Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Mart, 2025   |   14 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:18
Quyosh
06:37
Peshin
12:37
Asr
16:42
Shom
18:32
Xufton
19:44
Bismillah
14 Mart, 2025, 14 Ramazon, 1446

Shahodat–buyuk maqom

21.12.2019   2495   5 min.
Shahodat–buyuk maqom

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi va shaxsan o‘z nomimdan 2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi oqibatida qurbon bo‘lganlarning oilalari, qarindosh-urug‘lari va yaqinlariga hamdardlik izhor etaman.

Aziz yurtdoshlar, ushbu baxtsiz hodisa oqibatida hayotdan ko‘z yumgan aziz farzandlarimiz halol mehnat qilib, o‘z yaqinlari, jonajon xalqimiz va ona-Vatanimiz uchun katta xizmat qilgan yurt o‘g‘lonlari sifatida har doim yodimizda qoladi. Bunday rahmatli o‘g‘illarimizning haqlariga duolar qilish, mag‘firat so‘rash va yaqinlariga tasalli berish barchamizning insoniy burchimizdir.

Inson qachon, qayerda va qanday holatda vafot etishini bilmaydi. Dinimizda biror fojia bilan vafot etgan mo‘minning darajasi yuqori bo‘lishi haqida ko‘p aytilgan. Elu yurt obodligi, xalqimiz farovonligi va ahli oila nafaqasi yo‘lida halok bo‘lgan ushbu yigitlarimizning oxiratlari obod bo‘lishini Haq taolodan so‘raymiz.

Mana shunday xayrli ishlarni ado etish chog‘ida halok bo‘lgan farzandlarimizning Oxiratdagi darajalari ham yuksak bo‘ladi, insha Alloh.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisi sharifda: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Shahidlar beshtadir: vaboda o‘lgan, qorin kasalligi bilan o‘lgan, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan, qulagan narsaning ostida qolib o‘lgan va Allohning yo‘lida shahid bo‘lganlar», dedilar.

Shu hadisi sharifdan kelib chiqib, tuproq ostida qolganlar, shu hadisga muvofiq bo‘lishiga va ularning maqomlari ham shahidlikda bo‘lishini chin yurakdan umid qilamiz.

Marhum vatandoshlarimizning jasadlari uylariga yetkazilib, mahalliy hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar vakillari, qavmu qarindoshlar va imom-domlalar ishtirokida janoza marosimlari o‘tkazildi. Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridagi bosh imom-xatiblarimiz dafn marosimlarini o‘tkazishda bosh bo‘ldilar. Janoza marosimlarida yig‘ilganlarga ushbu fojiada halok bo‘lganlarning Qiyomat kunidagi darajalari to‘g‘risida so‘zlab, ularning haqlariga duolar qilib, mag‘firat so‘raldi hamda yaqinlariga tasalli berildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar imom-xatiblari, oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan 100 ga yaqin xatmi Qur’onlar o‘qilib, vafot etgan birodarlarimiz ruhi poklariga bag‘shida etildi. Xatmi Qur’onlar yakunida Yaratgan Parvardigordan halok bo‘lganlarning solih amallarini o‘zlariga hamrox aylashini, gunohlari mag‘firat etilishini, yotgan joylari Firdavs jannatidan bir bog‘ bo‘lishi iltijo qilib so‘raldi. 

Ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz Yaponiya davlatida rasmiy tashrifda bo‘lishlariga qaramasdan xalq manfaati va tinchligini har narsadan ustun bilib, zudlik bilan baxtsiz hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish hamda bartaraf qilish uchun Hukumat komissiyasi tuzish yuzasidan ko‘rsatma berdilar. Ushbu Komissiya davlatimiz Rahbari bergan topshiriqni jadallik bilan bajardi. Shuningdek, kelgusida shunga o‘xshash fojiali holatlar takrorlanishi oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Hukumat komissiyasi qaroriga muvofiq nobud bo‘lganlarning oilalariga 100 million so‘mlik dastlabki tovon pullari to‘landi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan qo‘shimcha kompensatsiya pullari to‘lab beriladi. Ishonchimiz komilki, Hukumatimiz fojiali vafot etganlarning oilalari uchun munosib hayotni ta’minlash uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib beradi.

Ayni kunlarda viloyatlar hokimliklari, mutasaddi tashkilotlar va keng jamoatchilik vakillari mazkur baxtsiz hodisada halok bo‘lgan marhumlarning oilalaridan xabar olib, zarur yordamlar ko‘rsatmoqdalar. Ayniqsa, joylardagi imom-xatiblar musibat yetgan xonadon ahllari bilan doimo birga bo‘lib, ularning qayg‘ulariga chin qalbdan sherik ekanlari mahzun ko‘ngillarni yorishtirmoqda.

Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimiz tavsiyalari asosida poytaxtimiz aholisi va mehmonlariga har tomonlama qulay va arzon transport vositasi hisoblangan metro tarmog‘ining barpo etilishi xalqimiz uchun juda keng imkoniyatlarni taqdim etishini qayd etmoq darkor. Bunday ishlarni aholi talabini inobatga olib va kelajakni o‘ylab qilinayotgani bilan yanada ahamiyatlidir. Bularning barchasi, davlatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning asosiy maqsadi “Odamlarni hayotdan rozi qilish – asosiy mezon” degan yuksak tamoyilga qaratilganiga dalildir. Shu nuqtai-nazardan, yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida halok bo‘lgan rahmatli o‘g‘lonlarning porloq xotirasi qalbimizda mangu yashaydi. Bu yorug‘ va dorilomon kunlar yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish ushbu yurtdagi har bir mo‘min-musulmonning vazifasidir.

Qur’oni karimda: “...Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin...” (Hashr, 10), deya mo‘min kishi marhumlar haqqiga xayrli duo qilishga buyuriladi.

Shunday ekan, marhumlarning ahli baytiga Alloh taoloning qazoi qadarini rozilik ila qarshi olgan chinakam mo‘minlarning maqomini so‘raymiz, haqlariga duo qilib, samimiy hamdardlik bildiramiz. Parvardigorimiz qurbonlarni O‘zining rahmati va mag‘firatiga burkasin, ortlarida qolgan ahli bayti va farzandlariga sabru jamil bersin! Alloh taolo yurtimizni turli baloi-qazolardan, falokat va fojialardan o‘zi asrasin!

Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qur’onni tadabbur bilan o‘qing va tinglang!

12.03.2025   3278   3 min.
Qur’onni tadabbur bilan o‘qing va tinglang!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo O‘z Kalomida tadabbur qilish haqida bunday marhamat qiladi:

﴿كِتَٰبٌ أَنزَلۡنَٰهُ إِلَيۡكَ مُبَٰرَكٞ لِّيَدَّبَّرُوٓاْ ءَايَٰتِهِۦ وَلِيَتَذَكَّرَ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ ٢٩﴾

Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir(Sod surasi, 29-oyat).

﴿أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا﴾

“Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar” (Niso surasi, 82-oyat).

Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni, uni chuqurroq anglashga intilish juda zarur ishdir. Mo‘minlar Qur’on tilovat qilar ekanlar uning oyatlari borasida tafakkur yuritib, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat olishlari lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon Qur’on tilovat qilsalar uni tartil bilan tilovat qilib, uning har bir oyatini tadabbur etar edilar. Tafakkur ila o‘qilgan suralar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlarini oqartirgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Abu Bakr roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochingizga oq tushibdimi?” deb so‘radi. Shunda u zot alayhissalom: “Mening sochimni Hud, Voqea, Mursalot, Naba’ va Takvir (suralari) oqartirdi”, dedilar” (Imom Termiziy, Imom Hokim, Imom Bayhaqiy, Imom Abu Ya’lo rivoyati).

Hud surasining ikki oyati Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sochlarini oqartirgan oyatlardan hisoblanadi.

Imom Bayhaqiy “Shu’ab al-iymon” nomli asarida Ali Shatoriydan quyidagilarni bayon qiladi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochimni Hud surasi oqartirdi deb aytganingizni eshitdim, dedi.

Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ha shunday, deb javob berdilar.

Yo, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suradagi payg‘ambarlar qissasi-mi yoki ularning ummatlarining holimi sizning sochingizni oqartirdi.

Yo‘q, payg‘ambarlar ham ularning ummatlari haqidagi oyatlar ham sochimni oqartirgani yo‘q. Balki suradagi Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling! oyati sochimni oqartirdi, dedilar.

Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning o‘zidan to‘g‘ri yo‘lda mustaqim qilishini so‘rab ko‘p duo qilar edilar. Xususan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ya, muqallibal qulubi sabbit qalbiy a’la diynik (Yo, Qalblarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni o‘zingning diningda sobit qil)” deb duo qilar edilar.

Qur’onni ko‘p tilovat qilishlik bizni Allohga yaqin qiladi. Qur’onni o‘qish qanchalik savobli bo‘lsa, uni tinglash ham shunchalik savobli amallardandir.

Shunday ekan, Qur’onga muxlis bo‘lib, uni tilovat qilganimizda ham, tinglaganimizda ham tadabbur qilaylik.

Davron NURMUHAMMAD