DOVUD ALAYHISSALOM
Dovud alayhissalomning nasablari Yahuzo (Yahudo) ibn Ya’qub ibn Is'hoq ibn Ibrohimga bog‘lanadi. Nasab ilmi sohiblarining hammalari Dovud alayhissalomni Yahuzo ibn Ya’qub avlodidan ekanlariga ittifoq qilishgan.
Dovud alayhissalom payg‘ambar qilib yuborilishlaridan oldin Banu Isroil zaiflashib, shariat yo‘qolib, shirku xurofotlar keng tarqalib ketgan, ularning bu hollari yaqin qo‘shnilari tomonidan qulay fursat bilinib, yerlari bosib olingan edi. O‘sha paytda Banu Isroil bosqinchilarning chulmi ostida turli azoblarga giriftor bo‘lib, xoru zor qolda yashar edilar. Keyin avvalgi satrlarda bayon qilingan qodisalar bo‘lib o‘tdi. Yosh yigit Dovud Jolutni qatl qildi. So‘ng Alloh taolo unga mazkur fazllarni berdi.
Alloh taolo Dovud alayhissalomga ilohiy kitob ham berdi. Bu haqda Niso surasida:
«Dovudga esa Zaburni berdik» (163-oyat), deydi.
Tarixchilar: «Alloh taolodan Zabur berilgan, payg‘ambar bo‘lgan vaqtlarida Dovud alayhissalomning yoshlari qirqda edi», deyishadi. Zabur to‘rt ilohiy kitobning biri ekani hammaga ma’lum. Unda mav’izalar, ibratlar, zikr qilinadigan duolar jam bo‘lgan.
Dovud alayhissalomning ovozlari juda ham shirali bo‘lgan. U zot tilovat qilganlarida osmondagi qushlar ham to‘xtab qolar ekan.
Alloh taolo Dovud alayhissalomga yana bir qancha fazllarni ham bergan edi. Bu haqda Sod surasida so‘z boradi:
«Quvvat sohibi bo‘lgan bandamiz Dovudni esla. Albatta, u sertavbadir» (17-oyat).
Dovud alayhissalomga Alloh taolo har jihatdan quvvat bergan edi. U zot dinda baquvvat edilar. Kun oralab ro‘za tutar, kechaning yarmida uxlab, yarmida ibodat qilardilar. Podshoxdiklari ham kuchli edi.
«Albatta, u sertavbadir».
Ya’ni har bir narsada Alloxga tavba qiluvchidir. «Tavba» so‘zining lug‘aviy ma’nosi ham «qaytish»dir.
«Biz unga tog‘larni beminnat xizmatkor qilib qo‘ydik. Ular u bilan birga kechqurun va ertalab (Allohni) poklab yod etardilar. To‘plangan holdagi qushlarni ham. Barchalari U Zotga sertavbadirlar» (18-19-oyatlar).
Alloh taolo Dovud alayhissalomga tog‘larni bo‘ysundirib qo‘ygan, tog‘lar u zot bilan birga Alloh taoloni ertayu kech poklab yod etar edi.
Shuningdek, Alloh taolo Dovud alayhissalomga qushlarni ham bo‘ysundirib qo‘ygan edi. Ular ham u zotga qo‘shilib, Alloh taoloni ertayu kech poklab yod etishardi.
Buning ustiga,
«...unga podshohligini quvvatli qilib berdik hamda hikmatni va hal qiluvchi nutqni berdik» (20-oyat).
«...unga podshohligini quvvatli qilib berdik».
Dovud alayhissalom payg‘ambar bo‘lishlari bilan birga podshoh ham edilar. U zotning saltanatlarini Alloh taolo kuchli qilib qo‘ygan, askarlari ko‘p edi.
«...hamda hikmatni va hal qiluvchi nutqni berdik».
Biz Dovudga payg‘ambarlikni ham berdik. Yana unga talashib-tortishganlar orasidagi janjalni hal qilish hukmini berdik. U hech ikkilanmay hukm chiqarar edi.
Alloh taoloning Dovud alayhissalomga aytgan quyidagi so‘zlari ham odamlar orasida hukm chiqarishda ehtiyotkor bo‘lishni yana bir bor ta’kidlaydi:
«Ey Dovud, albatta Biz seni yer yuzida xalifa qildik. Bas, odamlar orasida haq ila hukm yurit. Havoyi nafsga ergashma! Yana u seni Allohning yo‘lidan adashtirmasin. Albatta, Allohning yo‘lidan adashadiganlarga unutganlari uchun Hisob kunida shiddatli azob bordir» (26-oyat).
Inson zoti aslida Alloh taoloning yer yuzidagi xalifasi (o‘rinbosari) hisoblanadi. Bu haqiqat boshqa oyatlarda alohida ta’kidlangan. Ushbu oyatda esa zimmasiga odamlar orasida hukm qilish mas’uliyati yuklangan Dovud alayhissalomga o‘xshash insonlarga xalifalik yana ham og‘ir ekani ta’kidlanmoqda.
«Ey Dovud, albatta Biz seni yer yuzida xalifa qildik». Ya’ni biz seni yer yuzida O‘zimizga o‘rinbosar qilib qo‘ydik. Sen u yerda odamlarning ba’zi ishlarini boshqarasan. Bu senga juda katta mas’uliyatdir. Uni ado etishda ehtiyot bul.
«Bas, odamlar orasida haq ila xukm yurit».
Shunday ekan, Allohning bandalari orasida adolat bilan hukm yurit.
«Havoyi nafsga ergashma!»
O‘zingning nafsingdan chiqadigan o‘y-fikrlarga ergashma.
«Yana u seni Allohning yo‘lidan adashtirmasin».
Havoyi nafsiga ergashish doimo Allohning yo‘lidan adashishga olib kelgan.
«Albatta, Allohning yo‘lidan adashadiganlarga unutganlari uchun Hisob kunida shiddatli azob bordir».
Havoyi nafsga ergashish Allohning yo‘lidan adashishga, bu esa o‘z navbatida, Allohni unutishga olib keladi. Allohning yo‘lidan adashish degani Allohni unutish deganidir. Bo‘lmasa, Allohning hukmlari turganda boshqa hukm yuritilarmidi?! Allohning hukmidan yuz o‘girganlarga shiddatli azob bordir.
Alloh taolo O‘z inoyatiga olgan bandalarini esa xuddi Dovud alayhissalom singari avvaldayoq ogohlantirib qo‘yadi.
Alloh taolo Saba’ surasida O‘z payg‘ambari Dovud alayhissalomga bergan narsalari haqida quyidagilarni aytadi:
«Batahqiq, Biz Dovudga O‘zimizdan fazl berdik. «Ey tog‘lar, u bilan birga (tasbehni) qaytaring va qushlar ham» (dedik). Unga temirni yumshoq qildik» (10-oyat).
Dovud alayhissalom Alloh taologa itoatli bandalardan bo‘lganlari uchun oyatda Alloh taodoning O‘zi u zotga boshqalarda yo‘q narsalarni bergani haqida xabar bermoqda.
«Batahqiq, Biz Dovudga O‘zimizdan fazl berdik».
Pag‘ambarlik ato etgani, ilohiy kitob bo‘lmish Zaburni nozil qilgani, Tog‘larni va qushlarni u zotga xizmatkor qilib qo‘ygani, temirni yumshatib bergani va boshqa narsalar Alloh taolo Dovud alayhissalomga ato etgan mo‘jizalardir. Ulardan ba’zisi ushbu oyatda zikr qilinmoqda.
«Ey tog‘lar, u bilan birga (tasbehni) qaytaring va qushlar ham».
Dovud alayhissalom Alloh taoloni poklab tasbeh aytganlarida, Zaburni tilovat etgan paytlarida tog‘u toshlar ham, qushu hayvonlar ham u zotga qo‘shilar edi. «Unga temirni yumshoq qildik».
Alloh taolo Dovud alayhissalomga temirni xamirdek yumshoq qilib bergan edi. U zot temirni olovga solib toblamasdan ham, bolg‘a bilan urmasdan ham, nimani xohlasalar, o‘shani qo‘llari bilan yasay olar edilar.
«...va (unga) «Sovutlar qilgin va bichimini o‘lchovli qil. Solih amallar qilinglar. Albatta, Men nima amal qilayottaningizni ko‘rib turuvchiman» (dedik)» (11-oyat).
Ya’ni «Biz Dovudga: «O‘zingga berilgan xamirdek yumshoq temirdan sovut yasagin. O‘sha sovutlarning bichimini o‘lchovli qilgin», dedik. Sovut Dovud alayhissalomgacha bir butun to‘siq shaklida yasalar ekan. Alloh taolo Dovud alayhissalomga ilhom bergach, u zot sovutni halqalardan ulab, kiyim shaklida yasaydigan bo‘lgan ekanlar. Oyatdagi «bichimini o‘lchovli qil» degani «O‘sha sovutning halqalarini bir-biriga moslab, o‘lchovli qil» degan ma’noni anglatadi.
Ayni paytda Alloh taolo Dovud alayhissalom va u zotning ahdlariga xitoban «Solih amallar qilinglar», demoqda.
Ya’ni «Sizlarga shunchalik fazlni berib qo‘ydim. Bu esa sizlarning yaxshi amallar qilishingizni taqozo etadi. Bu ishda nuqsonga yo‘l qo‘ya ko‘rmanglar».
«Men nima amal qilayotganingizni yaxshi ko‘rib turuvchiman».
Qilgan amalingizga yarasha mukofot yoki jazo beriladi.
Alloh subhanahu va taolo u zotning ortidan ham mulkda, ham payg‘ambarlikda o‘g‘illari Sulaymon alayhissalomning qolishini ixtiyor qildi. Dovud alayhissalom va Sulaymon alayhissalomlarning rahbarlik va nubuvvat davrlari farovonlik, barqarorlik davri bo‘lib, ibroniy xalqlar juda yaxshi yashab o‘tishga imkon topishdi.
Dovud alayhissalom miloddan avvalgi X asrda 100 yoshlarida olamdan o‘tdilar va Baytul maqdisdan Ramlaga boradigan yo‘lning o‘ng tomonidagi toqqa dafn etildilar.
SULAYMON ALAYHISSALOM
Sulaymon alayhissalom Banu Isroilga yuborilgan nabiylardan biri bo‘lib, Dovud alayhissalomning o‘g‘illaridir. Sulaymon alayhissalomga ham, xuddi otalariga berilganidek, podshohlik bilan payg‘ambarlik qo‘shib berilgan. Bu haqda Alloh taolo Naml surasida quyidagilarni aytadi:
«Sulaymon Dovudga voris bo‘ldi va: «Ey odamlar, bizga qush tili o‘rgatildi va har bir narsadan berildi. Bu, albatta, ochiq-oydin fazldir», dedi» (16-oyat).
Ushbu oyatdagi «vorislik» otaning vafotidan keyin undan qolgan mol-mulkka nisbatan oddiy vorislik emas, balki ilmga vorislikdir.
Sulaymon alayhissalomga otalaridan mazkur ilm meros qilib berilgan paytda u kishi yosh edilar. Shunga qaramay, o‘zlaridagi Alloh taolo tomonidan ato etilgan iqtidor ila otalarining mulkini oqilona idora qila boshladilar. Podshoh bo‘lganlaridan so‘ng to‘rt yil o‘tgach, otalarining vasiyatlariga amal qilib, Baytul maqdisni qurishni boshladilar. Katta miqdorda mablag‘ sarflab, bu qurilishni yetti yilda nihoyasiga yetkazdilar. Shahar atrofiga aylantirib qo‘rg‘on qurdilar.
U zot yosh bo‘lsalar ham, Alloh taolo bergan fazl va hikmat ila otalarining tiriklik chog‘idayoq ko‘zga ko‘rinib qolgan edilar.
Bir kuni o‘z davrining payg‘ambari va podshohi bo‘lmish Dovud alayhissalomning huzurlariga ikki kishi oralarida hukm chiqarilishini so‘rab kelishdi. Ulardan biri ekinzor sohibi, ikkinchisi qo‘ylar suruvining egasi edi.
Dovud alayhissalom qo‘ylarning kechasi tarqalib, ekinzorni payxon qilgani, yeb bitirgani haqidagi ikki tomonning gapini eshitib bo‘lgach, qo‘ylarning ekinzor egasiga berilishi kerakligi haqida hukm chiqardilar.
Payxon qilinib, yo‘q bo‘lgan ekinzor o‘rniga uni payxon qilgan qo‘ylarni olib berish bir qarashda ayni adolat edi. Ushbu hukm chiqarilgach, qo‘ylarning egasi uyiga qaytayotib, yo‘lda Sulaymon alayhissalomni uchratib qoldi va bo‘lgan voqeani u zotga aytib berdi.
Shunda Sulaymon alayhissalom otalari Dovud alayhissalomning huzurlariga kirib: «Ey Allohning nabiysi, hukm siz chiqargan hukmdek bo‘lmasligi kerak edi», dedilar. Dovud alayhissalom: «Qanday bo‘lishi kerak edi?» deb so‘radilar. Sulaymon alayhissalom: «Qo‘ylarni ekinzorning egasiga bering, u foydalanib tursin. Ekinzorni esa qo‘ylarning egasiga bering, uni tuzatib, asl holiga keltirsin. So‘ng har kim o‘z narsasini qaytarib oladi. Ekinzor egasi ekinzorini eski holiga kelganidan so‘ng qaytarib oladi. Qo‘ylarning egasi ham ana o‘shanda qo‘ylarini qaytarib oladi», dedilar. Shunda Dovud alayhissalom: «Hukm sen chiqargan hukmdir», dedilar.
Alloh taolo Dovud alayhissalomga bergani kabi Sulaymon alayhissalomga ham ko‘pgina fazllarni berdi. Bu fazllar Sulaymon alayhissalom uchun mo‘jizalar edi. O‘sha fazllarning ba’zilari haqida Sod surasida shunday marhamat qilingan:
«Unga shamolni beminnat xizmatkor qilib qo‘ydik, uning amri bilan u iroda qilgan tomonga mayin esaveradi. Yana barcha binokor va g‘avvos shaytonlarni ham. Boshqalarini ham kishanlangan holda to‘plab (bo‘ysundirdik)» (36-38-oyatlar).
Sulaymon alayhissalomga Alloh taolo tomonidan berilgan fazllar haqida Saba’ surasida quyidagilar aytiladi:
«...va Sulaymonga shamolni (berdik). Uning (shamolning) ertalab ketishi bir oylik, kechqurun qaytishi bir oylik yo‘l edi. Unga mis bulog‘ini oqizib qo‘ydik na jinlardan Robbining izni ila uning huzurida ishlaydiganlari bor edi. Ulardan kim amrimizdan chiqsa, unga qattiq olov azobini tottiramiz» (12-oyat).
Ya’ni Sulaymon alayhissalomga berilgan o‘sha shamol ertalabdan tushgacha bir oylik yo‘lni, tushdan kechqurungacha yana bir oylik yo‘lni bosib o‘tar, bir kunda ikki oylik yo‘lni yurib qo‘yar edi.
«Ular (jinlar) unga mehroblar, haykallar, hovuzlar kabi laganlar va sobit qozonlardan xohlaganini qilib berishar edi. Ey Oli Dovud, shukr kilinglar! Bandalarimdan shukr qiluvchilari ozdir» (13-oyat).
Ha, bu narsalar Alloh taolo tomonidan Sulaymon alayhissalomga berilgan fazldir.
Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga jinlardan ham, insonlardan ham, qushlardan ham lashkar berdi. Albatta, u zotga dunyodagi hamma odamlar emas, balki o‘zlari yashab turgan joydagi ma’lum bir kishilar askar bo‘lishgan. Shuningdek, jinlar va qushlardan ham ma’lum miqdori u zotga askarlik qilganlar.
Ushbu oyatda ana shu askarlarning Sulaymon alayhissalom huzurlarida saf tortib, tizilib turganlari vasf qilinmokda. Demak, ular muhim bir safar oldidan shu tarzda tizilib, yo‘lga tushganlar.
Sulaymon alayhissalomga berilgan fazllar haqida Naml surasida ham so‘z yuritilgani yuqorida aytildi. Ushbu surada u zot bilan bo‘lib o‘tgan quyidagi hodisalarning bayoni kelgan. Sulaymon alayhissalom o‘zlarining jin, inson va qushlardan iborat askarlari bilan yurib borayotgan edilar.
«Ular chumolilar vodiysiga kelganlarida bir chumoli: «Ey chumolilar, maskanlaringga kiringlar, Sulaymon va uning askarlari bilmasdan sizlarni ezib yubormasin», dedi» (18-oyat).
Odatda to‘p-to‘p askarlar saf bo‘lib o‘tganlarida uncha-buncha narsaga e’tibor bermay, duch kelgan narsani oyoqosti qilib ketaveradilar.
«Ular chumolilar vodiysiga kelganlarida...»
Ya’ni chumolilar yashaydigan joyga yetganlarida...
O‘sha chumoli, ehtimol, chumolilar vodiysining xavf-xatardan ogohlantiruvchi mas’uli bo‘lgandir. Shu sababli u ularga inlariga kirib turishni maslahat berdi. Uning bu gaplarini Sulaymon alayhissalom ham eshitdilar va
«...uning so‘zidan tabassum qildi va: «Robbim, menga va ota-onamga bergan ne’matlaringga shukr etishimni va Sen rozi bo‘ladigan solih amallar qilishimni nasib qilgin va rahmating ila meni solih bandalaringga qo‘shgin», dedi» (19-oyat).
Sulaymon alayhissalom chumolining so‘zlarini eshitib jilmaydilar. Darhaqiqat, kichik bir jonzotning shunchalik ziyrak va hushyor bo‘lishi, boshqalarining bu boshliqqa itoat qilishi ajoyib holat edi. Shu bilan birga, chumolilarning gaplarini eshitish, tushunish yana ham ajoyib va kishini quvontiradigan ish. Bu Allohning ne’mati edi. Shuning uchun ham Sulaymon alayhissalom darhol shukr keltirdilar:
«Robbim, menga va ota-onamga bergan ne’matlaringga shukr etishimni va Sen rozi bo‘ladigan solih amallar qilishimni nasib qilgin».
Shuningdek, Alloh rozi bo‘ladigan solih amallar qilishga muyassar bo‘lish ham katta fazldir. Unga ham Allohga sidqidildan shukr qila oladiganlar muyassar bo‘la oladilar, xolos.
«...rahmating ila meni solih bandalaringga qo‘shgin».
Shundan keyin askarlar yana saf tortishdi. Sulaymon alayhissalom ularni birin-ketin ko‘zdan kechira boshladilar.
«U qushlarni tekshirdi-da, dedi: «Nega Hudhudni ko‘rmayotirman yoki u g‘oyiblardan bo‘ldimi?» (20-oyat)
Sulaymon alayhissalom lashkarni tekshirib kelib, qushlar bo‘limiga yetganlarida safda Hudhud (popishak) yo‘qligini payqab qoldilar.
«Nega men Hudhudni ko‘rmayotirman yoki u g‘oyiblardan bo‘ldimi?» dedilar.
So‘ng Sulaymon alayhissalom qattiq ohangda dedilar:
«Yo men uni shiddatli azob-la azoblarman yoki so‘yib yuboraman, yo u menga ochiq-oydin hujjat keltiradi» (21-oyat).
Bu qilgan ishi uchun Hudhudga albatta shiddatli azob beraman. Bir yo‘la so‘yib yuborishim ham mumkin. Yoki bo‘lmasa uzrini tasdiqlovchi arzirli hujjat keltirishi shart.
«Ko‘p o‘tmay, u kelib dedi: «Men sen bilmagan narsani bildim va senga Saba’dan ishonchli bir xabar olib keldim» (22-oyat).
Saba’ Arabiston yarimorolining janubida, Yamanda joylashgan bir mamlakat edi. Hudhud ana o‘sha yerdan o‘ta muhim – ham payg‘ambar, ham podshoh, ham insu jin va qushlardan iborat lashkarga bosh bo‘la turib, Sulaymon alayhissalom bilmagan – bir xabarni keltirganini aytdi. So‘ng Hudhud to‘xtamay, so‘zida davom etdi:
«Men bir ayolni ko‘rib qoldim. U ularning malikasi ekan. Unga har narsadan berilgan ekan. Hamda uning ulug‘ taxti bor ekan. Men uning va qavmining Allohni qo‘yib, quyoshga sajda qilayotganlarini va shayton ularga amallarini ziynatlab, yo‘ldan to‘sayotganini ko‘rdim. Bas, ular hidoyat topmaslar» (23-24-oyatlar).
Hudhud muhim xabarni aytib bo‘ldi.
Sulaymon alayhissalom Hudhudga: «Sening gaping asosida darhol bir hukm chiqarishga oshiqmaymiz, keltirgan xabaring rostmi yoki yolg‘on ekanini tekshirib ko‘ramiz», dedilar.
So‘ng bir xat yozib, muhr bosib, Hudhudga berdilar. Hud-hud maktubni olib yo‘lga chiqdi. Saba’ mamlakatiga yetib kelib, saroyga yaqin joyga maktubni tashlab qo‘ydi va o‘zi chetga chiqib turdi. Bu maktub qanday qilib malikaning qo‘liga tushgani surada aytilmagan. Gap malikaning maktubni olib, u haqda a’yonlariga xabar berayotgan joyidan davom etadi.
Malika a’yonlariga maktub haqida xabar berdi. U odamlari bilan maslahatlashib ish ko‘rar edi. Shu bilan birga, malika o‘zi sezgan belgilar asosida maktubning karomatli ekanini ham aytib, maslahat so‘ragan edi, a’yonlar biror fikr aytishdan o‘zlarini olib qochishdi.
Ana shundan keyin malika o‘z qarorini aytdi:
«Podshohlar biror shahar-qishloqqa kirsalar, uni vayron qilurlar va uning aziz ahllarini xor qilurlar. Ana shunday qilurlar. Men ularga bir hadya yuborurman, ko‘ray-chi, elchilar nima bilan qaytar ekanlar» (34-35-oyatlar).
Saba’ malikasining elchisi hadyani olib kelib, Sulaymon alayhissalomga taqdim etdi. Bu ish u zotga yoqmadi. Allohning yo‘liga qilgan da’vatlarini qabul qilish o‘rniga mol-dunyo bilan ko‘ngillarini olishga urinayotganlaridan achchiqlari chiqdi. Elchiga qarab:
«Menga mol-dunyo ila madad bermoqchimisiz?! Bas, Alloh menga bergan narsa sizga bergan narsadan yaxshidir...» (36-oyat) dedilar.
Elchi qaytib borib, bo‘lgan voqeani aytdi.
So‘ng Sulaymon adayhissalom Saba’ malikasining o‘z odamlari bilan kelayotganidan xabardor bo‘ldilar. Shunda u zot:
«Ey a’yonlar! Ular menga taslim bo‘lib kelishlaridan oldin qaysingiz huzurimga uning taxtini keltira oladi?» dedi» (38-oyat).
Saba’ malikasi o‘z odamlari bilan yo‘lga chiqibdi. Ular bu yoqqa kelishmoqda. Sizlardan qay biringiz ular menga taslim bo‘lib yetib kelishlaridan avval huzurimga malikaning taxtini yetkazib kela oladi?
«Jinlardan bo‘lgan ifrit: «Men uni senga maqomingdan turguningcha keltirurman. Men bunga quvvatli va ishonchliman», dedi» (39-oyat).
Arab tilida yomonlikda uchiga chiqqan va quvvatli jin-shayton «ifrit» deyiladi. Bu so‘z shaytonga o‘xshash odamga iisbatan ham ishlatiladi. Sulaymon alayhissalomning mazkur gaplaridan keyin u zotning askarlaridan bo‘lgan ifrit: «Men uni senga maqomingdan turguningcha keltirurman. Men bunga quvvatli va ishonchliman», dedi». Aftidan, uning bu gapi Sulaymon alayhissalomga yoqmadi. Shunda:
«Kitobdan ilmi bor zot: «Men uni senga ko‘zingni ochib yumguningcha keltirurman», dedi. (Sulaymon) uning o‘z huzurida qaror topganini ko‘rgach, «Bu Robbimning fazlidandir. Men shukr kilamanmi yoki noshukrlik qilamanmi, sinash uchundir. Kim shukr keltirsa, o‘zi uchungina shukr qilur. Kim noshukrlik qilsa, Robbim g‘aniydir, karamlidir», dedi» (40-oyat).
Ulamolarimiz ushbu oyati karimada zikr qilingan «kitobdan ilmi bor zot»ning kimligi haqida ko‘pgina fikrlarni ilgari surishgan. Jumladan, «U Tavrotni, Ismul a’zamni biladigan shaxs edi», «Ismi Osaf ibn Barxiyo edi», «Lavhul mahfuzdan xabari bor edi» degan gaplarni aytishgan. Lekin Qur’oni Karim yoki Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari biror narsa aytmaganlaridan keyin, boshqa biror ishonchli ilmiy dalil bo‘lmagach, Qur’on iborasi bilan kifoyalanib, Alloh o‘sha shaxsni «kitobdan ilmi bor» deb aytibdi, u yog‘ini O‘zi biladi, deyishimiz to‘g‘riroqdir.
Ba’zi bir ulamolar esa: «Kitobdan ilmi bor zot» Sulaymon alayhissalomning o‘zlari», deyishgan. Agar shunday bo‘lganida, oyatda zikr qilinar edi. Zikr qilinmabdimi, demak, u boshqa shaxs.
Xullasi kalom, ifritdan keyin «kitobdan ilmi bor zot» Sulaymon alayhissalomga:
«Men uni senga ko‘zingni ochib yumguningcha keltirurman», dedi».
«Men ifritga o‘xshab, ishni cho‘zib o‘tirmayman».
Demak, Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga qo‘lidan shunchalik ishlar keladigan maxluqotlarni ham askar qilib qo‘ygan ekan.
Darhaqiqat, shunday bo‘ldi ham. Malikaning taxti keltirildi.
«(Sulaymon) uning o‘z huzurida qaror topganini ko‘rgach: «Bu Robbimning fazlidandir», dedi.
Bir zumda ro‘y bergan bu hodisa Sulaymon alayhissalomni shoshirib qo‘ymadi. O‘sha g‘aroyib ishni amalga oshirgan ilmli shaxs o‘z askarlaridan ekani u zotni g‘ururlantirib yubormadi. Huzurlarida Saba’ malikasining taxti turganini ko‘rib, tug‘yonga ham bormadilar. Darhol dillariga, tillariga «Bu Robbimning fazlidandir» degan fikr, so‘z keldi.
Saba’ malikasi yaqinlashganda, Sulaymon alayhissalom dedilar:
«Uning taxtini tanimaydigan qilib qo‘ying. Ko‘raylik-chi, (malika) uni tanirmi yoki tanimaydiganlardan bo‘lurmi?» (41-oyat)
Saba’ malikasi taxtni ko‘rib, o‘zinikiga o‘xshatdi. Meniki deyin desa, Saba’da qolgan taxt o‘zidan oldin qanday qilib bu yerda paydo bo‘ladi? Meniki emas deyin desa, o‘zinikidan hech farqi yo‘q. Shuning uchun: «Xuddi o‘shaning o‘zi» (42-oyat) deb ikki tomonga bursa ham bo‘laveradigan javob qildi.
Sulaymon alayhissalom Saba’ malikasiga mo‘jiza ketidan mo‘jiza ko‘rsatishda davom etdilar. Bu safar ajoyib saroyni ko‘rsatib: «Unga «Saroyga kir», deyildi» (44-oyat). Malika saroyni ko‘rgan chog‘ida uning maydonini suv deb o‘ylab, kiyimi ho‘l bo‘lmasligi uchun etaklarini ko‘tarib oyoqlarini ochdi. Malikaning bu holini ko‘rgan Sulaymon alayhissalom unga izoh berib: «Bu billurdan silliq qilib yasalgan saroy», dedi» (44-oyat).
Ana shunda malika ro‘y berayotgan hodisalar oddiy emasligiga, balki Alloh yuborgan payg‘ambarning mo‘jizalari ekaniga ishonch hosil qildi. Alloh taoloning qudratiga tan berdi.
Qur’oni Karimda qissalari kelgan payg‘ambarlardan faqat Sulaymon alayhissalomninggina vafotlari qanday bo‘lgani oyat ila bayon qilingan. Bu vafotda ham hamma uchun katta ibrat borligi uchun shunday qilingan bo‘lsa, ajab emas. Alloh taolo Saba’ surasida quyidagilarni aytadi:
«Biz unga o‘limni hukm etganimizda, asosini yeyayotgan yog‘och qurtidan boshqa hech bir narsa uning o‘limi haqida dalolat qilmadi. Yiqilganida, jinlarga – agar ular g‘aybni bilganlarida – xorlovchi azobda qolmagan bo‘lishlari ayon bo‘ldi» (14-oyat).
Alloh taolo Sulaymon alayhissalomning jonlarini u zot jinlarni ishlatib qo‘yib, asolariga suyanib turganlarida olgan. Jinlar esa «Sulaymon kuzatib turibdi» deb, qo‘rqqanlaridan mashaqqatli ishlarida davom etaverganlar. Alloh taoloning irodasi bilan bir yog‘och qurti Sulaymon alayhissalom suyanib turgan asoni yeya boshlagan. Qurt asoni ma’lum miqdorda yeganidan keyin asoning tayanch nuqtasiga futur yetib, joyidan surilgan va Sulaymon alayhissalom yerga yiqilganlar. O‘shandagina jinlar o‘z da’volariga qarshi o‘laroq, g‘ayb ilmini bilmasliklarini tushunib yetishgan, ana shundagina jinlarga –
«agar ular g‘aybni bilganlarida – xorlovchi azobda qolmagan bo‘lishlari ayon bo‘ldi».
Holbuki, ba’zi odamlar o‘sha ojiz jinlarga ibodat qilib, ularni «G‘aybni biladilar» deb ulug‘lamoqdalar.
O‘shanda Sulaymon alayhissalom ellik uch yoshda bo‘lgan ekanlar (mil. avv. 985-932 yillar). U zot Baytul makdisga dafn etilganlar.
Sulaymon alayhissalom qirq yil podshohlik qilib, yer yuzida Allohning shariatini yo‘lga qo‘ydilar. U zotning vafotlaridan keyin o‘rinlariga o‘g‘illari Rohba’om podshoh bo‘ldi. U kishidan so‘ng Banu Isroil zaiflashdi, fasodlari yanada ortdi.
ISHA’Yo ALAYHISSALOM
Isha’yo[1] alayhissalom miloddan avvalgi VII asrda yashab o‘tgan nabiylardan biridirlar.
Kaldoniylar Baytul maqdisga o‘zlarining podshohlari Sanhorib boshchiligida kirmoqchi bo‘lishdi. Alloh taolo ularni mazkur Isha’yo alayhissalomning duolari sababli halokatga uchratdi. Shundan so‘ng Banu Isroilning yomonliklari va fasodlari yana ham ortdi, ular o‘z nabiylari va xaloskorlari bo‘lmish Isha’yo alayhissalomni qatl qilishdi. Alloh taolo u kishidan keyin Armiyo[2] alayhissalom va boshqa nabiylarni yubordi. Banu Isroil esa o‘z nabiylarini yolg‘onchiga chiqarish va jonlariga qasd qilishda davom etishdi.
KЕYINGI MAVZULAR:
Baytul maqdisning xarob bo‘lishi;
Yevropa tamaddunining boshlanishi;
Banu Isroil tarixining davomi;
Zakariyo alayhissalom;
Yahyo alayhissalom;
Iyso alayhissalom.
[1] «Isha’yo» ismi arab tilida yana «Ash’iyo, Sha’yo, Sha’iyo, Shi’yo, Shu’yo, Shu’ayo» tarzida ham talaffuz qilinadi, ruschada esa «Isayya» deb o‘qiladi.
[2] Ruschada «Iyeremiya» (mil. avv. VII-VI asrlar) shaklida uchraydi.
Imom Termiziy va imom Dorimiyning “Sunan”lariga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan qimirlamaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshlikda nima amal qilgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani (haqida va) olgan ilmiga qay darajada amal qilgani to‘g‘risida”, dedilar.