Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446

Namoz saboqlari: Juma namozi, janoza namozi hamda hayit namozi (Audio)

30.11.2019   25480   5 min.
Namoz saboqlari: Juma namozi, janoza namozi hamda hayit namozi (Audio)

JUMA NAMOZI

 

Juma namozi ikki rakat farzdir. Undan oldin va keyin to‘rt rakat sunnat o‘qiladi. Juma farzidan oldin va keyingi sunnatlar peshin namozining to‘rt rakat sunnatlari kabi o‘qiladi. Jumaning ikki rakat farzi bomdod namozining farzi kabi o‘qiladi.

Juma namozida  farzdan oldingi to‘rt rakat sunnatdan keyin, ikki rakat farz o‘qilmasdan oldin imom minbarda xutba qiladi.

 

JANOZA NAMOZI

 

Niyat: «Yuzimni Ka’baning bir tarafiga qilib, shu imomga iqtido qilib Alloh taolo uchun janoza namozini o‘qishni niyat qildim».

Qo‘llar qovushtirilib kindik ostida tutiladi, imom niyat qilgach, uning ortidagilar ham iftitoh takbirini aytadi, so‘ngra sano o‘qiydi: «Subhanakallohumma va bihamdik. Va tabarokasmuk va ta’ala jadduk va laa ilaha g‘oyruk».

So‘ng imom ovoz chiqarib takbir aytgach,  ya’ni «Allohu akbar» degach, uning ortidagilar ham ichlarida o‘zlari eshitadigan darajada takbir aytadi. Bu takbirda qo‘llar ko‘tarilmaydi. So‘ng salavot o‘qiladi. Va yana qo‘lni ko‘tarmasdan «Allohu akbar» deb takbir aytiladi va janoza duosi o‘qiladi. Duodan so‘ng qo‘llar qovushtirilgan holda «Allohu akbar» deb, o‘ng va chap tomonlarga salom beriladi.

 

JANOZA DUOSI

 

Allohummag‘fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ’alal Islam. Va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ­’alal iyman.

Ma’nosi: «Yo Alloh! Bizlarning tirigimizni, o‘ligimizni, bu yerda bo‘lganlarni va bo‘lmaganlarni, kichiklarimizni va kattalarimizni, erkak va ayollarimizni kechir. Yo Alloh, bizdan tug‘ilajak yangi nasllarni Islom dinida dunyoga keltir. Ajali yetib hayotdan ko‘z yumadiganlarning jonlarini imonli hollarida olgin».

Janozasi o‘qilayotgan mayyit balog‘atga yetmagan o‘g‘il bola bo‘lsa, mana bu duo o‘qiladi:

Allohummaj’alhu lana farotav-vaj’alhu lana ajrov-va zuxrov vaj’alhu lana shafi’am-mushaffa’a.

Ma’nosi: «Yo Alloh! Bu bolani jannatda bizni qarshi oluvchi, mukofot va zaxira qil. Bu bolani biz uchun shafoati maqbul shafoatchi qil».

Janoza balog‘atga yetmagan qiz bola uchun o‘qilayotgan bo‘lsa, quyidagi duo o‘qiladi:

Allohummaj’alha lana farotav-vaj­’alha lana ajrov-va zuxrov-vaj’alha lana shafi’atam-mushaffa’ta.

Ma’nosi: Yo Alloh! Bu qiz bolani jannatda bizni qarshi oluvchi, mukofot va zaxira qil. Bu qizni bizga shafoati maqbul shafoatchi qil.

Bu duolarni bilmaganlar «Allohummag‘firliy va lahu va lil-mu’miniyna val mu’minat».

Ya’ni, Yo Alloh, meni va uni, erkak va ayol barcha mo‘minlarni kechir», deya duo qilsalar yoki «Robbana atina fid dunya...» duosini o‘qisalar ham bo‘ladi.

Janoza namozining boshlanishiga ulgurmagan kishi jamoatga tezda qo‘shilib, iftitoh takbirini aytadi va imomga iqtido qiladi. Imom salom berganidan keyin, tobut ko‘tarilmasdan oldin qolgan takbirlarning o‘zini aytadi.

Tushgan, o‘lik tug‘ilgan bolaga janoza o‘qilmaydi. Unga ism qo‘yilib yuviladi va matoga o‘rab ko‘miladi. Tirik tug‘ilib o‘lgan bolaga ham ism qo‘yilib, yuvilib, janozasi o‘qiladi.

 

HAYIT NAMOZI

 

 Har bir namozni boshlashdan avval niyat qilingani kabi hayit namozini boshlashdan oldin ham niyat qilinadi. «Yuzimni Ka’baning bir tarafiga qaratib, shu imomga iqtido qilib, shu vaqt  Ramazon (yoki Qurbon) ha­yiti namozini Alloh taolo uchun o‘qishni niyat qildim», deyiladi.

So‘ng imom «Allohu akbar», deya iftitoh takbirini aytgach, jamoat ham qo‘llarini ko‘tarib, iftitoh takbirini ichlarida o‘zlari eshitadigan darajada aytadi.

So‘ng hamma ichida, o‘zi eshitadigan darajada sano o‘qiydi. So‘ng imom ketma-ket qo‘llarini quloqlariga ko‘tarib, uch marta takbir aytadi. Imom har bir takbir aytganida jamoat ham uning ortidan qo‘llarini ko‘tarib takbir aytadi. Bu takbirlarning birinchi va ikkinchi takbiridan so‘ng qo‘llar yon tomonga tushiriladi. Uchinchi takbirdan so‘ng qo‘llar bog‘lanib, kindik ostida tutiladi.

So‘ng imom ichida «A’uzu»ni va «Bismillah»ni aytib, ovoz chiqarib Fotiha surasini va yana bir surani o‘qiydi, ruku va ikki marta sajda qilinadi.

Ruku va sajdadan so‘ng ikkinchi rakatga turiladi. Imom Fotiha surasi va bir sura o‘qigach, rukuga bormay, xuddi birinchi rakatdagi kabi uch marta takbir aytiladi. So‘ng to‘rtinchi takbir aytilib, rukuga boriladi va ikki marta sajda qilinadi. So‘ng cho‘kka o‘tirib tashahhud, salavot, duo o‘qilib salom beriladi va namoz tugaydi. Keyin imom minbarga chiqib xutba qiladi, so‘ng duo qilinadi.

 

O‘MI matbuot xizmati

Boshqa maqolalar

Alloh bunday bandalarni yaxshi ko‘radi

19.05.2025   4777   5 min.
Alloh bunday bandalarni yaxshi ko‘radi

Har bir ishni puxta qilish – bu insonning o‘z vazifasiga jiddiy, mas’uliyatli va professional yondashishini anglatadi. Puxta ishlash nima? Puxta ishlash – ishni yuzaki emas, balki chuqur o‘ylab, reja asosida, kerakli bilim va mahorat bilan mukammal bajarishdir.

Shu bilan birga, bu sifatga e’tibor berish, mas’uliyatni his qilish, har bir qadamni aniq rejalashtirish, tafsilotlarga e’tibor qaratish va natijadan qoniqish hissini olish deganidir.

Puxta ishlash bir necha omillarga ko‘ra muhim sanalib, ulardan:

  1. Ish sifatli chiqadi – xatolar kamayadi, qayta tuzatishga ehtiyoj qolmaydi;
  2. Ishonch paydo bo‘ladi – odamlar sizga ishonadi, biror yumushni ishonib topshiradi;
  3. Vaqtni tejaydi – ilk bosqichda puxta bajarilgan ish yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etadi.
  4. Raqobatbardoshlik oshadi – ishda muvaffaqiyat ehtimoli oshib, xizmatga talab yuqori bo‘ladi.

Islom nuqtayi nazaridan qaraganda, har bir ishni puxta bajarish insonning imoniy burchlaridan biridir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh birortangiz ish qilsangiz, uni puxta bajarishingizni yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Mazkur hadisdan ma’lum bo‘ladiki, har qanday ishni puxta, sidqidildan bajarish islomda ham katta fazilat sanaladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham ishni puxta va sidqidildan bajarish zarurligi to‘g‘risida “Ijtimoiy odoblar” asarida quyidagi fikrlarni bildirgan:

Musulmon inson jamiyat yuzidagi eng ko‘rkam va go‘zal xol bo‘lishi lozim. U inson zoti chiroyini ochib turuvchi omil bo‘lishi kerak. Bu esa, ijtimoiy odoblar orqaligina yuzaga chiqadi.

Mo‘min kishining har bir ishni yaxshilab va puxta qilishi maqbuldir. Bu barcha insonlarga sevikli Nabiyning islom ummatiga amri, farmoni, tavsiyasi va nasihatidir.

عَنْ عَائِشَةَ : قَالَ النَّبِيُّ ﷺ: «إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ إِذَا عَمِلَ أَحَدُكُمْ عَمَلًا نْ يُتَّقِنَهُ». رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh sizlardan biringiz ish qilganda, uni yaxshilab, puxta qilishingizni sevadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Alloh taoloning sevgisiga sazovor bo‘lay degan inson katta-kichik har bir ishni faqat va faqat yaxshilab, chin dildan puxta bajarishga urinadi. Bu sifat esa ijtimoiy odoblarni o‘rniga qo‘yish bilan yuzaga chiqadi[1].

Qanday qilib har bir ishni puxta qilish mumkin?” Bu borada quyidagilarni tavsiya qilish mumkin:

  1. Fikr so‘rash, maslahatlashish. Agar mumkin bo‘lsa, har bir ishni bajarishdan oldin tajribali va olim insonlar fikrini olish, ular bilan maslahatlashish zarur. Bu kishining shaxs sifatida kamol topishi, rivojlanishi va bajarilayotgan ishning mukammal bo‘lishiga yordam beradi.
  2. Aniq maqsad qo‘yish. Bu ish nima uchun kerak? Yaxshi natija nima? kabi savollarga javob topish, zarur bo‘lsa, tajribali insonlar bilan maslahatlashish.
  3. Reja tuzish. Ishga kirishishdan avval vazifalar ro‘yxatini tuzish lozim.
  4. Ish paytida diqqatni jamlash va xalaqit beruvchi omillarni bartaraf etish.
  5. Mas’uliyatni his qilish. Kishi o‘zi bajarayotgan ishning oxiratda so‘rovi borligini unutmasligi, unga sidqidildan yondashishi lozim.
  6. Bajarilgan ishni tekshirish. Ish tugagach, uni qayta ko‘rib chiqish va xatolarini tuzatish lozim. Bu esa ishni puxta bajarishning asosiy omili hisoblanadi.

Har bir ishni puxta bajarish – bu muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biridir. Chunki hozirgi kunda bozor munosabatlari sharoitida o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun ishni puxta bajarish, eng mayda detallariga qadar e’tibor qaratish muhimdir.

Har bir ishni puxta bajarish quyidagi natijalarga olib keladi:

  1. Mas’uliyatni ko‘rsatadi – har qanday ishni puxta, chuqur o‘ylab, yuksak mas’uliyat bilan bajarish insonning kasbiy yetukligi va shaxsiy madaniyatini namoyon etadi.
  2. Sifat kafolati – puxta bajarilgan ish mahsulot yoki ko‘rsatilgan xizmat sifatining yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.
  3. Ishda samaradorlik – puxta rejalashtirilgan holda bajarilgan ish vaqt va resurslarni tejashga yordam beradi.

Xulosa qilganda, har bir ishni puxta qilish nafaqat shaxsiy o‘sish, balki jamiyat rivoji uchun ham muhimdir.

[1]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ijtimoiy odoblar. “Hilol-Nashr”. Toshkent 2024. –B.26-27

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi