Ma’lumki kuni kecha yurtimizga hadis ustozi, alloma, muhaddis, tanqidchi shayx muftiy Abdulloh ibn Umar Bashir Ma’rufiy al-A’zomiy al-Hindiy boshchiligidagi mehmonlar O‘zbekiston bo‘ylab ziyoratlarini boshladilar.
Bugun 2019 yil 9 noyabr kuni Toshkent shahridagi fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari asos solgan «Hilol nashr» nashriyot-matbaasiga tashrif buyurdilar. Mehmonlarni «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi bosh imom-xatibi, «Hilol-nashr» matbaa nashriyoti va «islom.uz» portali rahbari Ismoil Muhammad Sodiq kutib oldi. Tashrif davomida shayx muftiy Abdulloh ibn Umar Bashir Ma’rufiy boshchiligidagi mehmonlar nashriyot bosmaxonasi, ijodiy jamoasi hamda savdo do‘koni bilan yaqindan tanishdilar.
So‘ngra «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» majmuasiga tashrif buyurdilar. Mehmonlar muhtasham qurib bitkazilgan masjidga kirdilar, so‘ngra majmua kutubxonasiga tashrif qilishdi. U yerdan chiqib majmuaning anjumanlar zalini iliq taassurotlar bilan sayr qildilar.
Majmua tashrifidan keyin shayx muftiy Abdulloh ibn Umar Bashir Ma’rufiy boshchiligidagi mehmonlar Toshkentdagi Qorasaroy ko‘chasining Hasti Imom (Hazrati Imom) majmuasiga borishdi va u yerdagi muzey-kutubxonada saqlanayotgan Usmon Mus'hafini ko‘zdan kechirdilar.
Keyin Abu Bakr Qaffoli Shoshiy rohimahullohning qabrlari ziyorat qilindi.
So‘ngra Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutiga tashrif buyurishdi. Tashrif asnosida oliygohda tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv jarayonida muhaddis, tanqidchi shayx muftiy Abdulloh ibn Umar Bashir Ma’rufiy hadis ilmidan mav’izalar qildilar. Tadbirda mehmonlar tomonidan institut kutubxonasiga hadis kitoblari sovg‘a tariqasida topshirildi. Uchrashuv yakunida yurtimizning aziz mehmonlari va talabalar duoi xayrlar qilishdi.
Islom.uz portali tahririyati
Manba: https://islom.uz
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida "Xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishning dolzarb masalalari" mavzusida malaka oshirish o‘quv kurslari boshlandi.
Mazkur o‘quvlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Din ishlari boyicha qo‘mita hamkorligida tashkil etilmoqda.
Seminarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Qo‘mita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi maslahatchisi Dilbar G‘ulomova, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishdan maqsad Qo‘mita faoliyatini rivojlantirish, tizimda ishni to‘g‘ri va samarali tashkil etish, joylarda xotin-qizlar sohasidagi muammolarni yechish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tayinlangan mas’ul xodimlarning ko‘nikma va malakalarini oshirish maqsadi ko‘zlangan.
So‘zga chiqqanlar tomonidan xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kuchaygani, bu esa jamiyatimiz rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsata boshlagani, bundan buyon ham mazkur jarayon izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, malaka oshirish o‘quv kurslari 27 yanvargacha davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati