14 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidida otinoyilar uchun chop etilgan qo‘llanmalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tabdir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Taqdimotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kotibiyati mudiri Muhammad Ayubxon domla Homidov, mas’ul xodim Maryam Abdullayeva va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi mudirasi Farida Abdurahimova hamda “Xadichai Kubro” bilim yurti mudarrisasi Odinaxon Muhammad Yusuf o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Ushbu qo‘llanmalar “Qur’on saboqlari”, “Hadis”, “Aqiyda”, “Fiqh”, “Siyrat”, “Janoza” kitoblaridan iborat. Tadbirda otinoyilar uchun taqdim etilayotgan 6 ta qo‘llanmaning har biri haqida mualliflarning fikrlari tinglandi.
“Qur’on saboqlari” kitobi bo‘yicha Xadichai Kubro o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Gulobod Qurbonova, “Hadis” kitobi haqida “Hilol-nashr” nashriyoti muharriri Barno Saidrahmon, “Aqiyda” kitobi bo‘yicha Xadichai Kubro o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi katta o‘qituvchisi Odina Saidahmedova, “Fiqh” kitobining mazmun-mohiyati hakida Xadichai Kubro ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Poshshaxon Eshonxon qizi, “Siyrat”– kitobi haqida Xadichai Kubro o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudirasi Nozima Ibragimova, “Janoza” kitobi haqida ustoz Rohila Xayrullayeva so‘zlab berdilar.
Xalqimizning Qur’oni karimga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash hamda siyrat, fiqh, aqoid masalalari, janoza odoblari borasidagi ushbu kitoblar otinoyilarimiz uchun eng kerakli qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.