Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

13.12.2019 y. O‘z joniga qasd qilish – ijtimoiy illat

9.12.2019   4614   18 min.
13.12.2019 y. O‘z joniga qasd qilish – ijtimoiy illat

 بســـــم الله الرحمن الرحيم  

O‘Z JONIGA QASD QILISH – IJTIMOIY ILLAT

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي خَلَقَ الْإِنْسَانَ وَكرَّمَهُ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي سنَّ الدِّينَ وَعَظَّمَهُ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

Hurmatli jamoat! Alloh taolo odam bolasiga juda ko‘p ne’matlar bergan, ularni sanab adog‘iga yeta olmaymiz. Shubhasiz, ular ichida eng qimmatli va muhimlaridan biri – hayot, tiriklik ne’matidir. Chunki bu ne’mat inson qolgan ne’matlarni qabul qilib olishiga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun tiriklikning qadriga yetish, uni asrab avaylash va, albatta, hayot ne’matining shukrini ado etish har bir kishining zimmasida vojibdir.

Ma’lumki, inson hayoti doim bir xil ne’matlar ichida kechmaydi – gohida yengil, gohida og‘ir, ba’zida xursandchilik, ba’zida musibat. Qur’oni karimda bu haqda shunday deyiladi:

لَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنْسَانَ فِي كَبَدٍ

ya’ni: “Haqiqatan, insonni (din va dunyo ishlarida mehnat va) mashaqqatda (bo‘lish uchun) yaratdik” (Balad surasi, 4-oyat).

Mashhur bobomiz Alisher Navoiy o‘z hikmatlarida: “Sakson yil yashash uchun sakson yillik sabr kerak”, – deganlar. Demak, inson balo va musibatlarga qarshi sabrni qalqon qilib olishi kerak. Chunki dinimizning ta’limoti bo‘yicha dunyoda yuz beradigan barcha ishlar Alloh taoloning xohish irodasi bilan bo‘ladi. Mo‘min-musulmon kishi hayot qiyinchiliklarini dunyoning sinovi ekani, har bir musibat, hatto tikanning kirishi ham ajrsiz qolmasligini biladi. U qiyinchiliklarga sabr-bardoshli bo‘ladi va savob umid qiladi. Musibat yetganda biz Allohning bandasi va unga qaytib borishimizni eslashimiz darkor. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ أُولَئِكَ عَلَيْهِمْ صَلَوَاتٌ مِنْ رَبِّهِمْ وَرَحْمَةٌ وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُهْتَدُونَ

ya’ni: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: «Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz», – deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir” (Baqara surasi, 155-oyat).

Demak, imonli kishilar hayotda hech qachon tushkunlikka tushmasligi kerak, balki yaxshilikdan umidvor bo‘lib, doim harakatda bo‘lishlari lozim. Afsuski, ahyon-ahyonda o‘z joniga qasd qilgan kishilar haqidagi so‘zlar qulog‘imizga chalinadi. Ayniqsa, bu kabi fojealar ayollar ichida ko‘p uchrab turishi achinarli holatdir. Bu gunohni oqlab bo‘lmaydi, lekin ma’lum bir qism ayollar o‘zlariga bo‘lgan zulm-zo‘ravonlik sababli bu ishga qo‘l urayotgani sir emas.

Shuni bilish kerakki, biror qiyinchilikdan qutilish yoki kimdandir norozi bo‘lib o‘z joniga qasd qilish – masalaning yechimi emas. Masalan, qarz yoki moliyaviy qiyinchilik sababli o‘z joniga qasd qilgan odam qarzidan qutilib qolmaydi. O‘z joniga qasd qilgan kishi gunohkor bo‘lishi bilan birga orqasida ota-onasi va yaqinlarini qattiq qayg‘uda qoldiradi. Aslida esa dinimizning talabi – farzand ularni xizmatlarini qilib, rozi va xursand qilishi kerak edi.

O‘z joniga qasd qilishning oxiratdagi oqibatlari yana ham yomonroqdir. Dinimiz ta’limotida insonning o‘z joniga qasd qilishi katta gunoh hisoblanadi. Bu haqda Qur’oni karimda Alloh taolo shunday deydi:

"لَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا"

ya’ni: “...O‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat).

Alloh taolo bandasiga omonat o‘laroq ato qilgan jon-tiriklikni faqat O‘zi xohlagan paytda qaytarib oladi. Jonni bandaning o‘zi olishga harakat qilishi – shoshilish va Alloh taoloning taqdiriga norozilikdir!

Bu gunohning yomonligini bildirish uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘tgan qavmlar hayotidan ham misol keltirdilar:

"كَانَ مِمَّنْ كَانَ قَبْلَكُمْ رَجُلٌ بِهِ جُرْحٌ فَجَزَعَ، فَأَخَذَ سِكِّيْنًا فَحَزَّ بِهَا يَدَهُ، فَمَا رَقَأَ الدَّمُ حَتَّى مَاتَ، قَالَ اللهُ تَعَالَى: "بادَرَني ابْنُ آدَمَ بنَفْسِهِ فَقَتَلَها، فَقَدْ حَرَّمْتُ عَلَيْهِ الجَنَّةَ"

مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ عَنْ جُنْدَبُ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ رضي الله عنه

ya’ni: “Sizlardan oldin o‘tgan qavm orasida bir yaralangan kimsa bor edi. U og‘riqqa chiday olmasdan, qo‘liga pichoq olib, yaralangan qo‘lini kesdi. Natijada u qon yo‘qotish tufayli vafot etdi. Shunda Alloh taolo: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni harom qildim”, – dedi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Aslini olganda dinimiz o‘z joniga qasd qilishga olib boradigan yo‘llarni ham berkitgan. Masalan, musulmon kishi o‘ziga o‘lim tilashi mumkin emas. Chunki amallar solih bo‘lib, umrning uzun bo‘lishi biz uchun katta mukofot hisoblanadi.

Bu mavzuda eng katta muammo – ruhiy iztirobning mavjudligi,  qalb xotirjamligi va imonga suyanadigan irodaning yo‘qligi, deb hisoblaymiz. Buning ustiga o‘smirlik davrida yigit-qizlarning qarovsiz qolishi, turli nobop yo‘llarga kirishi, yomonlar bilan do‘st tutinishi, mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalarga berilib qolishi ham o‘z joniga qasd qilishning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Afsuski, bekorchilik va ota-onalarning e’tiborsizligi sababli ba’zi yoshlarimiz bu “to‘r”larga tushib qolmoqdalar.

 Yuqoridagi muammolarning yechimi – Alloh taoloning rahmatidan umidvorlik, qalb xotirjamligi va sabr toqatdir. Alloh taolo Zumar surasida shunday marhamat qiladi:

﴿قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنْفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِنْ رَحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ

ya’ni:(Ey, Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi Mag‘firatli va Rahmlidir(Zumar surasi, 53-oyat).

Yana bir oyati karimada shunday deyiladi:

الَّذِينَ آَمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُمْ بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ

ya’ni: “Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)(Ra’d surasi, 28-oyat).

Banda Alloh taoloning ne’matlarini tafakkur qilsa, o‘zidanda yomon ahvolda bo‘lgan minglab odamlar borligi va ularning aksariyati shukr qilib yashayotganini tushinib yetsa, tiliga beixtiyor “shukr” keladi, kamchiliklari uchun istig‘for aytadi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

انْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ أسْفَلَ مِنْكُمْ وَلاَ تَنْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ فَوْقَكُمْ فَهُوَ أجْدَرُ أنْ لاَ تَزْدَرُوا نِعْمَةَ الله عَلَيْكُمْ

(رواه الامام مسلم عن أَبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “O‘zingizdan ustun kishilarga emas, o‘zingizdan past odamlarga qarang. Mana shu (ish) Allohning ne’matlarini past sanamasligingiz uchun yaxshiroq bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Bu hadisga amal qilgan kishi Alloh unga juda ko‘p ne’matlar berganini mulohaza qiladi. Shukrli inson bu dunyo qiyinchiliklarini oson yengadi. Mo‘min kishining ishi ajoyib, u hech qachon yutqazmaydi. Yaxshilik kelsa – shukr qiladi, savob oladi. Boshiga sinov kelsa – sabr qiladi, yana savob oladi. Banda Alloh taoloning zikridan va shukridan g‘ofil qolsa, shayton uning qalbiga vasvasa qila boshlaydi. Qachon Allohning zikrini qilsa, ortga chekinadi. Alloh taolo bizga bu dunyo qiyinchiliklarini qanday yengib o‘tish yo‘lini ko‘rsatdi:

﴿وَاسْتَعِينُوا بِالصَّبْرِ وَالصَّلَاةِ وَإِنَّهَا لَكَبِيرَةٌ إِلَّا عَلَى الْخَاشِعِينَ

ya’ni:(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangiz. Darhaqiqat, u (namoz) og‘ir ishdir. Illo, itoatli (xokisor) kishilarga (og‘ir) emas(Baqara surasi, 45-oyat).

Qiyinchiliklarga duch kelinganda, Qur’oni karimda va hadisi shariflarda kelgan duolarni lozim tutish kerak. Duo haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:

وَذَا النُّونِ إِذْ ذَهَبَ مُغَاضِبًا فَظَنَّ أَنْ لَنْ نَقْدِرَ عَلَيْهِ فَنَادَى فِي الظُّلُمَاتِ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ سُبْحَانَكَ إِنِّي كُنْتُ مِنَ الظَّالِمِينَ

ya’ni: “Zunnun (Yunus)ning (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (qishlog‘idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong‘i zulmatlar ichra: «Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim», – deb nido qilgan (paytini eslang!)(Anbiyo surasi, 87-oyat).

Keyingi oyati karimada esa yuqoridagi duoni qabul qilgani aytiladi:

فَاسْتَجَبْنَا لَهُ وَنَجَّيْنَاهُ مِنَ الْغَمِّ وَكَذَلِكَ نُنْجِي الْمُؤْمِنِينَ

ya’ni: “Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz” (Anbiyo surasi, 88-oyat).

Ulamolarimiz mana shu oyatga muvofiq kimning boshiga ish tushsa, «Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim» (Anbiyo surasi, 87-oyat) duosini ko‘p aytsin, deyishadi. Yana istig‘for (“astag‘firulloh” kalimasi)ni ko‘p aytish ham kambag‘allik, befarzandlik va qurg‘oqchilik kabi muammolarni ketkazishiga Qur’oni karimda ko‘plab ishoralar bor.

Albatta, bu masalada diniy tarbiyaning o‘rni muhim. Farzandlarga dinimiz asoslari, ibodatning ma’nosi, gunoh-savob, halol-haromni oiladan o‘rgatib borishimiz kerak. Ularning oldiga yuksak marralar va maqsadlar qo‘yib, o‘sha tomonga yetaklashimiz, kerakli yordamni berishimiz kerak. Yana ularni turli zararli odatlardan saqlasak, bo‘sh vaqtlarini bilim o‘rganish, sport bilan shug‘ullanishga sarflasak, natija yaxshi bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! Bugungi kunda internet tarmog‘ida yoshlarga o‘zini o‘zi portlatish va o‘ldirish g‘oyalarini singdirishga urinayotgan, ularni xayoliy jannat va’dasi bilan «shahid bo‘lish»ga chaqirayotgan turli guruhlar ko‘payib bormoqda. Vaholanki, Islom dinida o‘zini portlatish yo‘li bilan o‘zining va o‘zgalarning joniga qasd qilish ulkan gunoh hisoblanadi. Payg‘ambarimiz alayhissalomdan keltirilgan hadislarda o‘z joniga qasd qilganlar yoki o‘zgalarni o‘ldirganlar do‘zaxda abadiy azoblanishi aytib o‘tilgan.

Shuningdek, Islom dinida o‘zini o‘zi o‘ldirishga olib keladigan, inson umriga zomin bo‘ladigan ishlarda hech kimga itoat etish lozim emasligi ta’kidlangan. Quyidagi rivoyat shunga dalolat qiladi:

عَنْ عَلِيٍّ رضي الله عنه قَالَ  بَعَثَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم سَرِيَّةً وَاسْتَعْمَلَ عَلَيْهِمْ رَجُلاً مِنَ الْأَنْصَارِ قَالَ فَلَمَّا خَرَجُوا قَالَ وَجَدَ عَلَيْهِمْ فِيْ شَيْءٍ فَقَالَ قَالَ لَهُمْ أَلَيْسَ قَدْ أَمَرَكُمْ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم أَنْ تُطِيْعُونِيْ قَالَ قَالُوا بَلَى قَالَ فَقَالَ اِجْمَعُوا حَطَبًا ثُمَّ دَعَا بِنَارٍ فَأَضْرَمَهَا فِيْهِ ثُمَّ قَالَ عَزَمْتُ عَلَيْكُمْ لَتَدْخُلَنَّهَا قَالَ فَهَمَّ الْقَوْمُ أَنْ يَدْخُلُوهَا قَالَ فَقَالَ لَهُمْ شَابٌّ مِنْهُمْ إِنَّمَا فَرَرْتُمْ إِلَى رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم مِنَ النَّارِ فَلاَ تَعْجَلُوا حَتَّى تَلْقَوْا الْنَبِيَّ صلى الله عليه وسلم فَإِنْ أَمَرَكُمْ أَنْ تَدْخُلُوهَا فَادْخُلُوا قَالَ فَرَجَعُوا إِلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم فَأَخْبَرُوهُ فَقَالَ لَهُمْ: "لَوْ دَخَلْتُمُوهَا مَا خَرَجْتُمْ مِنْهَا أَبَدًا إِنَّمَا الطَّاعَةُ فِيْ الْمَعْرُوفِ"

(رواه الإمام احمد)

ya’ni: Ali raziyallohu anhu rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir joyga qo‘shin yuborib, ularga ansorlardan birini rahbar etib tayinladilar. Yo‘lga chiqishgach, rahbar ularni sinamoqchi bo‘lib: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sizlarni menga itoat etmog‘ingizga buyurganlar, shunday emas-mi?” – dedi. Ular: “Huddi shunday”, – deyishdi. “Shunday ekan, o‘tin to‘planglar”, – dedi va olov keltirib, unga o‘t yoqdi. So‘ngra: “Mana shu otash ichiga kirishinglarga buyuraman”, – dedi. Ular otash ichiga kirishga shaylanib turganlarida, oralaridan bir yigit: “Rasulullohning huzurlariga aynan otashdan qochib kelgan edingiz-ku, bas, shoshilmang! Avval Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga boring, agar otashga kirishingizga U Zot ham buyursalar, kirasizlar”, – dedi. Shundan keyin Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, bo‘lgan voqeaning xabarini berdilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar otashga kirganingizda, undan abadiy chiqa olmas edingiz. Itoat faqat shariatga muvofiq ishlardadir”, – dedilar” (Imom Ahmad rivoyatlari). Afsuski, bugungi kunda ba’zi adashganlar turli “rahnamolar”ning buyruqlari va “fatvo”lariga tayanib, o‘zlarini portlatib, shirin jonlariga qasd qilishni halol sanamoqdalar. Yuqorida keltirilgan hadisi sharif, aynan mana shunday toifadagi kishilarning qilayotgan ishlari xato ekaniga yorqin va katta dalil bo‘ladi.

Xulosa shuki, mo‘min-musulmon kishi doimo Allohning rahmatidan umidvor bo‘lib, azobidan qo‘rqishi kerak! Ana shunda uning imoni salomat bo‘ladi, shayton vasvasalaridan omonda bo‘ladi. Yana bir muhim jihati – doimo olim kishilardan pand-nasihatlar eshitish va solih kishilar, sog‘lom tabiatli odamlar bilan do‘stlashish, ular bilan birga bo‘lishdir!  Bu ishlar kishining ruhiyatini tetik va yashovchan qiladi.

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, Islom dini insonlarni ilm olishga targ‘ib qiluvchi dindir. Alloh taolo ilmni Qiyomatgacha bandalar uchun ma’rifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham xalqimizga ma’rifat yetkazish maqsadida “Hidoyat”, “Mo‘minalar” diniy-ma’rifiy va adabiy-ijtimoiy jurnallari va “Islom nuri” gazetasini bir necha yilllardan beri nashr qilib keladi. Ushbu nashrlarda turli xil sara diniy-ma’rifiy maqola va ma’lumotlar berib boriladi. Bu nashrlarga obuna bo‘lish orqali xonadonimizga, balki xalqimizga Islom ma’rifati va ziyosi kirib boradi. Ayni paytda mana shu diniy-ma’rifiy nashrlarga kelgusi yil uchun obuna bo‘lish davom etmoqda. Bilingki, ushbu nashrlarga obuna uchun sarflangan mablag‘lar eng katta savob yo‘liga sarflangan hisoblanadi.

Qolaversa, bu ish hadisi shariflarda zikr qilingan foydali ilmni qoldirish qabilidan bo‘ladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Inson dunyodan o‘tganida uning barcha amallari to‘xtaydi, ammo uch amali borki, ular hargiz to‘xtamaydi. Bu amallar – sadaqai joriya, manfaatli ilm, hamda solih farzand (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Avval o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz ilmga bo‘lgan qiziqishlari, chanqoqliklari sababli nafaqat diniy ilmlar, balki dunyoviy ilmlar rivojiga ham katta hissa qo‘shdilar. Natijada ummat ilm-ma’rifatga ega bo‘ldi. Benazir Islom gullab yashnadi. Ilm-ma’rifat asrlar davomida o‘z cho‘qqisiga chiqdi. Bu yutuqlarni hozirgi kunda ham davom etishi siz bilan bizga ham bog‘liqdir.

Muhtaram jamoa! O‘tgan Juma mav’izasida saylovlar yaqinlashib kelayotgani haqida gapirib o‘tgan edik.

Ayrim namozxonlarimizdan savollar berilib, saylovda qanday ishtirok etsak ma’qul bo‘ladi, qanday ish tutsak musulmonlik odoblariga to‘g‘ri keladi, degan savollarni berishdi.

Azizlar, bir fikrni aytib o‘tmoqchimizki, musulmonlarning saylovlarda ishtirok etishi – fuqarolik burchlaridandir. Aziz dinimiz ta’limotida har bir inson ozod va hur bo‘lib, o‘z fikrini ifoda qilishda erkin sanaladi. Shu sababli biz har balog‘atga yetgan inson o‘z hoxishini erkin ifoda etishi yuksak madaniyat deya targ‘ib etamiz.

Bundan tashqari jamiyat uchun xayrli ishlar yuzasidan hamkorlik qilish muqaddas dinimiz ko‘rsatmalari sirasiga kiradi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ .... وَتَعَاوَنُواْ عَلَى الْبرِّ وَالتَّقْوَى وَلاَ تَعَاوَنُواْ عَلَى الإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ 

"(Ey mo‘minlar), sizlar yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz!" (Moida surasi, 2-oyat).

Shunga ko‘ra musulmonlar o‘z diyorlari, oila va farzandlari, yaqinlari taqdiriga befarq bo‘lmay, yaxshilik yo‘lida birlashib, bamaslahat va hamkorlikda yurt kelajagi uchun qayg‘urishlari islomiy go‘zal axloqlardir!

Muhtaram jamoa! Shunday ekan joriy yilning 22 dekabr kuni o‘tkaziladigan xalq noiblari saylovida barchamiz faol bo‘lib, o‘z ovozimizni berishda shaxsan qatnashib, namuna bo‘laylik!

Alloh taolo Yurtimizni turli xildagi samoviy va aroziy ofatu balolardan hifzu himoyasida saqlasin, xalqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin! Barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallar bilan yashab o‘tmog‘imizga muyassar qilsin! Omin!

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ qoldirgan 2 narsa

10.01.2025   910   10 min.
Rasululloh ﷺ qoldirgan 2 narsa

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.

Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.

Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.

Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.

Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.

Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.   

Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.

Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni  qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.

Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:

وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا

Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:

تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه

“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati),  deganlar.

 Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ

Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).

Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat  va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.

Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan  Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.

Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha  o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki  islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.

Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi.  Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam  bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.

Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.

Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.