Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2025   |   12 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:29
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2025, 12 Ramazon, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: HAQLARGA RIOYA QILISH: QARINDOSHLAR, QO‘SHNI, USTOZ VA DO‘ST HAQI

25.12.2019   5535   35 min.
Oilada farzand tarbiyasi: HAQLARGA RIOYA QILISH: QARINDOSHLAR, QO‘SHNI, USTOZ VA DO‘ST HAQI

Qarindoshlar haqi

Qarindoshlar bir-birlariga nasab va nasl bilan bog‘lanadigan kishilardir. Ular quyidagilar: otalar, onalar, bolalar, buvi va buvalar, aka-ukalar, opa-singillar, amakilar, ammalar, akaning bolalari, opaning bolalari, tog‘alar va xolalar, ammalar, so‘ngra ularga yaqin bo‘lgan qarindoshlar.

Shariatimiz ularni ikki sababga ko‘ra “rahm” qarindoshlar deb ataydi. Birinchisi: “Rahm” Allohning rohman sifatidan olingan. Abdurahmon ibn Afvdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh taolo: “Men Alloh, Men rohman... rahmni (bachadon) yaratdim va unga ismimdan ism berdim, kim unga bog‘lansa, uni (ismimga) bog‘layman, kim undan uzilsa, Men (ismimdan) uni kesaman”, dedi», deydilar.

Ma’lumki, “rahm” – rahmat, mehribonlik, muloyimlik, halimlik kabi sifatlarning yig‘indisidir. Shuning uchun ham nasab jihatidan yaqin bo‘lgan kishilarga mehribon bo‘lish, silai rahm qilish vojibdir.

Ikkinchisi: “Qarobat” – yaqinlik, qarindoshlik aloqalarini bog‘lashdan kelib chiqqan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) faqat qarindoshlikni bog‘lashga chaqirib, kesilishdan esa qaytarganlar. Shubhasiz, bu ko‘rsatmalar tug‘ishganlar o‘rtasida qondoshlik, birodarlikni mustahkamlashga o‘rgatadi, o‘zaro mehr-muhabbat tuyg‘ularini orttirib, insoniylik fazilatlarini yuqori pog‘onalarga ko‘taradi. Jamiyat a’zolarida qon-qarindoshlik, atrofidagilarga havas va mehr bilan qarash bolalikdanoq shakllanishi va u qalblarga chuqur ildiz otishi zarur. Toki bola ulg‘ayganida qarindoshlarga silai rahm qiladigan, boshlariga musibat yetganida dalda beradigan bo‘lsin. Shundagina biz tarbiyada chiroyli maqsadga erishgan bo‘lamiz.

Qur’oni karimda qarindoshlarga silai rahm qilishga buyurilgan oyatlar ko‘p. Masalan:

وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ ٱلَّذِي تَسَآءَلُونَ بِهِۦ وَٱلۡأَرۡحَامَۚ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ عَلَيۡكُمۡ رَقِيبٗا١

«...O‘rtalaringizdagi o‘zaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir» (Niso, 1).

وَءَاتِ ذَا ٱلۡقُرۡبَىٰ حَقَّهُۥ وَٱلۡمِسۡكِينَ وَٱبۡنَ ٱلسَّبِيلِ وَلَا تُبَذِّرۡ تَبۡذِيرًا٢٦

«Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrof­gar­chi­likka mutlaqo yo‘l qo‘ymang!» (Isro, 26).

۞وَٱعۡبُدُواْ ٱللَّهَ وَلَا تُشۡرِكُواْ بِهِۦ شَيۡ‍ٔٗاۖ وَبِٱلۡوَٰلِدَيۡنِ إِحۡسَٰنٗا وَبِذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَٱلۡجَارِ ذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡجَارِ ٱلۡجُنُبِ

«Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu begona qo‘shniga ham (yaxshilik qiling) (Niso, 36).

وَٱلَّذِينَ يَنقُضُونَ عَهۡدَ ٱللَّهِ مِنۢ بَعۡدِ مِيثَٰقِهِۦ وَيَقۡطَعُونَ مَآ أَمَرَ ٱللَّهُ بِهِۦٓ أَن يُوصَلَ وَيُفۡسِدُونَ فِي ٱلۡأَرۡضِ أُوْلَٰٓئِكَ لَهُمُ ٱللَّعۡنَةُ وَلَهُمۡ سُوٓءُ ٱلدَّارِ٢٥

«Alloh bilan ahd bog‘laganlaridan keyin uni buzadigan, Alloh bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan kimsalar ham borki, ular uchun (Allohdan) la’nat bo‘lur va ular uchun noxush diyor (jahannam) bordir» (Ra’d, 25).

فَهَلۡ عَسَيۡتُمۡ إِن تَوَلَّيۡتُمۡ أَن تُفۡسِدُواْ فِي ٱلۡأَرۡضِ وَتُقَطِّعُوٓاْ أَرۡحَامَكُمۡ٢٢ أُوْلَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ لَعَنَهُمُ ٱللَّهُ فَأَصَمَّهُمۡ وَأَعۡمَىٰٓ أَبۡصَٰرَهُمۡ٢٣

«Agar (imondan) bosh tortsangiz, aniqki, sizlar yerda buzg‘unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzasiz, albatta.

Unday kimsalarni Alloh la’natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) “kar”, ko‘zlarini “ko‘r” qilib qo‘ygandir» (Muhammad, 22–23).

Qarindoshchilikdan uzilishning oqibati bu dunyoda ham, u dunyoda ham voy bo‘lishini bolalarimiz bilsinlar.

Qon-qarindoshlik Allohga va oxirat kuniga imon keltirishning shiorlaridandir. Ikki shayx Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Allohga va oxirat kuni qiyomatga imon keltirgan bo‘lsa, mehmonni hurmat qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qarindoshlar bilan bog‘lansin. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshilikni (yaxshi so‘z) aytsin yoki sukut saqlasin”, dedilar.

Qon-qarindoshlikni mustahkamlash umrni uzaytiradi va rizqni ko‘paytiradi. Ikki shayx Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim rizqi keng va umri ziyoda bo‘lishini xohlasa, qarindoshlar bilan bog‘lansin”, dedilar. Demak, qarindoshlar bilan aloqalarni yaxshilash rizqni keng va umrni ziyoda qilar ekan. Yana qarindoshlar bilan ahil-inoqlik boshga tushadigan turli musibatlardan saqlaydi, qiyinchiliklarni oson yengishga yordam beradi. Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Sadaqa (silai rahm) va qarindoshlarga bog‘lanish Alloh taolo uning umrini ziyoda qilishiga va bevaqt o‘limdan saqlashiga sabab bo‘ladi”, dedilar.

Aholisi qon-qarindoshlikni qadrlagan mamlakat boy va obod bo‘ladi. Tabaroniy va Hokim Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

“Albatta, Alloh bir mamlakatni obod etadi va odamlarini boy qiladi. Ularni yaratganidan boshlab ularga g‘azab bilan boqmaydi”, dedilar. Shunda: “Ey Allohning rasuli, buning sababi nima?”, deb so‘raldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mamlakatda yashovchilar qarindoshlikni uzmaganidan”, dedilar.

Demak, yurt obodligi va kishilarning bekamu ko‘st yashashi qarindoshlar bilan aloqani mahkam bog‘lashga ham bog‘liq ekan. Afsus, ba’zi qarindoshlar bir-birlari bilan kelisha olmaydilar. Ular Islom ta’limotiga amal qilsalar, juda yaxshi bo‘lardi.

Qon-qarindoshchilik gunohning kechirilishiga va xatolarga kafforat bo‘ladi. Ibn Hibbon va Hokim Abdulloh ibn Umardan (roziyallohu anhu)  rivoyat qiladi:

Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)  huzurlariga kelib: “Men katta gunoh ish qildim, tavba qilishim kerakmi?” dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Onang hayotmi?” dedilar. U: “Yo‘q”, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Xolang hayotmi?” dedilar. U: “Ha”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Unga mehribonlik qil”, dedilar.

Qon-qarindoshlik (qiyomatda) hisob-kitobni yengil qiladi va jannatga kirgizadi. Bazzoz, Tabaroniy va Hokim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu)  rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimda uch narsa topilsa, Alloh uning hisob-kitobini yengil qiladi va O‘z rahmati ila jannatga kirgizadi”, dedilar. Shunda: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, ular nimalar?” deb so‘rashdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yo‘qsil kishiga hadya berishing, uzilgan qarindoshlar bilan bog‘lanishing, jahl qilganni kechirishing, agar shularni qilsang, Alloh seni jannatga kirgizadi”, dedilar.

Ikki Shayx Jubayr ibn Mut’amdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. U kishi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qarindoshlaridan uzilgan kishi jannatga kirmaydi”, deganlarini eshitdim», dedi.

Qon-qarindoshlar bilan bog‘lanuvchini Alloh taolo qiyomat kuni yuqori darajaga ko‘taradi. Bazzoz va Tabaroniy Uboda ibn Somitdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga Alloh darajalarga ko‘taradigan narsani aytaymi?” dedilar. Ular: “Ha, yo Allohning rasuli”, deyishdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Nodonlik qilgan kishiga halim bo‘lishing, senga zulm qilganni kechirishing, sendan mahrum qilgan kishiga berishing va sendan uzilgan qarindoshlar bilan bog‘lanishing”, dedilar.

Hayot tajribasi hadis va rivoyatlar ruhida tarbiya ko‘rgan bolalar qon-qarindoshlik iplarini bog‘lovchi, ularning haqlarini ado qiluvchi, xursandchilik va mahzun damlarda sherik bo‘lishlarini ko‘rsatadi.

 

Qo‘shni haqi

Ota-onalar, murabbiylarimiz e’tibor beradigan masalalardan yana biri qo‘shnilar haqidir. Xo‘sh, qo‘shnilar kim?

Ular sizga to‘rt tarafdan tutashgan hovlilarda yashaydigan mahalladoshlaringizdir. O‘ngdan qirqta, chapdan qirqta, old tarafdan qirqta, orqa tarafdan qirqta hovli sizga qo‘shni bo‘ladi. Chegarasi bormi? Bor! Unutmang, zimmangizda ularning haqlari bor. Buni quyidagi hadisdan anglash mumkin.

Imom Tabaroniy Ka’b ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Yo Allohning rasuli, men falon mahallaga joylashdim. Menga yaqin qo‘shnilar qattiq azob beryapti”, dedi.

Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Abu Bakr, Umar va Alini (roziyallohu anhum) jo‘natdilar. Ular masjid eshigi yonida turib: “Ogoh bo‘linglar, sizlarga to‘rt tarafdan qirqtadan hovli qo‘shni bo‘ladi. Kim qo‘shnisini yomonliklari bilan qo‘rqitsa, jannatga kirmaydi”, deb ogohlantirishdi.

Islom ta’limotida qo‘shni haqi to‘rtta qoida bilan ifodalanadi:

  1. Qo‘shnisiga ozor yetkazmaslik.
  2. Qo‘shnisiga yomonlik yetadigan bo‘lsa, himoya qilish.
  3. Yaxshi muomalada bo‘lish.
  4. Qo‘shnidan yetadigan aziyatlarga sabrli bo‘lish, halimlik bilan kechirish.

Qo‘shniga aziyat berishdan saqlanish. Aziyat bir necha ko‘rinishda bo‘ladi. Zino, o‘g‘rilik, haqorat, iflos narsalarni qo‘shni tomonga tashlash va hakazo.

Imom Ahmad va Tabaroniy Miqdod ibn Asvaddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalariga: “Zino haqida nima deysizlar?” dedilar.

Ular: “Harom ish, uni Alloh va Uning rasuli harom qilgan. U qiyomatgacha haromdir”, dedilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Allohga qasam, imon keltirmabdi, Allohga qasam, imon keltirmabdi, Allohga qasam, imon keltirmabdi”, dedilar.

“Kim, yo Allohning rasuli?” deyildi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qo‘shnisini yomonliklardan omon saqlamagan kishi”, dedilar.

Hasson ibn Sobit (roziyallohu anhu) aytadi:

“Birontamiz qo‘shniga ozor bermaymiz, uni xo‘rlamaymiz, holbuki, zulm bizga qaytadi. Chunki biz qo‘shni haqini omonat deb bilamiz, omonatga xiyonat qilishdan Alloh bizni saqlasin”.

Qo‘shnini himoya qilish. Islom dinida qo‘shnini himoya qilish, uni baloyu ofatlardan saqlash imondan nishona, maqtovga loyiq mo‘minlik xulqlaridandir. Abu Hanifaning (roziyallohu anhu) Kufada bir qo‘shnisi bor edi. Har vaqt ishdan qaytib kelsa, u baland ovozda:

“Zoye qildilar. Qanday yigitni zoye qildilar.

Og‘ir kunda kerakli himoyachini zoye qildilar”, deb qo‘shiq aytardi. Uning ovozi kechasi bilan Abu Hanifaning oromini buzardi. Bir kecha bu qo‘shnisini mirshab olib ketdi. O‘sha kecha Abu Hanifa uning ovozini eshitmadi. Tong otganda Abu Hanifa surishtirib, uning qamalib qolganini bildi. Shunda Abu Hanifa amir Iso ibn Musoga borib, uni ozod qilishini so‘radi. Uni ozod qildilar. Yigit chiqqach, Abu Hanifa sekin qulog‘iga dedi:

“Ey yigit! Seni zoye qildikmi?”

“Yo‘q. Yaxshilik va hurmat qildingiz. Alloh sizga yaxshi mukofot bersin!” dedi va:

“Men ko‘p zarar berdim aziz qo‘shnimga,

Vaholanki, ko‘plarning qo‘shnisi pastkashdir”, deb qo‘shiq aytdi.

Qo‘shnini himoya qilish, undan zulmni ko‘tarish va uni xorlamaslik haqida quyidagi hadisda bayon qilinadi:

Ikki Shayx Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon musulmonning birodari, unga zulm qilmaydi va uni xorlamaydi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim musulmondan bir g‘amni ketkizsa, qiyomat kuni Alloh uning g‘amlaridan birini ketkizadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh uning aybini qiyomat kuni berkitadi”, dedilar.

Qo‘shniga yaxshi muomalada bo‘lish. Yaxshi qo‘shni bo‘lish uchun kishi yaxshi munosabatni yo‘lga qo‘yishi kerak. Masalan, musibat yetganida ta’ziya bildirish, xursandchilik kuni muborakbod qilish, kasal bo‘lganida borib ko‘rish, uchrashganida salom berish, diniga va dunyosiga foyda beradigan yo‘lga boshlash, qurbi yetgancha ehtirom ko‘rsatish kabilar.

Xaroitiy, Tabaroniy Amr ibn Shuaybdan rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “...Qo‘shni haqi nima ekanini bilasanmi? Agar yordam so‘rasa, yordam berish, qarz so‘rasa, qarz berish, faqir (muhtoj) bo‘lib qolsa, yegulik berish, kasal bo‘lsa, borib ko‘rish, unga yaxshilik yetsa, qutlash, musibat yetsa, taskin berish, vafot etsa, janozasida ishtirok etish, uning iznisiz o‘z uyini baland qilib qurmaslik, qozonda qovurilayotgan go‘sht hidi bilan ozor bermaslik (go‘shtdan unga ham berish)...” deb marhamat qildilar.

Abu Dovud agar qo‘shnisining tuyasi yoki qo‘yi o‘lsa, o‘rniga o‘zinikini olib chiqib berardi. Xorazmiyning “Mufidul ulum” kitobida keltirilishicha, Abdulloh ibn Muborakning yahudiy qo‘shnisi bor edi. Bir kuni u uyini sotmoqchi bo‘ldi. Unga: “Qanchaga sotasan?” dedilar. U: “Ikki mingga”, dedi. Unga: “Uyingning narxi ming”, dedilar. Yahudiy: “To‘g‘ri, lekin qo‘shnim Abdulloh ibn Muborak uchun ham yana ming qo‘shasizlar”, dedi. Bu xabar Abdulloh ibn Muborakka yetkazilganida, u kishi yahudiyni chaqirib, hovlining pulini berdi va: “Uyni sotma”, dedi. Agar yahudiyga Ibn Muborakdek chiroyli xulqli inson yo‘liqmaganida, u uyni sotishdan qaytmasdi.

