Alloh taolodan Muhammad alayhissalomga kelgan vahiyning uch turi – hadis, hadisi qudsiy va Qur’on orasidagi farqni tushunib yetish nihoyatda ahamiyatli ishlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham Ulumi Qur’on olimlari ushbu mavzuga alohida e’tibor qaratadilar. Biz ham Alloh taoloning O‘zidan yordam so‘ragan holda bu farqni bilib olish uchun harakat qilib ko‘ramiz.
«Hadis» so‘zi arab tilida «so‘z» degan ma’noni anglatadi. Demak, hadis deganda Nabiy alahissalomning aytgan gap-so‘zlari ko‘zda tutiladi va tushuniladi.
Ulamolar istilohida esa «hadis» quyidagicha ta’riflanadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan osor bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy sifatlar, xulqiy sifatlar hamda tarjimayi holga tegishli ma’lumotlar «hadis» deyiladi».
Ushbu ta’rif Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan osor bo‘lib qolgan va ishonchli manbalar orqali rivoyat qilingan bir necha xil narsalarni o‘z ichiga olmoqda. Ta’rifda zikri kelgan narsalarga bittadan misol keltiraylik.
Misol uchun, «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir».
Mana shu muborak gapni eshitgan odamlar omonat tariqasida uni eshitmaganlarga yetkazganlar. Shu tarzda avloddan-avlodga o‘tib, muhaddis olimgacha yetib kelgan. Muhaddis esa ilmiy yo‘llar bilan tekshirib, uning hadis ekaniga ishonch hosil qilganidan so‘nggina kitobiga kiritgan. Bu «qavliy (gap) sunnat» deyiladi.
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalom yuborgan bir to‘p lashkarga bosh edi. Borgan joyida junub bo‘lib qoldi va sovuqdan qo‘rqib, g‘usl qilmasdan, tayammum bilan namoz o‘qidi. Uning sheriklari buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetkazdilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning qilgan ishini ma’qulladilar.
Ma’qullash «Ma’qul», deb aytish bilan yoki inkor qilmay, indamay qo‘yaqolish bilan ham bo‘ladi. Bu «taqririy sunnat» deyiladi.
Muhaddis ulamolarimiz mana shu olti bandga tegishli har bitta ma’lumotni atroflicha, chuqur o‘rganib, o‘z kitoblariga kiritganlar.
«Hadis» lafzining lug‘aviy ma’nosini oldin o‘rgandik. «Qudsiy» so‘zi esa «muqaddas» degan ma’noni anglatadi.
Ulamolar hadisi qudsiyni quyidagicha ta’riflaydilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan rivoyat qilgan narsa hadisi qudsiydir».
Hadisi qudsiyga misol keltiramiz.
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Alloh taolo aytadi: «Kimni Qur’on va Mening zikrim Mendan (nimalarnidir) so‘rashdan to‘sgan bo‘lsa, unga so‘rovchilarga berganimning afzalini beraman. Allohning kalomining boshqa kalomlardan fazli xuddi Allohning O‘z maxluqotlaridan fazli kabidir».
Termiziy rivoyat qilgan.
Ushbu hadis hadisi qudsiy hisoblanadi. Chunki unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning aytgan gaplarini o‘z iboralari bilan naql qilmoqdalar.
Qur’oni Karim bilan hadisi qudsiy orasidagi farqlar.
«Sharhu Arba’in an-Navaviya» kitobida Qur’oni Karim bilan hadisi qudsiy orasidagi farq borasida quyidagilar aytilgan:
«Qur’on hadisi qudsiydan quyidagilar bilan farqlanadi:
– Qur’oni Karimni Jabroil alayhissalom keltirishi shart. Hadisi qudsiyda bu shart yo‘q.
– Qur’oni Karimni tahorat bilangina ushlash mumkin. Hadisi qudsiyda bu shart yo‘q.
– Qur’oni Karim qiroati namozda farzdir. Hadisi qudsiyni namozda o‘qib bo‘lmaydi. Agar qasddan o‘qilsa, namoz buziladi.
Qo‘shimcha tarzda aytib o‘tish kerak bo‘lgan narsalardan biri shuki, hadisi qudsiylar oz bo‘lib, ularning soni mingtacha. O‘sha adadning ichida sahihi ham bor, zaifi ham bor.
III. Hadisi nabaviy.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislari ikkiga bo‘linadi:
Jabroil alayhissalom Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni Karim oyatlaridan boshqa vahiylarni ham keltirib turganlari ma’lum va mashhur. Ana shu qism vahiylar Sunnat sifatida vorid bo‘lgan. Bu xildagi Sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kishilarga yetkazganlar. U zotning yetkazishdan boshqa hech qanday daxllari bo‘lmagan. Bunga misol tariqasida imom Abu Muhammad ibn Qutayba «Ayol kishi o‘z ammasi yoki xolasi ustiga nikohlanmas» degan hadisni keltiradilar. Bu hadis vahiy bo‘lib, uning ma’nosini Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yetkazganlar. U zot ham o‘z navbatlarida musulmon ummatiga yetkazganlar va hayotga tatbiq qilganlar. Mazkur xadis vorid bo‘lganidan boshlab hamma musulmonlar uchun amma yoki xola ustiga ularning qiz jiyanini kundosh qilib olish harom bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Bu hukmdan falonchi istisno», deb ayta olmaganlar.
Bunday narsalarning asosiy qoidalarini va maqsadlarini Alloh taoloning O‘zi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bayon qilib berganidan so‘ng, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ularni o‘z ijtihodlari ila bayon qilganlar. U zot sollallohu alayhi vasallamning bu boradagi ijtihodlari ham vahiy o‘rnida bo‘lgai. Agar xato bo‘lsa, Alloh taolo to‘g‘rilab qo‘ygan. Bu qismdagi Sunnatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ba’zi tasarrufotlar qilishga haqlari bo‘lgan.
Misol uchun, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam erkak musulmonlar uchun ipak kiyim kiyish harom ekanini bayon etganlaridan keyin, Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu o‘zlarining xastaliklari ipak kiyishni taqozo etishini aytib, u zotdan izn so‘raganlarida, u kishiga ipak kiyim kiyishga ruxsat berganlar. Agar bu hukm Jabroil alayhissalom keltirgan vahiy bo‘lganida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hech qachon o‘zlaricha ruxsat bermagan, balki boshqa holatlardagi kabi, Alloh taolodan biror xabar kelishini kutgan bo‘lar edilar.
Hadis kitoblarimizda keltirilgan rivoyatlarning aksariyati ushbu qismga – Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan payg‘ambarlikni yetkazish yuzasidan sodir bo‘lgan ikki xil Sunnatga taalluqlidir. Islom shariatining ahkomlariga tegishli barcha narsalar – ibodat, e’tiqod, oxirat, odob-axloq, solih amalga targ‘ib qilish, yomonliklardan qaytarish kabi ishlar shular jumlasiga kiradi. Alloh taolo Qur’oni Karimning Hashr surasi, 7-oyatida: «Rasul sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar», deganda, aynan shu turdagi Sunnatni qasd qilgandir.
Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarining ma’nosi Alloh tarafidan, lafzi u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridandir.
QUR’ONI KARIMNING TA’RIFI
«Qur’on» so‘zining lug‘aviy ma’nosi
Eng avval «Qur’on» lafzining asl kelib chiqishini o‘rganib olishimiz, uning lug‘aviy dalolatlariga, Qur’on uchun ixtiyor qilingan boshqa muhim ismlarga to‘xtalib o‘tishimiz lozim.
«Qur’on» lafzining kelib chiqishi xususida ulamolar turli xil fikrlarni aytganlar. Ba’zilar uni hamzali, desa, boshqalar hamzasiz, deydilar. Hamzasiz, deydigan ulamolar Shofe’iy, Farro, Ash’ariy va ularga ergashganlardir.
Shofe’iy bu borada shunday deydi:
«Albatta, «Qur’on» lafzi ma’rifa (ya’ni «al-» aniqlik artikliga ega so‘z) bo‘lib, boshqa lafzdan chiqarib olinmagan va hamzali ham emas. Balki Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan kalomga atoqli ism qilib qo‘yilgan tabiiy nomdir, «Qur’on» lafzi «قَرَأَ» – «qoro’a» fe’lidan olinmagan. Agar ushbu fe’ldan olingan bo‘lganida, har bir o‘qiladigan narsa Qur’on bo‘lib qolardi. Lekin u Allohning Kalomiga qo‘yilgan nomdir, xuddi Tavrot va Injil kabi».
Farro esa quyidagilarni aytadi:
«"Qur’on" lafzi «قَرِينَة» – «qoriyna» (ya’ni «yaqin») so‘zining ko‘plik shakli bo‘lgan «قَرَائِن» – «qoroin» so‘zidan chiqarib olingan. Chunki oyatlar bir-biriga o‘xshash, ya’ni yaqindir. Ma’lumki, «قَرَائِن» kalimasidagi «nun» asliydir».
Ash’ariy va u kishiga ergashganlarning fikri quyidagicha:
«"Qur’on" lafzi «قَرَنَ الشَّيْءُ بِالشَّيْءِ» – «qoronash-shay'a bish-shay'i» jumlasidagi «قَرَنَ» – «qorona» fe’lidan chiqarib olingan, ya’ni «qo‘shdi» ma’nosini anglatadi. Chunki suralar va oyatlar bir-biriga yaqin bo‘lib, ularning ba’zisi ba’zisiga qo‘shiladi».
Mazkur «"Qur’on" so‘zi hamzasizdir» degan uchala fikr ham to‘g‘ri emasligini bilish uchun lug‘at va til qoidalarini o‘rganishning o‘zi kifoya.
Zajjoj, Lihyoniy va boshqalar «Qur’on» lafzi hamzalidir, deyishadi.
Zajjoj shunday deydi:
«"Qur’on" lafzi «فُعْلَان» – «fu’lon» vaznidagi hamzali kalima bo‘lib, «jamlamoq» ma’nosidagi «قَرْء» – «qor’un» so‘zidan olingan. Masalan, hovuzga suv to‘planganini aytish uchun arablar ushbu «qor’un» kalimasini ishlatadi-lar. Qur’onga shunday nom berilishi o‘zidan oldingi ki-toblarning samarasini jamlaganidandir».
Lihyoniy quyidagilarni aytadi:
«"Qur’on" kalimasi «غُفْرَان» – «g‘ufron» vaznidagi hamzali masdar bo‘lib, «tilovat qildi» ma’nosidagi «قَرَأَ» – «qoro'a» fe’lidan olingan. U «ismi maf’ul» ma’nosidagi masdardir. Shu bois o‘qiladigan narsa (ya’ni Qur’on) u bilan nomlandi».
Oxirgi eng kuchli va to‘g‘ri fikrga ko‘ra, «Qur’on» so‘zi lug‘atda «qiroat»ning ma’nodoshidir.
«Qur’on» so‘zi arab tilida bir necha ma’nolarni ifoda qiladi va bu ma’nolar Alloh taoloning ushbu nomdagi Kitobi – Qur’oni Karimda ham o‘z ifodasini topgan.
Buyruq maylidagi «Iqro’» – «O‘qi!», «Qiroat qil!» ma’nosidagi so‘z bilan boshlangan bu ilohiy vahiy maj-muasining nomi «o‘qish», «o‘qilmish», «qiroat qilinmish» degan ma’nolarni anglatuvchi masdar – «Qur’on» bo‘lib qoldi. «Qur’on» va «qiroat» so‘zlarining ma’nosi birdir. Bu gapning dalili Qur’oni Karimning Isro surasidagi oyatda kelgan:
أَقِمِ ٱلصَّلَوٰةَ لِدُلُوكِ ٱلشَّمۡسِ إِلَىٰ غَسَقِ ٱلَّيۡلِ وَقُرۡءَانَ ٱلۡفَجۡرِۖ إِنَّ قُرۡءَانَ ٱلۡفَجۡرِ كَانَ مَشۡهُودٗا
«Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘isigacha namozni to‘kis ado et. «Fajr Qur’oni»ni xam. Albatta, «fajr Qur’oni» shohid bo‘linadigandir» (78-oyat).
Ushbu oyatdagi «fajr Qur’oni» degan jumla «tonggi qiroat» degan ma’noni bildiradi.
Alloh taolo Qiyomat surasida shunday marhamat qiladi:
إِنَّ عَلَيۡنَا جَمۡعَهُۥ وَقُرۡءَانَهُۥ* فَإِذَا قَرَأۡنَٰهُ فَٱتَّبِعۡ قُرۡءَانَهُۥ
«Albatta, u (Qur’on)ni jamlash va o‘qib berish Bizning zimmamizda. Bas, Biz uni o‘qisak, qiroatiga zehn solib tur» (17-18-oyatlar).
Bu oyatlarda biz «o‘qib berish», «qiroat» deya tarjima qilgan so‘z «qur’an» kalimasidir.
Islom dini bosh dasturining aynan «Qur’on», ya’ni «O‘qish» yoki «O‘qilmish» deb nomlanishida ham katta ma’no o‘z ifodasini topgan. «Bu din ilmga, ma’rifatga asoslangan dindir, bu Kalom ilmga, ma’rifatga asoslangan Kalomdir» degan ma’no bor bunda.
