Balog‘at yoshiga yetgan qiz va tug‘ish yoshidan o‘tmagan ayollar bachadonidan hayz va nifos keladi:
Hayz
Hayzning eng kam kelish muddati uch kecha-kunduz, eng uzoq keladigan muddati o‘n-kecha kunduzdir. U kunlarda qon davomli kelmay, ora-sira to‘xtashi ham mumkin. Biroq oraliqdagi bu kunlar ham hayz kunlari hisoblanadi.
Ayollarga hayz ko‘rgan kunlarida: namoz o‘qish, ro‘za tutish, Qur’on o‘qish (Qur’on muallimasi tolibaga so‘zma-so‘z hijjalab Qur’on o‘rgatishi mumkin), Qur’oni karimni ushlash, Ka’bani tavof etish, masjidga kirish, eri bilan juftlashish harom bo‘ladi.
Ayollar hayzdan toza bo‘lgach, hayz ko‘rgan kunlaridagi namozlarning qazosini o‘qimaydilar. Lekin Ramazon ro‘zasini tutmagan kunlarining qazosini tutib berishlari lozim.
Nifos
Ayol tuqqandan so‘ng bachadonidan keladigan qon nifos deyiladi. Nifosning eng uzoq kelish muddati qirq kundir. Eng oz kelish muddati belgilanmagan.
Ayol hayz ko‘rganda unga harom bo‘lgan narsalar nifos ko‘rganida ham harom bo‘ladi. Ayol nifos kunlaridagi namozlar qazosini o‘qimaydi, Ramazon oyida ro‘za tutmagan kunlarining qazosini tutib berishi lozim.
Istihoza
Xastalik tufayli ayollarda tanosil yo‘lidagi yo bachadon tomiri yorilishi sababli keladigan qon “istihoza qoni” deyiladi. Hayz ko‘rganda o‘n kundan o‘tib kelgan; uch kundan oz kelgan qon, nifosda qirq kundan o‘tib kelgan qon va homiladordan kelgan qon istihoza bo‘ladi. U holatlarda ayollar namoz o‘qishni, ro‘za tutishni qoldirmasliklari kerak.
O‘MI matbuot xizmati
Savol: Men begona joyda mehmonxonaga joylashdim. Shoshilib, e’tiborsizlik bilan namozni qiblaga teskari tarafga qarab o‘qib qo‘yibman. O‘qib bo‘lganimdan keyin tushundim, shu namozimni hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda, siz namozingizni qaytadan o‘qishingiz lozim bo‘ladi. Chunki qibla qaysi tarafdaligini bilmagan odam, shu yerlik qiblani biladigan (musulmon, aqli raso, oshkor gunohlardan tiyilgan) kishidan so‘rab, namoz o‘qishi lozim. Agar shu holatda qiblani biladigan kishi topilmasa, kechasi odamlarning eshigini taqillatib yurmaydi. Balki bor imkoniyatini ishga solib, qiblani topishga harakat qiladi. Qalbi bilan bir tomonni qibla, deb qasd qilib namozini o‘qiydi. Garchi qiblani to‘g‘ri topolmagan bo‘lsa ham, uning namozi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi