoki chiqsangiz uyda erkakmi, ayolmi, kim bo‘lsa ham musulmonlar salomi ila salom bering! Ya’ni: "Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh". Ushbu salomni "xayrli tong" va shu kabilarga almashtirmang! Chunki, bu Islom shiorini nobud etishdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘zlari va fe’llarini musulmonlarga tasvirlab, buyuk xodimlari Anas roziyallohu anhuga quyidagicha ta’lim berganlar. Anas roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Ey bolajonim! Uyingga kirsang salom ber! Senga ham, ahli oilangga ham baraka bo‘ladi"-dedilar. (Termiziy rivoyati).
Tobe’inlarning eng buyuklaridan biri Qatoda rohimahulloh aytadilar: "Uyingizga kirsangiz, ahlingizga salom bering! Chunki, ular sizning salomingizga eng haqli zotlardir". Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Birortangiz majlisga borsa, salom bersin! U yerdan turmoqchi bo‘lsa, salom bersin! Birinchi salom ikkinchisidan a’lo emas!(ya’ni: fazilat, savobda birdek)"-dedilar.
"Min odobul Islom" kitobidan
Mir Arab oliy madrasa talabasi
Muhammadyunus Muhammadmuso o‘g‘li tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan