Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: FARZANDLIK BURCHI VA VAZIFALARI

27.11.2019   5335   40 min.
Oilada farzand tarbiyasi: FARZANDLIK BURCHI VA VAZIFALARI

ILMU HUNAR O‘RGATING

Imom Bayhaqiy (rahimahulloh) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar:

وَعَنْ أَبِى هُريرة رضى الله عنه قال: قال رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ: “من طلب الدنيا حلالا تعففا عن المسألة وسعيا على أهله و تعطفا على جاره لقي الله تعالى يوم القيامة و وجهه مثل القمر ليلة البدر”

“Kimki tilanchilik qilishdan saqlanish, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilariga muruvvat qilish maqsadida halol yo‘l orqali rizq topish bilan mashg‘ul bo‘lsa, qiyomat kunida u Alloh taologa yuzi o‘n besh kunlik oydek yorug‘ bo‘lgan holida yo‘liqadi”.

Eng ulug‘ zotlar sanalmish payg‘ambarlar ham o‘z rizqlarini halol peshona terlari bilan topganlari, ya’ni kasb-hunar bilan shug‘ullanganlari barchamiz uchun buyuk ibratdir. Ular rizq Allohdan ekanini bilgan hollarida ham hunarsiz o‘tirmadilar. Tarixdan ma’lumki, Odam (alayhissalom) dehqonchilik, Nuh (alayhissalom) duradgorlik, Dovud (alayhissalom) temirchilik, Idris (alayhissalom) esa xattotlik bilan shug‘ullanganlar.

Ma’lumki, har qanday kasbni puxta egallash, o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lish uchun ana shu kasbga taalluqli ilmni mukammal o‘zlashtirmoq kerak. Kasbiga muhabbatli inson o‘z mehnatidan charchamaydi, balki rohatlanadi. Kasbi tufayli atrofidagilarga yordami tegsa, inson o‘zini baxtli hisoblaydi. Shuning barobarida Alloh taolo tomonidan ulug‘ ajru hasanotlar berilishiga munosib ekanini his qilish bilan ruhiyati yengil tortadi, imoni quvvat oladi.

Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam):

قال رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ: “من الذنوب ذنوب لا يكفرها إلا الهم في طلب المعيشة”.

“Gunohlar ichida shundaylari borki, unga faqat halol rizq topish maqsadida qilingan tashvishgina kafforat bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar.

Darhaqiqat, inson halol mehnati bilan ulug‘ savoblar va’da qilingan darajalarga erishishi mumkin. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bir hadisda: “Albatta, Alloh taolo hunarmand mo‘minni sevadi”, deganlar.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hadisla­ri­ning birida:

قال رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ:“ما أكل أحد طعاما قط خيرا من أن يأكل من عمل يده، وإن نبي الله داود كان لا يأكل إلا من عمل يده”

“Hech kim qo‘l mehnati bilan topgan taomidan ko‘ra yaxshiroq narsa yegan emas. Albatta, Alloh taoloning payg‘ambari Dovud (alayhissalom) ham qo‘l mehnati orqali kun ko‘rganlar”, deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Xalqimizda farzandlarni yoshligidan biror hunarga o‘rgatish maqsadida ustozga shogird berishdek juda yaxshi an’ana bor. Bu odat boshqa xalqlarda uchramaydi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Istiqlol sharofati bilan bugun ona zaminizda sertarovat, jahon andozalariga to‘la mos keladigan yuzlab kasb-hunar kollejlari bunyod etildi. O‘sib kelayotgan yosh avlod bugunning eng ilg‘or texnika va texnologiyalarini mukammal egallashini ta’minlash maqsadida ushbu ta’lim muassasalari yuqori sifatli anjomlar bilan jihozlanib, talabalarga taqdim etildi. Bu yoshlarga bo‘lgan e’tibor va ishonch timsolidir.

Mana shunday yuksak e’tiborning qadriga yetib, o‘z vaqtida chuqur ilm egallab, men albatta kelajakda elimga, yurtimga xizmat qilaman, deb harakat qilish har bir o‘quvchining asosiy maqsadi bo‘lmog‘i lozim.

Alloh taolo barchamizning farzandlarimiz salohiyatli va komil inson bo‘lib ulg‘ayishida o‘zi madadkor bo‘lsin.

Siz bilan biz, ota-onalar, murg‘ak chaqaloqlarimizni erkalab, ardoqlab o‘stirar ekanmiz, faqat ularning jismoniy sog‘lig‘i, moddiy ta’minoti to‘g‘risida emas, balki ma’naviy boyliklarini, insoniy fazilatlarini barkamol qilish to‘g‘risida ham qayg‘urishimiz kerak bo‘ladi.

Zero, o‘zida ilmu fanning qaysi sohasiga bo‘lsa ham qiziqish uyg‘otib, o‘qib, o‘rganib, ma’lumot hosil qilgan har qanday inson, albatta, ma’lum miqdorda odamiylik xususiyatlariga ham ega bo‘ladi.

Ilm o‘rganishga intilish har bir mo‘min-musulmon zimmasidagi farzdir. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyati «O‘qi!» degan amr bo‘lgan edi. Payg‘ambar (alayhissalom): «Beshikdan qabrgacha ilm izla», deb ta’lim berganlar.

Alloh taolo musulmon bandalariga ilm izlashni, ilm o‘rganishni buyurgan. Qur’oni karimning bir necha oyatlari bunga dalolatdir:

هَلۡ يَسۡتَوِي ٱلَّذِينَ يَعۡلَمُونَ وَٱلَّذِينَ لَا يَعۡلَمُونَۗ

«…Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi…?!»  deb ilmu fanga targ‘ib qiladi (Zumar, 9).

Alloh taolo ilm ahllarini farishtalar qatori zikr etib, bunday xabar beradi:

شَهِدَ ٱللَّهُ أَنَّهُۥ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ وَٱلۡمَلَٰٓئِكَةُ وَأُوْلُواْ ٱلۡعِلۡمِ قَآئِمَۢا بِٱلۡقِسۡطِۚ

«Alloh adolatda (barqaror) turib, shunday guvoh­lik beradi: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir”, farishtalar va ilm egalari ham...» (Oli Imron, 18).

Alloh taolo olimlar bilan ilmsiz kishilarning farqi katta ekanini zikr etib, bunday marhamat qiladi:

قُلۡ هَلۡ يَسۡتَوِي ٱلَّذِينَ يَعۡلَمُونَ وَٱلَّذِينَ لَا يَعۡلَمُونَۗ

«Ayting! (Ey Muhammad), biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi…?!» (Zumar, 9).

Ulug‘ Alloh taolo yana xabar beradi: «...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur...» (Mujodala, 11).

Yana Alloh taolo xabar berib aytadiki:

إِنَّمَا يَخۡشَى ٱللَّهَ مِنۡ عِبَادِهِ ٱلۡعُلَمَٰٓؤُاْۗ

«Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qo‘rqarlar...» (Fotir, 28).

Janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham ummatlariga murojaat qilib:

اُطْلُبُوا الْعِلْمَ وَلَوْ بِالصِّينِ فَاِنَّ طَلَبَ الْعِلْمَ فَرِيضَةٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ

Ya’ni: «Ilm Xitoyda bo‘lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir», deganlar.

Imom Buxoriy va Muslimning (Alloh bu ikki ulug‘ imomdan rozi bo‘lsin) «Sahih»larida quyidagi hadis Muoviya ibn Sufyondan (roziyallohu anhu) rivoyat etilgan bo‘lib, unda Muoviya aytadilar: «Men Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh kimga yaxshilikni iroda etsa, uni din ishida faqih (teran anglovchi) qilib qo‘yadi”, deganlarini eshitdim».

Abu Umomadan (roziyallohu anhu) rivoyat etiladi. U zot aytadilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida biri obid va biri olim bo‘lgan ikki kishi zikr etildi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Olim kishining obidga nisbatan fazli mening oralaringizdagi eng quyi daraja vakiliga nisbatan fazlim kabidir», deb marhamat etdilar. So‘ng yana u zot (alayhissalom): «Darhaqiqat, Alloh, Uning maloikalari, osmon va yer ahllari, hatto inidagi chumoli va nihoyat, dengizdagi kit ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi payg‘ambarlar merosxo‘ri bo‘lgan olimlarni duo qilishadi», dedilar».

Shuningdek, ilm haqida Avaz O‘tar bunday degan:

Har murodu maqsadingga yetmoq istarsan murod,

Ko‘z ochib bedor bo‘l, darkor ilm, darkor ilm.

Ilm farzi ayn va farzi kifoyaga bo‘linadi. Farzi ayn – har bir kishi o‘rganishi shart bo‘lgan ilmlar. Farzi kifoya – bir guruh kishilarning o‘rganishi bilan boshqalardan soqit bo‘ladigan ilmlar. Insonning dunyo hayotidagi ishlarini bajarishda kerak bo‘ladigan barcha ilmlar farzi kifoyadir. Masalan, tib ilmini olaylik. Bu ilm inson jismining sog‘-salomat bo‘lishida zarur sanaladi. Yana hisob ilmi ham xuddi shu kabi, meros va vasiyatlarni taqsimlashda hamda dunyo taraqqiyotiga sabab bo‘ladigan boshqa ilmlarni o‘rganishda nihoyat darajada kerakli ilmlardandir.

Ushbu ilmlarni jamiyatdagi ma’lum toifa insonlar o‘qib-o‘rganib, ular  bilan shug‘ullanishmasa, boshqa barcha insonlar to‘g‘ri yo‘ldan adashishadi, qiyinchilikka tushib qolishadi. Agar bir yurtda tabib bo‘lmasa, fuqarolari kasallikka chalinishlari, hatto o‘lib ketishlari mumkin. Hisob ilmini biladigan kishilar bo‘lmasa, bu yurt taraqqiyotdan orqada qoladi, kishilar o‘rtasidagi savdo-sotiq va iqtisodiy munosabatlar izdan chiqadi, meros ilmi bilan shug‘ullanish imkoni ham yo‘qoladi.

Xuddi shuningdek, iqtisodiyotning, kasb-hunarning boshqa turli yo‘nalishlari haqidagi ilmlar, masalan, dehqonchilik, tikuvchilik, hatto hijomat, ya’ni qon olish ham farzi kifoyadir. Agar biron-bir yerda qon oluvchi topilmay qolsa, o‘sha joy ahli halokat yoqasiga kelib qoladi. Zero, dardni bergan Parvardigor davosini ham berib, uning yo‘lini ham ko‘rsatgan. Demak, hozirgi zamonda musulmonlar fan-texnika sohasidagi barcha daqiq ilmlar – kibernetika, daqiq hisoblar majmuasi, zarrashunoslik, irsiyatshunoslik va shu kabi ilmlarni ham farzi kifoya darajasida bilishlari zarur bo‘ladi.

Ba’zi ilmlarni o‘rganish muboh hisoblanadi. Masalan, she’riyat, tarix ilmlarini o‘rganishga hech bir monelik yo‘q. Lekin ba’zi bir ilmlar, masalan, sehr-jodu, ko‘zboylash, gipnoz, bashoratgo‘ylik kabilar bilan shug‘ullanish nomaqbuldir. Chunki Alloh taolo:

وَٱتَّبَعُواْ مَا تَتۡلُواْ ٱلشَّيَٰطِينُ عَلَىٰ مُلۡكِ سُلَيۡمَٰنَۖ وَمَا كَفَرَ سُلَيۡمَٰنُ وَلَٰكِنَّ ٱلشَّيَٰطِينَ كَفَرُواْ يُعَلِّمُونَ ٱلنَّاسَ ٱلسِّحۡرَ وَمَآ أُنزِلَ عَلَى ٱلۡمَلَكَيۡنِ بِبَابِلَ هَٰرُوتَ وَمَٰرُوتَۚ وَمَا يُعَلِّمَانِ مِنۡ أَحَدٍ حَتَّىٰ يَقُولَآ إِنَّمَا نَحۡنُ فِتۡنَةٞ فَلَا تَكۡفُرۡۖ فَيَتَعَلَّمُونَ مِنۡهُمَا مَا يُفَرِّقُونَ بِهِۦ بَيۡنَ ٱلۡمَرۡءِ وَزَوۡجِهِۦۚ وَمَا هُم بِضَآرِّينَ بِهِۦ مِنۡ أَحَدٍ إِلَّا بِإِذۡنِ ٱللَّهِۚ وَيَتَعَلَّمُونَ مَا يَضُرُّهُمۡ وَلَا يَنفَعُهُمۡۚ وَلَقَدۡ عَلِمُواْ لَمَنِ ٱشۡتَرَىٰهُ مَا لَهُۥ فِي ٱلۡأٓخِرَةِ مِنۡ خَلَٰقٖۚ وَلَبِئۡسَ مَا شَرَوۡاْ بِهِۦٓ أَنفُسَهُمۡۚ لَوۡ كَانُواْ يَعۡلَمُونَ

«Yana, (ular)  Sulaymon podshohligidagi shaytonlar (jinlar) o‘qiydigan narsalarga ergashib ketdilar. Sulaymon kofir bo‘lmadi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o‘rgatadigan shaytonlar kofir bo‘ldilar. (U ikki farishta): «Biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir bo‘lib qolma!» – deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o‘rgatmas edilar. Ikkisidan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganar edilar. Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar. (Xullas) o‘zlariga foydasi yo‘q, balki zararli narsalarni ta’lim olar edilar. Uni (Alloh kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo‘qligini ham yaxshi bilar edilar. O‘z (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi!» (Baqara, 102) deb sehrni o‘rganganlarni tanqid qilgan.

Imom Abu Homid G‘azzoliy o‘zining «Ihyou ulumid-din» kitobida bunday deydi: «Ilm ikkiga bo‘linadi: birinchisi foydali va ikkinchisi zararli ilmlar. Birinchisi insoniyatga manfaat yetkazadigan ilmlar bo‘lib, bu ham ikkiga – shar’iy va dunyoviy ilmlarga bo‘linadi. Zararli ilmlar esa, sehrgarlik, o‘g‘rilik kabilardir.

Foydali ilmlarning birinchisi payg‘ambarlardan kelgan shariat ilmidir. U faqatgina muqaddas kitoblarni o‘qish va yod olish orqali egallanadi.

Dunyoviy ilmlar esa aql va tajriba tufayli egallanadi. Ular tibbiyot, sanoat, tikuvchilik kabi ilmlardir. Chunki Alloh taolo bandalarni osuda hayot kechirishga, o‘zlarining salomatliklari qo‘riqchisi bo‘lishga buyurgan. Bu kasblarning egalarisiz jamiyat sog‘lom va osuda bo‘la olmaydi, balki tanazzul, halokatga yuz tutadi».

Hazrat Ali (roziyallohu anhu) Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni himoya qiladi, molni esa sen qo‘riqlashga majbursan, ilm hokim, mol mahkumdir, ehson-nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilmni tarqatganing sayin ko‘payib boradi», deganlar.

Luqmoni hakim o‘g‘liga bunday nasihat qilgan ekan: «Ey o‘g‘lim, olimlar bilan o‘tir, ular orasiga kir, chunki Alloh yerni osmon suvi bilan tiriltirgani kabi qalblarni ham ilm-hikmat nuri bilan tiriltiradi».

Bir kuni Fath Musaliy: «Kasalga suv, ovqat berilmasa, u o‘ladimi?» deb so‘rabdilar. Atrofidagilar: «Ha, o‘ladi», deyishibdi. Shunda Fath: «Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, u o‘ladi», degan ekanlar.

Muoz ibn Jabalning (roziyallohu anhu) mana bu so‘zlari ilmning fazilatiga eng yaxshi dalillardandir: «Ilm tanholikda hamroh, xilvatda do‘st, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq, xursandligu xafagarchilikda ulfat, do‘stlar oldida vazir, begonalar oldida yaqin do‘st, jannat yo‘lining minorasidir».

Demak, har bir musulmon farzandi ajdodlarning o‘gitlariga, ulamolarning tavsiyalariga amal qilib, ilm o‘rganishga bor kuch-g‘ayratini sarflashi, o‘rgangan ilmiga amal qilish payida bo‘lishi zarur. Shundagina u Alloh roziligini topadi, imonini mustahkamlaydi, ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritadi.

Shuning uchun ota-onaning farzand oldidagi eng muhim burchlaridan biri uning yoshligidan boshlab ilm olishiga qulay sharoit yaratib berishlari, ulg‘aygan sari o‘ziga munosib biror kasbu hunar tanlashga yo‘l ko‘rsatib borishlaridir. Hammasidan ham muhimi – ilmu hunar o‘rganish bilan birga axloq va odob fazilatlarini tobora ko‘proq egallab borishlarida barchamiz o‘z farzand va nabiralarimizga yaqindan ko‘maklashishimiz lozim bo‘ladi. Allohga shukrki, yurtimizda ilm-ma’rifat va kasb-hunar o‘rganish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Muhammad ibn Hasan aytadi: «Ilmni talab qilish farz bo‘lganidek, kasb-hunarni talab qilish va uni egallash ham farzdir».

Inson hayoti uchun zarur bo‘lgan uy-joy, ulov, oziq-ovqat va ro‘zg‘or anjomlari, poklik vositalari, libosga hamisha ehtiyoj seziladi. Bularning barchasi kasb-hunar orqali vujudga keladi. Avval aytganimizdek, o‘tgan barcha payg‘ambarlar va elchilar biron kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lib, hayot kechirishgan. Odam (alayhissalom) bug‘doy sepganlar va uni o‘rib, don qilib, tegirmondan o‘tkazib, xamir qilib, non yasaganlar. Nuh (alayhissalom) duradgor-usta bo‘lganlar. Ibrohim (alayhissalom) bazzozlik qilganlar. Dovud (alayhissalom) sovut, Sulaymon (alayhissalom) cho‘pdan o‘lchov va tarozi yasaganlar, Zakariyo (alayhissalom) najjorlik qilganlar. Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) esa qo‘y boqqanlar. Barchalari o‘zlari qilgan kasblaridan rizqlanib, halol-pok hayot kechirishgan.

Hadisda aytilishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bir kishi tilanchilik qilib keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) undan so‘radilar: «Uyingda biron narsang bormi?» U: «Ha, bor. Ba’zisini ostimizga solib, ba’zisini kechasi ustimizga yopadigan bisot va suv ichadigan bir idishimiz bor», deb javob berdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Ikkovini keltir!» U kishi aytgan narsasini olib keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u olib kelgan narsalarni qo‘llariga oldilar va: «Bularni kim sotib oladi?» dedilar. Sahobalardan biri: «Men ularni bir dirhamga olaman», dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir necha bor: «Kim buning ustiga ziyoda qiladi», dedilar. Boshqa bir sahoba: «Men ularni ikki dirhamga olaman», dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ikki narsani sahobaga berdilar va undan ikki dirhamni olib, ansoriyga berib dedilar: «Bir dirhamga taom sotib olib, ahli ayolingga olib bor va qolgan bir dirhamga bolta sotib olda, menga olib kel», deb amr qildilar. U Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) amrlarini bajarib, bolta sotib olib, huzurlariga keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) muborak qo‘llari bilan boltaga sop yasadilar va uni kishining qo‘liga berdilar-da: «Endi borib, o‘tin yig‘ib, uni sot, o‘n besh kun seni ko‘rmayin», dedilar. Ansoriy shu kunlar ichida o‘tin yig‘ib, uni sotib, o‘n besh dirhamga ega bo‘ldi va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga keldi. Shunda Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam): «Bu mablag‘ning bir qismiga taom xarid qil, bir qismiga kiyim-kechak sotib ol!» dedilar. So‘ngra marhamat qilib aytdilar: «Bunday qilishing senga yarashadi. Tilanchilik qilishing sababli qiyomat kuni yuzingda dog‘ bo‘ladi».

Alloh taolo insonlarni halol kasb-hunar bilan kun kechirishga va shu tufayli topilgan eng yaxshi narsalardan ehson qilishga buyuradi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَنفِقُواْ مِن طَيِّبَٰتِ مَا كَسَبۡتُمۡ وَمِمَّآ أَخۡرَجۡنَا لَكُم مِّنَ ٱلۡأَرۡضِۖ وَلَا تَيَمَّمُواْ ٱلۡخَبِيثَ مِنۡهُ تُنفِقُونَ وَلَسۡتُم بِ‍َٔاخِذِيهِ إِلَّآ أَن تُغۡمِضُواْ فِيهِۚ وَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّ ٱللَّهَ غَنِيٌّ حَمِيدٌ

«Ey imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz! O‘zingiz faqat ko‘zingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi yomon narsalarni (ehson qilishga) tanlamangiz! Shuningdek, bilingizki, albatta, Alloh g‘aniy va maqtovga loyiq Zotdir» (Baqara, 267).

 Mashhur mufassir Imom Bag‘aviy bunday deydi: «Bu oyatning ma’nosi kasb-hunar bilan topilgan narsalarning eng yaxshisidan nafaqa-ehson qilinglar», demakdir.

Kasb-hunar egallash va shu asosda hayot kechirish haqida Islom olamida birinchi bo‘lib Imomi A’zamning shogirdlari Imom Muhammad (rahimahumalloh) «Kitob al-iktisob» («Kasb-hunar kitobi») asarini yozib, bu boradagi dinimiz ta’limoti asoslarini mukammal ravishda bayon qilib berdi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki vaqtlardanoq ta’lim-tarbiya tizimida yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish yo‘llarini yanada takomillashtirish va ularning moddiy-ma’naviy asoslarini vujudga keltirish sohalarida katta ishlar amalga oshirildi. Barcha viloyat va shaharlarimizda ochilgan kasb-hunar kollejlarida diyorimizning minglab o‘g‘il-qizlari mehnat, kasb-hunar malakalarini izchil o‘rganmoqdalar. Hozir respublikamizda 1370 dan ziyod kasb-hunar kollejlari faoliyat olib bormoqda. 

Jamiyatga tabib, quruvchi, to‘quvchi, muallim, Vatan himoyachisi, qurol yasovchi usta, mashina haydovchi, novvoy kabi kasb egalari hamisha zarur. Tarixdan ma’lumki, qaysi jamiyat zamonaviy ilmlardan orqada qolgan bo‘lsa, albatta inqirozga uchragan, kelgindi bosqinchilarga qaram bo‘lgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) shuning uchun ummatga: «Farzandlaringizni suvda suzishga, otda chopishga, kamon otishga va qurol ishlatishga o‘rgatinglar», deb buyurganlar. Faxri koinotning o‘zlari askarlarning mashqlarini kuzatganlar, musulmon farzandlarini boshqa xalqlar tilini o‘rganishga undaganlar.

Dinimiz insonlarni halol mehnat, kasb-hunar bilan turmush kechirishga chaqirgan. Dangasalik, ishyoqmaslik, bekorchilik, nopok yo‘llar bilan tirikchilik qilish Islomda qattiq qoralangan. O‘tmishda momolarimiz erlarini pul topib kelishga jo‘natishib, faqat halol yo‘l bilan, mehnat orqali rizq-nasiba topishni tayinlashgan va: «Biz yo‘qchilik va ochlikka chidaymiz, ammo do‘zax otashiga chiday olmaymiz», deb nasihat qilishgan.

Bolalarga yoshligidan biror kasb-hunar o‘rgatish ota-onaning muhim vazifasidir. Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy bir dostonining qahramoni tilidan: «Hunarni asrabon netkumdir oxir, Olib tufroqqamu ketkumdir oxir», deb bejiz yozmagan. Atoqli sharq shoiri Nizomiy Ganjaviy: «O‘qib-o‘rganilgan har bitta hunar hunarmandga bir kun foyda keltirar», deb yozganida ming bora haq edi. Yana hikmatlardan birida: «Har kimning zari bo‘lmasa-da, ammo hunari bo‘lsa, dunyoda hech bir xavf-xatari bo‘lmaydi. Shuning uchun kishi hunar ziynati bilan bezanmog‘i kerak», deyilibdi. Yana Alisher Navoiy xazratlari: «Yo‘q hunari yolg‘iz ersa kishi, qayda kishi sonida yolg‘iz kishi», deganlar.

Xalqimiz mehnatsevarligi, g‘ayrat-shijoati, hunarmandligi bilan nom chiqargan. Ota-onalar farzandlarini kichikligidanoq biror mashg‘ulot bilan shug‘ullantiradilar yoki hunar o‘rgatish uchun biror hunarmand ustaga shogird qilib berishadi. Qizlarimizga ham yoshligidan chevarlik, pazandalik, uy tutish, bola tarbiyalash, o‘ziga oro berish kabi yumushlar erinmay o‘rgatiladi. Toki, borgan yerlarida epli-shudli ekanliklarini ko‘rsatsinlar, yangi ro‘zg‘orlarida qiynalib qolmasinlar, hayotlari farovon, oilalari to‘kin bo‘lsin, degan niyatda shunday yo‘l tutiladi. Momolarimiz azal-azaldan chevarlik, to‘quvchilik, mazali taomlar tayyorlash, zardo‘zlik, kashtachilik va boshqa hunarlar bobida nom chiqarishgan. Qizlarini ham turmushga uzatish oldidan bir necha hunar egasi qilib tarbiyalashgan.

O‘n to‘qqizinchi asr oxiri va yigirmanchi asr boshlarida yashab o‘tgan taniqli olim va ma’rifatparvar Aliy Nazimoning Markaziy Osiyoda katta shuhrat qozongan va maktab-madrasalarda darslik sifatida o‘qitilgan «Ta’limi banot» («Qizlar tarbiyasi») kitobida quyidagi jumlalarni o‘qiymiz: «Yosh qizlarga ta’lim-tarbiya berishda ular uchun nihoyatda kerakli, o‘rganmaslikning aslo iloji bo‘lmagan fan qo‘l hunarlari fanidir. Eng yuqori bilim va ma’lumot ham bu fanning o‘rnini bosa olmagani bois yosh xonim-qizlar bu fanni o‘rganishga tirishishlari lozim. Qo‘l ishlariga usta bo‘lgan ayol qo‘llarining mohirligi, chapdastligi sababli adabu iffat ichida tirikchiligini qila oladi. Boy oilalarning xonimlari qo‘l hunari orqasida xush va huzurli vaqt o‘tkazishadi hamda muhtojlarga yordamlar ko‘rsatib, odamiylikda bo‘lurlar. Igna bir to‘g‘ri va chin do‘st bo‘lib, ko‘p vaqtda yurt xalqining yordamchisi va eng qimmatli qurollaridan biridir. U yolg‘iz vaqtlarda yupanch bo‘lib, g‘am-qayg‘uni daf qiladi, yaxshi ishlarni ro‘yobga chiqaradi, kerak bo‘lganda faqirlik va muhtojlikka qarshi kurashadi. Qo‘l hunarlarini kichkina yoshdan boshlab tartibi ila o‘rgatish lozim».

 

FARZANDLIK BURCHI VA VAZIFALARI

Parvardigori olam bashariyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun Qur’oni karimni nozil qildi va unda insonlarning dunyoda farovon hayot kechirib, oxiratda esa najot topishlariga sabab bo‘luvchi hukmlarini bayon etdi.

Ma’lumki, ota-onalar o‘z farzandlarini cheksiz mehr-muhabbat va shafqat, kuch-g‘ayrat va mablag‘larini darig‘ tutmay tarbiya qilib o‘stiradilar. Binobarin, har bir farzand zimmasiga ham aqlan, ham shar’an o‘z ota-onalariga nisbatan behisob burch va vazifalar yuklanadi. Har qaysi ota-ona o‘z farzandiga aqlini tanishi bilan kattalarni, xususan, o‘zining dunyoga kelishiga va ulg‘ayishiga, tarbiya topishi va ilmu odob o‘rganishiga sababchi bo‘lgan ota-onasi haqini ado etishni tushuntirib borishi kerak.

Qur’oni karimning yigirmadan ortiq oyati karimalarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning roziliklarini topishga amr qilinadi.  Jumladan, Ankabut surasining 8-oyatida:

وَوَصَّيۡنَا ٱلۡإِنسَٰنَ بِوَٰلِدَيۡهِ حُسۡنٗاۖ

«Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik...» (Ankabut, 8) deyilgan.

Darhaqiqat, Alloh taolo ota-onaga yaxshilik qilishni har bir musulmon kishiga farz qilgan. Shu sababli ularga yaxshilik qilish aka-uka, yoru-do‘stlarga va hatto farzandga yaxshilik qilishdan ham ustun turadi.

 Ota-onaga zinhor ozor bermaslik va ularning so‘zu fe’llaridan hech malollanmaslikka buyurib, quyidagicha xitob qiladi:

۞وَقَضَىٰ رَبُّكَ أَلَّا تَعۡبُدُوٓاْ إِلَّآ إِيَّاهُ وَبِٱلۡوَٰلِدَيۡنِ إِحۡسَٰنًاۚ إِمَّا يَبۡلُغَنَّ عِندَكَ ٱلۡكِبَرَ أَحَدُهُمَآ أَوۡ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُل لَّهُمَآ أُفّٖ وَلَا تَنۡهَرۡهُمَا وَقُل لَّهُمَا قَوۡلٗا كَرِيمٗا وَٱخۡفِضۡ لَهُمَا جَنَاحَ ٱلذُّلِّ مِنَ ٱلرَّحۡمَةِ وَقُل رَّبِّ ٱرۡحَمۡهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرٗا

«Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga «uf!..» dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!» Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: «Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro, 23-24).

«Ularga yoqimli so‘z» deganda ota-onani nomi bilan chaqirmaslik, balki «otajon, onajon» kabi so‘zlar bilan yosh go‘daklardek avaylab muomala qilish, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmaslik, ular oldida o‘zini qul yoki cho‘rilardek tutish kabilarni tushunish kerak (Imom Nasafiy va Xozin tafsirlari).

E’tibor bering, Haq taolo ota-onalar haqlariga duo va istig‘for aytib turishga buyurib, marhamat qilyapti:

وَٱخۡفِضۡ لَهُمَا جَنَاحَ ٱلذُّلِّ مِنَ ٱلرَّحۡمَةِ وَقُل رَّبِّ ٱرۡحَمۡهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرٗا

«Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: «Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro, 24).

Boshqa bir oyatda esa:

رَبَّنَا ٱغۡفِرۡ لِي وَلِوَٰلِدَيَّ وَلِلۡمُؤۡمِنِينَ يَوۡمَ يَقُومُ ٱلۡحِسَابُ

«Ey Rabbimiz! Hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va (barcha) mo‘minlarni mag‘firat qilgin!» deyiladi (Ibrohim, 41).

Farzand har doim ota-onasining so‘zlariga quloq solishi va ularga itoat qilishi lozim. Ammo ota-ona biror gunoh ishga buyurishsa, ularga itoat qilinmaydi. Masalan, ota o‘z o‘g‘liga do‘konga borib mast qiluvchi ichimlik olib kelishni buyursa, bu  holatda otaga itoat etilmaydi, balki qo‘pollik qilmasdan, shirinso‘zlik va muloyimlik bilan tushuntiriladi.

Janob Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) ham ko‘plab hadisi shariflarida farzandlarni ota-onalarga yaxshilik qilish, ularning roziliklarini topish uchun harakat qilishga buyurganlar. Jumladan:

رِضَى الرَّبِّ فيِ رِضَا الْوَالِدَيْنِ وَسَخَطُهُ فيِ سَخَطِهِمَا

«Parvardigorning roziligi ota-onaning roziliklariga bog‘liq. Uning g‘azabi ham ota-onaning noroziligiga qarab bo‘ladi», deyiladi (Tabaroniy rivoyati).

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) rivoyat qiladilar:

مَا مِنْ وَلَدٍ بَارٍّ يَنْظُرُ إِلىَ وَالِدَيْهِ نَظَرَ رَحْمَةٍ إِلاَّ كَتَبَ اللهُ لَهُ بِكُلِّ نَظْرَةٍ حَجَّةً مَبْرُورَةً. قَالوُا: وَإِنْ نَظَرَ كُلَّ يَوْمٍ مِائَةَ مَرَّةٍ ؟ قاَلَ: نَعَمْ. اللهُ أَكْبَرُ وَاَطْيَبُ

«Qaysi bir solih farzand o‘z ota-onasining yuzlariga mehru shafqat nazari ila boqsa, Haq taolo u kishining har bir qilgan nazariga bir haj qilganning savobini bergay». Shunda sahobalar so‘radilar: «Yo Rasululloh, bir kunda yuz marta boqsa ham, yuz hajning savobi yozilaveradimi?» Onhazrat: «Albatta, Alloh taolo karami keng, ulug‘ zotdir va ajru savoblarini yaxshi bandalaridan darig‘ tutmagay», deb javob berdilar.

Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Bir kishi yig‘lab qolgan ota-onasini tashlab hijrat qilish uchun Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga bay’at berishga kelganida, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Ularning oldiga qaytgin va ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday kuldirgin”, dedilar.

Yana bir hadisi sharifda bir kishi kelib janobi Sarvari olamdan so‘radi: «Ota-onam vafot etdilar. Endi ularga nima qilsam, zimmamdagi haqlarini ado etgan bo‘laman?» Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Ota-ona vafot etgach, farzandlarning zimmalariga vojib ishlar, avvalo, ularga  janoza namozi o‘qish, vaqti-vaqti bilan duoyu istig‘forlar aytib turish, qilib ketgan barcha vasiyatlarini ijro etish, ularga yaqin bo‘lgan yoru do‘st, qarindoshlarini izzatu hurmat qilish, ota-ona tarafidan bo‘lgan qavmu qarindoshlarga silai rahm bajo keltirish, qabrlarini ziyorat qilib turish, birovlardan qarz yoki omonat olgan bo‘lishsa, ularni egalariga yetkazish», deb javob qilgan ekanlar.

O‘tib ketgan ota-onalarning ruhlari shod bo‘ladigan amallarning eng ulug‘i ular qoldirib ketgan farzandlarning solih va qobil bo‘lishlaridir. Agar farzand o‘zini yomon yo‘llardan, gunoh ishlardan saqlab, rushdu hidoyat, toat-ibodatda yuradigan bo‘lsa, buning savobidan o‘zi va zurriyotlarigina emas, balki o‘tib ketgan ota-onalar ham albatta bahramand bo‘lishadi.

Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) bir hadisi muboraklarida bashorat berib bunday deganlar:

إِذَا مَاتَ الْإِنْسَانُ إِنْقَطَعَ عَمَلُهُ إِلاَّ عَنْ ثَلاَثٍ: صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ

«Inson vafot etishi bilan nomai a’moliga gunohu savob yozilishi ham to‘xtaydi. Ammo uch ish bor, agar mayyit hayotlik vaqtida ulardan qaysi birini qilib ketgan bo‘lsa, undan hosil bo‘ladigan savoblardan mayyitning nomai a’moliga yozilib turaveradi. Bular sadaqai joriya, foydali ilm va solih farzanddir» (Muttafaqun alayh).

Islom dinida ota-onaga bo‘lgan hurmat nechog‘li ulug‘ligini quyidagi hadislardan ham bilsak bo‘ladi. Onaning huzuriga kirishga izn so‘rash haqida Alqamadan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan:

عَنْ عَلْقَمَةَ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إلَى عَبْدِ الله قَالَ أَ أَسْتَأْذِنُ عَلَى أُمِّي؟ فَقَالَ: مَا عَلَى كُلِّ أَحْيَانِهَا تُحِبُّ أَنْ تَرَاهَا.

«Bir kishi Abdullohning oldiga keldi va: “Men onamning oldiga kirishga izn so‘raymanmi?” dedi. “Nima, uni har qanday holatida ham ko‘ravermoqchimisan?” dedi».

Ushbu hadisdan kishi o‘z onasining oldiga ham izn so‘rab kirishi zarur ekani ko‘rinib turibdi. Bu farzandning ulug‘ burchlari va odoblaridan hisoblanadi.

Sadaqai joriya. Buning ma’nosi shuki, inson faqat o‘zi va oilasining manfaatinigina ko‘zlab emas, balki o‘zgalarga, butun insoniyatga, hayvonotu nabototga ham biror jihatdan foyda yetkazish niyati bilan ish qilishi kerak. Daraxt  o‘tqazilsa, uning mevasidan, soyasidan hamma foydalanadi. Biror yerdan suv chiqarilsa yoki yo‘l qurilsa, bundan odamlar manfaatdor bo‘ladilar. Bir ko‘prik solinsa, karvonsaroy, masjid, maktab yo madrasa kabi inshootlar qurilsa, bu ham ko‘pchilik manfaatiga xizmat qiladi. Bularning hammasi «sadaqai joriya» hukmidadir.

Foydali ilm. Buning ma’nosi dinu diyonatga yoki ilmu hikmatga doir kitoblar yozib ketishdir. Diniy va dunyoviy ilmlardan dars berib, shogirdlar qoldirib ketish ham shunga kiradi. Mana, hozirgacha foydalanib kelinayotgan minglab diniy kitoblarimizni yoki Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiyning asar­larini olib ko‘raylik, Bularning hammasi necha asr­lar oldin yozilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha o‘z qimmat va e’tiborini yo‘qotmay, butun insoniyat manfaati yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.

Solih farzand. Ya’ni, solih va qobil farzandning to‘g‘ri yo‘lda xayrli ishlarni qilib yurishining savobidan, albatta, o‘tib ketgan ota-onalari bahramand bo‘lishlarini Rasululloh (alayhissalom) bizga ma’lum qiladilar.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Islomda farzandlar burchlari bilan bir qatorda ularning haqlari ham mavjud. Bu haqlar ularning ota-onalari yoki yaqin qarindoshlari, yashayotgan jamiyatlariga vazifa qilib yuklatilgandir. Bu haqlarni ado etish vojib bo‘lib, unga amal qilmoqlik majburiydir.

  1. Nasab. Nikohning asl maqsadlaridan biri nasl-nasabni saqlashdir. Busiz oila ham, jamiyat ham bo‘lmaydi. Farzandning ota-onasi nikohdan o‘tgan, halol-pok yashagandagina nasabi aniq va pok bo‘ladi.
  2. Bo‘lajak farzandga munosib ota va ona tanlash. Islom bola haqida u hali dunyoga kelmasdan ancha oldin, oila qurishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan paytdan boshlab qayg‘ura boshlaydi.

“Talxis” nomli kitobda Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi:

“Sizlar o‘z nutfangizga munosib jufti halolni ixtiyor qilinglar. O‘zingizga munosiblarga nikohlaning va ularga nikohlab bering” (Ibn Moja va Doraqutniy).

Oila qurilar ekan, ota-onaning dindorligi, axloqi, odobiga, insoniyligiga alohida e’tibor beriladi. Chunki ulardagi xislat, fazilatlar ham, yomon odatlar ham bolaga ko‘chishi isbot talab etilmaydigan haqi­qatdir.

  1. Emizish. Tug‘ilgan farzand avvalo emishga muhtoj. Bu esa onasining vazifasi. Shar’iy uzr sababli ona emiza olmasa, emizuvchi topish va uni rozi qilish otaning ishi hisoblanadi.
  2. Bolaning ota-onadagi haqlaridan biri unga munosib ism tanlashlari, ya’ni farzandga ma’nodor, chiroyli ism qo‘yishdir.
  3. Aqiqa ham bolaning ota-onadagi haqlaridandir.

“Aqiqa” lug‘atda “yordi” ma’nosini anglatib, aslida, yangi tug‘ilgan bolaning sochiga aytiladi.

Shariat ta’limotlariga muvofiq, tug‘ilishning yettinchi kuni bolaning sochini olib, o‘sha soch og‘irligida kumush sadaqa qilmoq tavsiya etiladi.

Soch boshdan ajratib olingani uchun, bu marosim “aqiqa” deyiladi.

Iste’molda shu ma’no ko‘p ishlatilishi bois “aqiqa” deganda, yangi farzand tug‘ilishi munosabati ila so‘yiladigan qo‘y ham tushuniladigan bo‘lib qolgan.

  1. Yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga azon va takbir aytish.

عَنْ أَبي رَافِعٍ رَضِيَ الله عَنْهُ قَالَ: رَأَيْتُ رَسُولَ الله صَلَّى الله عَلَيْه وَ سَلَّم أَذَّنَ بِالصَّلاةِ فِي أُذُنِ الحَسَنِ بْنِ عَلِيٍّ حِينَ وَلَدَتْهُ فَاطِمَةُ

Abu Rofi’dan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:

“Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) Fotimaning (roziyallohu anho) tuqqan bolasi Hasan ibn Ali qulog‘iga namozning azonini aytayotganlarini ko‘rdim” (Abu Dovud va Termiziy).

  1. Yangi tug‘ilgan bolaning tanglayini ko‘tarish. Ko‘pchilik sahobalar o‘zlarining yangi tug‘ilgan farzandlarini Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga olib borar edilar. Ul zot (alayhissalom) yosh bolalarni ko‘rsalar, o‘ta hursand bo‘lar edilar. Ko‘pincha hurmo bilan yangi tug‘ilgan bolaning tanglayini ko‘tarar va unga ism qo‘yar edilar.
  2. Homiylik. Bola yetti yoshga kirguncha birovning himoyasiga muhtoj. Ya’ni ovqatlanish, kiyinish, yuvinish va boshqa holatlarda doimo kattalarning yordamiga muhtojlik sezadi. Bu ishlarni uning ota-onasi, ular bo‘lmasa yaqin qarindoshlari amalga oshirishlari vojibdir.
  3. Valiylik. Yetti yoshdan balog‘at yoshiga yetguncha bo‘lgan bolalar valiyga, o‘zidan katta rahbarga muhtojdirlar. Bu ham, agar ota-ona bo‘lmasa, yaqin qarindoshlariga yuklatiladi.
  4. Nafaqa. Bolalarni oziq-ovqat, kiyim kechak, turar-joy bilan ta’min etish otaning burchidir. Bu narsalar halol-pok bo‘lishi talab qilingan.
  5. Bolaga mehribonlik ko‘rsatish ota-ona vazifasiga kiradi.
  6. Bolalari orasida adolat qilish ham ota-ona vazifasidir.
  7. Balog‘atga yetganidan so‘ng uylantirib, oilali qilib qo‘yish va shunga o‘xshash ba’zi ishlar ham ota-onalarning burchlari hisoblanadi.
  8. Tarbiya haqi ham farzandlik haqlaridandir.

Faqih Abu Lays Samarqandiy ota-ona haqiga nozil bo‘lgan oyatlarning tafsirida aytadilar: «Kim o‘z ota-onasini besh vaqt namozdan so‘ng duo qilib yursa, demak, u ota-onasi haqlarini ado qilgan bo‘ladi».

Farzand zimmasida, ayniqsa, onaning haqi ulug‘dir. Chunki ona farzandini to‘qqiz oy qornida ko‘tarib yuradi, tug‘ilgach, bor mehri, kuch-quvvatini bag‘ishlab, uni boqadi, kechalari necha bor turib, uni emizadi, oq yuvib, oq taraydi, shodligida sevinadi, g‘amga botsa, baravar qayg‘uradi, tobi qochsa, birgalikda dardini tortadi, qo‘yingchi, butun borlig‘ini farzandiga baxshida qiladi. Shunday bo‘lgach, farzand bir umr ona haqini ado qilishga tirishsa ham, buning uddasidan chiqolmaydi.

Rivoyat qilishlaricha, Abdulloh ibn Umar Makkai mukarramada onasini yelkasida opichlab, Ka’bani tavof qildirib yurgan bir yamanlik kishini ko‘rib qoladilar. U kishi Ibn Umardan: «Endi onamning haqini ado qiloldimmi?» deb so‘raganida, Ibn Umar: «Yo‘q, bu bilan bir martalik to‘lg‘oqdagi mashaqqati haqini ham ado qilolmading», deb javob berganlar.

Hadislarda rivoyat qilinishicha, bir kishi Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam): «Kimga yaxshilik qilay?» deb so‘raganida, uch martagacha «onangga» deb javob berganlar va to‘rtinchisida «otangga va yaqin qarindoshlaringga», deganlar.

Onalar ana shunday ulug‘ va mukarram zotlardir. «Jannat onalar oyog‘i ostidadir» degan hadisi sharifga muvofiq, farzandlarimizga kichikligidanoq onalarni hurmatlashni, aytganlarini so‘zsiz bajarishni, yaxshi muomalada bo‘lishni o‘rgatish lozim.

Oilaning muallimasi ona bo‘lsa, uning posboni va ustuni otadir. Farzandga otaday mehribon, otaday g‘amxo‘r kishi yo‘q. Farzandning dunyoga kelib, hayotda o‘z o‘rnini topishida uning alohida xizmatlari bor. Ota oilani moddiy jihatdan ta’minlaydi: oilasi, farzandlari yashashi uchun uy-joy hozirlaydi, ustlariga libos topadi, yemak-ichmagi payidan bo‘ladi. Ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanadi, uylab-joylaydi. Boring­ki, har bir oilaning ravnaqi va kamoli yo‘lida eng ko‘p jon kuydiradigan kishi otadir.

Otalar farzandlarining chin inson bo‘lib ulg‘ayishlari, ta’lim-tarbiya olishlari, kasbu hunar o‘rganishlari yo‘lida jonlarini, mollarini, kuch-g‘ayratlarini sarflashadi. O‘g‘il-qizlarining axloq-odobini, ilm-salohiyatini o‘nglashadi. Farzandga kelgan balo-qazolarga ko‘ksilarini qalqon qilishadi. Shuning uchun ularning bu xizmatlarini bilish va qadriga yetish, buning shukronasi uchun ularga itoatda bo‘lish, farzandlik burchini o‘tashga hamisha shay turish lozim. Chunki adolat mezoni ularning bu g‘amxo‘rlik va xizmatlarini munosib taqdirlashni taqozo etadi. 

Bir kuni kelib kechagina navqironlik va baquvvatlikdan masrur yurgan ota keksayib, qaddi dol bo‘ladi. Sog‘lig‘idan putur, ko‘zlaridan nur ketadi, har ishda boshqalar yordamiga muhtoj bo‘lib qoladi. Hayot qonuniga ko‘ra, kechagi ojiz va notavon farzand bugun ulg‘ayib, kuch-quvvatga to‘ladi, aqli, fikri, iqtidori yuksaladi. Ana shunday paytlarda farzandlar otalaridan insonlik qarzlarini uzishlari, ya’ni chiroyli muomala qilishlari, ular sha’niga dog‘ tushirmaydigan, munosib insonlar bo‘lishlari, qo‘llaridan kelganicha yordam berishlari kerak bo‘ladi.

Qur’oni karimning bir necha oyati karimalarida ota-onalarga yaxshilik qilish buyurilgan. Ammo ayrim yoshlarimiz bu ilohiy amrni unutib qo‘yishyapti. Yashirib nima qilaylik, oramizda otalariga qo‘pol, yomon muomalada bo‘ladiganlar, iltimoslarini bajarishni «esdan chiqarib» qo‘yadiganlar ham bor. Ularning dilini og‘ritadigan, o‘zining yomon xulqi bilan el orasida ota­sini sharmanda qiladigan, otaga hatto qo‘l ko‘tarishgacha boradigan nobakor farzandlar ham uchrab turishi sir emas. Eng achinarlisi, ba’zi noqobil o‘g‘il-qizlar boylik va imkoniyatlari bo‘lgani holda, otalari keksayib, madad va daldaga muhtoj bo‘lib qolganlarida ularni e’zozlab parvarishlash o‘rniga yo qarovsiz tashlab qo‘yishadi, yo qariyalar uyiga jo‘natishadi. Keksaygan otalarining xonadonga keltiradigan barakotlaridan manfaatlanish, duolarini olish o‘rniga, aksincha, diydoriga zor qilib, xo‘rlashadi. Bu borada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: «Otalaringizni hurmatlab, ularga yaxshilik qilinglar, farzandlaringiz ham sizlarga yaxshilik qilishadi». 

Dono xalqimizda «ota bo‘lish oson, otalik qilish qiyin», «nima eksang, shuni o‘rasan», «ota rozi – Xudo rozi» kabi ajoyib hikmatlar bor. Otalar ko‘nglini topish, hamisha xizmatiga shay bo‘lish, hadyalar berib, xursand qilish, har jabhada ular roziligini topish farzandning asosiy burchlaridandir. 

Farzand ota-onaga qancha yaxshilik qilmasin, o‘zining dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan zotlar mukofotini hech vaqt ado eta olmaydi. Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Bola otasi mukofotini qaytara olmaydi, faqat otasi qullik azobida yurgan bo‘lsa-yu, farzand uni sotib olib, ozod qilsagina mukofotini qaytargan bo‘lishi mumkin». 

Solih ajdodlarimiz otalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatishda, ularni rozi qilib, farzandlik burchlarini sharaf bilan o‘tashda avlodlarga ibrat va namuna bo‘lishgan. Umar ibn Zar aytadi: «Agar kunduzi yursam, o‘g‘lim odob yuzasidan ortimda kelar, kechasi esa menga biron ozor yetishidan qo‘rqib oldimda borar, mendan yuqorida bo‘lmaslik uchun hatto men turgan uy tomiga ham chiqmas edi».

Fazl ibn Yahyo Barmakiy otasi bilan tutqunlikda turganida havo sovuq bo‘lib, ertalabki izg‘irinda tahorat olishga otaning toqati yetmas edi. Shunda o‘g‘li Fazl suvli idishni isitish uchun ertalabga qadar uxlamay, chiroq yonida ushlab o‘tirar va iligach, otasi tahoratiga berar edi.

Imom Tovus aytadi: «To‘rt toifa insonlarni hurmat qilish sunnatdir: olimni, oqsoqolni, sultonni va otani. Kishining ota ismini aytib chaqirishi qo‘pollikdir».

Ota-onaning, ayniqsa, otalarning farzand zimmasidagi haqlari o‘ta muhim va e’tiborga loyiqdir. Shuning uchun har bir farzand hamisha ota ko‘nglini olish, duolariga sazovor bo‘lish, xizmatlarida kamarbasta turish, yaxshi ishlari, hadyalari bilan xursand qilish payida bo‘lishi lozim. Yaxshi farzandlar esa bunday yaxshiliklarni ota vafotidan keyin ham davom ettirishadi, duo va istig‘forda bardavom bo‘lishadi, uning do‘st va aqrabolarini yo‘qlab turishadi, solih amallari bilan sha’nini pok saqlashadi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Odob – bolaning ko‘rki;

Poklik imondandir;

Xatolarning achchiq mevasi.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

9.01.2025   1875   19 min.
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

 - 57وَحَقٌّ وَزْنُ أَعْمَالٍ وَجَرْيٌ عَلَى مَتْنِ الصِّرَاطِ بِلاَ اهْتِبَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Amallarni tortib o‘lchash haqdir va Sirot uzra yugurish ham (sirotdan o‘tib ketishga intilib unga chiqish oldidan) hozirlik ko‘rishsizdir.

Nazmiy bayoni:

Amallar o‘lchanar, gar aql yetmas,
Sirotda yugurishga epchillik ketmas.

Lug‘atlar izohi:

حَقٌّ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar.

وَزْنُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Vazn kalimasi lug‘atda “biror narsaning og‘ir yo yengilligini tortib ko‘rish” ma’nosini anglatadi.

اَعْمَالٍ – muzofun ilayh, “harakat qilishlar” ma’nosini anglatadi.

جَرْيٌ – kalimasi وَزْنُ ga atf qilingan. Lug‘atda “yugurish” ma’nosini anglatadi.

عَلَى – “isti’lo” ma’nosida kelgan jor harfi.

مَتْن – matn lug‘atda biror narsaning asosiy ko‘rinib turadigan joyiga nisbatan ishlatiladi. Bu yerda ham sirotning qadam qo‘yiladigan joyi ma’nosida ishlatilgan. Jor va majrur جَرْيٌ ga mutaalliq.

بِلاَ – jor harfi bo‘lgan بِ va nafiy harfi bo‘lgan لا dan tarkib topgan bo‘lib, “...dan boshqa”, “...siz” ma’nolarini anglatadi.

اهْتِبَالِ – bu kalimaning “qo‘lga kiritish”, “chap berish”, “g‘animat bilish” va “hozirlik ko‘rish” kabi ma’nolari bo‘lib, bu yerda “hozirlik ko‘rish” ma’nosi iroda qilingan.

Matn sharhi:

Qiyomat kunida bu dunyoda qilingan barcha yaxshiyu yomon amallar tortib o‘lchanadi. Garchi barchaning holi ma’lum bo‘lsa-da, amallarning tortib o‘lchanishini Alloh taolo iroda qilgan. So‘fi Ollohyor bobomiz aytganidek:

Bilur Tangri agarchi holimizni,
Tarozug‘a solur a’molimizni.

* * *

Qilur ogoh qulin qilmishlarig‘a
Yetushmas aql egamning ishlarig‘a.

Ya’ni Alloh taologa maxfiy biror amalimiz bo‘lmasa ham, amallarimizni o‘lchattirib, bandalarning qilmishlarini o‘zlariga bildirib qo‘yadi.

Qur’oni karimda amallarning tortib o‘lchanishi haqligi shunday bayon qilingan:

“O‘sha kuni vazn (amallarning tarozida tortilishi) haqiqatdir. Kimning mezonlari (amallari) og‘ir kelsa, aynan o‘shalar najot topuvchilardir. Kimning mezonlari (amallari) yengil kelsa, ana o‘shalar oyatlarimizga zulm (inkor) qilganlari sababli, o‘zlariga ziyon qilganlardir”[1].

O‘sha kunda ba’zi insonlar hisob-kitob qilinmasdan jannatga kiradilar. Ularning sifatlari quyidagi hadisda kelgan:

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مِنْ أُمَّتِي سَبْعُونَ أَلْفًا بِغَيْرِ حِسَابٍ هُمْ الَّذِينَ لَا يَسْتَرْقُونَ وَلَا يَتَطَيَّرُونَ وَعَلَى رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatga ummatimdan yetmish mingtasi hisobsiz kiradi. Ular: Afsun qilishni so‘ramaydiganlar, qushlardan shumlanmaydiganlar va Robbilariga tavakkul qiladiganlardir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ba’zilari esa birma-bir qattiq hisob-kitob qilinib, omonat qilib berilgan narsalarni nimalarga sarflaganlaridan so‘ralmagunlarigacha joylaridan qimirlay olmaydilar:

عَنْ أَبِي بَرْزَةَ الأَسْلَمِيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ عُمُرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ عِلْمِهِ فِيمَ فَعَلَ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَ أَنْفَقَهُ وَعَنْ جِسْمِهِ فِيمَ أَبْلاَهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Barza Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida bandaning qadamlari to umrini nimaga sarflaganidan, ilmi bilan nima amal qilganidan, molini qayerdan topib qayerga sarflaganidan, jismini nimaning yo‘lida horitganidan so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Qattiq hisob-kitob qilingan kimsalar esa azobga uchrashlari aniq bo‘lib qoladi.

