So‘nggi yillarda Davlatimiz Rahbari tomonidan barcha soha va yo‘nalishlar qatori yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elat, diniy konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yo‘nalishi, aynan, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasiga bag‘ishlangani ham O‘zbekiston hukumatining xalqaro hujjatlarda belgilangan umuminsoniy normalarga mos ravishda faoliyat yuritayotganidan dalolatdir.
Qolaversa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya ham ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashish, eng muhimi, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlashga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir.
Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi o‘laroq, joriy yil 5 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi konfessiyalar ishlari kengashining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, Konfessiyalar ishlari kengashi rahbari A.Axmedov olib bordi. Mazkur yig‘ilishda turli din vakillari o‘rtasida hamjihatlik aloqalarini yanada yaxshilash, konfessiya vakillari tomonidan tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida bag‘rikenglik g‘oyalarini mustahkamlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligi bayrami arafasida o‘tkazilgani diniy bag‘rikenglik, totuvlik va ahillik, o‘zaro tushunish, hamjihatlik va hamkorlikda faoliyat olib borish borasidagi huquqiy bilimlarni mustahkamlashga ham asos bo‘lib xizmat qildi.
– Prezident Sh.Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlardan barchamiz mamnunmiz. So‘nggi yillarda mamlakatda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turli bayram va tantanalarda bir-birimizni qutlashga boramiz, bu yaxshi an’anaga aylandi. Bugun Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada bo‘lib o‘tgan tadbirda ham bizga o‘zgacha ehtirom ko‘rsatildi, taqdirlash marosimi o‘tkazildi, bundan juda baxtiyormiz – deydi Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari mitropolit Vikentiy.
Tadbirda ishtirok etgan yahudiy diniy jamoasi raisi Arkadiy Isaxarov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, jumladan, shunday dedi: “Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda 16 xil turli diniy konfessiya vakillari emin-erkin o‘z ibodatlari, diniy rasm-rusumlarini bajarib kelmoqda. Bu esa, albatta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ezgu ishlarning samarasidir”.
– Men 14 yildan buyon O‘zbekistonda istiqomat qilib kelaman. Ochig‘i, so‘nggi yillarda bizga bo‘lgan e’tibor yana ham kuchaydi. Davlat Rahbari tomonidan diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik munosabatlarini mustahkamlash borasida maqtansa arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Biz – barcha konfessiyalar vakillari O‘zbekistonning din sohasida olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu yo‘lda hammamiz bir tanu, bir jon bo‘lib faoliyat yuritamiz, – deydi Rim-katolik cherkovi yepiskopi Yeji Matsulevich.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir yakunida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan barcha konfessiyalar vakillariga esdalik sovg‘alari, faxriy yorliqlar topshirildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan yuzasi arab yozuvidagi oyat, hadis va hikmatlar bilan ziynatlangan buyumlar mulyaji ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Jumladan, Markaz ekspozitsiyasidan joy olishi kutilayotgan X asrga oid "Allohdan boshqa iloh yo‘q” yozuvi tushirilgan ko‘za Somoniylar sulolasi davriga mansub artefakt hisoblanadi.
Islom dini Markaziy Osiyoga tarqalgandan keyin xattotlik san’ati shakllanib rivojlandi. Rassomlik o‘rniga xattotlik san’atiga ko‘proq e’tibor berildi. Buyumlar yuzasiga hikmatli so‘zlarni yozish urfga aylandi va arab yozuvi boshqa omillar qatorida Islom sivilizatsiyasi shakllanishiga turtki berdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati