JUMA NAMOZI
Juma namozi ikki rakat farzdir. Undan oldin va keyin to‘rt rakat sunnat o‘qiladi. Juma farzidan oldin va keyingi sunnatlar peshin namozining to‘rt rakat sunnatlari kabi o‘qiladi. Jumaning ikki rakat farzi bomdod namozining farzi kabi o‘qiladi.
Juma namozida farzdan oldingi to‘rt rakat sunnatdan keyin, ikki rakat farz o‘qilmasdan oldin imom minbarda xutba qiladi.
JANOZA NAMOZI
Niyat: «Yuzimni Ka’baning bir tarafiga qilib, shu imomga iqtido qilib Alloh taolo uchun janoza namozini o‘qishni niyat qildim».
Qo‘llar qovushtirilib kindik ostida tutiladi, imom niyat qilgach, uning ortidagilar ham iftitoh takbirini aytadi, so‘ngra sano o‘qiydi: «Subhanakallohumma va bihamdik. Va tabarokasmuk va ta’ala jadduk va laa ilaha g‘oyruk».
So‘ng imom ovoz chiqarib takbir aytgach, ya’ni «Allohu akbar» degach, uning ortidagilar ham ichlarida o‘zlari eshitadigan darajada takbir aytadi. Bu takbirda qo‘llar ko‘tarilmaydi. So‘ng salavot o‘qiladi. Va yana qo‘lni ko‘tarmasdan «Allohu akbar» deb takbir aytiladi va janoza duosi o‘qiladi. Duodan so‘ng qo‘llar qovushtirilgan holda «Allohu akbar» deb, o‘ng va chap tomonlarga salom beriladi.
JANOZA DUOSI
Allohummag‘fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ’alal Islam. Va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ’alal iyman.
Ma’nosi: «Yo Alloh! Bizlarning tirigimizni, o‘ligimizni, bu yerda bo‘lganlarni va bo‘lmaganlarni, kichiklarimizni va kattalarimizni, erkak va ayollarimizni kechir. Yo Alloh, bizdan tug‘ilajak yangi nasllarni Islom dinida dunyoga keltir. Ajali yetib hayotdan ko‘z yumadiganlarning jonlarini imonli hollarida olgin».
Janozasi o‘qilayotgan mayyit balog‘atga yetmagan o‘g‘il bola bo‘lsa, mana bu duo o‘qiladi:
Allohummaj’alhu lana farotav-vaj’alhu lana ajrov-va zuxrov vaj’alhu lana shafi’am-mushaffa’a.
Ma’nosi: «Yo Alloh! Bu bolani jannatda bizni qarshi oluvchi, mukofot va zaxira qil. Bu bolani biz uchun shafoati maqbul shafoatchi qil».
Janoza balog‘atga yetmagan qiz bola uchun o‘qilayotgan bo‘lsa, quyidagi duo o‘qiladi:
Allohummaj’alha lana farotav-vaj’alha lana ajrov-va zuxrov-vaj’alha lana shafi’atam-mushaffa’ta.
Ma’nosi: Yo Alloh! Bu qiz bolani jannatda bizni qarshi oluvchi, mukofot va zaxira qil. Bu qizni bizga shafoati maqbul shafoatchi qil.
Bu duolarni bilmaganlar «Allohummag‘firliy va lahu va lil-mu’miniyna val mu’minat».
Ya’ni, Yo Alloh, meni va uni, erkak va ayol barcha mo‘minlarni kechir», deya duo qilsalar yoki «Robbana atina fid dunya...» duosini o‘qisalar ham bo‘ladi.
Janoza namozining boshlanishiga ulgurmagan kishi jamoatga tezda qo‘shilib, iftitoh takbirini aytadi va imomga iqtido qiladi. Imom salom berganidan keyin, tobut ko‘tarilmasdan oldin qolgan takbirlarning o‘zini aytadi.
Tushgan, o‘lik tug‘ilgan bolaga janoza o‘qilmaydi. Unga ism qo‘yilib yuviladi va matoga o‘rab ko‘miladi. Tirik tug‘ilib o‘lgan bolaga ham ism qo‘yilib, yuvilib, janozasi o‘qiladi.
HAYIT NAMOZI
Har bir namozni boshlashdan avval niyat qilingani kabi hayit namozini boshlashdan oldin ham niyat qilinadi. «Yuzimni Ka’baning bir tarafiga qaratib, shu imomga iqtido qilib, shu vaqt Ramazon (yoki Qurbon) hayiti namozini Alloh taolo uchun o‘qishni niyat qildim», deyiladi.