Bizlarga Abdulloh ibn Abu Mulayka gapirib berdi, u menga Qosim ibn Muhammad gapirib berdi degan, u esa menga Oisha gapirib berdi degan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida kim hisob-kitob qilinsa, halok bo‘libdi”, – dedilar. Shunda men: “Ey Allohning Rasuli, Alloh taolo: (Ammo kimning kitobi o‘ng tarafidan berilsa. Tezda, osongina hisob qilinur), demaganmi”, – dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U narsa ko‘rsatishdir. Qiyomat kunida hisob-kitobda muhokama qilingan kimsa, albatta, azoblanmasdan qolmaydi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.


Tarozida o‘lchanadigan narsalar

Tarozida o‘lchanadigan narsa amallarmi, amallar yozilgan sahifalarmi yoki ulardan boshqa biror narsa bo‘lishi to‘g‘risida turli xil qarashlar bor. Bu qarashlar haqida doktor Ahmad Faridning “Bahrur Roiq” kitobida quyidagi ma’lumotlar kelgan: “Tarozida tortib o‘lchanadigan narsalar to‘g‘risida to‘rt xil so‘z bor:

1. Bajarilgan amallar tortib o‘lchanadi; ya’ni bandalarning xatti-harakatlari mujassam qilinib taroziga qo‘yiladi. Oyati karimada qilingan yaxshi-yomon amallar zarra miqdorida bo‘lsa ham ko‘rilishi bayon qilingan:

“Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uni ko‘rar”[2].

Hadisi sharifda aytilgan kalimaning tarozida og‘ir kelishi xabar berilgan:

 عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَاَل قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلِمَتَانِ خَفِيفَتانِ على اللِّسانِ، ثَقِيلَتَانِ في المِيزَانِ حَبيبَتَانِ إلى الرَّحْمَنِ سُبْحَانَ اللَّهِ وَبِحَمْدِهِ، سُبْحَانَ اللَّهِ العَظيمِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kalima borki, ular tilga yengil, tarozida og‘ir, ar-Rohmanga sevimlidir, “Subhanallohi va bihamdihi, Subhanallohil aziym”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

2. Amallar yozilgan sahifalar tortib o‘lchanadi; ya’ni tarozida bandalarning nomai a’mollari tortib o‘lchanadi. Bunga quyidagi hadisda ishora bor:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ اللَّهَ سَيُخَلِّصُ رَجُلاً مِنْ أُمَّتِي عَلَى رُؤُوسِ الْخَلاَئِقِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَيَنْشُرُ عَلَيْهِ تِسْعَةً وَتِسْعِينَ سِجِلاًّ كُلُّ سِجِلٍّ مِثْلُ مَدِّ الْبَصَرِ ثُمَّ يَقُولُ أَتُنْكِرُ مِنْ هَذَا شَيْئًا أَظَلَمَكَ كَتَبَتِي الْحَافِظُونَ فَيَقُولُ لاَ يَا رَبِّ فَيَقُولُ أَفَلَكَ عُذْرٌ فَيَقُولُ لاَ يَا رَبِّ فَيَقُولُ بَلَى إِنَّ لَكَ عِنْدَنَا حَسَنَةً فَإِنَّهُ لاَ ظُلْمَ عَلَيْكَ الْيَوْمَ فَتَخْرُجُ بِطَاقَةٌ فِيهَا أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ فَيَقُولُ احْضُرْ وَزْنَكَ فَيَقُولُ يَا رَبِّ مَا هَذِهِ الْبِطَاقَةُ مَعَ هَذِهِ السِّجِلاَّتِ فَقَالَ إِنَّكَ لاَ تُظْلَمُ قَالَ فَتُوضَعُ السِّجِلاَّتُ فِي كَفَّةٍ وَالْبِطَاقَةُ فِي كَفَّةٍ فَطَاشَتْ السِّجِلاَّتُ وَثَقُلَتْ الْبِطَاقَةُ فَلاَ يَثْقُلُ مَعَ اسْمِ اللَّهِ شَيْءٌ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo ummatimdan bir kishini xaloyiqning ko‘z o‘ngida xalos qiladi. Uning zarariga guvohlik beradigan to‘qson to‘qqizta ro‘yxatni yoyib qo‘yadi. Har bir ro‘yxat ko‘z yetadigan joydek bo‘ladi. So‘ngra unga: “Bulardan birortasini inkor qilasanmi, senga mening saqlovchi yozuvchilarim zulm qilibdilarmi”, – deydi. U: “Yo‘q, ey Robbim”, – deydi. Unga: “Biror uzring bormi”, – deydi. U: “Yo‘q, ey Robbim”, – deydi. Shunda unga: “Ha, bizning huzurimizda sening bitta xayrli ishing bor, bugun senga hech qanday zulm yo‘q”, – deydi. So‘ngra bir yorliq chiqadi, unda “Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir va guvohlik beramanki, Muhammad Uning bandasi va elchisidir”, degan yozuv bo‘ladi. Unga: “O‘lchovinga kel”, – deydi. U: “Shuncha ro‘yxatlar oldida bu yorliq nima ham bo‘lardi”, – deydi. Unga: “Sen zulm qilinmaysan”, – deydi. Ro‘yxatlar bir pallaga, yorliq bir pallaga qo‘yiladi. Ro‘yxatlar yengil, yorliq og‘ir keladi. Allohning ismiga biror narsa barobar kelolmaydi”, –dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: “Tortib o‘lchanadigan narsa yoki amallar bitilgan ro‘yxatlar bo‘lib, holatlarga qarab turli xil bo‘ladi, yoki Alloh taolo qilingan ishlarni va so‘zlarni jism holiga keltiradi so‘ngra ular tortib o‘lchanadi. Toat-ibodatlar og‘ir, gunoh-ma’siyatlar yengil keladi. Toat-ibodatlarning og‘ir kelishi ularni dunyoda bajarish og‘ir bo‘lgani uchun bo‘lsa, ma’siyatlarning yengilligi ularni dunyoda bajarish kishiga yengil bo‘lgani uchundir. Shuning uchun ham: “Jannat qiyinchiliklar bilan o‘ralgan, do‘zax shahvatlar bilan o‘ralgan”, – deyilgan”[3].

3. Amallarning savobi tortib o‘lchanadi; bu haqida quyidagi hadisda ishora bor:

عَنْ زَيْدٍ أَنّهُ سَمِعَ أَبَا سَلاّمٍ يَقُولُ حَدّثَنِي أَبُو أُمَامَةَ الْبَاهِلِيّ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ اقْرَأُوا الْقُرْآنَ فَإِنّهُ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ شَفِيعاً لأَصْحَابِهِ اقْرَأُوا الزّهْرَاوَيْنِ الْبَقَرَةَ وَسُورَةَ آلِ عِمْرَانَ فَإِنّهُمَا تَأْتِيَانِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَأَنّهُمَا غَمَامَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا غَيَايَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا فِرْقَانِ مِنْ طَيْرٍ صَوَافٍّ تُحَاجّانِ عَنْ أَصْحَابِهِمَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Zayddan rivoyat qilinadi, u Abu Sallomning menga Abu Umoma Bohiliy gapirib berdi deyayotganini eshitgan. U aytganki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur’on o‘qinglar, chunki u qiyomat kunida o‘z sohiblariga shafoatchi bo‘lib keladi, ikki nur sochuvchini, Baqara va Oli Imron suralarni o‘qinglar, chunki bu ikkalasi qiyomat kunida go‘yo ikki bulut kabi, yoki go‘yo ikki baland soyabon kabi, yoki go‘yo saf tortgan ikki qush to‘dasi kabi keladilar. Ikkalalari o‘z sohiblarining tarafini olib tortishadilar”, –deyayotganlarini eshitdim”. Muslim rivoyat qilgan.

Termiziy rahmatullohi alayh: “Sohiblarining tarafini olib tortishadilar”, degani qiroatlarining savoblari keltiriladi ma’nosini anglatadi,” – degan.

4. Amal qiluvchining o‘zi tortib o‘lchanadi. Quyidagi hadisda bunga dalil bor:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida katta semiz kishi keladi, Alloh taoloning huzurida pashshaning qanotichalik ham vazni bo‘lmaydi, dedilar-da, (Bas, Biz Qiyomat kunida ular uchun hech qanday vaznni qoim qilmasmiz!)[4] oyatini o‘qinglar”, deb qo‘shib qo‘ydilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Mazkur dalillar umumlashtirilsa, ularning bir-birlariga zid emasligi, amal qiluvchi ham, uning amali ham va amallari yozilgan sahifalar ham barchasi tortib o‘lchanishi kelib chiqadi”[5].

So‘fi Ollohyor bobomiz qiyomat tarozusi haqida qanday e’tiqod qilishni osongina tushuntirib qo‘ygan:

Tarozu boriga iqrorimiz bor,
Nechuk erkaniga ne korimiz bor.

* * *

Ilohi, qil og‘ir mezonimizni,
Salomat tut bizning iymonimizni.

Ya’ni tarozining qanday ekanini bilishga urinib o‘zimizni qiynamaymiz, balki uning haqligiga iymon keltirib, “ey Robbimiz, amallarimizni tarozida og‘ir qilgin”, – deya duo qilib boramiz.

