Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining oxiriga kelganda, Qur’oni Karim oyatlari tushishi ham oxiriga yetib qoldi. Keyingi bosqichdagi oyatlarning aksariyati hukmlarga tegishli edi. Turli qabila va yurt odamlari Islomni qabul qilishdi. Yangi musulmonlar qarshisida deyarli yigirma uch yil davomida tushib to‘plangan oyatlarni o‘qib-o‘rganish, ularga amal qilish, shariat ahkomlarini o‘z hayotlarida tatbiq qilish vazifasi turar edi. Tabiiyki, yosh sahobalar o‘zlaridan kattalardan, yangi musulmonlar eskilaridan sha’riy masalalarini so‘ray boshlashdi.
Bu ishlarda ba’zi sahobalar o‘z ilmlari, topqirliklari bilan boshqalardan ajralib chiqdilar. Ulamolarimiz fiqh bilan mashhur bo‘lgan to‘rt xalifani, Abdulloh ibn Ma’sud, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Amr ibn Oss, Zayd ibn Sobit va Oisha onamiz roziyallohu anhumni misol qilib keltiradilar.
Shuningdek Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aholisi musulmon bo‘lgan uzoqroq yurtlarga o‘z vakillarini, o‘sha yerdagilarga shariat ahkomlarini o‘rgatish, ularning hayotida oriz bo‘ladigan masalalarni hal etish uchun yubora boshladilar.
Jumladn, Yamanga Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni yuborishni iroda qildilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu o‘z ish joylariga jo‘nab ketayotganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishini to‘xtatib, “U yerda senga bir masala oriz bo‘lsa, qanday qilib hukm chiqarasan?” deb so‘radilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu “Allohning Kitobi ila”, deb javob berdilar. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: “Allohning Kitobidan topa olmasangchi?” deb so‘radilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu “Allohning payg‘ambari sunnati ila”, deb javob berdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohning payg‘ambari sunnatidan ham topa olmasangchi?” deb so‘radilar. Shunda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu qarab turmasdan, “Fikrim ila ijtihod qilaman”, dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu javoblardan g‘oyat mamnun bo‘ldilar va: “Alloh rasulining vakilini, Allohni va rasulini rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”, dedilar.
Barcha hadis kitoblarida keltirilgan ushbu mashhur voqea asrlar davomida faqihlarimizni yangidan-yangi ilmiy cho‘qqilarga, izlanishlarga chorlashi bilan birga, Qur’oni Karim oyatlari, boshqa hadislar bilan bir qatorda fiqh ilmiga hujjat va dalil bo‘lib kelmoqda.
Birinchi hijriy asrning ikkinchi yarmi va ikkinchi hijriy asrda Islom dini dunyo bo‘ylab keng tarqaldi. Turli arab bo‘lmagan xalqlar ham musulmon bo‘ldilar. Tabiiyki, ular o‘zlariga Qur’oni Karim va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan shariat ahkomlarini chiqarib, tartibga solish imkoniga ega emaslar. Bir tarafdan til bilmaydilar, qolaversa, ilmlari yo‘q. Nima qilish kerak? Bilganlardan so‘rash kerak. Shunday qilib, asta-sekin kishilarga diniy hukmlarni o‘rgatadigan, ularning savollariga javob beradigan kishilar ajralib chiqa boshladi. Keyinchalik sharoit butun boshli kitoblar ta’lif qilish, masalalarni jamlab bayon qilishni ham taqozo qilib qoldi. Bu haqiqatni xalifa Abu Ja’far Mansur va Imom Molik oralarida bo‘lib o‘tgan hodisadan ham bilib olsak bo‘ladi. Imom Molik ibn Anas yoshliklarida Abu Ja’far Mansur bilan birga o‘qigan ekanlar. Katta bo‘lganlarida yo‘llari turlicha bo‘lib, Imom Molik ilmda, ayniqsa, fiqhda ulkan allomalik darajasiga yetib, hammaning hurmatiga sazovor bo‘ldilar. Og‘aynilari va hamdarslari bo‘lmish Abu Ja’far Mansur Imom Molik bilan majlis qurdi va u kishiga: “Yaqin orada men bilan sendan ilmliroq odam yo‘q, o‘zing ko‘rib turibsan, men mana shu ish ila mashg‘ul bo‘lib qoldim (ya’ni, xalifalik). Sen odamlarga diniy ishlarini yengillashtirib bersang”, dedi. Imom Molik rozi bo‘ldilar va “Muvatto” kitobini ta’lif qildilar. Yanagi haj mavsumida “Muvatto” kitobi bilan tanishgan xalifa Abu Ja’far Mansur qoyil qoldi va Imom Molikka: “Juda yaxshi qilibsan, agar xohlasang, hamma odamlarni shu kitobga jamlayman”, dedi. Imom Molik: “Yo‘q, unday qilma, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning sahobalari hamma yoqqa tarqalib ketishdi, ularning har biri o‘zi bilan yaxshilikni olib ketdi”, dedilar.
Ushbu qissadan ko‘rinib turibdiki, o‘sha davrda hatto davlat boshlig‘i ham kishilarga fiqhiy ko‘rsatmalar majmuasi lozimligini anglab yetgan. Ulamolar, jumladan, Imom Molikdek zabardast olim ham bu zaruratni tushunib yetganlar. Shuning uchun ham Islom olamining turli joylarida fiqh ulamolari yetishib chiqa boshladilar. Mazkur ulamolar o‘z ilmiy ishlarida fiqhiy ijtihodlariga to‘rtta narsani asosiy manba qilib olganlar.
Birinchisi: Qur’oni Karim. Faqih Islomda biror narsaning hukmi qanday ekanligini bilmoqchi bo‘lsa, avvalo Qur’onga murojaat qiladi. Unda nima hukm bo‘lsa, hech qanday ikkilanishsiz qabul qiladi.
Ikkinchisi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari. Agar faqih o‘sha masalaga javobni Qur’ondan topa olmasa, sunnatga murojaat qiladi. Uni topib hukmini bayon ham qiladi.
Uchinchisi: Ijmo’. Bu bir davrning ijtihod ahli bo‘lgan ulamolarning bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridir. Misol uchun, Qur’oni Karimni kitob shakliga keltirish zarurligi Qur’onning o‘zida ham, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ham ta’kidlanmagan. Ammo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng urushlarda Qur’onni yod biladigan qorilar ko‘plab shahid bo‘layotganidan tashvishlangan hazrati Umar roziyallohu anhuning takliflari bilan xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Qur’onni jamlashga amr berdilar. Bunga hamma rozi bo‘ldi, hech kim qarshi chiqmadi. Bu ish ijmo’ orqali amalga oshdi.
To‘rtinchisi: Qiyos. Ya’ni, avvalgi manbalarda hukmi kelmagan masalani, shunga o‘xshash manbalarda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish.
Misol uchun, Qur’onda xamr, ya’ni o‘sha vaqtda uzum, arpa, asal, xurmo kabi narsalarni achitish yo‘li bilan olinadigan mast qiluvchi ichimlik harom qilingan. Ulamolar shunga qiyoslab ulardan boshqa mast qiluvchi ichimliklarning barchasini harom deb ataganlar.
Faqihlarimiz suyanadigan yana ba’zi manbalar ham bor. Ular to‘rtta mazkur asosiy va qolgan yordamchi manbalarga suyangan holda ko‘p masalalarni hal qilganlar. O‘sha davrda ko‘plab faqihlar yetishib chiqqanlar. Ularning ko‘pchiligi o‘zlari dunyodan o‘tishlari bilan fiqhiy ishlari ham qolib ketgan. Ammo musulmonlar ommasiga keng tarqalgan, shogirdlari va orqasidan ergashuvchilari ko‘p bo‘lgan ulamolar fiqhiy mazhab sohiblari, deb tan olingan. Shulardan to‘rttalari butun dunyoga mashhur bo‘lganlar va ularning mazhablari musulmonlar jumhuri tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olingan. Bular quyidagi mazhablar:
“Fiqhiy mazhablarning ba’zi masalalarga oid ixtilofini taqozo qilgan ilmiy sabablari bor. Bu ishda Alloh Taoloning katta hikmati, jumladan, bandalariga rahmat va shar’iy dalillardan hukm chiqarishga keng yo‘l ochish bordir. So‘ngra bu narsa bir ne’mat va fiqhiy-qonuniy boylik bo‘lib, Islom ummatiga diniy va shar’iy ishlarda kenglik yaratib beradi. Shunda birgina, boshqasiga o‘tib bo‘lmaydigan shar’iy tatbiq ila chegaralanib qolinmaydi. Balki, ummatga ba’zi vaqtlarda va ishlarda faqih imomlardan birlarining mazhabi torlik qilib qolsa, boshqa mazhabda kenglik, yumshoqlik va osonlik topiladi. Mazkur narsa ibodatga, muomalotga yoki oila, mahkama va jinoiy ishlarga hamda hayotning boshqa sohalariga oid bo‘lishi mumkin. Mazhablarning ushbu ixtilofi-fiqhiy ixtilofdir. Bu dinimizning kamchiligi ham, dinimizdagi qarama-qarshilik ham emas. Bundoq ixtilofning bo‘lmasligi mumkin ham emas. O‘zining komil fiqhi, ijtihodi va qonuniy nizomiga ega bo‘lgan har bir ummatning fiqhiy ijtihodiy ixtilofi bo‘lmay iloji yo‘q”.
Albatta, jahondagi eng mo‘tabar islomiy tashkilotlardan biri bo‘lmish Robitai Olami Islomiyning Islom Fiqhi Akademiyasi kengashining ushbu bayonotidan keyin o‘zini bilgan har bir musulmonda fiqhiy mazhabni haq ekanligida va ularni ehtirom qilish zarurligida hech shubha qolmasligi lozim.
O‘zlarini “mazhabsiz” deb nomlagan Hindiston salafiylarining yetuk olimi Siddiq Hasanxon: “25 yillik hayot tajribamdan kelib chiqib aytamanki, omma xalq mazhabga amal qilmasa oxir oqibat dindan chiqar ekan” degan. Shayx Ramazon Butiy rahmatullohi alayh ham “Mazhabsizlik dinsizlikka ko‘prikdir” deganlar.
Bobojonov P
Shovot tumani Qarri Eshon bobo masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi.
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.
Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.
Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.
“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.
Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.
“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.
Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:
Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi.
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.
Davron NURMUHAMMAD