Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyul, 2026   |   13 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:37
Quyosh
05:08
Peshin
12:35
Asr
17:35
Shom
19:50
Xufton
21:18
Bismillah
27 Iyul, 2026, 13 Safar, 1448

Xushxabar: Buxoroda yangi masjid ochildi!

27.12.2019   5013   3 min.
Xushxabar: Buxoroda yangi masjid ochildi!

Bugun muborak juma kuni yurtimiz musulmonlari uchun munosib tuhfa o‘laroq O‘zbekistondagi masjidlar soni yana bittaga ko‘paydi. Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida “Abdulloh ibn Muborak” jome masjidi ro‘yxatdan o‘tkazilib, faoliyat yurita boshladi. 

Qorovulbozor tumanida shu vaqtgacha masjid yo‘q edi. Bugungi kunda tumanda 19 000 aholi istiqomat qiladi. Aholining ko‘p qismi jamoat namozlarini ado etish uchun tumandan 50 km masofada joylashgan Kogon tumanidagi masjidlarga qatnar edi. Bu albatta ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘dirar, ayniqsa keksalar uchun mushkul holat edi. “Tumanimizda ham masjid bo‘lsa edi”, deya orzu qilishar edi. 

Nihoyat bu borada qilingan hatti-harakatlar, urinishlar zoye ketmadi. Aholining bir necha bor qilgan murojaatlari inobatga olinib, mahalliy hokimlik tomonidan masjid qurilishi uchun “Tinchlik” mahallasi hududidan yer ajratildi. 

Xalq hashari yo‘li bilan bu joyda zamon talablariga javob beradigan va namozxonlar uchun qulay sharoitlarga ega 450-500 kishilik sig‘imga ega bo‘lgan masjid qurildi. Tegishli hujjatlar tayyorlanib, viloyat adliya boshqarmasidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida guvohnoma olindi.  Masjidga islom olamidagi ulug‘ tobeinlardan biri  “Abdulloh ibn Muborak” nomi berildi.

Bugun, 27 dekabr kuni masjidda ilk bor juma namozi ado etildi. Shukrona sifatida elga osh dasturxoni yozildi. Marosimga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muhammadnazar domla Qayumov, ulamolar, imom-xatiblar tashrif buyurib, hudud aholisini yangi masjid bilan muborakbod etdilar.

Qishloq aholisining sevinchi cheksiz. Tillari-yu dillari shukronada, duoda.  Ko‘p yillik armonlar bugun barham topdi. Endi ularning ham o‘z masjidlari, imom-xatiblari bor. Qorvulbozorda yana azon baralla yangradi. Haq taoloning rahmatlari azon sadolari yetib borgan joylargacha sakinat ila nozil bo‘ldi, go‘yo. Bu azon hudud aholisi uchun najot chaqirig‘i, ma’rifat, tarbiya, ilohiy rahmatning da’vati bo‘lib qaytib keldi. Zero masjidlardan Alloh taoloning rahmat nurlari taralib turadi. Ibodat, ma’rifat, birodarlik maskani bo‘lib, musulmonlar e’tiqodini mustahkamlashga, axloqining go‘zallashishiga, yomonliklardan uzoqda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. 

Muhammadnazar domla Qayumov masjid jamoasiga muftiy hazratlarining tabriklari, ezgu tilaklari, duoi xayrlarini yetkazdilar. Masjidlarni barpo etish, obod etishning ulug‘ ajri haqida so‘zlab berdilar. Ayniqsa zarurat bo‘lgan ana shunday chekka joylarda qurilishi ayni muddao ekanligini bildirdilar. Bu joyda toat-ibodatlar, solih amallar, Qur’oni karim tilovati qiyomatga qadar davom etishini tiladilar. Shuningdek, tashkiliy ishlarda faollik ko‘rsatgan mutasaddilar, ezgu niyatli kishilar haqqiga duolar qilindi.

Shu bilan O‘zbekistondagi masjidlar soni 2066 taga yetdi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning o‘zida 10 ta yangi masjid ochilib, faoliyat yurita boshladi. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilk magistrlar ish bilan ta’minlanib, ilmiy tadqiqotni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi

27.07.2026   2554   1 min.
Ilk magistrlar ish bilan ta’minlanib, ilmiy tadqiqotni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining barchasi ish bilan ta’minlanadi hamda ilmiy tadqiqotlarini davom ettirishni istaganlarga ham munosib imkoniyatlar beriladi.

Shu ana’naga muvofiq, Toshkent islom institutining ilk magistratura bosqichini tamomlagan 10 nafar bitiruvchining barchasi yuz foiz ish bilan ta’minlandi va ilmiy ishlarini davom ettirishlari uchun turli takliflar bildirildi.

Xususan, bitiruvchilar Fatvo markazi, Diniy idoraning hududlardagi markaziy vakilliklari va ilmiy-tadqiqot markazlarida mutaxassis, shuningdek, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi sifatida faoliyat boshlaydi.

Ushbu iqtidorli magistrlar kelgusida ilmiy faoliyatlarini ham davom ettiradi. Xususan, umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan 3 nafar magistr Toshkent islom institutida ochilishi reja qilingan doktorantura bosqichiga imtiyozli qabul qilinishi aytildi. Shuningdek, ilk magistrlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining doktorantura ta’lim bosqichiga maqsadli qabul qilish taklifi ham bildirildi.  

Ta’kidlash joizki, raqamli texnologiyalar, xorijiy tillar va chuqur diniy-ilmiy bilimga ega ushbu yuqori malakali kadrlar soha rivoji va aholining diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirishga munosib hissa qo‘shadi, insho Alloh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari