Islom bayrog‘i ostida faoliyat ko‘rsatayotgan ekstremizmning paydo bo‘lishi va rivojlanishi tarixning muayyan davrida ustuvor bo‘lgan ko‘plab omillar, turli jarayonlarning o‘zaro ta’sirlashuvining natijasi deb tushunish mumkin. O‘rganish, din niqobi ostida paydo bo‘lgan ekstremistik harakatlarning g‘oyaviy ildizlari islom tarixining birinchi asriga borib taqalishini ko‘rsatadi. «Asrimiz vabosi bo‘lmish bu jirkanch illatning faqat shafqatsiz ko‘rinishlarini emas, balki ildizlariga yetib borib, jamiyat hayotidan, dunyo xalqlari hayotidan uni tag-tomiri bilan sug‘urib tashlash – barcha davlatlarning eng dolzarb vazifasi bo‘lishi kerak, bu yo‘lda barchamiz bir tan, bir jon bo‘lib harakat qilishimiz, qattiq kurash olib borishimiz shart».
Tarixiy manbalarda mazkur oqimlarning tarqalishi, faoliyati va ularning o‘ziga xos yo‘nalishlari batafsil tahlil qilingan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan deyarli barcha ekstremistik guruhlar o‘sha oqimlarga xos xususiyatlarni o‘zida jamlagan holda, ular qo‘llagan uslub va g‘oyalardan keng foydalanib kelmoqda.
Islom niqobidagi ekstremizmning ilk vakillari sifatida 657 yili xalifa Ali roziyallohu anhu askaridan ajralib chiqqan, o‘zlarini haqiqiy musulmon, saflariga qo‘shilmaganlarni «dindan qaytgan» deb e’lon qilib, ularga qarshi murosasiz kurash olib borgan «xorijiylar» (arabcha – «ajralib chiqqanlar», «isyonchilar») oqimi faoliyati fikrimizning isboti bo‘la oladi.
Demak, Islomda dastlab paydo bo‘lgan firqa xorijiylardir. Boshqa dinlarda bo‘lgani kabi musulmonlar ichida ham firqalar bo‘lgan. Payg‘ambar Muhammad alayhissalom aytganlaridek, Islom dinida 73 ta firqaga bo‘linish yuz beradi. Ularning bittasigina to‘g‘ri yo‘lda, qolganlari esa, zalolatda hisoblanadi. Qur’on oyatlari va hadislarda ham firqalarga bo‘linmaslikka buyuriladi. Xorijiylar o‘z talqinlaridagi «sof» islom qoidalariga qat’iy rioya qilish tarafdori edi. Ilk Islomda inson e’tiqodini belgilashda niyatga e’tibor berilgan bo‘lsa, xorijiylar amalga qarab baho berdi. Aynan xorijiylar o‘z qarashlari va faoliyatiga qo‘shilmaganlarni kofirga chiqarish, ularga qarshi «jihod» olib borish haqidagi g‘oyalarni ishlab chiqib, terror uslubini qo‘llash orqali hukmdorlarni jismonan yo‘q qilish amaliyotini boshlab bergan edi. Shuningdek, xorijiylar dindor kishining islom arkonlariga sodiqligini qilgan ishlariga qarab baholash kerak, deb hisoblab, o‘zlarining talqinidagi Islom qoidalariga rioya qilmagan har qanday hukmdorga bo‘ysunmaslik, uni ag‘darib tashlash zarurligi haqidagi g‘oyani ilgari surgan edi. Bunday g‘oyalar hokimiyat uchun kurashning zo‘ravonlikka asoslangan usullari kelib chiqishiga va minglab kishilarning halok bo‘lishiga olib keldi.
VII asrning ikkinchi yarmida xorijiylar orasida rahbarlarining ismi bilan ataladigan bir necha firqalar paydo bo‘ldi. Ana shunday mutaassib firqalar orasida eng murosasiz va shafqatsiz jamoa nomini olgan Nofi’ ibn Azraq boshchiligidagi «Azraqiylar» oqimi alohida o‘rin egallaydi. Azraqiylar gunohi kabira (katta gunoh) qilgan barcha musulmonlarni «kofir» deb, ularning ta’limotiga qo‘shilmagan kishilarga qarshi jihod e’lon qilish, hattoki, qariya, ayol va bolalarning qonini to‘kishni halol, deb bilganlar.
IX asr oxirida Iroqda yuzaga kelgan «qarmatiylar» ekstremistik harakati esa Islom arkonlarini tan olmagan holda, haj amalini ham bid’at, butparastlik deb e’lon qilgan edi. Harakat o‘z nomini uning asoschisi Hamdon ibn Ash’asning laqabi Qarmat so‘zidan olgan bo‘lib, uning ma’nosi manbalarda turlicha «kalta oyoq» yoki «qizil ko‘z» kabi ma’nolarda ifodalangan. Qarmatiylar Islom tarixida o‘chmas dog‘ qoldirgan jinoyatlarni sodir etgan. Ular haj mavsumlarida karvonlarga hujum uyushtirib, qaroqchilik va bosqinchilik bilan kun kechirganlar. Xususan, 930 yilda ular Makkaga bostirib kirib, shaharni talon-taroj qilganlar, bir necha ming hojilarni va Makka aholisini qatl etib, asirga olganlar. Ular: «Biz toshga sig‘inuvchilarga qarshi kurashmoqdamiz», deya hojilarni butparastga chiqarib, o‘zlarining qabih ishlarini oqlamoqchi bo‘lganlar. Ka’bani vayron qilib, qora toshni ikkiga bo‘lib, Bahraynga olib ketganlar, faqat 20 yildan keyin katta to‘lov evaziga u Makkaga qaytarilgan.
Tolibjon ERGASHЕV,
Buvayda tuman bosh imom-xatibi
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati