Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2025   |   8 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
03 Iyul, 2025, 8 Muharram, 1447

Diniy bag‘rikenglik diyori

19.11.2019   4374   7 min.
Diniy bag‘rikenglik diyori

Insoniyat tarixiga nazar tashlasangiz, qaysi jamiyatlarda ahillik, birodarlik, o‘zaro hamjihatlik joriy bo‘lsa, ularda taraqqiyot, ravnaq va el osoyishtaligi-yu farovonligi hukm surgan. Aksincha, qay bir jamiyatda murosasizlik, noahillik, o‘zaro xusumat kuchaysa, bunday jamiyatlarda urush va mojarolar avj olgan, yurt vayron, el parokanda bo‘lgan. Alloh taolo bandalarini urushishga, bir-birlarining qonini to‘kishga, mojarolar chiqarishga emas, balki ahillikda, bir-birlariga bag‘rikenglikda, o‘zgalarning haq-huquqlarini hurmatlagan holda yashashga buyurgan. 

Mullo Ali Qorining “Mirqot ul-masobih” asarida kelgan xabarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Barcha din ahliga xayru-ehson qilingizlar” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan). 

Dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasi nafaqat dindorlarning, balki butun jamiyat a’zolarining ezgulik yo‘lidagi hamkorligini nazarda tutadi hamda tinchlik va barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi. 

Hazrati Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning yuksak insoniy tabiatli diniy erkinlik to‘g‘risidagi ko‘rsatmalariga u zotdan keyingi islom hukmdorlari ham qat’iy amal qilishdi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Baytul-Maqdis (Quddus)ga fotih sifatida kirganlarida u yerning masihiy aholisi yahudiylar bilan shaharda birga yashamasliklarini shart qilib qo‘yishadi. Shunda u kishi bunga rozi bo‘ladilar. Vaholanki, Umar ibn Xattob Quddusni fath qilgan, bu shartni qabul qilmasliklari mumkin edi. U kishi “Quddus ul-kubro” cherkovida turganlarida asr namozi vaqti kirib qoldi. Shunda bo‘lgan takliflarga ham qaramay, u yerda namoz o‘qishdan bosh tortdilar. Sababi, musulmonlar buni dalil qilib olib, cherkovni masihiylardan tortib olib masjid qilib olmasliklari uchun shunday qilgan edilar. 

Islom diniga ko‘ra, boshqa e’tiqodda bo‘lgan ahli kitoblarning ibodatxonalari ham xuddi masjidlar kabi himoyaga olinadi, ularni besabab buzish yoki biror zarar yetkazish dinimizga ko‘ra taqiqlanadi. O‘tmishda Bag‘dod va Damashq madrasalarida ahli kitoblardan ko‘plab mudarrislar tahsil berishgan. Hatto ayrim islom hukmdorlarining xos tabiblari va kotiblari nasroniy yoki yahudiylardan bo‘lgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hadislarida: “Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni Meni o‘zining dushmani sifatida ko‘radi” (Imom Ahmad ibn Hanbal, “Musnad”). 

Imom al-Vokidiy va Ibn Asokir Abdullox ibn Abu Xudrad al-Aslamiydan rivoyat kiladilar: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan Jobiyaga keldik. U ahli zimmadan bir cholning taom tilanib yurganini kurib kolib, uning kimligini suradi. «U ahli zimmadan, yoshi ulg‘ayib, zaiflashib g‘olgan», deyildi. Umar uning zimmasidagi jizyani bekor qildi. Keyin: «Undan jizya olib, zaiflashgan chog‘ida taom tilantirib qo‘ydingizmi?!» deb, Baytul – moldan o‘n dirham nafaqa joriy qildi. Uning oilasi bor edi». 

Buyuk alloma, moturidiya aqidaviy yo‘nalishi asoschisi Abu Mansur al‑Moturidiyning asarlarida ham bag‘rikenglik g‘oyalari bayon qilingan. Jumladan, Moturidiy  Qur’oni karim oyatlarining tafsiriga bag‘ishlangan, islom olamida juda keng tanilgan “Ta’vilot ahli sunna” asarida “Haj” surasi 40-oyat tafsirida: “Cherkov va sinagogalarni vayron etish man etiladi. Shuning uchun ham, musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ahli ilm orasida ixtilof yo‘qdir”, – deb qat’iy ta’kidlaydi. 

Islom qonunchiligining eng nufuzli asoschisi, vatandoshimiz Burhoniddin Marg‘inoniyning butun musulmon dunyosida o‘rta asrlardan boshlab shu davrgacha islom qonunchiligi bo‘yicha eng mo‘tabar manba hisoblanuvchi “Hidoya” asaridan ayrim fikrlarni keltiramiz: “Chunonchi islomning beshta farzidan biri bo‘lgan “Zakot”ni olishga islom diniga e’tiqod qiluvchilar haqli deb hukm chiqarilgan bo‘lsa, boshqa dinga e’tiqod qiluvchilar ichida ham moddiy yordamga muhtoj kishilarga xayr-ehson, sadaqaning boshqa hamma turlari berilishi mumkin, deb hukm chiqariladi. Buning dalili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Barcha dinlarning ahllariga sadaqa beraveringlar”, – degan hadislaridir ”. 

Mamlakatimiz tom ma’noda diniy bag‘rikenglikning tarixiy merosxo‘ri sifatida jahon hamjamiyatida e’tirof etilmoqda. Zero, yurtimizda doimo “diniy bag‘rikenglik” g‘oyasi ilgari surilgan. Xususan, diyorimizdan yetishib chiqqan  Zamaxshariy, Marg‘inoniy, Moturidiydek buyuk allomalarimizning asarlarida “diniy bag‘rikenglik” g‘oyasi, shu zaminda yashovchi turli e’tiqodga mansub xalqlarni  yurt farovonligi yo‘lidagi intilishlarini ta’minlovchi muhim omil bo‘lib kelganligi ta’kidlanadi. 

Islom aqidalari xalqimiz urf-odatlariga monand kelgani uchun musulmonchilik turmush tarzimizga chuqur singib ketgan. Binobarin, o‘zbeklarda insoniy bag‘rikenglik bilan dinlar­aro bag‘rikenglik tabiatan va­ mohiyatan o‘zaro uyg‘undir.­

Darhaqiqat, O‘zbekiston turli millat va diniy e’tiqodga mansub odamlar yuz yillar mobaynida bir oila kabi inoq yashab kelayotgan, dini, irqi va millatidan qat’i nazar, inson sharaflanadigan bag‘rikeng mamlakatdir. Ayni shu zaminda yuz yillar davomida dunyo madaniyatlarining katta miqyosdagi bir-birini bo­yitish jarayoni ro‘y bergan. 

XV asr boshlarida Temur saroyida bo‘lgan Kastiliya elchisi guvohlik berishicha, Temur Samarqandda turli din vakillarini yig‘adi, ularga iltifot ko‘rsatadi. Boshqa manbalarda keltirilishicha, Temurning o‘g‘illaridan biri xristianlarning ehtiyojlarini qondirish uchun mas’ul qilib tayinlanib, u barcha xristian mamlakatlari bilan mavjud aloqalar uchun ham javobgar edi. 

Mustaqil o‘lkamiz – O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat vakillari turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar bo‘lib, alhamdulillah, tinch-omon, ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Ana shu ezgulik va tinchlik-osoyishtalik omili bo‘lgan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga diyorimizda alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Haqiqatan ham, yurtimizda xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zaminda, bir vatanda, buyuk g‘oya va sof niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashligi – diniy bag‘rikenglikning yorqin namunasidir. 

O‘zbekiston hukumati diniy bag‘rikenlik siyosatini olib bormoqda. Respublikada islom bilan bir qatorda, 16ta diniy konfessiyaga mansub tashkilotlar emin-erkin faoliyat ko‘rsatmoqda. Fuqarolarning millati, irqi, dinidan qatiy nazar, barcha uchun teng huquqlar qonun orqali kafolatlangan. Buni diyorimizga ochiq qalb bilan kelayotgan har-bir mehmon o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqda va e’tirof etmoqda. 

Diniy bag‘rikenlik turli din vakillari e’tiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qat’iy nazar, ularning yonma-yon, o‘zaro tinch-totuv yashashini anglatadi. Har kim o‘z e’tiqodiga amal qilishda erkin bo‘lgani holda bu huquqqa boshqalar ham ega ekanini e’tirof etmog‘i lozim. 

Xulosa qilib aytganda, xalqaro hamjihatlik yo‘lida har bir inson, jamoa va millatlar bashariyatning turli-tuman madaniyatlardan iborat ekanini anglashi va hurmat qilishi juda muhimdir. Bag‘rikengliksiz demokratiya asoslari va inson huquqlarini  mustahkamlab bo‘lmaydi. Tinchliksiz taraqqiyot va demokratiya bo‘lmagani kabi, bag‘rikengliksiz tinchlik bo‘lmaydi.


A.Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

ANKASAM: “Yangi O‘zbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi”

03.07.2025   1831   2 min.
ANKASAM: “Yangi O‘zbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi”

Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’limni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda o‘rganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berdi.

Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qildi. 


“Yangi O‘zbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi” deb nomlangan ushbu tahliliy maqolada mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’limni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda o‘rganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berilgan.


ANKASAMga ko‘ra, O‘zbekistonda qabul qilingan yangi siyosat va inson qadrini ustuvor qiymat sifatida belgilagan yondashuv so‘nggi yetti yilda diniy sohada chuqur, tizimli islohotlarni amalga oshirishga poydevor bo‘ldi. Xususan, tahlilchilarning tomonidan davlat va din munosabatlarini demokratiya va ma’rifat asosida qayta yo‘lga qo‘yish, diniy ta’lim muassasalarini xalqaro andozalarga mos ravishda rivojlantirish, ilm-fan va ma’rifatni islom dini bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar e’tirof etilgan.

Maqolada ayni paytda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy  xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi muassasalarning faoliyati, ular orqali islom dinining haqiqiy insonparvarlik va ma’rifiy mohiyati keng yoritilayotgani ta’kidlangan. Ushbu markazlar faqat diniy emas, balki ilmiy-tadqiqot, madaniy-tarixiy merosni saqlash va ommalashtirish vazifasini ham bajarmoqda.

ANKASAM tahliliga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlarning muvaffaqiyati – bu siyosiy iroda, strategiyali yondashuv, ilmiy asos va xalqaro hamkorlikni o‘zida uyg‘unlashtirgan modeldir. Shu jihatdan, O‘zbekiston tajribasi mintaqa davlatlari va islom olami uchun o‘rganishga arziydigan namunalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

ANKASAM kabi xalqaro nufuzga ega tahlil markazlari tomonidan bu kabi tahliliy maqolalar e’lon qilinishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligi, xalqaro standartlarga mosligi va jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

https://cisc.uz/ky/news-item/328/