So‘ng imom «Allohu akbar», deya iftitoh takbirini aytgach, jamoat ham qo‘llarini ko‘tarib, iftitoh takbirini ichlarida o‘zlari eshitadigan darajada aytadi.
So‘ng hamma ichida, o‘zi eshitadigan darajada sano o‘qiydi. So‘ng imom ketma-ket qo‘llarini quloqlariga ko‘tarib, uch marta takbir aytadi. Imom har bir takbir aytganida jamoat ham uning ortidan qo‘llarini ko‘tarib takbir aytadi. Bu takbirlarning birinchi va ikkinchi takbiridan so‘ng qo‘llar yon tomonga tushiriladi. Uchinchi takbirdan so‘ng qo‘llar bog‘lanib, kindik ostida tutiladi.
So‘ng imom ichida «A’uzu»ni va «Bismillah»ni aytib, ovoz chiqarib Fotiha surasini va yana bir surani o‘qiydi, ruku va ikki marta sajda qilinadi.
Ruku va sajdadan so‘ng ikkinchi rakatga turiladi. Imom Fotiha surasi va bir sura o‘qigach, rukuga bormay, xuddi birinchi rakatdagi kabi uch marta takbir aytiladi. So‘ng to‘rtinchi takbir aytilib, rukuga boriladi va ikki marta sajda qilinadi. So‘ng cho‘kka o‘tirib tashahhud, salavot, duo o‘qilib salom beriladi va namoz tugaydi. Keyin imom minbarga chiqib xutba qiladi, so‘ng duo qilinadi.
O‘MI matbuot xizmati
Cavol: Issiq havoda ko‘p yurish natijasida ayrim odamlarda ikki oyog‘i orasi qizarib, achishadi. Ehromda shunday holatda malham, vazelin kabi narsalar surtsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Ehromdagi kishi siz aytgandek holatga tushib qolganda yoki tovoni yorilganda xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi mumkin. Bunda hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi. Agar xushbo‘y malham yoki vazelindan foydalansa, bunda sadaqa qilishi lozim bo‘ladi. Agar ko‘p marta surtsa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shuning uchun bunday kasallikka duchor bo‘lgan inson imkon qadar xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu haqida fuqaholarimiz bunday deydilar:
وَلَوْ دَاوَى بِهِ جُرْحَهُ أَوْ شُقُوقَ رِجْلَيْهِ فَلَا كَفَّارَةَ عَلَيْهِ ؛ لِأَنَّهُ لَيْسَ بِطِيبٍ فِي نَفْسِهِ إنَّمَا هُوَ أَصْلُ الطِّيبِ أَوْ طِيبٌ مِنْ وَجْهِ فَيُشْتَرَطُ اسْتِعْمَالُهُ عَلَى وَجْهِ التَّطَيُّبِ.
“Ehromdagi kishi jarohat, oyoq yoriqlarini zaytun yog‘i bilan yog‘lasa, zimmasiga hech narsa vojib bo‘lmaydi. Chunki u xushbo‘ylik emas, balki xushbo‘ylik olinadigan narsa yoki bir jihatdangina xushbo‘ylik xolos. Kafforat vojib bo‘lishligi uchun uni xushbo‘ylanish uchun iste’mol qilgan bo‘lishi shart” (“Hidoya” kitobi).
Alloma Kamol Ibn Humom rahimahulloh aytadilar: “Ehromdagi inson yog‘ yoki sirkani yesa, jarohati yoki tovonidagi yoriqlariga surtsa yo qulog‘iga tomizsa, unga hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi” (“Fathul Qodir” kitobi).
Mulla Ali al-Qoriy rahimahulloh aytadilar:
ولو تداوى بالطيب او بدواء فيه طيب غالب ولم يكن مطبوخا فألزقه بجراحته يلزمه صدقة اذا كان موضع الجراحة لم يستوعب عضوا
“Agar xushbo‘y narsa bilan yoki xushbo‘ylik g‘olib bo‘lgan narsa bilan davolansa va ular olovda pishirilgan bo‘lmasa, so‘ng uni jarohatiga yopishtirsa va jarohat bir to‘liq a’zoni tashkil qilmagan bo‘lsa, sadaqa lozim bo‘ladi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.