Joriy yilning 15-16-oktyabr kunlari Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan “Fiqhiy ixtiloflarni madaniy boshqarish” mavzusidagi konferensiyada so‘zga chiqqan Misr diyori muftiysi Doktor Shavqiy Allom jumladan shunday dedi: “Bu yilgi anjuman fiqhiy ixtiloflar nuqtayi nazaridan nafaqat fikriy va axloqiy muammolarni hal qiladi, balki ushbu ixtiloflardan to‘g‘ri va oqilona foydalanish orqali zamonaviy sivilizatsiya sharoitida fatvo berish va fiqhiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda eng faol mexanizmga aylanadi. Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, har yili ushbu konferensiyani butun islom ummati katta qiziqish va e’tibor bilan kuzatib boradi. Zotan, ushbu konferensiyada ko‘tarilgan masalalarning muhimligi va katta e’tiborga molikligi hamda unda ko‘tarilgan masalalarning yechimi va xulosalari tez orada islom ummatining yuksalishiga xizmat qiladigan dasturul amalga aylanishi bilan bir qatorda, terroristik va ekstremistik guruhlarning rejalarini barbod qiladigan kuchga aylanadi”.
Doktor Shavqiy Allom o‘z so‘zida yana quyidagilarni qo‘shimcha qildi: “Bu yilgi anjuman eng muhim diniy mavzulardan biri bo‘lmish “fiqhiy ixtiloflarni madaniy boshqarish” masalasini tadqiqot va maslahat uchun ish stoli ustiga qo‘ydi. Ushbu masala hozirgi tez o‘zgarib borayotgan zamonda ummatning ehtiyoji eng ko‘p tushayotgan zamonaviy masalalardan ekanligi ham barchaga ma’lum. Zero, fiqhiy ixtiloflar musulmon ulamolari nazdida sog‘lomlashtiruvchi vosita sifatida baholanib, u islom fiqhining hayotiyligi va har qanday zamon va makonga mos kelishini o‘zida aks ettiradi. Darhaqiqat, boshqa ummatlarda kamdan kam uchraydigan fiqhdagi shunday sog‘lom raqobat islom qonunchiligi va fiqhining boyib borishida faol o‘rin tutgan.
Shavqiy Allom o‘z so‘zida davom etib: “Ixtiloflarni boshqarish masalasi uzoq kechgan tarixiy davrlardan keyin ham hamon insoniyat ongini mashg‘ul qilib kelmoqda. Insoniyat o‘tgan vaqt davomida ba’zida ixtiloflarning samarasidan manfaat topgan bo‘lsa, ba’zida esa, diniy mutaassiblik yoki guruhvozlik yohud mazhabparastlik oqibatida ko‘p qiyinchilik va mashaqqatlarni boshidan kechirgan. Shuning uchun fiqhiy ixtiloflar masalasini madaniy muomala orqali hal etishning musulmonlarning birligini ta’minlashda, ularni boshqa turli dinlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar bilan tinch-totuv yashashlarida ta’siri kattadir. Batahqiq, musulmon ummati ixtiloflarning ko‘pligi va manba’sining xilma-xilligiga ko‘ra mutashaddid kuchlarning aralashuvidan juda katta zarar ko‘rdi. Takfir masalasiga o‘ta shiddatli tus berildiki, uni faqat musulmonni dindan chiqarish maqsadida ishlatishga o‘tib qolindi. Takfir masalasi shu darajada keng avj olib ketdiki, alaloqibat Alloh taolo harom qilgan nohaq qon to‘kilishigacha borib yetdi. Unday kuchlarning qadami qayerga yetmasin, o‘sha yerda fitna tarqaldi. Natijada, butun olamga haqiqiy ma’nodagi xavfu xatarni yuzaga keltirdi. Fiqhiy ixtilofni boshqarishdagi qoloq va qotib qolgan bunday harakatlar bizlarning yurtimiz va xalqlarimizga yaxshilikni istamaydigan ba’zi bir davlatlar va kuchlarning rejasiga juda mos keldi. Oqibatda, ana shunday qoloqlikdan dinimizga, xalqimizga va tinchligimizga rahna soladigan xatarlar paydo bo‘ldi. Hozirgi kunda ulamolar va fuqaholarning zimmasida ana shunday buzg‘unchi fikrlarga qarshi turish mas’uliyati bordir”-dedi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo‘limi mudiri
H.Ishmatbekov
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV