Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Mart, 2025   |   11 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:42
Peshin
12:38
Asr
16:39
Shom
18:28
Xufton
19:41
Bismillah
11 Mart, 2025, 11 Ramazon, 1446

Fahsh tarqalishiga omilkor bo‘lmang!

20.12.2019   2897   5 min.
Fahsh tarqalishiga omilkor bo‘lmang!

So‘nggi kezlarda ayrim xorijlik san’atkorlarning tomoshalaridagi behayolik sahnalari yoshlar tarbiyasiga jiddiy putur yetkazmoqda. G‘arbni allaqachon domiga tortib ketgan ochiq-sochiqlik, ehtiroslar bizning yoshlar aqli va qalbini egallashga xurujlar bo‘lmoqda. Natijada behayolik o‘smirlar orasida epidemiya kabi tarqamoqda. Sirtdan qaraganda, zamona zaylidek ko‘ringan bunday ko‘rinishlar aslida, barchamiz uchun ulkan musibat.

Hayo – kishini, insoniy axloqqa to‘g‘ri kelmaydigan narsalardan tiyilishga undovchi sifat. Hayo insonlarni turli nadomat va pushaymonliklardan asraydi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hayo iymondandir. Iymon jannatdadir. Hayosizlik jafodir. Jafo do‘zaxdadir”, dedilar”.

Achchiq nadomat bilan tan olish kerakki, bugun jonimizdan-da aziz bo‘lgan hayo, axloq, uyat xalqimiz tabiatidan anchayin ko‘tarilishiga xatti-harakatlar kuchaygan. Buning sabablari ko‘p, albatta. Ammo ularning eng asosiylaridan biri bu – turli xil hayosiz shoular.

Biz bir necha asrlardan buyon amal qilib kelayotgan Islom – poklik dini. Bu dinga amal qiluvchilar ham pokiza insonlar. Dinimiz doim biz musulmonlarni ham jismonan, ham ma’nan pok bo‘lishga buyuradi. Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni vasf qilganda ham U zotni shakllari, liboslari, tashqi ko‘rinishlari bilan emas, balki xulqlari bilan vasf etib, shunday marhamat qildi: “Va albatta, sen ulkan xulqdasan” (Qalam surasi, 4-oyat).

Ha, xulq eng muhim narsadir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam muborak hadislaridan birida o‘zlarining payg‘ambar qilib yuborilishlaridan ko‘zlangan maqsadni bayon qilib shunday marhamat qilganlar: “Men karamli xulqlarni tamomiga yetgazish uchun yuborildim”.

U zot go‘zal xulqlarni mukammal qilish, atrofga yoyish uchun kelgan edilar. Shuning uchun har bir ishda, so‘zda, ibodatda, odamlar bilan muomalada, oilaviy masalalarda biz ummatlari uchun go‘zal xulqning oliy namunasini ko‘rsatganlar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan axloq va axloqsizlik haqida ko‘plab hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “… Alloh axloqsiz benomusni yomon ko‘radi”, deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Hayo iymondandir, iymon esa jannatdadir. Behayolik qo‘pollik-shafqatsizlikdir, qo‘pollik esa do‘zaxdadir”. E’tibor bering, hayo insonning jannatga kirishiga sabab bo‘lsa, behayolik do‘zaxga kirishiga sabab bo‘lar ekan.

Afsuski, shu kunlarda yurtimizga turli xorijiy davlatlardan san’at, madaniyat niqobi ostida ommaviy madaniyatning jirkanch ko‘rinishlaridan bo‘lgan turli shoulari kirib kelmoqda. Ushbu shoular ko‘p sonli odam sig‘adigan konsert zallarida namoyish etilib, xalqimizning madaniyati, ma’naviyati, ruhiyatidagi hayo, iffat tuyg‘ularini qo‘porish, behayolik, fahshni targ‘ib etish ishlari avj oldirilmoqda. Mazkur shoularga chiqqanlarning o‘zini tutishi, kiyimi, raqslari kishining axloqiga, to‘g‘ridan to‘g‘ri qalbiga salbiy ta’sir qilib, uni axloqiy fazilatlardan uzoqlashtirib, qadriyatlaridan ayirmoqda.

Alloh taolo fahsh tarqalishini yaxshi ko‘radigan buzg‘unchilarni qoralab, shunday xitob qiladi:

“Albatta, iymon keltirganlar ichida fohisha tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, sizlar bilmassizlar” (Nur surasi, 19-oyat).

Mana shunday shoularni tashkil qilish fikrini ilgari suradigan, uni tashkil qiladigan, mablag‘ ajratadigan, xayrixoh bo‘ladigan, shouning amalga oshishini istaydigan va uni tomosha qilish uchun boradiganlar fohisha ishlar tarqalishini yaxshi ko‘radiganlardir.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi tahqirlaydigan, la’natlaydigan, axloqsiz, benomus bo‘lmaydi”, deganlar.

Ushbu hadisi sharifda olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot mo‘min kishining og‘zidan, qo‘lidan so‘kish, axloqsizlik, haqorat kabi narsalar sodir bo‘lmasligini, u qilayotgan har biri ishini shariat tarozusiga solib, keyin amalga oshirishini ta’kidlamoqda.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo rivoyatlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Men uchun eng yoqimligingiz va qiyomat kunida menga eng yaqin o‘tiradiganingiz xulqi go‘zalingizdir. Men uchun eng yoqimsizingiz va qiyomatda mendan eng uzoq bo‘ladiganingiz safsata sotuvchilar, bekordan bekorga ko‘p javrovchilar va vaysaqilik qiladiganlar”.

Qiyomat kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam uchun eng yoqimli inson bo‘lishni va u zotga eng yaqin o‘rinda o‘tirishni istaysizmi, unda xulqingizni go‘zal qiling! Axloqsizlik, fahsh tarqatiladigan, shunga targ‘ib etiladigan ishlardan uzoq bo‘ling!

 

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

 

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

TAOMLANISH  SIRLARI (7-qism)

11.03.2025   1240   11 min.
TAOMLANISH  SIRLARI (7-qism)

TAOMLANISH  SIRLARI (7 qismdan iborat)ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

     (7-qism)

TAOMLANISHDA

  1. ovqatlanayotganda taomni odob bilan tanovul qilish;
  2. o‘ng qo‘l bilan yeb-ichish;
  3. taomni o‘ziga yaqin joydan, o‘z oldidan yeyiladi;
  4. ovqatlanishdan oldin tuz yalashlik;
  5. mevani qaysi tarafdan olsa ham, zarari yo‘q;
  6. dasturxonga tushgan non uvoqlarini, ushoq va guruch kabi narsalarni odob va ehtirom bilan terib yeyish;
  7. taomni sovutibroq iste’mol etish, chunki issiq-qaynoq taomda baraka bo‘lmaydi;
  8. taom uch barmoq – bosh, ishora va o‘rta barmoqlar yordamida yeyiladi. Ikki barmoqda taom yeyish takabburlik alomatidir;
  9. ikki kishi birga ovqatlanganda biri ikkinchisidan beruxsat dasturxondagi taom yoki mevalardan ikkitadan olib yeyishi maqbul emas;
  10. taomni ayblamaslik;
  11. ishtaha bo‘lsa – yeyiladi, bo‘lmasa – tark etiladi;
  12. taom suzilgan laganning o‘rtasidan emas, atrofidan yemoqlik, zero o‘rtasiga baraka yog‘ilib turadi;
  13. «Ustida ko‘p qo‘l bo‘lgan ovqat – Alloh huzurida ovqatlarning sevimlisidir»
  14. uzoq turib qolgan taomni yemaslik;
  15. og‘izga ketma-ket luqma tashlanmaydi;
  16. ko‘pchilik oldiga chiquvchi kishilarning xom piyoz, sarimsoq kabi badbo‘y narsalarni iste’mol qilishlari odobga to‘g‘ri kelmaydi;
  17. luqmalar o‘rtacha kattalikda olinadi;
  18. og‘izdagi taomni yutmay turib, idishga qo‘l uzatilmaydi;
  19. tishlangan taom idishga qaytarib qo‘yilmaydi;
  20. taomni hidlab ko‘rilmaydi;
  21. taom ustida nafas olinmaydi;
  22. luqmani olib borayotganda og‘iz katta ochilmaydi;
  23. taom yeyilayotgan qo‘l kosa yoki tovoqqa, dasturxonga silkitilmaydi;
  24. tik turgan holda taom yeyilmaydi;
  25. quyuq taomlarni chaynaganda tovush chiqarmasdan chaynashlik;
  26. suyak yoki paylarni qisirlatib chaynamaslik;
  27. ovqatdan chiqqan suyak yoki boshqa narsalarni dasturxonga qo‘ymaslik;
  28. dasturxon atrofida tish kovlamaslik lozim;
  29. quyuq ovqatlarni qo‘lda yegan ma’qul;
  30. ovqatga ham hurmat ko‘rsatiladi;
  31. yaxshi pishmagan ovqat yomonlanmaydi;
  32. qoshiq bilan taomlanishda ham toq songa rioya qilgan yaxshi;
  33. qoshiqni to‘ldirib ovqat yeyilmaydi;
  34. qoshiqdagi sho‘rva yoki boshqa ovqatlar kiyimga tommasligi kerak;
  35. taomlanishda og‘iz idishga yaqin olib borilmaydi;
  36. qoshiq og‘izga butunlay solinmaydi;
  37. ovqatlanish vaqtida behuda gaplar aytilmaydi;
  38. ovqat umumiy idishdan yeyiladigan bo‘lsa, hamma o‘z oldidan olib yeydi;
  39. ovqat issiq holda yeyilmaydi;
  40. suyuq ovqatni ovoz chiqarib, xo‘rillatib ichmaslik;
  41. ovqatni qoshiq bilan ichishda uni to‘ldirib yuborilmaydi, juda kam ham olinmaydi;
  42. donalab sanab yeyiladigan narsalar toq yeyiladi;
  43. imkoni boricha qoshiq bilan emas, balki qo‘l bilan ovqatlanishlik;
  44. nonning barcha bo‘laklarini qoldirmasdan yeyishlik;
  45. nonning yuzini va chetlarini yeb, ichini esa yemaslik nonga hurmatsizlik hisoblanadi;
  46. luqmani kichik qilishlik;
  47. yaxshilab chaynab yeyishlik;
  48. bir luqmani to yaxshi chaynab yutmaguncha, aslo ikkinchi luqmani tishlamaslik;
  49. ovqat yer ekan, og‘izni katta ochmaslik;
  50. taom yeyilayotganda qo‘lini (ng yog‘ini) badaniga va yo kiyimiga artmaslik;
  51. birga ovqatlanayotganlarning yuzlariga, qo‘llariga va yo og‘izlariga, luqmalariga zinhor-bazinhor qaramaslik;
  52. yon-atrofdagilarga aziyat qilmaslik, xalaqit-ozor bermaslik va bezovta qilmaslik;
  53. tirsaklarga tayanmaslik va keng qo‘ymaslik;
  54. nonni ham, go‘shtni ham iloji boricha pichoqsiz bo‘lishlik;
  55. taom yer ekan bir luqmani qo‘liga olganida tovoq ustiga engashmaslik;
  56. luqmani og‘ziga solgach, qo‘lini tovoq chetiga surtmaslik va yo ichiga qoqmaslik;
  57. sirkali ovqatdan bir luqmani yog‘li (boshqa) bir ovqatga aralashtirmaslik;
  58. taom ichidagi suyak va danaklarni og‘ziga tekkizgach, qayta tovoq yo kosa ichiga solmaslik, qo‘ymaslik;
  59. tishlagan non va yo go‘sht parchasini sho‘rva yoki boshqa ovqatlarga solmaslik;
  60. qoshiqni tovoqqa qattiq tashlamaydi;
  61. ovqat qoldiqlari bo‘lishi hamda bu qoldiqlar tovoqqa tomishi mumkinligini inobatga olinib, qoshiq tovoqqa to‘nkarib qo‘yiladi;
  62. qo‘lning moyini nonga, garchi uni yemoqchi bo‘lsa-da, artmaslik zarur;
  63. yog‘li luqma va go‘sht parchasini sirkaga botirmasdan, balki non sirkaga botirilib, ustiga go‘sht qo‘yilib, keyin yeyiladi;
  64. ilikni zarb iblan non sirtiga yoki yuziga, tovoqqa va dasturxonga urmaslik kerak;
  65. ovkat mahali kishini nafratini qo‘zg‘aydigan chirkin, behayo, bema’ni gap-so‘zlarni so‘zlamaslik;
  66. ko‘pchilik bo‘lib ovqatlanilayotganda, birodarlarining ahvolini tushunib, fikr qilgan holatda (kam) yeyishlik. Yolg‘iz o‘zi bo‘lgan chog‘da ham g‘ariblar, miskinlar holini ko‘z oldiga keltirib, kam ovqatlanishlik va ortgan ovqatni g‘arib, ehtiyoji borlarga taqdim etmoqlik;
  67. nonxurushsiz nonning o‘zini yemoqlik;
  68. tik turib va yurib ovqat yemaslik;
  69. yonboshlab ovqatlanmaslik;
  70. haddan ziyod to‘yib ovqat yemaslik;
  71. qo‘l dasturxonga artilmaydi;
  72. ovqatlangandan so‘ng dasturxondagi ushoqlar terib yeyiladi;
  73. ovqatlanishni tuz bilan tugatmoq;
  74. mezbon ovqatlanishni mehmonlardan so‘ng tugatishi lozim;
  75. ko‘pchilik bo‘lgan (to‘y va shu kabi marosimlar)da esa mezbon mehmonlarni kuzatib bo‘lgandan so‘ng ovqatlanadi.

 

ICHIMLIK  ICHISH:

  1. ovqat paytida suv, choy kabi ichimliklarni ko‘p ichmaslik;
  2. taomga, ichimlikka zinhor puflanmaydi;
  3. taomni xo‘rillatib, shapillatib yo turli ovozlar bilan iste’mol qilinmaydi;
  4. tik turgan holda imkon qadar ichimlik ichmagan ma’qul (faqat Zam-zam suvi yoki tahoratdan ortib qolgan suv tik turgan holda, Qiblaga yuzlanib ichiladi);
  5. ichimliklar o‘tirgan holda «Bismillohir rahmonir rahim» bilan ichiladi;
  6. ichib bo‘lgach, «Alhamdulilloh! Xudoga shukr!» deyiladi;
  7. ichimlik idishi og‘zi yopiladigan bo‘lishi kerak;
  8. suv idishini og‘izdan tashqari tutib ichiladi;
  9. suv ichayotganda birdaniga simirmay, bir nafasda emas, balki sekin-sekin, uch bora tanaffus bilan bo‘lib ichish afzal;
  10. suv uch nafas bilan ichiladi. Har nafasda lab idishdan olinadi. Birinchi nafasda bir ho‘plam, ikkinchi nafasda uch ho‘plam, uchinchi nafasda besh ho‘plam ichiladi;
  11. ichilayotgan suvga tuflamaslik;
  12. mesh, paqir yoki boshqa idishlarning og‘zidan ichilmaydi;
  13. soy-daryolarga yotib suv ichilmaydi;
  14. suvga nafas urilmaydi;
  15. suv ichishdan avval idishdagi suv obdon nazoratdan o‘tkaziladi. Uning ichida xas va boshqa narsalar bo‘lmasligi kerak. Agar qorong‘i bo‘lsa, idish labiga biror doka qo‘yib suv ichiladi;
  16. og‘iz va qo‘l yog‘li bo‘lsa, ko‘za yoki obdastani moy qilmaslik kerak. Agar suv idishini ushlashga majbur bo‘lsa, jimjiloq va uzuk barmoq bilan ushlagan ma’qul. Idishning dastasi bo‘lmasa, avval yog‘li qo‘lni artib olish tavsiya etiladi;
  17. boshqalarni suv bilan siylagan kishi o‘zi oxirida ichadi;
  18. duch kelgan, tasodifiy kishidan suv so‘rash to‘g‘ri emas;
  19. ichimlikka, issiq ovqatga puflanmaydi, balki kovlab sovutish yo sovushini kutib sabr qilinadi;
  20. suv beruvchini xayrli duo qilish kerak.

 

OVQATLANGANDAN  KЕYIN

  1. taomlangandan keyin «Alhamdulilloh», «Xudoga shukr!» deb, Allohga shukr qilish;
  2. ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng, qo‘lni yalab, so‘ng sochiqqa artiladi. Yuvib, keyin artish ham mumkin;
  3. yog‘li idishlar yalab qo‘yiladi;
  4. qo‘lni artishdan oldin barmoqlarni yaxshilab yalash;
  5. ovqatlanib bo‘lingach, oldin ovqat idishlarini, taom yegan barmog‘larini yalab, keyin qo‘llar yuviladi va sochiqqa artiladi;
  6. taom yeyilgan tovoqni yalab tozalab qo‘yiladi;
  7. mo‘min kishidan qolgan taomni yemoqlik;
  8. ovqatlanib bo‘lingach, dasturxon oldidan yoshlari yoshroqlar boshqalardan bir oz oldinroq turib, ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlarga xizmat qiladilar;
  9. ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar o‘rnilaridan turganlarida, dasturxon yonidan chetlanib, ular xonadan chiqib ketganlaridan keyingina yana qayta o‘z o‘rniga o‘tirish mumkin;
  10. bergan ne’matlari uchun Yaratganga shukrona aytib, taom egalariga, tayyorlaganlarga minnatdorchilik izhor etib, haqlariga duo qilib, keyin dasturxon atrofidan turiladi;
  11. dasturxon oldidan turib ketar ekan, ochu nahor bo‘lganlar, ovqat topolmay xor-zor, sarson-sargardon yurganlarni eslab, shunday holga solib qo‘ymagani uchun Alloh taologa behisob shukrlar aytib, ehtiyojmandlarga ehson qilishlik;
  12. duo qilinmasdan turib ketilmaydi;
  13. taom yegandan so‘ng tish tozalagich cho‘p bilan tishlar orasini tozalashlik;
  14. dasturxon atrofida tishlar orasini tozalamaslik;
  15. mabodo bordi-yu dasturxon atrofida tishlar orasini tozalashga zarurat tug‘ilib qolsa, qo‘llarini, tish tozalagich cho‘pni dasturxonga yo sochiqqa artmaslik;
  16. tishlar orasini tozalar ekan, chiqqan (ovqat qoldiqlari)ni yemaslik;
  17. ovqatlangandan so‘ng idishlar yuvib tozalanadi;
  18. ovqatlangandan keyin ikki qo‘lni bo‘g‘imigacha uch marta yuvib, og‘izni chayish lozim;
  19. Alloh taoloning zikri va ne’matlari shukronasidan g‘ofil bo‘lmaslik;
  20. ovqat hazm bo‘lmaguncha yotmaslik.

 

CHOYXONA  (VA SHU KABI JOY)LARDA:

  1. ko‘ngli tortsa, mo‘min kishidan qolgan taomni yemoqlik;
  2. bir kishilik taomni ikki kishi yeydigan bo‘lib qolsa, bunga mone’ bo‘lmaslik;
  3. to‘lanib ovqatlanadigan joy (choyxona va shu kabi) larda “kim taklif qilsa, barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi” degan qoida qo‘llaniladi; lekin orada ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar bo‘lishsa, to‘lovni o‘zini hurmat qilganlar o‘z zimmalariga oladilar va to‘lagan mablag‘ to‘g‘risida mutlaqo og‘iz ochmaydilar;
  4. agar “sizni taklif qilaman” yoki "men sizlarni taklif qilaman" degan ibora eshitilsa, demak shuni aytgan kishi to‘laydi;
  5. agar "boraylik" deyilsa, unda hamma o‘z-o‘ziga to‘laydi; agar qandaydir tarzda moliyaviy ishtirok etishni istagan kishi o‘z hissasini ham qo‘shgani afzal;
  6. ko‘pchilik bo‘lgan joyda biror uzri bo‘lmasa, taomga duo qilinmaguncha o‘rnidan qo‘zg‘almagani ma’qul;
  7. ikki kishi bir tovoqda sherik bo‘lsa, navbat bilan toq, ya’ni bir yoki uch qoshiqdan taomlanadi;
  8. mabodo turib ketish zarurati tug‘ilib qolsa, holatga qarab, avvalo yonidagilardan, so‘ng dasturxon atrofidagi ulug‘ (ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odam) lardan hamda yig‘in egalaridan uzrini aytib, kechirim so‘rab, ijozat so‘rab turiladi.

 

  • “Hamma narsa ham oiladan boshlanadi” – deydi dono xalqimiz...
  • Demak, oilaning rahbarlari – OTA-ONALAR “farzandlar tarbiyasi” nomli “hayot universiteti”da mashaqqatli va sharafli, og‘ir va savobli, sermahsul va olijanob vazifada mas’ul sanaladi.  
  • Oila a’zolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida o‘zaro yaxshi muloqotda bo‘lish, o‘rni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qo‘yish – kattalarning burchidir.
  • Xususan, non va oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni o‘rgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.
  • HAYOT nomli "Universitet"ning "tillo diplomi"ga ega bo‘lgan,

TAJRIBA nomli "Oliy o‘quv yurt"ning "brilliant sertifikati"ni qo‘lga kiritgan va

AQL nomli "Institut"ning "gavhar hujjati"ni egallagan

oqil va dono OTA-ONALARIMIZ hamisha yoshlarimiz uchun PROFЕSSOR bo‘lib qoladilar...

 

Mehribon Parvardigorimiz o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin! 
 


Ibrohimjon domla Inomov