Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

Dinda terror yo‘q – Islom qo‘poruvchilik dini emas!

18.12.2019   3687   12 min.
Dinda terror yo‘q – Islom qo‘poruvchilik dini emas!

OGOHLIK – DAVR TALABI 

Bugun biz shunday davrda yashayapmizki “falon kishi koinotda yashash uchun joy buyurtma qilibdi, falon kompaniya u nomdagi eng yuqori texnologiyalarga ega mahsulotini taqdimot qilibdi, bunisi quyosh nuri bilan harakatlanadigan uchar mashina ishlab chiqibdi”, desa hech kim ajablanmay qo‘ydi.

Lekin dunyoning falon mamlakatida terrorchilik xuruji kuzatilibdi desa, yer yuzidagi yetti milliarddan ziyod odam yuragini hovuchlaydigan bo‘lib qoldi. Eng yomoni, sayyoramiz aholisining aksariyati terrorni hali-hanuz din bilan yonma-yon ishlatmoqda.

Qo‘li qonga botgan, na dini, na millati, na vijdoni bor razil kimsalar – terrorchilar o‘ldirsa ham, qaysidir joyni portlatsa ham, qayoqqadir o‘t qo‘ysa ham eng ulug‘ kalima – “Allohu akbar”ni talaffuz qilayotgani dindan bexabar kishilarning ana shunday xulosaga kelishiga sabab bo‘layotgandir. Xo‘sh, aslida ham shundaymi?

ISLOM – TINCHLIK DINI

Bugun ko‘pchilik o‘ylaganidek, Islom qo‘poruvchilik dini emas, balki tinchlik dinidir. Dinimiz tinchlik, xotirjamlik, huzur-halovat, sulh va omonlik kabi ma’nolarni anglatadi. Bu nomni Alloh taoloning O‘zi tanlagan. Zotan, Buyuk Rabbimizning go‘zal ismlaridan biri ham “As-salom”dir.

“Islom” so‘zi “itoat va bo‘ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo‘lish” hamda “sulh va omonlik” degan ma’nolarni bildiradi. Bu dinni Payg‘ambarning o‘zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor qilgan. Islom, bu – Alloh yagona deb e’tiqod qilib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.

Bu din shundayki, hatto boshqa dinlarni ham inkor etuvchi shaxslarga nisbatan shirinsuxanlik bilan chiroyli muomala qilishga undaydi. Muso va Horun alayhimassalomga o‘zini Xudoman, deb da’vo qilgan Fir’avnga ham Alloh taolo yumshoq va muloyim so‘z bilan gapirishga buyurdi: (Ey, Muso!) Sen o‘zing va birodaring (Horun) Mening oyatlarimni (odamlarga) olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u(“Men – xudoman”), deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo‘rqsa” (Toho surasi, 44-oyat).

Va holbuki, Xudoyi taolo qodir edi Muso alayhissalomga: “Ey, Muso, Fir’avnni oldiga borganingizda asongizni ushlang, ajdahoga aylanib Fir’avnni yutib yuborsin” deyishlikka. Lekin Xudoyi taolo O‘zining eng ulug‘ payg‘ambarlaridan biri bo‘lgan, Alloh taolo bilan vositasiz gaplashgan, Qur’oni Karimda u kishining nomlari 136 marta zikr etilgan, alohida bir Muqaddas kitob nozil qilingan, sevimli payg‘ambarlaridan bittalari bo‘lgan bo‘lsalar-da shirin so‘z va muloyimlik ila munosabat qilishni amr-farmon qiladi.

Islom terrorni, fasod va buzg‘unchilikni butunlay qoralaydi, la’natlaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda Yer yuzida buzg‘unchilik qilmaslikni buyurib: “Alloh esa, fasodni (buzg‘unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat), shu suraning 60-oyatida esa: “Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!”deb marhamat qilgan.

Moida surasining 32-oyatida esa: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”, deb marhamat qilingan.

Mufassirlarning ta’kidlashlaricha, aslida ushbu oyat hukmi Isroil avlodiga qarata aytilgan bo‘lsa-da, biroq u barcha musulmonlar uchun ham tegishlidir. Oyatning taqozo etishiga ko‘ra, Yer yuzida fitna-fasod, buzg‘unchilik, qotillik, qo‘poruvchilik, qaroqchilik kabi razil ishlarni qilgan kimsalar qilmishlariga yarasha jazoga tortilishi kerak.

Hadisi shariflarda: “Kim bir ahdlashgan jonni o‘ldirsa, jannatning hidini ham hidlay olmaydi. Albatta, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati); “Haqiqiy musulmon uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor yetmaydigan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati), deyilgan.

TЕRRORIZM DIN BILAN ALOQADOR EMAS

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassami ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, deya ta’kidlagan edilar.

Mana shu takliflardan kelib chiqib BMT Xavfsizlik Kengashi 2017 yil 21 dekabr kuni “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, terrorizm, zo‘ravon ekstremizm hech bir din, millat va sivilizatsiya bilan aloqador emas va bog‘liq holda talqin qilinmasligi kerak.

“Terror” atamasi paydo bo‘lganiga chorak asrdan oshdi. Terror dastidan ming-minglab begunoh odamlar halok bo‘lmoqda, millionlab zamindoshlarimiz o‘z uyidan, vatanidan chiqishga majbur bo‘lib, sarson sargardon yuribdi. Minglab bolalar ta’lim olish u yoqda tursin, uysiz boshpanasiz, ba’zilar hatto yaqinlarisiz yolg‘izlikda, nochor hayot kechirmoqda. Bu esa terrorizm, ekstremizmning achchiq mevasidir.

 

EKSTRЕMIZM – INSONIYAT DUSHMANI

“Ekstremizm” tushunchasi Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda qayta-qayta kelgan “g‘uluv”, “tug‘yon”, “haddan oshish” kabi so‘zlar bilan hamohang bo‘lib, dinimiz ta’limotida ularning barchasi qattiq qoralangan. Masalan, Qur’oni karimda Alloh taolo bandalarini g‘uluvdan qaytarib, bunday marhamat qiladi: “Ey ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha’ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz!..” (Niso surasi, 171-oyat). Boshqa oyati karimada: “Ayting: “Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat), deb zikr qilingan.

Muqaddas dinimizda yakka-yu yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilib, birdamlikka chaqiriladi. Dinda g‘uluvga ketish, haddan oshishdan qaytarilishning sababi, bu omillar ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Vaholanki, oyatda:: “Ular (mushriklar) dinlarini bo‘lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) o‘z nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum surasi, 32-oyat), deb marhamat qilingan.

Dinda g‘uluvga ketishning oqibatlari juda yomon. Avvalo, bu aqidaning buzilishiga olib keladi. Tarixda paydo bo‘lgan ravofiz, xavorij, mu’tazila va boshqa toifalarning yuzaga kelishi, asosan, dinda g‘uluvga ketishning oqibatidir. G‘uluv mashaqqat bo‘lgani bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan ozib, dindan nafratlanib, bezib qoladilar. Oxir-oqibat shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o‘z-o‘ziga mashaqqat tug‘diradigan yangi bid’at amallarni o‘ylab topishi va dinni mashaqqatdan iborat qilib ko‘rsatishga sabab bo‘ladilar. Bu esa Islom dinining mo‘tadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta’limotlariga ziddir. Zero, yengillik, Islomning asosiy shiorlaridan biridir. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Osonlashtiring, aslo qiyinldashtirmang. Bashorat bering, hech ham nafratlantirmang”, deyilgan.

Islom dini fasodga qarshi kurashib, oshkora va botiniy fitnalardan qaytargan. Alloh taolo A’rof surasining 56-oyatida: “Va isloh qilingandan keyin Yer yuzida fasod qilmang va Undan qo‘rqib tama’ ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir”, deb marhamat qiladi.

Mufassirlar ushbu oyat tafsirida “arz”, ya’ni “yer” so‘zi, arab qoidalariga ko‘ra, alif-lom bilan kelgani uchun muayyan bir joyga – Madina shahriga dalolat qiladi, deyishadi. Shunda oyatning mazmuni “Madina shahri isloh qilinganidan keyin u yerda fasod ishlarni qilmang” bo‘ladi. Madina yer yuzidagi kichkina shahar. Mana shu joyda ham fasod qilmaslikka buyurilyapti. Modomiki, kichik shaharda fasodga chek qo‘yilmas ekan, xuddi uchqun butun boshli o‘rmonning kulini ko‘kka sovurganidek, fasod ishlar – ekstremizm, terrorizm ham yer yuzini vayron qiladi.

Hozirgi kunda ayrim davlatlarda g‘uluvga ketgan, qo‘li qonga botgan bir qancha ekstremistik guruhlar faoliyat olib borayotgani barchani birdek tashvishga solmoqda. G‘arb mamlakatlarining ba’zi ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qo‘poruvchilik harakatlarini Islom dini bilan bog‘lashga urinmoqdalar. Vaholanki, Islom dini ekstremizmni, terrorizmni qattiq qoralaydi, la’natlaydi. Dinimiz ekstremizmga qarshi kurashni o‘n besh asr oldin boshlab yuborgan. Islom mo‘tadil ekani uning har qanday ekstremizmga, xunrezlikka qarshi ekanligining yaqqol isbotidir.

Turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolgan kimsalarning gumrohligi shundaki, ko‘r ko‘rni qorong‘ida topibdi deganiday, ular faqat o‘zlariga o‘xshash kishilarning gaplariga ishonishadi. Samimiy nasihat qilib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan olimlar u yoqda tursin, ba’zan ayrimlari ota-onasi, akasini ham tan olishmaydi. Bular haqida Qur’oni karimda: “Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so‘ng, ulardan yuz o‘girgan kimsadan ko‘ra kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz” (Sajda surasi, 22-oyat), deb marhamat qilingan.

Shukrki, bag‘rikeng yurtda yashayapmiz. Mamlakatimizda shonli sanalar, bayramlar munosabati bilan adashib turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolib ozodlikdan mahrum etilgan, ayni paytda qilmishiga chin pushaymon bo‘lib, butunlay tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarni afv etish to‘g‘risida muhtaram Prezidentimizning farmonlari e’lon qilinyapti.

Oilasi bag‘riga qaytayotgan bunday fuqarolar bilan kayvonilar, hoji otalar ishtirokida suhbatlar o‘tkazib, ularga dinimizning asl mohiyatini tushuntirishga harakat qilyapmiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo muazzam Ka’ba devoriga suyanib bunday deganlar: “Ey Ka’ba! Allohning nazdida hurmating baland. Lekin agar seni yetti marta buzib vayron qilganimda ham bir musulmonga ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”.

Vidolashuv hajida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, qoningiz, molingiz va obro‘yingiz bir-biringizga xuddi bugungi kunday, shu shaharday va shu oyday haromdir” (Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Ibn Hajar Asqaloniy ushbu hadis sharhida: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam musulmonlarni ardoqli, ulug‘ligi, azizligi, hurmati ayon bo‘lgan narsalar: Qurbon hayiti, Makka shahri va muharram oyi kabi o‘zaro mollarini, jonlarini va obro‘larni hurmat qilishga da’vat qildilar”, degan.

Xo‘sh, endi do‘ppini yechib qo‘yib, o‘ylab ko‘raylik. Hatto qushning ham ini buzilishiga qarshi bo‘lgan, er-xotinning janjallashishiga olib boradigan barcha yo‘llarga o‘zining qat’iy hukmlari bilan chora ko‘rib qo‘ygan Islomni qanday qilib terrorizm, ekstremizm bilan chog‘ishtirish mumkin?

XULOSA

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda terrorizm, ekstremizm oqibatida jahon iqtisodiyotiga 583 trillion AQSH dollari miqdorida zarar yetkazilgan. Keyingi 15 yilda terrorchilik harakatlari natijasida 91 ming begunoh inson halok bo‘lgan. Ularning aksariyati yosh bolalar, ayollar va qariyalardir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi dunyo jamoatchiligini bezovta qilayotgan terrorizm, ekstremizm, zo‘ravonlik, murosasizlik kabi bugungi kunning o‘tkir muammolariga yechim sifatida ilm-ma’rifat, o‘zgalarga adolatli va bag‘rikeng yondashuv hamda tinchlikparvar siyosatni targ‘ib qiladi.

Bugun kuch ishlatish, bosib olishdan ko‘ra ko‘proq tinchlikparvar siyosat har jihatdan samarali bo‘lmoqda. Ana shu tajriba orqali radikal guruhlar faoliyatining 7 foizi qurolli aralashuv natijasida to‘xtatilgan bo‘lsa, ularning 40 foizi tinch yo‘l bilan – siyosiy muzokaralar o‘tkazish vositasida barham topgan. Zotan, dunyo bo‘ylab ekstremistik tashkilotlarning 38 yillik faoliyati tahlillari shuni ko‘rsatmoqda.

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Javvaz yoki ja’zariy emasmisiz?

02.05.2025   3309   9 min.
Javvaz yoki ja’zariy emasmisiz?

Kibr, o‘zini boshqalardan yuqori deb hisoblash, ulardan ustun qo‘yish, o‘zini boshqalarga nisbatan yuksak ko‘rish va ularga nisbatan mag‘rurlik qilishdir. Bu, ko‘pincha odamlarning boshqa kishilarni pastga urish, ular bilan adolatli munosabatda bo‘lmaslik va o‘zini juda katta ko‘rsatish kabi xulq-atvorlarni o‘z ichiga oladi.

Saodat kaliti hushyorlik va fahmu farosatdadir. Badbaxtlik manbasi kibr va g‘aflatdadir.

Banda uchun Alloh taoloning ne’matlari ichida iymon va ma’rifatdan ulug‘i yo‘qdir. Unga erishish uchun bag‘rikenglik va qalb ko‘zi o‘tkirligidan boshqa vasila yo‘qdir.

Kufr va ma’siyatdan kattaroq balo va ofat yo‘qdir. Mazkur ikki narsaga chaqirishda qalb ko‘rligi va jaholat zulmatidan boshqa narsa yo‘qdir.

Ziyrak kishilar Alloh taolo ularni hidoyatini iroda qilgan va qalblarini Islomga keng qilib qo‘yganlardir.

Mutakabbirlar Alloh taolo ularni zalolatini iroda qilgan va qalblarini xuddi osmonga chiqayotgandagi kabi tor va tang qilib qo‘yganlardir. Mutakabbir o‘z hidoyatiga kafil bo‘lishi uchun qalb ko‘zi ochilmagan kishidir.

Alloh taolo: “Mo‘minlardan ixtiyoriy ehson qiluvchilarini va zo‘rg‘a topib-tutuvchilarini istehzo ila masxaralaydiganlarni Alloh “masxara” qiladi va ular uchun alamli azob (bor)dir” (Tavba surasi, 79-oyat), deb aytgan.

Yana: “Ey mo‘minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. Yana (sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimolki, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. O‘zlaringizni (bir-birlaringizni) laqablar bilan atamangiz!” (Hujurot surasi, 11-oyat);

(Kishilar ortidan) g‘iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” (Humaza surasi, 1-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-birlaringizga hasad qilmanglar va savdoda soxtalik bilan kelishib, narxlarni oshirmanglar. Bir-birlaringizga g‘azab qilmanglar hamda orqa o‘girib, munosabatlarni buzmanglar. Ba’zilaringiz ayrimlaringiz savdosi ustiga savdo qilmasin. Allohning bandalari, birodar bo‘linglar. Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, xo‘rlamaydi ham, past ham sanamaydi. Taqvo bu yerda”, deb, uch bora qalblariga ishora qildilar. “Musulmon birodarini past sanagan kishi yomon ekaniga dalolat qiladi. Har bir musulmonning boshqa musulmonga qoni, moli va obro‘sini (suiiste’mol) qilishi haromdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Imom Navaviy rahimahulloh: “Tadabbur qilgan kishiga bundan-da foydasi ko‘p, manfaati ulug‘ va yaxshiroq hadis bo‘lmasa kerak”, dedilar.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida zarra miqdoricha kibri bor kishi jannatga kirmaydi”, dedilar. Shunda bir kishi: "Yo Rasululloh, kishi chiroyli kiyim va chiroyli poyabzal kiyadi (bu ham kibr bo‘ladimi?)" deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh chiroylidir. Chiroylini yaxshi ko‘radi. Kibr esa haqni buzish va kishilarga past nazar bilan qarash”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Biz «yuz o‘girma» deb tarjima qilgan ma’no oyatda «tuso’’ir» deb kelgan. Bu ma’no, aslida, tuyada uchraydigan bir kasallikka nisbatan ishlatilar ekan. O‘sha kasallikka mubtalo bo‘lgan tuya doimo boshini pastdan-yuqoriga harakatlantirib, yonboshga siltab turar ekan. Mutakabbirlik bilan burnini jiyirib, yuzini odamlardan o‘giradigan kishilar ana o‘sha kasal tuyaga o‘xshatilmoqda.

«Odamlardan takabbur-la yuz o‘girma».

Ha, musulmon kishi uchun odamlarni kamsitish, ularni past sanash juda yomon illat. Hatto yurish-turishda ham kibru havodan, takabburlikdan saqlanish kerak.

«…va yer yuzida kibr-havo ila yurma».

Bu juda yomon narsa. Boshqalarga kibr og‘ir botadi. Eng muhimi: «Albatta, Alloh, xech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas».

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: «Kimning qalbida zarracha mutakabbirlik bo‘lsa, Alloh uni do‘zaxga yuztuban tashlaydi», deyilgan.

Shuningdek, ibn Abu Laylo rivoyat qilgan xadisda: «Kim kiyimini ko‘z-ko‘z qilib, maqtanchoqlik ila sudrab yursa, Alloh taolo unga nazar solmaydi», deyilgan.

Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ilm o‘rganing, ilm uchun sakinat va viqorni ham o‘rganing. Va sizlarga ilm o‘rgatayotganlarga tavoze’ bilan o‘zingizni past tuting!” (Imom Tabaroniy “al-Avsat”da rivoyat qilgan).

Muallimga kibr qilish, uni mensimaslik tuban xulq hamda nifoq alomatlaridan hisoblanadi. Imom Tabaroniy “Al-Kabir”da rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Uch toifa inson borki, ularni faqat munofiqgina xorlaydi: Islomda mo‘ysafid bo‘lgan qariya, ilm sohibi va odil rahbar”.

Ustoz va muallimga o‘zni past tutib, hokisor bo‘lish najot eshigi, ilm tahsil qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dinimiz shunga buyuradi, shunga o‘rgatadi. Bu ustozlarning shogirdlari ustidagi haqlaridandir.

Imom Navaviy rahimahulloh aytadilar: “O‘quvchi muallimiga itoatkor va royish bo‘lishi, uning so‘ziga quloq solib, o‘z ishlarida u bilan maslahatlashib turishi va oqil bemor samimiy va mohir tabib so‘zini qabul qilganidek u ham o‘z muallimining so‘zini qabul qilmog‘i lozim. Shuningdek, muallimiga ehtirom ko‘zi bilan boqishi, uning o‘z ishida komil iqtidor va malaka sohibi ekanligi va boshqa ustozlardan ustunligiga ishonishi lozim. Ana shunda undan manfaat olishi oson bo‘ladi”.

Olimlarimiz aytadilarki, talaba o‘z ustozining kamoli ahliyat va iqtidor sohibi ekanligiga, o‘z ishining mohir mutaxassisi ekanligiga e’tiqod qilib, ishonishi kerak. U haqda faqat yaxshi fikrda bo‘lishi lozim. Agarchi, ustozidan diyonatga ochiq-oydin ters keladigan xatti-harakatni ko‘rib qolsa ham uni faqat yaxshilikka yo‘yib, yaxshi gumonda bo‘lishi kerak. Aks holda uning barakasidan mahrum bo‘ladi.

Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi osmon ilmini o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamaganidan so‘ng aytibdi:

– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi hamki dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli…

Shunda ustoz:

– Men senga bajonidil dars berardim-u, lekin sen huzurimga kelganingdagi “bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor”, degan kibr-havoying hali ham ketmadi. Men bir idishga qachonki u bo‘sh bo‘lsagina suv quyaman. Afsus, sening kallang havo bilan to‘lib qolgan ekan, – deb javob qilibdi.

Imom Qurtubiy rahimahulloh dedilarki: "Agar mutakabbir kishini ko‘rsang bilginki, uning namozi kam yoki undan butunlay mahrum bo‘lgan. Chunki kibr bilan ko‘p sajda qilish birga jamlanmaydi".

Rivoyat qilishlaricha: Bir kishinikiga mehmon kelib qoldi. Uyda mehmonga qo‘yadigan hech vaqo yo‘q edi. U bir litr qatiq olib kelib, besh litr suv qo‘shib, tuz va muz solib, ayron tayyorladi. Bir litr qatiq besh litr suvni qabul qilib, totli ichimlikka aylandi. Agar o‘sha qatiqqa bir tomchi benzin tushib ketganida uni ichib bo‘lmas edi.

Xuddi shuningdek, salgina takabburlik ham amalni buzib yuboradi. Mutakabbir kimsa Allohdan to‘siladi, xaloyiq tomonidan nafratga uchraydi. Alloh taolo bu haqda «Chunki ularga yolg‘iz Allohdan boshqa iloh yo‘q deyilgan vaqtda kibr-havo qilgan edilar», degan (Soffot surasi, 35 oyat).

Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Javvaz ham, ja’zariy ham jannatga kirmaydi", dedilar.

* «Javvaz – muomalasi qo‘pol odam».

* Ja’zariy – mutakabbir, qilmagan ishi bilan faxrlanuvchi.

Ba’zi bir kishilar ibodat miqyosidagi ma’naviy va moddiy amallarni qilib, (haj, umra va masjid yoki yo‘l qurib) kibrlanib, maqtanib boshqa kishilarni bunday ishlarni amalga oshirmaganlikda ayblab, o‘zlarini ulardan yuqori olishadi. Aslida ana shu ishlar xalqni puliga bajarilgan bo‘ladi. Bunday kimsalar aslida eng razil va pastkashlardir.

Alloh taolo aytadi: “Boshqalar esa gunohlarini e’tirof qildilar…”(Tavba surasi 102-oyat) Alloh taolo bizdan ma’sumlikni talab qilmadi. Aksincha, gunoh sodir bo‘lganida tavba va siniqlikni istadi.

Odam alayhissalom gunoh qilganida e’tirof qilib gunohiga istig‘for aytdi. Alloh uning tavbasini qabul qildi.

Iblis esa gunoh qilganida mutakabbirlik qildi, tavba qilmadi. Alloh undan yuz o‘girdi.

Kim gunoh qilib qo‘yib so‘ngra tavba qilsa qiyomatda Odam alayhissalom bilan tavba qiluvchilar karvonida bo‘ladi.

Kim gunoh qilib so‘ngra tavba qilmasdan mutakabbirlik qilsa Iblisning karvonida bo‘ladi.

Ortidan kibrni ergashtiruvchi bittagina gunoh, ortidan siniqlik, pushaymonlik va tavbani ergashtiruvchi mingta gunohdan og‘irroqdir.

Alloh taolo gunoh qilganida pushaymon bo‘lib tavba qiluvchilarga muhabbati o‘laroq O‘zini G‘ofur deya nomladi.

Bandalarini O‘z muhabbatiga targ‘ib qilish uchun O‘zini Vadud deya nomladi.

Sizni sindirib sizdagi ujbni ketkazadigan bitta gunoh, qalbingizni mag‘rurlanish va ujbga to‘ldiradigan toatdan yaxshidir, qaysidir ma’noda!


Ja’farxon SUFIYEV,
TII talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman
 “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.