Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Fevral, 2025   |   10 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:06
Quyosh
07:26
Peshin
12:42
Asr
16:07
Shom
17:52
Xufton
19:07
Bismillah
09 Fevral, 2025, 10 Sha`bon, 1446

Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas

27.12.2019   3726   6 min.
Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas

Har yili eski milodiy yil tugashidan chamasi bir oy avval boshlanib, yangi milodiy yil kirib bir haftaga qadar insonlarni tinchligini buzadigan, turli ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘ladigan xalq tilida paqildoq deb ataluvchi pirotexnika vositalarining shovqini eshitila boshlaydi.

Qani edi bolalari qo‘lida o‘ynayotgan “o‘yinchoq” qanchalik xavfli ekanligini ota-onalar bilishsa.

Bu “o‘yinchoq”dan avvalo uni o‘ynayotgan yoshlarning o‘zlari jabr chekyaptilar. Ma’lumotlarga  qaraganda, ularning oralarida turli tan jarohatlarni olayotganlar, ba’zi a’zolari kuyib jabr ko‘rayotganlar, ko‘rish va eshitish qobiliyatini yo‘qotganlar, hatto qo‘l-oyog‘idan ajrab qolganlarni ham uchrashi achinarli holatdir.

Yoshlarni bu “o‘yin”laridan turli yoshdagi insonlar, bemorlar, yosh homilador kelinlar ham aziyat chekmoqdalar.

Shifokorlar so‘zlariga ko‘ra, “paqildoq” odamni bexosdan cho‘chitgani bois yurak-qon tomir tizimiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatar ekan.

Buni o‘ynayotgan yoshlar pirotexnika vositalarini salbiy oqibatlarini o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Balki ular pirotexnika vositalarini  portlaganiga, undan chiqadigan shovqinli va dahshatli ovozlarga, do‘st va sinfdoshlarini cho‘chitib qo‘rqitganlariga xursand bo‘ladilar. Axir ular insonlarni cho‘chitish va ularni qo‘rqitib aziyat yetkazishdan dinimiz qaytarganligini qayerdan ham bilishsin.

Alloh taola Qur’oni karimda insonlarni boshqalarga ozor va aziyat berishdan qaytarib, Mo‘min va mo‘minalarga, ular biror narsa qilmasalar ham, ozor beradiganlar, batahqiq, o‘z ustilariga bo‘hton va ochiq oydin gunohni olibdilar», deb marhamat qiladi. (Ahzob surasi, 58-oyat).

Abu Laylo Ansoriydan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotga chiqqanlarida u zotning sahobalaridan biri hazillashib, bir kishining o‘qdonini berkitib qo‘ydi. Egasi uni izlab, topa olmay, xavfga tushdi. Uning ustidan kula boshlashgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam chiqib: «Nimaga kulyapsizlar?» dedilar. «Hazillashib, falonchining o‘qdonini berkitib qo‘ygan edik, qo‘rqib ketdi. Shunga kulyapmiz», deyishdi. U zot: «Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas», dedilar.

Yana Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam «Musulmon musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir», deb marhamat qiladilar.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra pirotexnika vositalari ishlatilganda yonish harorati 3000 darajagacha yetishi mumkin bo‘lib, kuchli yong‘in kelib chiqishi xavfini kuchaytiradi.

Bu arzimas ko‘ringan ish sababli insonning boshiga turli xil kulfatlar yog‘ilishi, o‘zining hayoti xatarda qolishi va hatto joni halokatga uchrashi mumkin ekan. Vaholanki, Alloh taolo Qur’oni karimda insonlarni o‘z jonlarini xatarga solishdan qaytarib, “O‘zingizni halokatga tashlamang deb marhamat qilgan.

Yana pirotexnika vositalarini sotib olishda isrofga yo‘l qo‘yib gunohkor bo‘lish ham bor. Chunki har bir ne’matni noto‘g‘ri tassarruf qilish o‘sha ne’matni zoye bo‘lishidir. Ne’matni zoye qilish esa isrofdir. Isrofgarni esa Alloh yaxshi ko‘rmaydi.

Alloh taolo O‘zini Kalomida aytadi: «Yenglar, ichinglar va isrof qilmanglar. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas». (A’rof surasi 31-oyat). 

Ko‘rinib turibdiki, ba’zan o‘ylamasdan qilingan ishlar, e’tiborsizliklar nafaqat insonni o‘ziga, balki o‘zgalarga ham zarar yetkazib, ko‘ngilsizliklar va gunohlarga sabab bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zarar berish ham yo‘q, zararlanish ham yo‘q» deganlar.

Imom Termiziy Abu Sirmadan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim zarar yetkazsa, Alloh unga zarar yetkazadi. Kim mashaqqat tug‘dirsa, Alloh uni mashaqqatga qo‘yadi», deganlar.

Pirotexnika vositalari savdosi bilan shug‘illanuvchilar ham insonlarga zarar yetkazib, gunoh ishlarga sherik bo‘layotganliklarini bilib qo‘ysalar hamda bu yo‘l bilan bola-chaqa boqib ularni rohatini ko‘rishni istasalar boshqa tirikchilik qilsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki qiyomat kuni hamma inson hayoti, ilmi, qilgan kasb-hunaridar so‘raladi.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: «Banda qiyomat kuni to‘rt narsadan so‘ralmaguncha, bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi. Bu savollardan birinchisi, umrini nima bilan o‘tkazgani; ikkinchisi, yoshlik davrida nima bilan mashg‘ul bo‘lgani; uchinchisi, mol-dunyoni qay yo‘sinda topgani va nimalarga sarflagani; to‘rtinchisi, o‘rgangan ilmiga qanday amal qilganidir» (Bazzor va Tabaroniy rivoyat qilgan).

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1851-moddasiga muvofiq, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Jinoyat kodeksining 2501-moddasida esa bunday qilmishlar sodir etganlar uchun uning kim tomonidan sodir etilgani va qanday oqibatlarga olib kelganligiga qarab turli jazo choralari, jumladan, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.

Inson erkakmi yo ayol, hayoti davomida turli  gunoh va jinoyatlar qilmasdan dinimiz  ko‘satmalariga amal qilib yashasa hamda insonlarga qo‘lidan kelgan  yaxshiliklarni  qilsa, farzandlarining xulq va odobi hamda tarbiyalariga e’tiborli bo‘lsa, u inson ikki dunyo saodatiga erishadi.      

Alloh taolo marhamat qiladi:

«Erkakmi, ayolmi, kim mo‘min bo‘lgan holida solih amal qilsa, uni pok, go‘zal hayot kechirtiramiz va albatta, ularni qilib yurgan amallarining eng go‘zali barobarida ajr ila mukofotlarmiz» (Nahl surasi 97-oyat).

 

“Bo‘ta buva” jome masjidi imom-xatibi

Ziyouddin Mirsodiqov

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qo‘l bilan taom yeyish sunnati

7.02.2025   3094   2 min.
Qo‘l bilan taom yeyish sunnati

Bugungi kunda taomlanish madaniyatimiz tobora g‘arb madaniyatiga moslashib borayotgani hech kimga sir emas. Restoranlarda vilkalar va pichoqlardan foydalanish odatiy holga aylangan, hatto o‘zimizning milliy taomlarimizni ham qo‘l bilan yeyishdan uyaladiganlar topiladi. Aslida esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning taomlanish odoblariga nazar tashlasak, go‘shtni pichoq bilan emas, tishlab yeyish tavsiya qilinganini ko‘ramiz.

Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: "Go‘shtni pioq bilan kesib yemanglar, chunki bu ajam (musulmon bo‘lmagan)larning ishi. Uni tishlab yenglar, shunda yeyish osonroq va mazasi yoqimliroq bo‘ladi" (Abu Dovud, 3778-hadis).

Yana bir hadisi sharifda Sofvan ibn Umayya roziyallohu anhu bunday deydilar:  "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga taomlanayotib, go‘shtni suyagidan qo‘lim bilan ajratib yedim. Shunda u zot: Suyakni og‘zingga yaqin olib kelib yegin, ana shunda mazali va yoqimli bo‘ladi”, dedilar (Abu Dovud, 3779-hadis).

Bu hadislar bizga nimani o‘rgatadi? Eng avvalo, taomlanish madaniyati g‘arbga ergashish bilan o‘lchanmasligini anglatadi. Bugungi kunda ba’zi kishilar qo‘l bilan ovqat yeyishni madaniyatsizlik deb bilishadi. Aslida esa, bu aynan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biridir. Sunnatga mos kelgan narsa hech qachon or va uyat bo‘lishi mumkin emas.

Bundan tashqari, qo‘lda yeyishda miya ovqatga tayyorgarlik ko‘radi va hazm jarayoni yaxshiroq kechadi. Qo‘llar bilan ovqatni ushlaganda miya oshqozonga hazm jarayonini boshlash haqida signal yuboradi. Qo‘llar teridagi mikrobiota (foydali bakteriyalar) tufayli organizmning immunitetini kuchaytiradi. Qo‘l bilan yeyishda kishi ovqatning tuzilishi va haroratini his qilib, shunga muvofiq ish ko‘radi. Qo‘l bilan ovqat yeganda odam sekinroq yeydi va tanasiga yetarlicha to‘yinganlik signalini berishga imkoniyat beradi. Bu esa ortiqcha ovqat yeyishning oldini oladi. Bolalar uchun qo‘l bilan ovqat yeyish motorika (mayda qo‘l harakatlari) va mustaqillikni rivojlantiradi.
Demak, taomlanishda ham biz sunnatni unutmasligimiz, o‘z madaniyatimiz va islomiy qadriyatlarimizga sodiq qolishimiz kerak. G‘arb qadriyatlari hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bir paytda, biz sunnat yo‘lidan uzoqlashmaylik!