Sayt test holatida ishlamoqda!
11 May, 2025   |   13 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:09
Peshin
12:24
Asr
17:22
Shom
19:34
Xufton
21:01
Bismillah
11 May, 2025, 13 Zulqa`da, 1446

PAYG‘AMBARIMIZ (SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM)GA BIRINCHI VAHIY KЕLISHI

14.11.2019   20646   24 min.
PAYG‘AMBARIMIZ (SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM)GA BIRINCHI VAHIY KЕLISHI

Payg‘ambarimiz (sollallohu Alayhi Va sallam)ga birinchi vahiy kelishi

Payg‘ambarlarga faqat ilohiy vahiy kelsa “nabiy”, ilohiy vahiy bilan birga alohida shariat yuborilgan bo‘lsa “rasul” deyilishini yuqorida ham zikr qilib o‘tdik. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga qirq yoshlarida nabiylik, keyinroq esa rasullik keldi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qirq yoshga to‘lganlarida Makkadagi (Makkadan besh chaqirim uzoqdagi) Hiro g‘orida ibodatga berildilar. Katta bobolari Ibrohim (alayhissalom) qilgani kabi ibodat qilardilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) 610 yili Ramazoni sharif oyida dushanba kuni odatdagidek Hiro g‘orida ibodat qilayotgan paytlarida Alloh taolo Jabroil (alayhissalom) orqali payg‘ambarlik bashoratini yubordi. Jabroil (alayhissalom) kelib: “Ey Muhammad, men Jabroilman, sen esa Allohning elchisisan”, dedi. Keyin Allohning huzuridan olib kelgan besh oyatni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga o‘qib berdi. Unda Alloh bunday xitob qilgan:

ٱقۡرَأۡ بِٱسۡمِ رَبِّكَ ٱلَّذِي خَلَقَ خَلَقَ ٱلۡإِنسَٰنَ مِنۡ عَلَقٍ ٱقۡرَأۡ وَرَبُّكَ ٱلۡأَكۡرَمُ ٱلَّذِي عَلَّمَ بِٱلۡقَلَمِ عَلَّمَ ٱلۡإِنسَٰنَ مَا لَمۡ يَعۡلَمۡ

«(Ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan Zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan o‘qing! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Rabbingiz karamlidir. U (insonga) qalam bilan (yozishni ham) o‘rgatdi, U insonga bilmagan narsalarini bildirdi» (Alaq, 1–5).

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) avvalo, bu hodisadan, ya’ni u kishiga Allohdan vahiy olib kelgan Jabroil (alayhissalom) salobatidan qo‘rqib dag‘-dag‘ titradilar va Makkaga – Xadicha onamiz yonlariga shu holda kelib: “Meni o‘ranglar, meni o‘ranglar!” dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning qo‘rquvlari bosilgandan so‘ng Xadichaga: “Ey Xadicha, menga nima bo‘lyapti? Menga bir narsa bo‘lib qolmasaydi, deb o‘zimdan qo‘rqdim”, deb bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdilar. Xadicha Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga tasalli berib, amakisining o‘g‘li Varaqa ibn Navfal huzuriga olib bordi. Varaqa Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan bo‘lgan voqea tafsilotini so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hamma ko‘rgan narsalarini batafsil aytib berdilar. Shunda Varaqa: “Bu Nomus (ya’ni Jabroil) bo‘lib, Musoga ham vahiy bilan tushirilgan farishtadir. Koshkiydi, qavming seni (Makkadan) haydab chiqargan paytda hayot bo‘lsam, senga yordam berardim!” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ajablanib: “Qavmim meni haydab chiqaradimi?” deb so‘radilar. Varaqa: “Ha, shunday bo‘ladi. Oldin ham kim siz keltirgan narsa (payg‘ambarlik) bilan kelgan bo‘lsa, qiyinchiliklarga uchragan. Agar sizning kunlaringizda men tirik bo‘lsam, sizga katta yordam bergan bo‘lur edim!” dedi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga birinchi nozil bo‘lgan vahiy Qur’oni karimning Alaq surasidan 18 kalima edi. Bu kalimalarning ma’nosi insoniyatni ilmga – hamma narsani bilishga chaqiruv edi.

Mana, Alloh taolo nimaga chaqiryapti:

“O‘qi! Hamma narsani o‘qi! Allohning kitobini o‘qi! Allohning oyatlarini o‘qi! Tabiat kitobini o‘qi! Basharning butun tarixini o‘qi! Ilmning har sahifasini o‘qi! Har bir haqiqatni o‘qi! Hidoyatga erishmoq uchun o‘qi! Zalolatdan qutulmoq uchun o‘qi! Imoningni mukammallashtirish uchun o‘qi! Va buning uchun Alloh nomi bilan o‘qi! Yaratgan Rabbing nomi bilan o‘qi! O‘rganmoq uchun o‘qi! Qudrat qalami bu olamga tushirgan har satrni o‘qi! Insonga bilmaganini o‘rgatgan Alloh nomi bilan o‘qi!”

Islomiy hidoyatning butun insoniyatga qarata aytgan birinchi xitobi ana shunday edi. Lekin islomiyat butun bashariyatni ilmga chaqirishda barcha hidoyat va rahmatning manbai bo‘lmish “Alloh nomi bilan o‘qi!” deyishni ham unutmaydi. Islom butun o‘rganilgan ilmning hidoyat va rahmatga mayoq bo‘lishini, uning razolat va buzg‘unchilikka hammol bo‘lmasligini istaydi.

Ilohiy vahiyning haqiqatini payg‘ambarlardan boshqa hech kim bilmaydi. Hadis olimlaridan Ahmad Naim bunday degan edi:

“Vahiyning mohiyati payg‘ambarlardan boshqasiga ma’lum emas. Boshqa birovning vahiyni tushuntirishga urinishi ko‘rning ranglar to‘g‘risida gapirib berishiga o‘xshaydi. Faqat nuzul (vahiy tushayotgan) paytda u yerda bo‘lganlar ko‘rgan ba’zi alomatlarni aytib o‘tsa bo‘ladi.

Vahiyning yetti martabasi bor:

Birinchi. Sodiq (rost) tush. Oysha onamiz (roziyallohu anho) rivoyat qilishicha, vahiy kelishiga yaqin Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) qanday tush ko‘rmasinlar hayotda ochiq-oydin ro‘yobga chiqardi.

Ikkinchi. Allohning vahiysi farishtaning vositasisiz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning qalblariga jo bo‘lishi.

Uchinchi. Farishtaning inson qiyofasiga kirib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga hammaning ko‘zi oldida vahiyni talqin etishi. Rivoyat qilishlaricha, Jabroil (alayhissalom) ko‘pincha sahobalarning eng xushsurati bo‘lgan Dihyatul Kalbiyning qiyofasida ko‘rinar ekan.

Imom Buxoriy va Imom Muslim sahihlarida Jabroil (alayhissalom)ning bir notanish a’robiy suratida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) va boshqa sahobalarga ko‘rinib, imon, Islom va ehson haqida ta’lim berib ketgani naql qilingan.

To‘rtinchi. Vahiy qo‘ng‘iroq ovozi kabi kelib, Jabroil (alayhissalom)ning Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam)ga vahiyni xitob qilishidir. Ba’zilarning fikricha, bu ovoz Jabroil (alayhissalom) qanotlari ovozi bo‘lishi ham mumkin.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga vahiy kelishining eng qiyini ham shunday ovoz bilan kelishi edi. Vahiy nihoyatda og‘ir ekani yonlaridagi kishilarga ham sezilardi. Masalan, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga Arafotda Moida surasining ba’zi oyatlari nozil bo‘lganda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tuyalari ustida edilar. Og‘irlikni tuya ko‘tarolmay cho‘kib qolgan. Yana bir marta Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oyoqlariga vahiy kotibi Zayd ibn Sobitning oyog‘i tegib turganida, vahiy kelib qoladi. Shunda Zaydning soni yorilib ketar darajaga yetgan ekan.

Beshinchi. Jabroil (alayhissalom)ning o‘z qiyofasida ko‘rinishi. Ikki marta shunday ko‘ringan. Birinchi marta Hiro g‘orida, ikkinchi marta esa Me’roj kechasi Sidratul muntahoda ro‘y bergan.

Oltinchi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) me’rojda ekanlarida Alloh u zotga besh vaqt namoz farzligini vositasiz bildirgan.

Yettinchi. Yuzma-yuz pardasiz gaplashish. Me’roj kechasida Alloh taolo O‘z Habibiga Jamol ro‘yatini nasib etgan, deyiladi. Ammo bu so‘z ko‘pchilik Islom ulamolari tomonidan inkor etilgan.

Qur’oni karimda “rohmatan lil ’alamin” deb ta’riflangan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “xotamul anbiyo” edilar. Vazifalari o‘ta muhim va mushkul edi, u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning vazifalari faqatgina Arab yarimorolini emas, balki butun insoniyatni jaholatdan qutqarib, saodatga erishtirishdan iborat edi. Shu sababli ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o‘ta hassoslik va ehtiyotkorlik bilan harakat qilishlari kerak edi. Shuning uchun ham Makkadagi da’vatning dastlabki uch yili juda maxfiy ravishda qilingan bo‘lib, faqat yaqin va ishonchli odamlargina Allohning vahdoniyatiga, but va sanamlardan yuz o‘girishga chaqirildi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni qanday va kimni da’vat qilish masalasi qiynardi. Eng avval, ko‘ngillarini o‘z yaqinlariga ocha boshladilar.

Alloh taolo Muddassir surasini nozil qilib:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلۡمُدَّثِّرُ قُمۡ فَأَنذِرۡ وَرَبَّكَ فَكَبِّرۡ وَثِيَابَكَ فَطَهِّرۡ وَٱلرُّجۡزَ فَٱهۡجُرۡ وَلَا تَمۡنُن تَسۡتَكۡثِرُ وَلِرَبِّكَ فَٱصۡبِرۡ

«Ey (liboslariga) burkanib olgan kishi (Muhammad)! Turing-da, (insonlarni oxirat to‘g‘risida) ogohlantiring, Rabbingizni ulug‘lang, liboslaringizni poklang, butlardan yiroq bo‘ling, (berayotgan narsangizni) ko‘p sanagan holingizda ehson qilmang, Rabbingiz uchungina sabr qiling!» (Muddassir, 1–7) deganda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) darhol o‘rinlaridan turib ketdilar. Xadicha onamizning: “Nega turdingiz, dam olmadingiz?” degan savoliga: “Endi dam olish va istirohatning vaqti o‘tdi!” deb javob berdilar. U zotning “Men bu haqiqatni kimga aytaman? Meni kim tasdiqlarkan?” degan andishalariga Xadicha onamiz: “Ey Allohning elchisi! Sizning gaplaringizni men qabul qilib, tasdiqlayman. Eng avvalo, Alloh yo‘liga meni da’vat eting!” dedi.

Bu so‘zlar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan andishani ketkazib, u zotni ma’naviy quvonch egallab oldi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) da’vatini Islomda birinchi bo‘lib qabul qilgan, birinchi bo‘lib musulmon bo‘lgan va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birinchi namoz o‘qigan Xadicha onamiz (roziyallohu anho) bo‘ldi.

Xadichadan keyin qadrdon do‘stlari Abu Bakr (roziyallohu anhu), amakivachchalari Ali ibn Abu Tolib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ozod qilgan va tutingan o‘g‘illari Zayd Islom dinini qabul qildi. Keyinchalik Abu Bakr (roziyallohu anhu)ning yo‘l-yo‘riqlari bilan yana besh kishi musulmon bo‘ldi.

Shunday qilib, Xadicha (roziyallohu anho)dan keyin Islomni qabul qilgan sakkiz kishi: Abu Bakr, Ali ibn Abu Tolib, Zayd ibn Horisa, Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Talha ibn Ubaydulloh (roziyallohu anhum) bo‘lib, ular “Assabiquna fil Islam” (birinchi musulmonlar) degan faxriy nom bilan tilga olinadi.

Da’vatning dastlabki uch yili maxfiy ravishda o‘tgandan so‘ng, Alloh taolo Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga:

فَٱصۡدَعۡ بِمَا تُؤۡمَرُ وَأَعۡرِضۡ عَنِ ٱلۡمُشۡرِكِينَ

«Bas, o‘zingizga buyurilgan ishni (ya’ni haq dinga da’vatni) oshkora qiling va mushriklardan (hozircha) yuz o‘giring!» (Hijr, 94) deb amr qildi. Shu kundan boshlab, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning da’vatlari ochiq tus oldi. Namozlarda ham Qur’oni karimni baland ovoz bilan o‘qir edilar. Qayerda yig‘ilgan jamoatni ko‘rsalar, o‘sha yerga borib: “Ey odamlar, albatta, men sizlarning barchangizga Alloh yuborgan elchiman. U shunday Zotki, samovot va Yer Uning mulkidir. Undan o‘zga hech qanday iloh yo‘q! Hayot va o‘lim beradigan ham Uning O‘zidir!” deb imonga va najotga chaqirar edilar.

Alloh taolo Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga yana vahiy nozil qilib, unda: “Qarindoshlaringiz va qabiladoshlaringizni Alloh azobidan qutqaring!” deb buyurdi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlariga qo‘yilgan bu mas’uliyatni his qilib, Makkadagi qarindoshlari va qabiladoshlarini Safo tepaligiga yig‘dilar va ularga:

“Ey azizlarim! Sizga, shu tog‘ning orqasidan dushman otliqlari bostirib kelyapti, desam menga ishonasizlarmi?” dedilar. Hamma: “Ha, so‘zingga ishonamiz. Chunki sen yolg‘on gapirmaysan. Dunyoda yolg‘on gapirmaydigan birgina insonsan”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Menga ishonar ekansizlar, u holda sizlarni Allohni bir deyishga, Unga ibodat qilishga da’vat etaman. Sizlar kelayotgan qiyomat kunining dahshatidan qo‘rqinglar!” deb, mushriklarni astoydil Islomga da’vat qila boshladilar. Hozirgina, biz sizni eng rostgo‘y odam deb bilamiz, degan kishilar gaplaridan tonib, g‘ala-g‘ovur ko‘tardi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning amakilari Abu Lahab g‘azab bilan o‘rnidan turib: “Ey qurib ketgur! Bizni bu yerga shuning uchun chaqirganmiding hali?!” deb baqirib, u kishining dillariga ozor berdi.

Shu asnoda ham mushriklarga, ham butparastlarga qarshi nozil bo‘lgan oyati karima qurayshliklarning toqatini toq qilgan edi.

Bu oyatda:

إِنَّكُمۡ وَمَا تَعۡبُدُونَ مِن دُونِ ٱللَّهِ حَصَبُ جَهَنَّمَ أَنتُمۡ لَهَا وَٰرِدُونَ

«(Ey mushriklar!) Sizlar va Allohni qo‘yib sig‘inayotgan (but)laringiz ham jahannam o‘tinlaridir. Sizlar unga tushuvchidirsiz!» (Anbiyo, 98) deb marhamat qilingan edi.

Qurayshliklar g‘azabga to‘lib, musulmonlarga qarshi qo‘zg‘ala boshladi. Qabila boshliqlari uchun har bir qabilaning alohida butlarga sig‘inishida alohida manfaatlar bor edi. Musulmonlikning yoyilishi va odamlar butlardan yuz o‘girishi qabila boshliqlari manfaatlariga ziyon yetkazar edi. Ular avval Islom diniga unchalik e’tibor bermay, Makkadagi ko‘plab dinlarning biri deb qaragan va musulmonlarni shunchaki masxara (istehzo) qilish bilan kifoyalanardi. Keyinroq esa, bu dinning olamshumul din ekani, uni to‘xtatib qolishmasa, katta talafotlarga uchrashlari mumkinligini sezib qolishdi. Bunga qarshi kurashishni avval Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mansub bo‘lgan qabilaning boshlig‘i, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning homiylari va amakilari Abu Tolibga shikoyat qilishdan boshlashdi. Abu Sufyon boshchiligidagi bu guruh Abu Tolib huzuriga kelib:

“Ey Abu Tolib, seni hurmat qilishimiz har to‘g‘rida bizlarga lozimdir. Chunki sen Quraysh qabilasi orasida eng ulug‘ yoshli, ham bizning boshlig‘imizsan. Mana, qarindoshingning o‘g‘li Muhammad bizlarning va ota-bobolarimizning yo‘lidan chiqdi. Bizning dinimizni, xudolarimizni kamsityapti. Ota-bobolarimizni yo‘ldan adashganga chiqaryapti. Biz ham johil va ahmoqlarcha yashayotgan ekanmiz. Sen uni bu yo‘ldan qaytarasan, yo uni himoya qilmaysan. U bilan biz o‘zimiz gaplashib olamiz!” deyishdi.

Ular Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o‘z ishlarini avvalgiday bajarib yurganlarini ko‘rib, jahl ustida yana Abu Tolibga kelishdi va: “Birodaringning o‘g‘lini bu ishidan voz kechtirmasang, senga ham, unga ham yomon bo‘ladi. Endi sabr qilib turolmaymiz, nima bo‘lsa bo‘lsin!” deyishdi.

Bu tahdid Abu Tolibni o‘ylantirib qo‘ydi. “O‘g‘lim, – dedi Abu Tolib, – menga bu qadar og‘ir yukni yuklama. Chunki menga ham qiyin”.

Endi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning Allohdan boshqa homiylari ham, yordamchilari ham qolmagan edi. Astoydil imonga suyangan holda Abu Tolibga:

“Ey amaki! Allohga qasam, bu odamlar quyoshni o‘ng, oyni esa chap qo‘limga berishsa ham, men bu yo‘limdan qaytmayman!” dedilar va muborak ko‘zlariga yosh to‘lgan holda chiqib ketdilar. Abu Tolib o‘sha zahotiyoq Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) orqalaridan: “Ey jiyanim, kel! Xohlaganingcha ish tut! Qasam ichib aytaman, hech kimga taslim bo‘lib qolishingga yo‘l qo‘ymayman!” dedi. Keyin Abu Tolib hoshimiylar va mutallibiylar qabilasini chaqirib, qurayshliklardan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni himoya qilish lozimligini tushuntirdi. Hamma rozi bo‘ldi, faqat Abu Lahab adovatini oshkora aytib, dushman tomonga o‘tib ketdi.

Qurayshliklar Abu Tolibga qilgan murojaatlarining befoyda ekanini anglaganidan keyin, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning to‘g‘ri o‘zlariga murojaat qilishni ma’qul ko‘rdi:

“Ey Muhammad, sening naslu nasabing pok, mavqe-martabang ancha baland. Shu choqqacha arablar o‘rtasida hech kim qilmagan ishlarni qilyapsan, hech kim aytmagan gaplarni aytyapsan. O‘rtamizga nifoq solding. Aytginchi, nima maqsadda bunday qilyapsan? Agar maqsading boy bo‘lish bo‘lsa, senga xohlaganingcha mol-davlat beraylik, bu atrofda sendan boyroq odam topilmasin. Boshliq bo‘lish orzusida bo‘lsang, seni o‘zimizga boshliq qilib olaylik, Makkaning hokimi bo‘l. Mabodo, aslzoda bir ayolga uylanmoqchi bo‘lsang, senga Qurayshning eng go‘zal ayollaridan xohlaganingni olib beraylik. Agar jin va shaytonga chalingan bo‘lsang, seni tabiblarga ko‘rsataylik, toki bu darddan forig‘ bo‘lgin. Ammo eng asosiysi – sen bu da’voyingdan voz kechishing kerak!”

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ularga bunday javob qildilar:

“Men sizlardan biror narsa tama qilmayman: na molu dunyo, na saltanat va na rahbarlik. Birdan-bir istagim butlarga sig‘inishdan voz kechib, faqat Allohga ibodat qilinglar!”

Qurayshliklar: “Bizning uch yuz oltmishta butimiz turganda, sening yagona Allohning Makkani qanday qilib boshqara olardi?” deb ketib qoldi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning bu javoblari, azmu qarorlari, mustahkam imonlari mushriklarni titratdi. Islomning kundan-kunga yoyilib borayotgani ularni xavotirga soldi. Islom butga sig‘inishni man etgandan keyin ularning xusumati yanada oshdi. Mushriklar Abu Tolibga ham, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga ham uchrashish, gaplashishdan foyda yo‘q, deb xulosa chiqardi va endi musulmonlarga, Islomga yangi kiruvchilarga qarshilik hamda tazyiq o‘tkazishga bel bog‘ladi. Ular Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni va u kishiga ergashganlarni bir mahallaga qamab, savdo-sotiqdan, oziq-ovqatdan kesib qo‘yishdi. Musulmon bolalarining ochlikdan faryod va fig‘onlari Makka ko‘chalarini larzaga keltirsa ham, ularga oziq-ovqat berilmadi. Ikkinchi tomondan, ular musulmonlarni qattiq haqorat qilib, ularni jinniga chiqarishar edi. Mo‘minlar bu jabru sitamlarga chidamay, boshqa joylarga bosh olib ketishni o‘ylardi. Ularning bir qismiga Habashistonga ketishga ijozat berildi. Bundan qo‘rqqan mushriklar Habashiston qirolidan ularni qaytarishni so‘radi.

Qirol muhojirlarni huzuriga chaqirib, ulardan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) haqlarida so‘radi. Nasroniylar e’tiqod qiladigan Iso (alayhissalom) haqidagi fikrlarini so‘radi. Muhojirlar boshlig‘i Ja’far ibn Abu Tolib qirolga Maryam surasidan qiroat qilib berdi. Buni eshitgan Habashiston qiroli ko‘zlariga yosh olib:

“Bu kitob bilan hazrat Isoga nozil bo‘lgan kitobning manbai birdir”, deb qalbida imon keltirdi va musulmonlarni o‘z himoyasiga oldi.

 

Isro va Me’roj voqeasi

Nubuvvatning o‘n ikkinchi yili, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Makkadan Madinaga hijrat qilishlaridan olti oy avval u kishini Alloh taolo “Isro” va “Me’roj” martabasi bilan siyladi. Isro – Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning bir kechada Quddusdagi Masjidul Aqsoga borib, ziyorat qilib, shu kechaning o‘zida yana Makkaga qaytib kelishlaridir. Bu haqda Qur’oni karimda:

سُبۡحَٰنَ ٱلَّذِيٓ أَسۡرَىٰ بِعَبۡدِهِۦ لَيۡلٗا مِّنَ ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِ إِلَى ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡأَقۡصَا ٱلَّذِي بَٰرَكۡنَا حَوۡلَهُۥ لِنُرِيَهُۥ مِنۡ ءَايَٰتِنَآۚ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡبَصِيرُ

«(O‘z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo‘jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidul Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidul Aqsoga tunda sayr qildirgan Zotga tasbeh aytilur. Darhaqiqat, U eshituvchi va ko‘ruvchidir» (Isro, 1), deyilgan.

“Me’roj” esa, “ahli sunna val jamoa” ulamolarining ittifoq qilishlariga qaraganda, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning jismlari bilan oliy olamga ko‘tarilib, Parvardigorning qudratini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib tushganlaridir.

Jabroil (alayhissalom) Allohning amri bilan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bir kecha Ka’badan olib, Buroqqa mindirib, Masjidul Aqsoga olib bordi. U yerda ikki rakat namoz o‘qigandan keyin samoga ko‘tarildilar. Samoda jannatdagi, jahannamdagi hamma narsa ko‘rsatildi.

Me’roj haqida Imom Buxoriy va Imom Muslim o‘z kitoblarida rivoyat qilgan hadisni Qozi Iyoz “Ash-shifo” kitobida naql qilgan. Bu hadisda janobi Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar:

«Menga Buroq keltirildi. U eshakdan balandroq, xachirdan esa pastroq hayvon bo‘lib, yugurganda tuyog‘ini ko‘zi yetgan joyga tashlab sakrar edi. Unga minib bir lahzada Baytul Muqaddasga yetdim. Masjidga kirib, ikki rakat namoz o‘qib chiqdim. Menga Jabroil bir idishda sharob, ikkinchi idishda sut keltirib tutdi. Men sutni olgan edim, Jabroil: “(Sof) fitratni tanladingiz”, dedi. Keyin biz osmonga ko‘tarildik. Birinchi osmonda men Odam (alayhissalom) bilan ko‘rishdim. Ikkinchi osmonda Iso va Yahyo (alayhimassalom) bilan uchrashdim. Uchinchi osmonda Yusuf (alayhissalom)ni ko‘rdim. To‘rtinchi osmonda Idris (alayhissalom)ni, beshinchisida Horun (alayhissalom)ni, oltinchisida esa Muso (alayhissalom)ni ziyorat qilib, duolarini oldim. Yettinchi osmonda Ibrohim (alayhissalom)ni Baytul Ma’murga suyanib turganlarini ko‘rdim. Unga har kuni yetmish ming farishta kirib, ziyorat qilib ketar ekan. So‘ng “Sidratul muntaho” daraxti yoniga keldim. Allohning amri bilan bu daraxt shunday go‘zal holga kelgan edi, uni ta’riflashdan inson tili ojiz edi. Alloh shu yerda mening ummatimga ellik vaqt namozni farz qildi. Men Muso (alayhissalom)ning yoniga tushdim va ummatimga buyurilgan farz amalni aytdim. Muso (alayhissalom): “Ummatingiz bu amalni bajarolmaydi, Allohdan yengillatishini so‘rang”, deb qaytardi. Men Muso (alayhissalom) bilan Alloh o‘rtasida chunon qatnadim, nihoyat Alloh dedi: “Ey Muhammad, sizning ummatingiz uchun har kecha-kunduzda besh vaqt namozni farz qildim va uni ellik vaqt o‘rnida qabul qilaman”. Muso (alayhissalom) yana meni qaytardi. Men endi Allohdan hayo qilaman, deb besh vaqt namozning farzligiga rozi bo‘ldim».

Me’roj hodisasiga mushriklar mutlaqo ishonmadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ustilaridan kula boshlashdi va sinab ko‘rmoqchi bo‘lishdi. Ular Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan Masjidul Aqsoning ichiga o‘rnatilgan ustunlar nechta ekani, Shomdan Makkaga qaytayotgan Quraysh karvoni qayerga yetib kelganini aytib berishlarini so‘radi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Masjidul Aqsoning yettita ustuni bor bo‘lib, namoz o‘qiyotganlarida o‘ng tomonlarida to‘rtta, chap tomonlarida uchta ustun bo‘lganini aytib berdilar. Masjidul Aqsoni ko‘rgan kishilar bu gapni tasdiqladi. Karvon haqidagi savolga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

“Karvonning bir bo‘lagini men Zaj’on degan joyda uchratdim. U hozir Tan’im tog‘idan pastga tushib kelmoqda. Karvon kun chiqqan vaqtda Makkaga kirib keladi. Oldida kulrang tuya boshlab kelmoqda”, deb javob berdilar.

Bu gapni eshitgan kishilar karvonni kutib olish uchun Makka tashqarisiga jo‘nadi. Bir tomondan “ana, kun chiqdi”, ikkinchi tomondan “ana, karvon ko‘rindi”, deb baqirishdi.

Mo‘jizaga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lib turgan bo‘lishsa-da, Quraysh mushriklari Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning so‘zlariga ishonishmadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ustilaridan kulib:

“Buning ishongan odami Abu Bakrga aytaylik, do‘stining asl basharasini ko‘rib qo‘ysin”, deb Abu Bakrga yetkazishdi. Abu Bakr (roziyallohu anhu):

“Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday degan bo‘lsalar, so‘zsiz ishonaman. Chunki u zot yolg‘on gapirmaydi”, dedi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) u kishining sadoqatlarini yuksak baholab, “siddiq” deb nom berdilar.

Makkada Islomni qabul qilganlar soni hazrat Umar ibn Xattob bilan qirq kishiga yetdi. Musulmonlarga turli yo‘llar bilan ozor beruvchilar soni esa ko‘p edi. Ular orasidan musulmonlarga eng ko‘p aziyat berganlari: Abu Lahab va uning xotini, Abu Jahl ibn Hishom, Hakam ibn Abul Os, Uqba ibn Abu Mu’ayt, Abu Buxtariy, Asvad ibn Abduyag‘us, Asvad ibn Muttolib, Nadr ibn Horis, Umayya ibn Xalaf, Munabbih, Os ibn Voil, Asvad ibn Abdul Asad, Abu Qays, Soib, Osim ibn Said, Horis ibn Qays, Os ibn Hishomlar edi.

Ular musulmonlarga masxara nazari bilan qarashar, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni ko‘rganda: “Mana o‘sha ko‘kdan xabar beradigan, o‘ziga turli sirlar ochilayotganini da’vo qiladigan Muhammad ibn Abdulloh”, deb bir-birlariga ko‘rsatib kulishardi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mushriklarning tazyiqidan qattiq qiynalgan musulmonlarga Yasribga ketishlari uchun izn berdilar. Shunday qilib, nubuvvatning o‘n uchinchi yili muharram oyida Yasribga hijrat boshlandi. Imonlarini saqlab, molu mulk va yaqinlaridan ajrab Yasribga safar qilgan musulmonlar “muhojirlar”, ularga uy-joy berib, qalbi ochiqlik qilgan yasribliklar esa “ansorlar” deyildi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

 

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning hijratlari;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi

08.05.2025   8778   1 min.
Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi

Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.


9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.


Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.


Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.


Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi Faxriylar va marhum ulamolar oilalaridan xabar olindi
O'zbekiston yangiliklari