Joriy yilning 13 dekabr juma kuni O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxtidagi elchixonasi AQSH g‘arbiy sohilidagi eng katta masjid - Virjiniya shtati, Sterling shahridagi Dalles musulmon jamoatchilik markazi (ADAMS Center)da brifing o‘tkazdi. Bu haqda kun.uz nashri xabar beradi.
Ushbu tadbir juma namozi doirasida tashkil etildi. Unda 800 nafardan ortiq kishi ishtirok etgan.
Juma namozida mamlakatning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov chiqish qilib, Qo‘shma Shtatlar musulmonlari uchun O‘zbekistondagi ziyorat turizmining ulkan imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonlik diplomat juma namozida mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, an’anaviy islomiy qadriyatlarni jamiyatda saqlash va targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatda diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Masjid bosh imomi, ADAMS markazi rahbari Imom Majid namozxonlarga murojaat qilib, respublika rahbariyati tomonidan islom dini g‘oyalarini targ‘ib qilishga katta ahamiyat berilayotganini e’tirof etdi. «O‘zbekiston islomning asl mohiyatini saqlab qolib, uni o‘qitishning ilg‘or tajribalarini joriy etish, malakali mutaxassislar - islomshunos olimlar tayyorlash bo‘yicha kuchli o‘zbek maktabini yaratishga muvaffaq bo‘lgan mamlakat sifatida jahon hamjamiyati uchun namuna», - dedi u.
Imom Majidning ta’kidlashicha, «O‘zbekiston asrlar davomida bunyod etish muhiti hukmron bo‘lgan, yetakchi olimlar ishlagan, ilg‘or ilmiy ishlar ishlab chiqilgan islom sivilizatsiyasining marvarididir». U Imom al-Buxoriyning, Al-Xorazmiyning, Ibn Sinoning hissasini alohida qayd etib o‘tdi.
Amerikalik imomga ko‘ra, AQSH musulmonlar jamoatchiligi orasida milliy turistik brendni yanada ommalashtirish uchun mustahkam asos bo‘lgan bir qator omillar mavjud.
Birinchidan, O‘zbekiston qadimiy shaharlarning boy me’moriy merosiga ega.
Ikkinchidan, mamlakatda ko‘plab bebaho qo‘lyozmalar saqlanmoqda, shu jumladan Usmon Mus'hafi.
Uchinchidan, respublikada islomiy ta’limotning institutsional asoslari yaratildi.
To‘rtinchidan, hukumat ziyorat turizmini rivojlantirish mexanizmlarini faol joriy etmoqda.
Beshinchidan, «O‘zbekiston dunyoga keng ochilmoqda».
Juma namozidan so‘ng Imom Majid bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, amerikalik musulmonlar guruhlarini muntazam ravishda O‘zbekistonga yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Zikr arab tilida "eslash", "yodga olish" degan ma’noni anglatadi. Shariatimiz istilohida esa Allohni eslash, Uning buyukligini e’tirof qilish va bandaning Yaratganga bo‘lgan muhabbatini izhor etish demakdir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
"Meni zikr qiling, Men ham sizni yodga olaman. Menga shukr qiling va noshukurlik qilmang!" (Baqara surasi, 152-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham zikrning fazilatlari haqida ko‘plab hadislar aytganlar. Masalan: "Kim Allohni ko‘p zikr qilsa, Alloh ham uni eslaydi" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Islom ulamolari zikrni turli toifalarga ajratganlar. Quyida ularning ba’zilari keltiriladi:
Qalbiy zikr (botiniy zikr).
Bu zikr til bilan aytilmaydi, balki inson qalbida Allohni doimo eslab yurishi bilan amalga oshiriladi. Bu haqda Alloh taolo bunday deydi:
"Ular tik turganlarida ham, o‘tirganlarida ham va yonboshlagan hollarida ham Allohni zikr qiladilar…" (Oli Imron surasi, 191-oyat).
Lisoniy zikr (til bilan aytiladigan zikr).
Bu zikr til orqali Allohning ismlarini yoki Uning buyukligini madh etish orqali amalga oshiriladi. Masalan:
Tasbih (سبحان الله) – "Alloh pokdir";
Tahlil (لا اله الا الله) – "Allohdan boshqa iloh yo‘q";
Takbir (الله أكبر) – "Alloh buyukdir";
Tahmid (الحمد لله) – "Hamd (maqtov) Allohgadir".
Bu zikrlar haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"Subhanalloh, Alhamdulillah, Laa ilaha illalloh va Allohu akbar – bu so‘zlar osmon va yer oralig‘ini to‘ldiradi" (Imom Muslim rivoyati).
Qur’on tilovati ham zikr sanaladi. Alloh taolo Qur’onni zikr sifatida ta’riflagan:
"Bu (Qur’on) eslatmadir (zikrdir). Kim xohlasa, Parvardigoriga yo‘l tutar" (Muzzammil surasi, 19-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, boshqalarga o‘rgatganlaringizdir", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Duolar ham zikr hisoblanadi. Har qanday duo – Allohni zikr qilishning bir shaklidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ko‘p duolar qilganlar va ummatlarini ham bunga targ‘ib qilganlar.
Jamoat bilan qilinadigan zikr.
Zikr jamoat bilan qilinsa, uning ajri yanada ko‘p bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Bir guruh odamlar Allohning uylaridan biriga to‘planib, unda Allohning kitobini o‘qib va uni o‘zaro o‘rganib chiqishsa, ularning ustiga xotirjamlik nozil bo‘ladi, rahmat ularni qoplaydi va farishtalar ularni o‘rab oladi", deb marhamat qilganlar. (Imom Muslim rivoyati)
Amaliy zikr (ibodat bilan amalga oshiriladigan zikr).
Namoz, ro‘za, sadaqa, haj va boshqa ibodatlar ham zikrning bir shaklidir. Chunki bu ibodatlarni bajarish orqali inson Allohni eslaydi va Unga yaqinlashadi. Qur’oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
"Namozni ado et. Albatta, namoz (insonni) fahsh va yomon ishlardan qaytaradi. Allohning zikri esa, eng ulug‘idir" (Ankabut surasi, 45-oyat).
Zikr har bir musulmonning qalbini tiriltiradigan va uni Allohga yaqinlashtiradigan buyuk ibodatdir. Uni qalb bilan, til bilan, amaliy jihatdan va jamoat bilan ado etish mumkin. Zikr qilishga ko‘nikkan insonning qalbi munavvar bo‘ladi, hayoti tinch va huzurli bo‘ladi.
Alloh taolo bizni ham O‘zini doimo eslaydigan bandalaridan qilsin!
Abdulmalik ALIMOV,
4-kurs talabasi.