Bir kunda besh mahal (bomdod, peshin, asr, shom va xufton) namoz o‘qish har bir musulmonga farzdir.
BOMDOD NAMOZI
Bomdod namozi tong otgandan to quyosh chiqqunicha o‘qiladi. Bomdod namozi ikki rakat sunnat, ikki rakat farz, jami to‘rt rakatdir. Farz amalni (namozni) ado etgan kishi oxiratda savobga erishadi, uni ado etmagan kishi azoblanadi. Sunnat amalini ado etgan kishi ulkan savobga erishadi.
Bomdod namozining ikki rakat sunnati bunday o‘qiladi:
Qo‘llar bog‘langach, ichda o‘zi eshitadigan darajada sano o‘qiladi: Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va la ilaha g‘oyruk.
Ma’nosi: «Yo Alloh! Senga hamd aytib barcha ayblardan pokligingni yod etaman. Isming ulug‘dir. Ulug‘liging hamma ulug‘lardan ulug‘dir. Sendan o‘zga iloh yo‘qdir».
Sanodan so‘ng ichida «A’uzu billahi minash shaytonir rojiym. Bismillahir rohmanir rohiym», deyiladi va Fotiha surasi o‘qiladi.
FOTIHA SURASI
Alhamdu lillahi robbil ’alamiyn. Ar-rohmanir rohiym. Maliki yavmiddiyn. Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’iyn. Ihdinas sirotol mustaqiym. Sirotollaziyna an’amta ’alayhim. G‘oyril mag‘zubi ’alayhim valaz-zolliyn. (Fotiha surasidan keyin ovoz chiqarilmasdan “Amiyn” deyilishi kerak.
Ma’nosi: «Hamd olamlarning Rabbi – Allohgakim, (U) Mehribon, Rahmli va jazo (va mukofot) kunining (qiyomat kunining) egasidir. Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz. Bizni shunday to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaginki, u Sen in’om etgan zotlarning yo‘li (hidoyat yo‘li) bo‘lsin, g‘azabga uchragan va adashganlarning emas!»
Fotiha surasidan so‘ng bir (zam) sura o‘qiladi. (Zam – qo‘shimcha).
KAVSAR SURASI
Inna a’toynakal-kavsar. Fasolli lirobbika vanhar. Inna shaani aka huval abtar.
Ma’nosi: «(Ey Muhammad!) Albatta, Biz Sizga Kavsarni ato etdik. Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o‘qing va (tuya) so‘yib qurbonlik qiling! Albatta, g‘animingizning o‘zi (barcha yaxshiliklardan) mahrumdir».
(Kavsar – jannatdagi bir ajib daryo yoki hovuzning nomi. Uning suvi asaldan totli, qor va suvdan oq. Undan ichgan kishi abadiy chanqamaydi.)
Rukuda uch marta «Subhana robbiyal aziym» (Ulug‘ Rabbim barcha nuqsonlardan pokdir), deyiladi.
Qavma holida: «Robbana lakal hamd» (Ey Rabbimiz, barcha hamd Sengadir), deyiladi (9 –10-rasmlar).
Erkaklar chap oyoqlari ustiga o‘tirib, o‘ng oyoq panjalarini qiblaga qaratadi (15-rasm). Ayollar oyoqlarini o‘ng tarafdan chiqarib o‘tiradilar (16-rasm).
O‘MI matbuot xizmati
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).