O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov va Bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiya 2019 yil 19-21 dekabr kunlari Malayziyaga tashrif buyuradi. Bu haqida Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatimizning Malayziyadagi Elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra tashrif chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi “Milliy suverenitetni qo‘lga kiritishda taraqqiyotning roli” mavzusidagi Kuala-Lumpur sammitida ishtirok etadi.
Sammit 2014 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Unda mamlakat yetakchilari, turli davlatlarning jamoatchilik, ishbilarmonlik, akademik va ilmiy doiralari vakillari ishtirok etib, musulmon olami oldida turgan tahdidlarni bartaraf etish, bu borada ilg‘or tajribalarni almashish hamda islom tamaddunini rivojlantirishning eng maqbul yo‘llarini izlab topish bo‘yicha fikr almashadi.
Malayziya Bosh vaziri Mahathir Mohammad Sammitning raisi hisoblanadi.
Tadbir ishida Osiyo va Yaqin Sharqning davlat va hukumat rahbarlari hamda boshqa mamlakatlar hukumatlarining yuqori mansabdorlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi dasturida Kuala-Lumpur shahrida qator vazirlik va idoralar, Malayziyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida uchrashuvlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasining Malayziyaning qator yetakchi islom universitetlari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan amaliy hamkorligi to‘g‘risida bitim imzolash ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#Noyob_fotolar
• Besh respublika muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, diniy nazorat mas’ul kotibi Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamrohligida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari II qurultoyi delegatlari hamda Rossiya, Shimoliy Kavkaz va Ozarbayjondan kelgan ulamolar Usmon mus'hafini ziyorat qilmoqda.
1948 yil, Toshkent
•Usmon ibn Affon roziyallohu anhu xalifaligi davrlarida milodiy 651 yili, hijriy 24 yili Qur’oni Karim kiyik terisiga bir necha nusxada yozilib, Islom olamining markaziy shaharlariga yuborildi. Mus'hafning rasmda tasvirlangan o‘sha qadimiy tabarruk nusxalaridan biri hozirgi paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
• Hazrati Usmon Mus'hafining yurtimizga kelib qolishi tarixi haqida turli rivoyatlar bor. Hazrati Usmon mus'hafi dastlab Samarqandga olib kelingan. Uni Amir Temur, Qaffol Shoshiy, Hazrati Usmonning kuyovlari Said olib kelgan degan rivoyatlar mashhur. Bu haqda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati raisi o‘rinbosarlari, taniqli olimlar Shayx Ismoil Maxdum Sattiyev, Shayx Yusufxon Shokirov, shuningdek, Hamid Ziyoyev, Habibulloh Solih va boshqalarning fikrlari e’tiborga loyiq.
• Usmon mus'hafi ruslar bostirib kelgunga qadar hijriy 1285 yilgacha Samarqandda turdi.
•1869 yilning mayida Turkiston bosh gubernatori Fon Kaufman buyrug‘i bilan Samarqand shahri hokimi Serov vositachiligida yerli musulmon ulamolari roziligi bilan Mus'haf Sankt-Peterburgga jo‘natildi va 1917 yilga qadar o‘sha yerdagi kutubxonada saqlanadi.
• Hukumatning 1923 yil 25 iyundagi qaroriga ko‘ra Usmon Mus'hafi Turkiston musulmonlariga 1924 yilda qaytarildi.
Mus'hafi sharif birmuncha vaqt Toshkent masjidlarida saqlandi, so‘ng O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga ko‘chirildi. 1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lgan musulmonlarning IV qurultoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Mus'hafi Usmon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati ixtiyoriga qaytarib berildi.
• Hozirda Mus'haf Hazrati Imom majmuasining Mo‘yi muborak madrasasidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
• Mus'hafni mo‘tadil tabiiy iqlim sharoitida asrashga mo‘ljallangan maxsus moslama Germaniyadan keltirilgan. Har yili bu nodir Mus'hafni minglab vatandoshlarimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilishadi.
t.me/muftiylaruz