Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyun, 2025   |   20 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:40
Bismillah
16 Iyun, 2025, 20 Zulhijja, 1446

Namoz saboqlari: Namoz o‘qish tartibi (Audio)

22.11.2019   211373   6 min.
Namoz saboqlari: Namoz o‘qish tartibi (Audio)

Bir kunda besh mahal (bomdod, peshin, asr, shom va xufton) namoz o‘qish har bir musulmonga farzdir.

BOMDOD NAMOZI

Bomdod namozi tong otgandan to quyosh chiqqunicha o‘qiladi. Bomdod namozi ikki rakat sunnat, ikki rakat farz, jami to‘rt rakatdir. Farz amalni (namozni) ado etgan kishi oxiratda savobga erishadi, uni ado etmagan kishi azoblanadi. Sunnat amalini ado etgan kishi ulkan savobga erishadi.

Bomdod namozining ikki rakat sunnati bunday o‘qiladi:

  1. «Ka’baning bir tarafiga yuzlanib shu vaqt bomdod namozining ikki rakat sunnatini xolis Alloh taolo uchun o‘qishni niyat qildim», deb ko‘ngildan o‘tkaziladi (1–2-rasmlar).

 

  1. «Allohu akbar», deb erkaklar qo‘llar kaftini qiblaga qaratib, bosh barmoqlarining uchini quloqlarining yumshoq joyiga tekkizishadi (3-rasm), ayollar qo‘llarini yelka barobarida ko‘taradilar (4-rasm).

 

  1. Erkaklar qo‘llarini bog‘lab, o‘ng qo‘l kaftini chap qo‘l kafti ustiga qo‘yib, o‘ng qo‘lning bosh va kichik barmoqlari bilan chap qo‘l bilagini ushlab kindik ostida tutishadi (5-rasm). Ayollar o‘ng qo‘lni chap qo‘l ustida tutib, qo‘llarini ko‘krakda tutishadi (6-rasm). Bu hol «qiyom» deyiladi. (Qiyomda (tik turgan holda) sajda qilinadigan joyga qarab turiladi).

Qo‘llar bog‘langach, ichda o‘zi eshitadigan darajada sano o‘qiladi: Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va la ilaha g‘oyruk.

Ma’nosi: «Yo Alloh! Senga hamd aytib barcha ayblardan pokligingni yod etaman. Isming ulug‘dir. Ulug‘liging hamma ulug‘lardan ulug‘dir. Sendan o‘zga iloh yo‘qdir».

Sanodan so‘ng ichida «A’uzu billahi minash shaytonir rojiym. Bismillahir rohmanir rohiym», deyiladi va Fotiha surasi o‘qiladi.

 

FOTIHA SURASI

 

Alhamdu lillahi robbil ’alamiyn. Ar-rohmanir rohiym. Maliki yavmiddiyn. Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’iyn. Ihdinas sirotol mustaqiym. Sirotollaziyna an­’amta ’alayhim. G‘oyril mag‘zubi ’alayhim valaz-zolliyn. (Fotiha surasidan keyin ovoz chiqarilmasdan “Amiyn” deyilishi kerak.

Ma’nosi: «Hamd olamlarning Rabbi – Allohgakim, (U) Mehribon, Rahmli va jazo (va mukofot) kunining (qiyomat kunining) egasidir. Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz. Bizni shunday to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaginki, u Sen in’om etgan zotlarning yo‘li (hidoyat yo‘li) bo‘lsin, g‘azabga uchragan va adashganlarning emas!»

Fotiha surasidan so‘ng bir (zam) sura o‘qiladi. (Zam – qo‘shimcha).

 

KAVSAR SURASI

 

Inna a’toynakal-kavsar. Fasolli lirobbika vanhar. Inna shaani aka huval abtar.

Ma’nosi: «(Ey Muhammad!) Albatta, Biz Sizga Kavsarni ato etdik. Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o‘qing va (tuya) so‘yib qurbonlik qiling! Albatta, g‘animingizning o‘zi (barcha yaxshi­liklardan) mahrumdir».

(Kavsarjannatdagi bir ajib daryo yoki hovuzning nomi. Uning suvi asaldan totli, qor va suvdan oq. Undan ichgan kishi abadiy chanqamaydi.)

 

  1. Zam sura tugagach, «Allohu akbar», deb ruku qilinadi. Ya’ni erkaklar egilib tirsak­lari va tizzalarini bukmasdan, barmoqlarini ochgan holda, tizzalarini mahkam changallab orqalarini tekis qilib turadilar (7-rasm). Ayollar salgina egiladilar. Tizzalarini biroz bukadilar. Barmoqlarini jamlab tizzalarini tutadilar (8-rasm).

Rukuda uch marta «Subhana robbiyal aziym» (Ulug‘ Rabbim barcha nuqsonlardan pokdir), deyiladi. 

  1. Rukudan «Sami’allohu liman hamidah» (Alloh hamd aytganlarning hamdini eshitadi), deb qad rostlanadi, bu holat «qavma» deyiladi.

Qavma holida: «Robbana lakal hamd» (Ey Rabbimiz, barcha hamd Sengadir), deyiladi (9 –10-rasmlar).  

  1. So‘ng sajdaga borishda «Allohu akbar» degan holda qadni bukmay, tizzalar yerga tekkiziladi va qo‘llar, so‘ng peshona va burun yerga tekkiziladi, sajda qilinadi. Qo‘llar barmog‘i jipslashtirilib quloqqa yaqin qo‘­yiladi. Sajda qilinayotganda oyoq panjalari yerdan ko‘tarilmaydi, qiblaga qaratiladi, erkaklar tirsaklarini yerga, qorinlarini soniga tekkizmaydi. Sajdada burun yumshoqlariga qaraladi (11-rasm). Ayollar tirsaklarini yerga tekkizadi (12-rasm). Sajdada uch marta tasbeh: «Subhana robbiyal a’la» (Ulug‘ Rab­bim barcha nuqsonlardan pokdir), deyiladi. 
  1. Uch marta tasbeh aytilgach, «Allohu akbar» deb sajdadan boshni ko‘tarib cho‘kka: chap oyoqni to‘shab o‘ng oyoq panjasini qiblaga qaratib o‘tiriladi, bu holat «jalsa» deyiladi (13–14-rasmlar). Jalsada qo‘llar, barmoqlar uchi tizzada bo‘lib, jipslashtirilmay songa qo‘yiladi.

Erkaklar chap oyoqlari ustiga o‘tirib, o‘ng oyoq panjalarini qiblaga qaratadi (15-rasm). Ayollar oyoqlarini o‘ng tarafdan chiqarib o‘tiradilar (16-rasm). 

  1. Biroz o‘tirilgach, yana «Allohu akbar», deb ikkinchi marta sajda qilinadi. Sajdada uch marta: «Subhona robbiyal a’la», deyiladi (17–18-rasmlar).
  2. Uch marta tasbeh aytgach, ikkinchi rakatga «Allohu akbar», deb turiladi (19–20-rasmlar). Turishda avval peshona, so‘ng ikki qo‘l va oxiri ikki tizza yerdan ko‘tariladi.
  3. Ikkinchi rakatga turganda, ichida «Bismillahir rohmanir rohiym» aytiladi va Fotiha surasi o‘qiladi. Fotiha surasidan so‘ng yana bir (zam) sura o‘qiladi.
  4. So‘ng: «Allohu akbar», deb ruku qilinadi. Rukuda uch marta «Subhana robbiyal aziym», deyiladi (21–22-rasmlar). 
  1. Uch marta tasbeh aytilgach, «Sami’allohu liman hamidah», deb qad rostlanadi va «Robbana lakal hamd», deyiladi (23–24-rasmlar).
  2. So‘ng «Allohu akbar», deya sajdaga boriladi. Sajdada uch marta «Subhana robbiyal a’la», deyiladi (25–26-rasmlar). 
  1. So‘ng «Allohu akbar», deya sajdadan bosh ko‘tariladi va cho‘kka o‘tiriladi (27–28-rasmlar)
  1. Biroz o‘tirgach, yana «Allohu akbar», deya ikkinchi sajdaga boriladi. Sajdada uch marta: «Subhana robbiyal a’la», deyiladi (29–30-rasmlar). 
  1. So‘ng «Allohu akbar», deya sajdadan bosh ko‘tarilib (31–32-rasmlar) cho‘kka o‘tiriladi. Bu o‘tirish qa’da deyiladi. Qa’dada ko‘krakka qarab o‘tiriladi. Bu qa’dada tashahhud, salavot va duo o‘qiladi:

O‘MI matbuot xizmati

Boshqa maqolalar

Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

13.06.2025   6816   4 min.
Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

Qur’oni karimda “ONA” so‘zi ulug‘vor va mo‘tabar narsalarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Shuningdek, Alloh taolo ularga hech kimga nasib qilmagan buyuk maqomni in’om etgan. Bu haqda Alloh taolo Luqmon surasida: “Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir” degan (14-oyat).


