Bugun, 22 dekabr mamlakatimizda muhim voqelik: xalq vakillariga, ya’ni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlarga saylov kuni.
Saylovlarda ishtirok etish – har bir fuqaroning qonun bilan kafolatlangan huquqi sanalib, bunda kishi yurt taqdiri yo‘lida o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi tamoyillari mujassamdir.
Barcha yurtdoshlarmiz qatori imom-xatiblar, diniy soha xodimlari ham mazkur jarayonda faol qatnashib, yurt kelajagi, xalq ravnaqi yo‘lida o‘zlari munosib topgan nomzodlarga ovoz bermoqdalar.
Yuqori saviyada tashkil etilayotgan yangi saylovlar adolat va haqqoniylikda o‘tib, jamiyatimiz rivoji yo‘lida ko‘plab xayrli tashabbuslarni amalga oshiruvchi vakillarni taqdim etishiga tilak bildiramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Alloh taolo sizga ato etgan ne’matlarini ich-ichingizdan e’tirof eting. Alloh taoloning ne’matlarini tilga chiqarish orqali unga shukr qiling. Bu Zuho surasining 11-oyatida o‘z tasdig‘ini topgan: «Parvardigoringizning (sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!».
Allohga bo‘lgan muhabbatingizni yangilab turing! Bu ne’matlarni ato etgan Zot xush ko‘rmagan yo‘llarga sarflamang. Tilingizga Allohning zikrini, a’zolaringizga esa toatlarini joriy qiling. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim shu “Allohumma maa asbaha biy min ne’matin fa minka vahdak, laa shariyka lak, fa lakal hamdu va lakash shukr” degan duoni tong otgan paytda aytsa, shu kunning shukrini ado etibdi. Kechda ham shuni aytib duo qilsa, o‘sha kechning shukrini ado etibdi”, deya ko‘p bora takrorlaganlar. Ushbu ne’matlarni Allohga ma’siyat bo‘ladigan yo‘lda ishlatmang.
Ibn Munkadir bir qizning boshini aylantirib turgan yigitning oldidan o‘ta turib: “Ey o‘g‘lim, Alloh senga bergan ne’matlariga javob bunday bo‘lmaydi?” – dedilar.
Alloh taolo sizga sog‘ligu yoshlik ne’matini berib, sizni shu ne’mat bilan siylasa-yu, siz U Zotga ma’siyat, gunoh bilan javob qaytarasizmi?! Bir o‘ylab ko‘rgin-chi, siz haqiqiy shukr qiluvchi bandamisiz?! Siz Allohga muhabbat qo‘yguvchimisiz?! Siz Allohning ne’matlarini e’tirof etguvchimisiz?! Shukrning ta’siri sizning qalbingiz va a’zolaringizda aks etadimi? Yana muomalangiz hamda xulq-atvoringizda namoyon bo‘ladimi?!
Imom Mubarrad aytadilar:
Ne’matga shukr etsam, bu ham bir ne’mat,
Shukrga shukrona vojibdir asli.
Hech kimsa topmagay o‘zicha, albat,
Yetgan shukrona ham Allohning fazli.
Bu to‘rtlikning ma’nosi quyidagicha: Alloh taoloni maqtash faqat O‘zining tavfiqi orqaligina bo‘ladi. Sizni O‘ziga shukr qilishdek ishga muvaffaq aylagani uchun ham Alloh taologa maqtov yo‘llashingiz zarur. Birinchi hamd uchun hamd aytish vojib bo‘lganidek, ikkinchisi uchun ham hamd aytish lozim bo‘ladi. Bu esa nihoyasiz davom etaveradi.
Abul Atohiya juda chiroyli bir gap aytgan ekanlar:
Shukring ziyoda bo‘lmasa har ne’mati birla,
O‘zingni aslo shokirlardan deb bilma!
Alloh taolo Ibrohim surasining 7-oyatida aytadi: «...Qasamki, agar sizlar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...».
Ulug‘lardan biri: “Qalblar tabiatan kim unga yaxshilik qilsa, o‘shani yaxshi ko‘radigan qilib yaratilgan. Allohnigina muhsin ekanini bilgan kishi naqadar ajablanarli, nima sababdan u o‘shal Zot tarafiga butun vujudi bilan intilmaydi?!”.
Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh duolarida bunday der edilar: “Robbim! Men Sening ne’matlaringni kufrga almashtirib qo‘yishim, ne’matlaringni tanigach, unga nonko‘rlik qilishim yoki ularni unutib, maqtamay qo‘yishimdan panoh so‘rayman”.
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.