Qo‘shnining ozori (aziyati)ni ko‘tarish. Inson qo‘shnisidan yetajak ozorlarga sabr qilishi, unga e’tiborli va kechirimli bo‘lmog‘i, iloji boricha mehribonlik qilishi ham fazilatdir.

Haririy aytadilar: “Qo‘shnini hurmat qil, garchi zulm qilsa ham”. Shubhasiz, nodonlik qilganga mehribonlik, yomonlik qilganga yaxshilik qilgan va zulm o‘tkazganni kechirgan kishi qiyomat kunida oliy martabada bo‘ladi.

Bazzoz va Tabaroniy Ubboda ibn Somitdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga Alloh uning sababi bilan yuksak darajalarga ko‘taradigan narsaning xabarini beraymi?” – dedilar. “Ha, Allohning rasuli”, dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Senga nodonlik qilganga mehribon bo‘l, senga zulm qilganni kechir, seni mahrum qilganga (senga bermaganga) bergin va sendan uzilganga (sendan qarindoshlik aloqasini uzganga) bog‘lan”, dedilar.

Gunohkorni kechirish va xatokorni afv etish ko‘pincha uni to‘g‘ri yo‘lga soladi. Shundan jafo – xalimlikka, to‘sqinlik – ravonlikka, g‘azab – muhabbatga aylanadi. Qur’oni karimda:

وَلَا تَسۡتَوِي ٱلۡحَسَنَةُ وَلَا ٱلسَّيِّئَةُۚ ٱدۡفَعۡ بِٱلَّتِي هِيَ أَحۡسَنُ فَإِذَا ٱلَّذِي بَيۡنَكَ وَبَيۡنَهُۥ عَدَٰوَةٞ كَأَنَّهُۥ وَلِيٌّ حَمِيمٞ٣٤

 «Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf eting! (Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur» (Fussilat, 34), deb marhamat qilingan.

Shunday ekan, bolalarni yoshligidanoq chiroyli qo‘shnichilik ruhida tarbiyalash muhimdir. Toki bola uylanish yoshiga yetib, mustaqil oila qurganida ham qo‘shnichilik muomala va odoblariga amal qilsin. Birovga ozor berishdan tiyilsin, aksincha, kuchsizlarni ozor beruvchilardan himoya qilsin. Ularga mehribonlik va halimlik bilan bog‘lanishga harakat qilsin. Bu orzu va niyatlarimiz ikki yo‘l bilan, ya’ni,  bolaga qo‘shnichilik odoblarini tushuntirish va qo‘shni bolalarni bir-biri bilan do‘stlashtirish, o‘zaro hamjihatlikni paydo qilish orqali amalga oshadi.

Shubhasiz, bola yoshligidan mana shu yaxshi xislatlar bilan xulqlansa, jamiyat uchun eng kerakli insonlardan bo‘lib yetishadi. Qayerda bo‘lsa ham, fazlini zohir qilib turadi.

 

Ustoz haqi

Ustoz jamiyatni olg‘a boshlovchi va uning ertangi kunini ta’minlovchi, ta’bir joiz bo‘lsa, bir yo‘lchi yulduzdir. Ustozsiz hech bir jamiyat kamolga yetmagan, aksincha, inqirozga yuz tutgan. Shuning uchun ham xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘”, “Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar” degan chiroyli iboralar bor. Shundoq ekan, ustozning ham ota-onadek haqlari bor.

Bolalarni ustozni hurmat qilishga, ularning haqini ado etishga o‘rgatish lozim. Shunla ular bilim o‘rgatgan, to‘g‘ri yo‘lga solgan, yomon yo‘llardan qaytargan kishining qadr-qimmatiga yetadilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) murabbiylarga olimlarni hurmatlash, murabbiy va ustozlarni ulug‘lash borasida ko‘pgina qimmatli kshrsatmalar berganlar.

Imom Ahmad, Tabaroniy va Hokim Uboda ibn Somitdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Keksalarimizni ulug‘lamagan, kichiklarimizga mehribon bo‘lmagan va olimlarmizni (haqini) bilmagan mening ummatimdan emas”, dedilar.

Tabaroniy “Avsat” deb nomlangan kitobida Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Ilm o‘rganinglar va bilinglar, ilmda xotirjamlik va salobat bor, o‘rgatuvchiga tavozeda bo‘linglar”, dedilar.

Tabaroniy “Kabir” deb nomlangan kitobida Abu Umomadan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Munofiqlar uch toifa kishini: Islomda sochi oqargan kishini, ilmli kishini va odil imom (rahbar)ni qadrlamaydi”, dedilar.

Imom Ahmad Sahl ibn Sa’d Soidiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yo Alloh, olimning orqasidan yurilmaydigan, halim (beozor, yuvosh) kishilar tirik qoldirilmaydigan, qalblari ajamlarniki va tillari arab bo‘ladigan zamon kelmasin”, dedilar.

Imom Buxoriy Jobirdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Uhud jangida shahid bo‘lganlarni (qabrga qo‘yishda) jamlab: “Bularning qaysi biri Qur’onni yod olgan?!” deb so‘radilar. Qaysi biriga ishora qilinsa, o‘shani oldin lahad (qabr)ga qo‘yardilar.

Yuqoridagilardan quyidagilarni xulosa qilsa bo‘ladi: shogird ustoziga tavozeli bo‘lishi, uning ko‘rsatmasidan chiqmasligi, har bir ishda undan maslahat olish lozim. Yana ustozi oldida o‘zini xokisor tutadi, mag‘rurlanmaydi, kibrdan uzoq bo‘ladi. Ustoz xizmatini qilishga hamisha shay turadi. Shofi’iy (rahimahulloh) olimlarga tavozeli bo‘lgani uchun sharaflandilar. U kishi: “Ularga nafsimni xorlayman, shunda ular nafsimni inkor etadilar, xorlanmagan nafs hech vaqt inkor etilmas”, der edi.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) martabasi baland va qadri ulug‘ bo‘laturib, Zayd ibn Sobit ansoriyning ulovlarini ushlab yetakladi va: “Bu bizlarning olimlarimizga qiladigan ikromimiz”, dedi. Ya’ni, Ibn Abbos (roziyallohu anhu) Zayd ibn Sobit mingan ulovni yetaklab olimga ehtirom ko‘rsatdi.

Imom Ahmad ibn Hanbal (Xalaf Ahmarga): “Faqat ro‘parangizda o‘tiraman (sizga yuzlanib), ustozga tavoze qilishga buyurilganmiz”, dedi.

Imom Shofi’iy (rahimahulloh): “Molikning huzurida u kishini hurmatlab, qog‘ozning shitirlashini eshitmasin deb, kitobni sekin (nafis) varaqlardim”, dedi. Robe’: “Allohga qasam, Shofi’iy menga boqib turaganlarida, u kishining salobatidan suv ichishga jur’at qila olmadim”, dedi.

Xalifalardan birining o‘g‘li Shuraykning huzuriga keldi va devorga suyanib turgancha hadis aytib berishini so‘radi. Shurayk unga qayrilib ham qaramadi. Shunda u yana so‘radi. Shurayk avalgidek qayrilib qaramadi. Shunda u: “Xalifalarning o‘g‘lini past sanash (mensimaslik) emasmi?” dedi. Shurayk: “Yo‘q, ilm Alloh huzurida buyukdir, men uni zoye qilishdan qo‘rqdim”, dedi.

Shogird ustoziga: “yo ustoz”, “yo muallim”, “janob muallim”, “janob domla” deb murojaat qilsin. Ustozining ismini ustoz borligida ham, yo‘qligida ham aytmasin. Agarda aytish judayam kerak bo‘lsa, “fazilatli ustozim bunday dedilar” yoki “ustozim falonchi bunday dedilar” yoki “yo‘lboshchim faloniy bunday dedilar”, deb aytsin.

Sho‘ba: “Agar birontadan bir hadis eshitsam, unga qul bo‘lardim va uning huzuriga tez-teo‘ borib turardim”, dedi.

Ta’lim oluvchi bola ustozi tirik vaqtida haqiga duo qilishi, ustoz vafot etganidan so‘ng avlodlari, qarindoshlari va do‘stlaridan xabar olishi, qabrini ziyorat qilishi, ustozga istig‘for aytishi, uning nomidan ehsion qilishi, dinda, ilmda, xulqda uning o‘rgatganlariga rioya qilishi, ilmiga ergashishi (iqtido qilishi), odobi bilan odoblanishi lozimdir.

Shogird ustozidan yetayotgan ba’zi aziyatlarga sabr qilmog‘i, bu hol ustozdan ilm olishiga monelik qilmasligi kerak. Albatta, ustoz shogirdini bekordan-bekor koyimaydi. Shogird bunday paytda o‘zini taftish qilsin, ustozidan uzr so‘rasin. Shunday qilsa, ustoz va shogird uzoqlashmaydi, qaytaga yaqinlashadi. Shogird xato qilsa, ustoz uni yo‘lga soladi.

Ulug‘ salaflarimiz aytadilar: “Kim ilm olishda sabr qilmasa, nodonligicha qoladi. Sabr qilsa, dunyo va oxirat saodatiga erishadi”. Ibn Abbos (roziyallohu anhu): “Tolib bo‘lib xorlandim va matlub bo‘lib aziz bo‘ldim”, dedi.

Shofi’iy (rahimahulloh) aytadi: “Sufyon ibn Uyaynaga: “Sizga odamlar yerning turli burchagidan ta’lim olgani keladilar, siz ularga qattiq gapirasiz. Ulardan sizdan ketib qolishlari va sizni tark etishlaridan qo‘rqmaysizmi?” deyilganida, u kishi: “Shuning uchun ular meni tark etsalar, ular ahmoqdir”, dedilar”.

Yana u kishi deydilar:

Ustoz va tabib har ikkisi

Agar hurmatlanmasa, nasihat qilmas.

Dardingga chidar agar tabibga jafo qilsang,

Nodonligingga chidar agar ustozga jafo qilsang.

Shogird ustozi huzurida odob, tavoze bilan o‘tirishi, chalg‘imasligi, butun e’tiborini u kishiga qaratishi lozim. O‘tirganida barmoqlarini qisirlatish, huda-behuda yo‘talish, tomoq qirish, burin tortish, pishillab nafas olish, u yer-bu yerini qashish, yonidagilar bilan gaplashish kabilar ustozga hurmatsizlik sanaladi. Chunki ustoz ro‘parasida qancha tolibi ilm o‘tirsa, barini ko‘rib, nima bilan mashg‘ulligini bilib turadi. Shogirdning bitta noo‘rin harakati uni ranjitishi, fikridan chalg‘itishi mumkin. Natijada dars maromiga yetmay qoladi.

Olimning shogird ustidagi haqlarini bayon qilishda hazrat Ali (roziyallohu anhu) bunday dedilar: “Olim (ustoz)ning sendagi haqi: hammaga umumiy salom bersang, ustozga salomni xos qil, uning huzurida qo‘ling va ko‘zing bilan ishoralar qilma, “falonchi bu so‘zning aksini aytdi” dema, birovni g‘iybat qilma, uning xatosini qidirma, agar alashsa, uzrini qabul qil, uni Alloh uchun ulug‘la, agar ishi (hojati) bo‘lsa, uni qilishga shoshil, huzurida biron kishi bilan shivirlab gaplashma, kiyimidan ushlama, agar dars berishni kechiktiradigan bo‘lsa, undan talab qilma, suhbatidan to‘yib qolma, chunki u xurmo daraxtiga o‘xshaydi, undan qachon bir narsa tushadi deb kutgin (intizor bo‘l)”.

Shogird ustozi o‘tirgan sinfga yoki xos joyga kirishda izn so‘raydi, ustoz bir o‘zi bo‘ladimi yoki boshqalar bilan bo‘ladimi, baribir. Agar ruxsat bermasa, qayta so‘ramaslik kerak. Ustoz huzurida chiroyli kiyinmoq, o‘ziga qaramoq, xo‘shbo‘yliklar surmoq kerak. Ilm o‘rganishga, masjidga shunday boradilar. Chunki ilm o‘rganish ham ibodatdir.

Ovqatlanayotgan idishingiz qancha chiroyli, pokiza bo‘lsa, ishtaham ham shuncha yaxshi, nonushta ko‘ngilli bo‘ladi. Ustoz huzurida ham shogirdning qalbi chiroyli, pokiza bo‘lishi kerak. Bunday qalbga ilm o‘tiradi, samarasi kutilganidek bo‘ladi.

Shogird ustozidan bir hukmni yoki qimmatli fikrni, yoki bir hikoya, she’rni eshitsa, uni yod olsin yoki esda saqlab qolsin. Tinglayotganida hayrati yuz-ko‘zlaridan sezilib tursin.

Ato: “Men hadisin bir kishidan eshitaman, vaholanki, men bu hadisni undan yaxshiroq bilaman, shunday bo‘lsa ham o‘zimni bilmagandek tutaman”, degan.

Yana u: “Men bir hadisni biron bir yosh yigitdan avval eshitmaganimdek eshitaman, vaholanki, men u tug‘ilmasidan oldin hadisni eshitganman”, degan.

Shogird dars paytida hafsalasizlik qilmasin, balki zehnini o‘tkirlasin, savollarga javob berish bilan mashg‘ul bo‘lsin. Ustoz aytgan darsni albatta tayyorlasin. Agar ustozning so‘zini anglamay qolsa, uzr aytib, so‘rab bilib olsin. Bunday holatdan ustoz ranjimaydi, balki shogirdining talabchanligidan, loqayd emasligidan xursand bo‘ladi. “So‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim”, deydilar hazrat Navoiy. Albatta, biz aytayotgan talablar bola maktabga yoki madrasaga borganida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. U o‘quv dargohiga borguncha, ustozga ro‘para bo‘lguncha, oila davrasida bu haqda tushuncha shakllanishi kerak. Bu ishga xususan ota-ona, bobo va buvilar, amma-xolalar mas’uldirlar. Toki bola maktab, ustoz haqidagi tushunchalarga oldinroq ega bo‘lsin, birdaniga notanish olamga tushib qolgandek bo‘lmasin. Albatta, bola o‘qishga qatnayotgan aka-opalarini ko‘rib ilk ko‘nikmani oladi. Lekin bu ko‘nikma ota-onaning, kattalarning ta’kidlashi, tushuntirishi bilan mukammal bo‘ladi.

Habib ibn Shahid: “Ey o‘g‘lim, faqihlarga va olimlarga ergash, ulardan ilm o‘rgan va odoblaridan olgin, chunki bu menga ko‘p hadisdan mahbubroq”, dedi.

Muxallad ibn Husayn bir kuni Ibn Muborakka: “Biz ko‘p hadisdan ko‘ra ko‘p odobga muhtojroqmiz”, dedi. Ba’zi salaflar farzandlariga: “Odobdan bir bob o‘rganish yetmish bob ilm o‘rganishdan yaxshiroqdir”, deb ta’lim bergan.

Sufyon ibn Uyayna: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) katta mezondirlar. Narsalarning u kishi xulqiga, siyratiga va yo‘liga muvofiq kelgani haq va ularga muvofiq kelmagani botildir”, dedi. Ibn Sirin: “Ular ilm o‘rgangan kabi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yo‘llarini ham o‘rganadilar”, dedi.

Albatta, biz zikr etayotgan odoblar ustozlar haqini ado qilish, taqvoli bo‘lish, Islomga sodiq qolish, Alloh uchun viqorni umid qilish, Islomni aqida va shariat deb, Qur’oni karimni dastur deb imon keltirishni talab qiladi.

 

Do‘st haqi

Bola tarbiyasida yaxshi do‘st va humsuhbat tanlashni o‘rgatish ham muhim sanaladi. Chunki uning voyaga yetishida va hayot yo‘llarida o‘rtog‘ining, do‘stining ta’siri katta bo‘ladi. “Do‘stingni ayt, sening kimligingni aytib beraman”, degan gap bejiz aytilmagan. Meva-mevadan rang olganidek, bola-boladan odob yoki bo‘lmag‘ur qiliqlarni o‘rganadi. Yana xalqimiz: “Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi”, deydi.

Bolaning o‘rtoq va do‘st tanlashiga ota-onalar shunchaki bir holat deb qaramasliklari kerak. Bu ham tarbiyaning muhim jihatlariga kiradi.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Muso Ash’ariydan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yaxshi hamsuhbat va yomon hamsuhbatning misoli mushk (xushbo‘y narsa) sotuvchi va temirchining qo‘rasini puflovchi bosqonga o‘xshashdir. Bas, mushk sotuvchi yo senga mushk hadya qiladi, yo sotib olasan, modomiki, olmaganingda ham undan yoqimli hid qoladi. Temirchining bosqonidan esa yo kiyiming kuyadi yoki yoqimsiz hid qoladi”, dedilar.

Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Faqat mo‘minni do‘st qil va taomingdan faqat taqvodor yesin”, dedilar.

Ibn Asokir rivoyat qiladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sen o‘zingni yomon oshnodan saqlagin, chunki sen u bilan tanilasan”, dedilar.

Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kishi do‘stining dinidadur, shunday ekan, bas, sizlar kimni do‘st tutganiga qaranglar”, dedilar.

Bola o‘smirlik yoshiga yetganidagina oq bilan qorani ajrata boshlaydi. Yaxshi do‘st kim-u, nobop do‘st kim, kimni yaqin olish kerag-u, kimdan uzoq bo‘lish kerakligini farqlay boshlaydi. O‘zaro bordi-keldi aloqalar, davra qurib katta-kichik o‘tirishlar urfga kiradi. Bu paytda ota-onalar, ustozlar judayam ziyrak bo‘lishlari zarur. Bola o‘ziga yaxshi do‘st topganiga ishonch hosil qilgach, do‘stini vaqti-vaqti bilan ziyorat qilish, bemor bo‘lsa borib ko‘rish, hadyalar berish, muhtoj bo‘lganda qarashish kabi fazilatlardan uni ogoh qilish zarur. Bu chiroyli odatlar bolada ijtimoiy ongni paydo qiladi va kelajakda jamiyat haqini ado qiladigan kishilardan bo‘lib ulg‘ayishiga yordam beradi.

Do‘stlikning zaruriy talablari quyidagilar:

Uchrashib qolganida salomlashishga shoshilmoq. Ikki shayx Abdullo ibn Amr ibn Osdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam): “Islomda qaysi amal yaxshi?” deb so‘raldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ovqat berish va tanigan, tanimaganga salom berish”, dedilar.

Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Imon keltirmaguningizcha jannatga kirmaysizlar va bir-biringiz bilan o‘zaro muhabbatli bo‘lmaguningizcha imon keltirmaysizlar. Sizlarga o‘zaro muhabbatli qiladigan narsani ko‘rsataymi? Oralaringizda salomni oshkor (keng tarqating) qilinglar”, dedilar.

Ikki do‘stdan qay biri avval salom bersa, ko‘p savob oladi va do‘stiga alik olishni farz qiladi. Chunki salom berish sunnat, alik olish farzdir. Shu tariqa jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro muhabbat va birdamlik rivojlanadi.

Do‘st kasal bo‘lganda borib ko‘rish. Imom Buxoriy Abu Musodan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bemorni borib ko‘ringlar, ochga taom beringlar va qullarni ozod qilinglar”, dedilar.

Ikki shayx Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmonning musulmondagi haqi beshtadir: salomga alik olish, bemorni borib ko‘rish, janozaga hozir bo‘lish, da’vat (chaqiriq)ga javob berish va aksa ursa, unga yaxshilik tilash”, dedilar.

Islom ta’limotida kasal do‘stini borib ko‘rish musulmonning birodari ustidagi haqi hisoblanadi. Bu amallar ham kishilar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga omil bo‘ladi.

Aksa ursa, unga yaxshilik tilash. Imom Buxoriy Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Sizlarning birortangiz aksa ursa, “Alhamdulillah” desin. (Uni eshitgan) do‘sti yoki birodari unga: “Yarhamukalloh” desin. Agar unga (aksa urgan kishiga) “Yarhamukalloh” desa, u “Yahdiykumullohu va yuslih balakum” desin», dedilar.

Sirtdan qarashda, arzimagandek ko‘ringan bu odob qoidalari insonlar o‘rtasida o‘zaro muhabbat va birdamlik aloqalarini mustahkamlaydi.

Alloh yo‘lida do‘stni ziyorat qilish. Ibn Moja va Imom Termiziy Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim kasalni borib ko‘rsa yoki Alloh yo‘lida birodari (do‘sti)ni ziyorat qilsa, Nido qiluvchi unga: Sen o‘zing va yurishingni yaxshi qilding va jannatda o‘zing uchun o‘rin tayyorlading, deydi”, dedilar.

Imom Muslim Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi o‘zining boshqa qishloqdagi birodarini ziyorat qiladigan bo‘ldi. Alloh uning yo‘liga inson qiyofasidagi bir farishtani qo‘ydi. Uning oldiga kelganida: “Qayoqqa boryapsan?” deb so‘radi farishta. “Ushbu qishloqdagi birodarimni ko‘rmoqchiman”, dedi kishi. “Unda sen ko‘zlagan biror maqsading bormi?” “Yo‘q. Faqat men unga Alloh taolo uchun muhabbat qilganman, xolos”, dedi. “Men farishtaman, batahqiq, sen unga muhabbat qilganingdek, Alloh ham senga muhabbat qildi”, dedi.

Qiynalganda yordam berish. Ikki shayx Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon musulmonning birodari, unga zulm qilmaydi va uni xorlamaydi. Kim birodarining hojatini ravo qilishda bo‘lsa, Alloh uning hojatini ravo qilishda bo‘ladi. Kim musulmondan bir g‘amni ketkazsa, qiyomat kuni Alloh uning bir g‘amini ketkazadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh uning aybini qiyomat kuni berkitadi”, dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytgan joyga borish, aytmagan joyga bormaslikni uqtiradilar. Xalqimizda to‘y, ma’raka, aza bilan bog‘liq izdihomlar bo‘ladi. Ushbu izdihomlarning egalari imkoniyatlariga qarab odam aytadilar. O‘sha aytgan odamlariga qarab tayyorgarlik ko‘radilar. Taklif etilgan joyga borgan kishi birodarining ko‘nglini olgan, bormasa, ranjitgan bo‘ladi. Aytmasa ham boriladigan bo‘lsa, xijolatpazlik bo‘lib qolishi mumkin. Endi janoza masalasiga kelsak, unga qo‘ni-qo‘shnidan eshitib ham borilaveradi, chunki janoza odamlarga nomma-nom aytilmaydi. Boshiga musibat tushgan birodarining ko‘nglini so‘rash, marhumning janozasida ishtirok etish vojib amallardandir.

Insonlar odat qilgan va urf bo‘lgan bayramlar bilan qutlash. Daylamiy Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. «Kim birodariga juma (namozi)dan qaytayotganida yo‘liqsa: “Alloh bizdan va sizdan (ibodatlarimizni) qabul qilsin”, desin». “Sahih” kitobida keltirilishicha, Talha Ka’b ibn Molikni Alloh tavbasini qabul qilgani bilan qutladi.

Do‘st va qadrdonlarga bayramlarda hadya (sovg‘a) ulashish. Imom Tabaroniy “Avsat” kitobida Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi. U kishi: “O‘zaro hadya (sovg‘a) ulashinglar, bir-biringizga muhabbatli bo‘lasiz”, dedilar. Yana Tabaroniy “Avsat” kitobida Oysha onamizdan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey mo‘minlarning ayollari, o‘zaro hadya ulashinglar, garchi qo‘yning bir oyog‘ini bo‘lsa ham. Chunki u do‘stlik (muhabbat)ni paydo qiladi va gina-kudurat (nafrat)ni ketkizadi”, dedilar.

Imom Molik “Muvatto” kitobida rivoyat qiladi:

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zaro qo‘l ushlab ko‘rishinglar, nafrat ketadi, o‘zaro hadya ulashinglar, bir-biringizga muhabbat paydo bo‘lur va g‘azab (nafrat) ketadi”, dedilar.

Do‘stlik iplari o‘zaro qo‘shnichilikda, safarda, ish joyida, maktabda, mahallada, talabalik yillarida, hatto kutilmagan voqea-hodisalar tufayli bog‘la­nishi mumkin. Hamma gap do‘stlikni qadrlash va saqlab qolishda.

Imom Tabaroniy rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan bir sahoba ikkalalari ulovda ketayotib (chakalakzor) daraxtzorga kirdilar. Va u yerdan ikkita yog‘och kesib oldilar. Biri egri, biri to‘g‘ri. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) to‘g‘risini hamrohlariga berdilar. U: “Yo Allohning rasuli, siz to‘g‘risi (yaxshisiga) haqlisiz”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yo‘q, ey falonchi, har bir do‘st (hamroh) do‘stiga mas’uldir, garchi bir kun, bir soat hamroh bo‘lsa ham”, dedilar.

Robe’ ibn Abu Abdurahmon: “Safarda muruvvat (saxovat) bor”, dedi. Safardagi muruvvat degani – yeguliklardan qarashish, shirin suhbat qurish, hamrohini kamsitmaslikdir. Shuning uchun ham xalqimizda do‘stni quda bo‘lib, qo‘shni bo‘lib, safarda hamroh bo‘lib sinaysan, degan hikmat bor. Buni bolalarga, yoshlarga uqtirmoq zarur.

“Yuz marta eshitishdan bir marta ko‘rgan afzal”, degan maqol bor. Do‘st tanlash, do‘stlik odobini saqlashda, do‘stu birodar qadr-qimmatini joyiga qo‘yishda ota-ona va kattalarning ibrati ham yoshlarga namuna bo‘ladi.

Bola oq-qorani taniy boshlaganidanoq unga do‘st haqidagi tushunchalarni singdirib borish muhimdir. “Do‘stsiz boshim – tuzsiz oshim”, deydi xalqimiz. Qabilalar, jamiyatlar, davlatlar do‘stlik bilan kamol topgan, yengilmas kuchga, qudratga ega bo‘lgan. Do‘stlik o‘zaro mehr-muhabbatdan, bir-biriga ixlos va vafodan, faqat o‘zini emas, o‘zgalarni ham mehribonlik, g‘amxo‘rlik bilan o‘ylashdan qoim bo‘ladi.

 

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Yaxshilikka chorlash;

Yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish;

Amali so‘ziga mos bo‘lsin;

Yomonlikdan qaytarish bosqichma-bosqich bo‘lishi;

Yomonlikdan qaytaruvchining yaxshi xulqli bo‘lishi;

Yomonlikdan qaytarishda aziyatga sabr qilish;

Sabr bilan nasihat qilish;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Bugun duo qabul bo‘ladigan 2 imkoniyatni qo‘ldan boy bermang!

7.03.2025   8493   1 min.
Bugun duo qabul bo‘ladigan 2 imkoniyatni qo‘ldan boy bermang!