O‘shiy rahmatullohi alayh so‘zlarining davomida tarozidan so‘ng barcha xaloyiqning sirot ko‘prigiga yuzlanishlariga ishora qilgan. Sirot do‘zax ustiga qurilgan uzun ko‘prik bo‘lib, undan o‘ta olgan insonlar jannatga erishadilar. Ammo Sirotdan yugurib o‘tib ketish barchaga ham nasib etmaydi. Hamma o‘zining qilgan amaliga yarasha kimdir tez, kimdir sekin, kimdir sudralib zo‘rg‘a o‘tib olsa, kimdir uning tagidagi do‘zaxga qulab tushadi. Abu Hurayra va Abu Rib’iy roziyallohu anhumolardan rivoyat qilingan hadisda sirotdan o‘tish holatlari tasvirlangan:

عَن أَبِي هُرَيْرَةَ وَأَبُو رِبْعِيٍّ عَن حُذَيْفَةَ قَالاَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْمَعُ اللَّهُ تَبَارَكَ وَتَعَالَى النَّاسَ فَيَقُومُ الْمُؤْمِنُونَ حَتَّى تُزْلَفَ لَهُمْ الْجَنَّةُ فَيَأْتُونَ آدَمَ فَيَقُولُونَ يَا أَبَانَا اسْتَفْتِحْ لَنَا الْجَنَّةَ فَيَقُولُ وَهَلْ أَخْرَجَكُمْ مِنْ الْجَنَّةِ إِلَّا خَطِيئَةُ أَبِيكُمْ آدَمَ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ اذْهَبُوا إِلَى ابْنِي إِبْرَاهِيمَ خَلِيلِ اللَّهِ قَالَ فَيَقُولُ إِبْرَاهِيمُ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ إِنَّمَا كُنْتُ خَلِيلًا مِنْ وَرَاءَ وَرَاءَ اعْمِدُوا إِلَى مُوسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الَّذِي كَلَّمَهُ اللَّهُ تَكْلِيمًا فَيَأْتُونَ مُوسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَقُولُ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ اذْهَبُوا إِلَى عِيسَى كَلِمَةِ اللَّهِ وَرُوحِهِ فَيَقُولُ عِيسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ فَيَأْتُونَ مُحَمَّدًا صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَقُومُ فَيُؤْذَنُ لَهُ وَتُرْسَلُ الْأَمَانَةُ وَالرَّحِمُ فَتَقُومَانِ جَنَبَتَيْ الصِّرَاطِ يَمِينًا وَشِمَالاً فَيَمُرُّ أَوَّلُكُمْ كَالْبَرْقِ قَالَ قُلْتُ بِأَبِي أَنْتَ وَأُمِّي أَيُّ شَيْءٍ كَمَرِّ الْبَرْقِ قَالَ أَلَمْ تَرَوْا إِلَى الْبَرْقِ كَيْفَ يَمُرُّ وَيَرْجِعُ فِي طَرْفَةِ عَيْنٍ ثُمَّ كَمَرِّ الرِّيحِ ثُمَّ كَمَرِّ الطَّيْرِ وَشَدِّ الرِّجَالِ تَجْرِي بِهِمْ أَعْمَالُهُمْ وَنَبِيُّكُمْ قَائِمٌ عَلَى الصِّرَاطِ يَقُولُ رَبِّ سَلِّمْ سَلِّمْ حَتَّى تَعْجِزَ أَعْمَالُ الْعِبَادِ حَتَّى يَجِيءَ الرَّجُلُ فَلاَ يَسْتَطِيعُ السَّيْرَ إِلاَّ زَحْفًا قَالَ وَفِي حَافَتَيْ الصِّرَاطِ كَلاَلِيبُ مُعَلَّقَةٌ مَأْمُورَةٌ بِأَخْذِ مَنْ أُمِرَتْ بِهِ فَمَخْدُوشٌ نَاجٍ وَمَكْدُوسٌ فِي النَّارِ وَالَّذِي نَفْسُ أَبِي هُرَيْرَةَ بِيَدِهِ إِنَّ قَعْرَ جَهَنَّمَ لَسَبْعُونَ خَرِيفًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Abu Hurayra va Abu Rib’iy roziyallohu anhular Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh tabaroka va taolo insonlarni jamlaydi, mo‘minlar jannatga yaqin joyda turadilar. Ular Odam alayhissalomning yonlariga kelishadi va: “Ey otamiz, bizlarga jannatni ochishni so‘rab bering”, – deyishadi. U: “Sizlarni jannatdan otangiz Odamning xatosi chiqarmadimi, men bunga ega emasman, sizlar o‘g‘lim Ibrohim Xalilullohning yoniga boringlar”, – deydi. U zot dedilar: “Ibrohim men bunga ega emasman, bunday yuksak darajadagi xalil bo‘lmaganman. – Sizlar Alloh taoloning O‘zi unga mutlaq gapirgan Muso sollallohu alayhi vasallamga boringlar, – deydi. Ular Muso sollallohu alayhi vasallamning yoniga keladilar. U: “Men bunga ega emasman, Allohning kalimasi va ruhi Isoga boringlar”, – deydi. Iso: “Men bunga ega emasman”, – deydi. Bas ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamga keladilar. U zot turadilar va u zotga izn beriladi. Omonat va qarindoshlik o‘z holiga qo‘yiladi, ular sirotning o‘ng va chap tomonlariga turib oladilar. Sizlarning avvalgilaringiz chaqmoq kabi o‘tadilar. Men: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, qaysi narsa chaqmoq kabi o‘tadi”, – dedim. U zot: “Chaqmoqning ko‘z yumib ochguncha qanday o‘tib qaytishini ko‘rmaganmisan, so‘ngra shamolning o‘tishi kabi, so‘ngra qushning o‘tishi kabi va amallari yugurtirayotgan kishilarning sudralishi kabi o‘tadilar. Payg‘ambarlaringiz sirot ustida: “Robbim, qutqargin, qutqargin”, – deb turadi. Hatto bandalarning amallari (ularni harakatlantirib olib o‘tishdan) ojiz qoladi, hatto yurishga quvvati yetmaydigan, faqat sudralib harakatlanadigan kishi keladi”. Yana dedilar: “Sirotning ikki chetida buyurilgan kimsani tutishga tayin qilinib osib qo‘yilgan changaklar bo‘ladi. Bas tirnalganlar (ya’ni tirnalib bo‘lsa-da o‘tib ketgan) najot topuvchidirlar, to‘planib qolganlar do‘zaxdadirlar”. Abu Hurayraning joni Uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatta, jahannamning qa’ri yetmish kuzdir (yetmish yillik masofadir)”, – dedi”. Muslim rivoyat qilgan.

Ko‘plab nusxalarda ushbu o‘rinda shafoat haqidagi bayt takror keltirilgan. “Bad’ul amoliy” matni Humaydiy ismli mudarris tomonidan tatar tiliga tarjima qilinib, 1908 yilda “Amoliy tarjimasi” nomi bilan Qozon shahrida chop etilgan. O‘sha nusxada shafoat to‘g‘risidagi ushbu bayt faqat bir joyda kelgan bo‘lib, takrorning o‘rniga quyidagi boshqa bir bayt keltirilgan:

وَلَا عَرَضٌ وَلَا ذُو صُورَةٍ مَا تَعَالَى اللهُ عَمَّا فِى الْخِيَالِ

U araz[6] ham, suvratda ham emas, biror xayoliy,

Alloh gumoniy xayollardan buyuk va oliy[7].

Ushbu baytning ma’nosi yuqorida keltirilgan So‘fi Ollohyor bobomizning so‘zlari bilan deyarli bir xil, ya’ni:

Ko‘ngilda kechsa ko‘zga tushsa har shay,

Erur andin munazzah Xoliqi Hay.

Shuningdek, mazkur bayt Alisher Navoiy bobomizning mashhur “Sirojul-muslimin” (Musulmonlarning chirog‘i) asaridagi baytga ham ma’nodoshdir:

Ne javhar, ne arazdur, ne makonda,

Ne voqe’dur jihatda, ne zamonda.

“U (ya’ni Alloh taolo) javhar ham, araz ham emas. U makonda ham, jihatda ham, biror zamonda ham emas”[8].

 

Keyingi mavzu:
Duolarning ta’sirlari bayoni

 


[1] A’rof surasi, 8, 9-oyatlar.
[2] Zalzala surasi, 7, 8-oyatlar.
[3] Muhammad ibn Abdurrahmon Muborakfuriy. Tuhfatul Ahvaziy. “Maktabatush shomila”. – B. 380.
[4] Kahf surasi, 105-oyat.
[5] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 278.
[6] Mustaqil mavjud bo‘lib turmaydigan, balki jism va uning bo‘laklari orqali borliqdan joy olib turadigan ranglar, hattu-harakatlar, ta’mlar va hidlar kabi narsalar – araz deyiladi. Qarang: Sa’duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 37.
[7] Humaydiy. Amoliy tarjimasi. – Qozon: “Karimiya matbaasi”, 1908. – 4.
[8] Alisher Navoiy. “Navoiydin chu topqaylar navoye”. – Toshkent: “Hilol-nashr”, 2014. –B. 136.