O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yurtimizning bir qator hududlarida bo‘lib, sohaga tegishli vaziflarning ijrosi, diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlar ko‘lami bilan tanishib, imom-xatiblar bilan suhbatlashmoqda. Shuningdek, safarlar davomida aholi vakillari bilan uchrashuvlar, turli xayriya va saxovat tadbirlari ham tashkil etilmoqda.
Bugun, 11 dekabr kuni muftiy hazratlari Usmonxon Alimov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov Samarqand viloyatiga tashriflarini boshladilar. Dastlabki manzil “Mehr 2”insonparvalik operatsiyasi orqali vatanga qaytarilgan bolalar bilan uchrashuv bo‘ldi.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.