Mufassir Ibn Atiyya rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida: “Alloh taolo bu oyatda onaning xizmatini alohida ta’kidlab o‘tgani, onalarning darajasi yuqori ekaniga ishora qiladi”, degan.

O‘z havoi nafslaridan biror so‘z aytmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish kerakligi so‘ralganda uch bora “onangga yaxshilik qil” deb javob berganlar.


Onaning vazifasi – farzandni dunyoga keltirish, boqish va uni tarbiyalab voyaga yetkazish bilan cheklanadimi yoki ularning bundanda boshqa muhim hamda kattaroq mas’uliyatlari bormi?


Bu savolga zamonaviy ilm-fan bizga javob beradi...

Keling, savolga javobni ona qornida rivojlanadigan va ona tanasining ajralmas qismi hisoblangan homiladan boshlaylik. Onaning jismoniy holati va uning ovqatlanishi homilaga ta’sir qilganidek, onaning hissiy holati ham ta’sir qiladi.

2013 yilda Granada (Ispaniya) universiteti olimlari 5 yil davomida tadqiqot o‘tkazishdi. 17 ming nafar onalar va 18 ming chaqaloqlar qamrab olgan tadqiqotda sog‘lom ovqatlanish va emizishning farzand salomatligiga ta’sirini kuzatdilar.

Unga ko‘ra, homiladorlik vaqtida onalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va diyeta qilishi – farzandning sog‘lom tug‘ilishi va rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi aniqlangan. Tadqiqotda onaning aqliy salohiyatining yuqori bo‘lishi farzandga katta ta’sir etishi isbotlangan.

Shuningdek, onaning ruhiy holati homilaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi kuzatilgan. Ruhiy tushkunlik, depressiya, qayg‘u va tashvish ichki stress, xususan, kortizol gormonini keltirib chiqaradi.

Ona tushkunlikka tushganda kortizol farzand miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada bola miya qismidagi o‘zgarishlar sababli bezovtanaladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kortizol gormoni qondagi kislorod miqdoriga, natijada bolaning nafaqat tug‘ma nuqsonlar bilan yoki erta tug‘ilishi, hatto uning butun kelajakdagi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.

Stressni boshdan kechirgan homilador ayollardan dunyo kelgan farzandlarda ruhiy kasalliklar, semirish, qand kasalligi, saraton va asab tizimi kasalliklari ehtimoli ham ularda yuqori bo‘lgan.

Xavotirli yeri shuki, bu alomatlar kelgusi avlodga ham o‘tgan. Ha, uning asorati nafaqat farzandlari, balki nabiralarining hayotlariga ta’sir o‘tkazgan.

 

Onaning bolasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va mehri farzandning maktabdagi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishni, ayniqsa, matematika va chet tillari kabi fanlarni puxta o‘rganish qobiliyatini hamda o‘qish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, bolaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omillardan biri bu – ona-bola o‘rtasidagi iliq munosabatlar sanaladi. Onaning stress holati esa, farzandning miyasiga jiddiy ta’sir qiladi.

Miyaning tubiga kirib borishga imkon beruvchi so‘nggi texnologiyalar onaning mehr-muhabbati bola miyasining gippokampus deb ataladigan qismiga ta’sir qilishi aniqlangan. U xotira hujayralarining yangilanishi, yodlab qolish qobiliyati va stressga javob berish vazifalarini bajaradi.


Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, gippokampus ko‘rsatkichi onasidan mehr ko‘rganlarda mehr ko‘rmagan bolalarga qaraganda yuqori ekani kuzatilgan.

Ruminiyada yoshligidan stressda, beparvo munosabatda ulg‘aygan bolalar ustida olib borilgan tadqiqot natijalarida ularning miya qismida qora tuynuklar borligi aniqlangan.

Gerhard Suyu o‘zining “Muhabbat qanday ta’sir qiladi?” nomli kitobida “Farzandga qilingan har qanday munosabat uning miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Agar farzandga doimiy ravishda qattiqqo‘llik, do‘q-po‘pisa qilinsa, u asabiy, qo‘rqoq, o‘z fikrini erkin bayon eta olmaydigan bo‘lib voyaga yetadi”.

AQSHda 3 mingga yaqin shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ona va bola o‘rtasida sog‘lom hissiy munosabatlar mavjud bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga ijobiy ta’siri 74 yil davom etishi mumkinligini aniqlangan.

Demak, farzandning nafaqat sog‘lom, balki salohiyatli bo‘lishida ham Onalarning o‘rni va mas’uliyati shunchalik yuqori ekan.

 

Davron NURMUHAMMAD