Bugun, 10 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedovning Buxoroi sharif bo‘ylab safarlari boshlandi. Tashrifning avvali Bahouddin Naqshband majmuasidan boshlandi. Taomilga binoan o‘tganlarning ruhi poki haqiga Qur’on tilovat qilindi.
Muftiy hazratlari yurtimizning bir qator hududlarida bo‘lib, muhtaram Prezidentimiz tashriflari chog‘ida berilgan sohaga tegishli bir qator topshiriqlarning ijrosi, diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlar ko‘lami bilan tanishmoqdalar. Safarlar doirasida aholi vakillari bilan uchrashuvlar, turli xayriya va saxovat tadbirlari ham tashkil etilmoqda. Bu galgi safarda ham mana shunday ishlarga katta urg‘u berildi.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2017 yil 1 iyuldagi “Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga binoan bugun Buxoro ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi.
Davlatimiz rahbari shu yil 16 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashriflari chog‘ida ulamoyu fuzalolar, aziz avliyolar mangu qo‘nim topgan maskanlarni yanada obod etib, bu joylarda ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish borasida mutasaddilarga berilgan ko‘rsatmalar ijrosi bo‘yicha rejali ishlar qilinayotganiga guvoh bo‘lindi.
Ayni paytda yetti pir – Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband me’moriy majmualari yanada obod qilinyapti.
Buxoro safari jarayonlarini saytimizda kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV