Hozir ko‘pchilik yoshlar telefoniga termulgan. Boshini ko‘taray demaydi. Doimo yonida olib yuradi. Uyg‘onsa, avval telefoniga qaraydi. Uyquga yotganda ham telefoniga tikilib uxlab qoladi. Bir tanish yigit bor. U ham ko‘pchilik qatori telefon shaydosi. Qayerga borsa, nima ish qilsa, nima yesa, nima ichsa, kimlar bilan o‘tirsa, hammasini rasmga olib, internetga joylardi. Agar o‘sha yigitga:
“Uka kitob ham o‘qib tur. Doim telefonga termulib o‘tirasan. Nuqul selfi qilib, rasmingni qo‘yaverasan. Vaqt, umr g‘animat. Buni sovurma” desam, nima deb javob berishi mumkin, buni aniq bilmaymiz. Taxmin qilib ko‘ramiz.
Biroz uyalib, xijolat bo‘lib, “Foydali ma’lumotlarni telefonda o‘qiyman. Rasm qo‘ygim kelaveradi-da. Qayerda yurganimni, nima qilayotganimni, nima yeb o‘tirganimni qo‘yish odat bo‘lib qolgan” deb yoki shunga o‘xshash ma’noda javob bersa kerak.
Men yana undan: “Kitobning o‘zidan o‘qigan boshqa. Ustozlarimiz aytishganki, kitobning muqovasini ushlab, asta ochib, qo‘ling bilan varaqlab-varaqlab o‘qiganing boshqa. Uning ta’siri ham boshqacha bo‘ladi. Bundan tashqari sen yeb o‘tirgan ovqatni yeya olmaydiganlar bor. Shuni o‘ylasang bo‘lmaydimi?!” deb so‘rasam, u “Xo‘p, endi o‘zimning rasmlarimni kamroq qo‘yib, ko‘proq kitob o‘qishga harakat qilaman” deb yoki shunga o‘xshash ma’noda javob bersa kerak.
Oxirida men unga: “O‘qigin! Ko‘proq Qur’on o‘qigin!” deyman. U esa “Xo‘p bo‘ladi, rahmat” deb aytsa kerak.
Azizlar, vaqtimizning qadriga yetaylik. Bu umr chegaralangan. Bir kun tugaydi. Har bir daqiqamizdan savob olishni yo‘lga qo‘yaylik. Buning uchun avvalo qiladigan ishimiz shariatga muvofiq bo‘lsin. Keyin o‘sha ishni bajarishimizdan oldin niyatimizni chiroyli qilib olaylik!
Zero, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
“Qiyomat kuni to to‘rt narsa haqida so‘ralmagunicha bandaning qadami joyidan siljimaydi:
1) Umrini qanday o‘tkazgani haqida;
2) Yoshligidan qanday foydalangani haqida;
3) Molini qayerdan topib, qayerga sarf qilgani to‘g‘risida;
4) Bilgan narsasiga qanchalik amal qilgani to‘g‘risida”.
Alloh taolo bizni vaqtning qadriga yetib, undan unumli foydalanadigan bandalaridan qilsin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Alloh azza va jalla (farishtalarga) aytadi: «Bandam biror yomonlikka shaylansa, uni yozmanglar. Agar uni qilsa, bitta yomonlik yozinglar. Agar biror yaxshilikka shaylansa-yu, uni qilmasa, bitta yaxshilik deb yozinglar. Agar uni qilsa, o‘nta (yaxshilik) yozinglar» (Imom Muslim rivoyati).