Lug‘atshunoslar «Qur’on» lafzining «o‘qimoq», «qiroat qilmoq»dan tashqari «jamlash, o‘zida mujassam etish» ma’nolari ham borligini ta’kidlaydilar.
Avvalgi arablar «قَرَأَ» lafzini «tilovat» ma’nosidan boshqa ma’noda ham, misol uchun, «jamlash, o‘zida mujassam etish» ma’nosida ham ishlatar edilar. Bunga Amr ibn Kulsum Tag‘libiyning turmush qurmagan bokira qizni sifatlab, «لَمْ تَقْرَأْ جَنِيناً» – «o‘zida homila mujassam etmagan» degan gapi misol bo‘la oladi.
«Qur’on» lafzida «jamlash» ma’nosi borligida Allohning oxirgi kalomi harflar va so‘zlarning bir-biriga qo‘shilib, jamlanishidan, oyat va suralarning birikishidan hosil bo‘lganiga hamda bu Kitob o‘zida dunyoyu oxirat yaxshiliklarini jamlaganiga ishora bor. Bunda yana Alloh taoloning oxirgi kalomi o‘zidan oldin nozil bo‘lgan barcha ilohiy kitoblarning ma’nolari, hikmatlari va hukmlarini o‘zida mujassam etganiga imo qilish ham bor.
Shu bilan birga, uning «Qur’on» deb nomlanishida qalblarda yod saqlanishiga ham ishora bor. Chunki «Qur’on» so‘zi «qiroat» so‘zidan kelib chiqqan va «qiroat» kalimasida «xotirada saqlamoq» degan ma’no ham bor.
«Qur’on» so‘zining istilohiy ma’nosi
Mana, salkam o‘n besh asrdan buyon ko‘pchilik «Qur’on» lafzining lug‘aviy ma’nosini bilmasa ham, uning musulmonlarning muqaddas Kitobi ekanini tan olib kelmoqda. Lekin Qur’oni Karimni tanish uning ismining lug‘aviy ma’nosini yoki u kimlarning muqaddas Kitobi ekanini bilishning o‘zi bilan bo‘lmaydi. Bu muqaddas Kitobning qanday kitob ekanini bilish uchun ham ilm egalarining maxsus ta’rifiga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.
«Ulumi Qur’on» ilmi mutaxassislari Qur’oni Karimni quyidagicha ta’riflaydilar:
«Qur’on Alloh taoloning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vahiy orqali nozil qilgan, tavotur ila naql qilingan, ibodatda o‘qiladigan ojiz qoldiruvchi kalomidir».
Ushbu ta’rifni yaxshi tushunib yetishimiz uchun uni bir oz sharhlashimizga to‘g‘ri keladi.
«Alloh taoloning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vahiy orqali nozil qilgan» degan jumladan Alloh taoloning Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan boshqa payg‘ambarlariga nozil qilgan Zabur, Tavrot, Injil hamda turli sahifalari Qur’oni Karim bo‘lmasligi kelib chiqadi. Haqiqiy Zabur, Tavrot va Injil ham Alloh taoloning kalomi, ammo ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil etilmagani uchun Qur’oni Karim bo‘la olmaydi.
«Tavotur ila naql qilingan» degan iboradan tavotur ila naql qilinmagan kalom Qur’oni Karim bo‘la olmasligi kelib chiqadi. «Tavotur» deganda kalomning yolg‘onchiga chiqarib bo‘lmaydigan darajadagi ko‘p sonli kishilar tomonidan naql qilinishi tushuniladi. Ularning hammalari ishonchli, ya’ni biror og‘iz yolg‘onga yaqinlashmagan odamlar bo‘lib, ko‘pliklari sababli yolg‘onga kelishib olishga ham imkonlari yo‘q bo‘ladi.
Qur’oni Karimning birinchi kalimasidan boshlab, oxirgi kalimasigacha har bir so‘z aynan ana shu tarzda naql qilingan. Qur’oni Karimni Alloh taolodan vahiyning amini – ishonchli sohibi bo‘lmish Jabroil alayhissalom Muhammad sollallohu alayhi vasallamga naql qilganlar. Ushbu naql qanday kechishini, ya’ni Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni Karim oyatlari Jabroil alayhissalom tomonlaridan qanday yetkazilishini ko‘pchilik sahobalar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib turganlar.
Buning ustiga, har safar vahiy nozil bo‘lgandan so‘ng, Muhammad sollallohu alayhi vasallam «Menga kotiblarni chaqiringlar», der edilar. Kotib sahobalar kelganlaridan so‘ng, ularga oyati karimalarni Jabroil alayhissalomdan qanday qabul qilib olgan bo‘lsalar, shunday qilib o‘qib berar edilar. Kotiblik qiluvchi sahobalar oyatlarning har bir harfini ulkan ehtimom ila yozar, boshqa sahobalar esa ana shunday ehtimom ila yod olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam Qur’oni Karimning har bir oyati, har bir kalimasi, har bir harfining misli ko‘rilmagan e’tibor bilan qabul qilib olinishi, yodlanishi, yozilishi hamda amal qilinishiga vasfiga so‘z ojiz qoladigai darajada katta ahamiyat berganlar.
Alloh taolo esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni Karimning o‘zida Jabroil alayhissalomning qiroatiga diqqat bilan quloq solishni buyurgan. K^ur’oni Karim oyatlarining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblariga joylanib, tillaridan joriy bo‘lishini hamda uning tafsirini bayon qilib berishni Alloh taolo O‘z zimmasiga olgan.
O‘z navbatida Payg‘ambar alayhissalomdan Qur’oni Karim oyatlarini qabul qilib olgan sahobai kiromlar ham shogirdlariga oyatlarni yuqorida zikr qilinganidek, harma-harf yetkazganlar. Qur’oni Karim o‘sha davrdan hozirgacha xuddi o‘sha tarzda son-sanoqsiz odamlar tomonidan ishonchli tariqada naql qilinib kelmoqda.
«Ibodatda o‘qiladigan» degan qayddan «namozda o‘qiladigan» degan ma’no kelib chiqadi.
Qur’oni Karim tilovatisiz namoz bo‘lmaydi. Alloh taoloning boshqa vahiylari, misol uchun, hadisi qudsiylarni namozda o‘qib bo‘lmaydi. Namozda o‘qishga faqatgina Qur’oni Karim xos qilingan. Bu ham ilohiy Kitobni ajratib turuvchi sifatlardan biridir.
«Ojiz qoldiruvchi kalom» degan sifat ham faqatgina Qur’oni Karimning o‘ziga xos xususiyatlardan biridir.
Qur’oni Karimning har bir oyati, har bir surasi ham lafz jihatidan, ham ma’no jihatidan, ham ahkomu axbor jihatidan kishilarni ojiz qoldiruvchidir. Ya’ni insonlar har qancha urinsalar ham, unga o‘xshash narsani ijod qila olmaydilar.
Alloh taolo Qur’oni Karimning o‘zida odamlarni, agar qodir bo‘lsalar, Qur’oni Karimga o‘xshash narsa keltirishga chaqirgan. Odamlar har qancha urinmasinlar, bu ishning uddasidan chiqa olmaganlar, chiqa olmayaptilar, chiqa olmaydilar ham.
Alloh taolo Qur’oni Karimni O‘zining eng afzal va eng so‘nggi Payg‘ambari bo‘lmish Muhammad alayhissalomning asosiy mo‘jizalari qildi. Avval o‘tgan payg‘ambarlarning mo‘jizalari moddiy mo‘jizalar bo‘lib, har bir payg‘ambarning bu dunyoda turishiga bog‘liq qilingan edi. O‘sha payg‘ambarlar alayhimussalom bu dunyodan o‘tishlari bilan u zotlarga berilgan mo‘jiza ham o‘z kuchini yo‘qotar edi. Chunki Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha bo‘lgan barcha payg‘ambarlarning shariatlari vaqtinchalik edi, Binobarin, ularning mo‘jizalari ham vaqtinchalik bo‘lgan.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shariatlari qiyomatgacha boqiy bo‘lganidan, u zotga asosiy mo‘jiza sifatida qiyomatgacha boqiy qoladigan, u zotning hayotlariga bog‘liq bo‘lmagan ma’naviy mo‘jiza – Qur’oni Karim berildi.
Qur’oni Karimning ushbu ta’rifi arab tili ulamolari, faqihlar va usuli fiqh olimlari orasida ittifoq qilingan ta’rifdir.
KЕYINGI MAVZULAR:
Qur’onning ismlari;
Qur’onning nozil bo‘lishi;
[1] «Tavotur» – yolg‘onga kelishib olishlari mumkin bo‘lmagan, nihoyatda ko‘p sonli roviylar tomonidan rivoyat qilingan bo‘lish. Bunday hadis mutavotir deyiladi. «Ohod» – roviylarining soni mutavotir darajasiga yetmagan hadis.
Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.
Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.
Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.
Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.
Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.
Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.
Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.
Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.
Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.
Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.
Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.
Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.
Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.
Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!
Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!