Joriy yilning 13 dekabr juma kuni O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxtidagi elchixonasi AQSH g‘arbiy sohilidagi eng katta masjid - Virjiniya shtati, Sterling shahridagi Dalles musulmon jamoatchilik markazi (ADAMS Center)da brifing o‘tkazdi. Bu haqda kun.uz nashri xabar beradi.
Ushbu tadbir juma namozi doirasida tashkil etildi. Unda 800 nafardan ortiq kishi ishtirok etgan.
Juma namozida mamlakatning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov chiqish qilib, Qo‘shma Shtatlar musulmonlari uchun O‘zbekistondagi ziyorat turizmining ulkan imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonlik diplomat juma namozida mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, an’anaviy islomiy qadriyatlarni jamiyatda saqlash va targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatda diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Masjid bosh imomi, ADAMS markazi rahbari Imom Majid namozxonlarga murojaat qilib, respublika rahbariyati tomonidan islom dini g‘oyalarini targ‘ib qilishga katta ahamiyat berilayotganini e’tirof etdi. «O‘zbekiston islomning asl mohiyatini saqlab qolib, uni o‘qitishning ilg‘or tajribalarini joriy etish, malakali mutaxassislar - islomshunos olimlar tayyorlash bo‘yicha kuchli o‘zbek maktabini yaratishga muvaffaq bo‘lgan mamlakat sifatida jahon hamjamiyati uchun namuna», - dedi u.
Imom Majidning ta’kidlashicha, «O‘zbekiston asrlar davomida bunyod etish muhiti hukmron bo‘lgan, yetakchi olimlar ishlagan, ilg‘or ilmiy ishlar ishlab chiqilgan islom sivilizatsiyasining marvarididir». U Imom al-Buxoriyning, Al-Xorazmiyning, Ibn Sinoning hissasini alohida qayd etib o‘tdi.
Amerikalik imomga ko‘ra, AQSH musulmonlar jamoatchiligi orasida milliy turistik brendni yanada ommalashtirish uchun mustahkam asos bo‘lgan bir qator omillar mavjud.
Birinchidan, O‘zbekiston qadimiy shaharlarning boy me’moriy merosiga ega.
Ikkinchidan, mamlakatda ko‘plab bebaho qo‘lyozmalar saqlanmoqda, shu jumladan Usmon Mus'hafi.
Uchinchidan, respublikada islomiy ta’limotning institutsional asoslari yaratildi.
To‘rtinchidan, hukumat ziyorat turizmini rivojlantirish mexanizmlarini faol joriy etmoqda.
Beshinchidan, «O‘zbekiston dunyoga keng ochilmoqda».
Juma namozidan so‘ng Imom Majid bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, amerikalik musulmonlar guruhlarini muntazam ravishda O‘zbekistonga yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Go‘zal axloq biz mo‘min-musulmonlar uchun eng muhim odoblardan biridir. Chunki u tayanch nuqtasi, doiraning markazi va uning hayotidagi faol o‘rnidir. Shuning uchun islom axloqiy tarbiyaga katta e’tibor bergan, hatto ummatning muallimi bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni Alloh taolo: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat) deya madh etgan.
Ramazon oyi – musulmonlar uchun nafaqat ro‘za tutish, balki axloqiy tarbiya va nafsni poklash oyidir. Bu muborak oyda go‘zal axloqni rivojlantirish, sabr-toqatli bo‘lish, halimlik, iroda kuchi, kechirimlilik, tenglik, ehson qilish, sadaqa berish, yaxshi muomala, rahm-shafqat, mehribonlik, boshqalarni sevish va ishonchlilik kabi fazilatlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu fazilatlar nafaqat shaxsiy rivojlanishimizga, balki jamiyatimizda ham yaxshilik va tinchlikning qaror topishiga xizmat qiladi.
Bu hadis musulmon kishining boshqalarga nisbatan muloyim va zararsiz bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Ramazon oyida biz nafaqat o‘zimizning ibodatlarimizga, balki boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlarimizga ham e’tibor qaratishimiz lozim.
Ro‘za tutish nafaqat ochlik va chanqoqlikni his qilish, balki nafsni tarbiyalash, sabr-toqatni oshirish, nafs istaklarini nazorat qilish va his-tuyg‘ularni boshqarishga qaratilgan ibodatdir.
Ramazon oyida nafsimizni yuqorida zikr qilingan yaxshi xislatlar bilan tarbiyalab borsak, ular doimiy odatga aylanib, qolgan oylarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi va komil inson bo‘lishimizga yordam beradi.
Ramazon oyida ba’zi ro‘zadorlar o‘zlarining tez asabiylashishi va sabrsizligini ro‘za tutish bilan oqlashga harakat qiladilar. Ammo bu holat ro‘zaning asl maqsadiga ziddir. Ro‘za tutish nafaqat ochlik va chanqoqlikni his qilish, balki nafsni tarbiyalash, sabr-toqatni oshirish, nafs istaklarini nazorat qilish va his-tuyg‘ularni boshqarishga qaratilgan ibodatdir.
Bu hadis ro‘zador kishining o‘zini tutishi va boshqalar bilan muomalada qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
Shuning uchun Ramazon oyida o‘z axloqimizni yaxshilashga, go‘zal xulq-atvorni so‘z va amallarimizda namoyon etishga harakat qilaylik. Bu nafaqat ro‘zamizning qabul bo‘lishiga, balki jamiyatda ham ezgulik xotirjamlikning tarqalishiga hissa qo‘shadi.
Alloh taolo barchamizni go‘zal axloqli, sabr-toqatli va bir-birimizga mehribon bo‘lishimizni nasib etsin.
Doktor Solih bin Ali Abu A’rrodning
“Ramazon maktublari” kitobidan
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.