Bugungi kun imom-xatibi ham mana shunday rivojlanish, yangilanish, islohatlar bo‘lgan bir davrda bir joyda turib qolishi aslo mumkin emas. Zero dinimizda ham yangilanish, rivojlanishga intilib yashashlik ko‘rsatmalari bir necha bor ta’kidlangan.
Imom-xatiblarning kasbiy mahoratini oshirish, masjid ish yuritish hujjatlari, moliyaviy va xo‘jalik ishlari, imomlarning voizlik mahorati hamda ularning hozirgi kun talablariga javob bera oladigan shaxs sifatida shakllantirish maqsadida joriy yilning 30 oktyabr kuni Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi "Oltinko‘l" jome masjidida sayyor seminar o‘tkazildi. Bu haqda viloyat vakilligi mas’ullari xabar berdi.
Seminarda viloyatning barcha shahar va tuman bosh imom-xatiblari hamda Oltinko‘l tumanida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan imom-xatiblar ham ishtirok etdi. Dastavval, rejaga ko‘ra, barcha shahar va tuman bosh imom-xatiblari tumandagi masjidlarning hozirgi kundagi holati, obodonchiligi, ish yuritish jihatlarini o‘rgandilar.
Ushbu o‘rganishlarning xulosalari bildirildi. Oltinko‘l tumanidagi masjidlar faoliyatiga doir hujjatlaridagi ba’zi kamchiliklar yuzasidan bayonotlar berildi.
Shuningdek, diniy soha faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi tumanning ish tajribalari boshqa tumanlarga ham tadbiq qilinishligi kelishib olindi. Majlis so‘nggida mana shunday sayyor seminarlar reja asosida viloyatning har bir tumanida ham o‘tkazib borilishiga kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
1. Bomdod namozining sunnatini yengil o‘qish.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdod namozida azon va iqomat orasida yengil ikki rakat o‘qir edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
2. Birinchi rakatda Kafirun, ikkinchi rakatda Ixlos surasini o‘qish.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Bomdodning ikki rakatida “Qul yaa ayyuhal kaafirun” va “Qul huvallohu ahad”ni o‘qirdilar» (Imom Muslim rivoyati).
3. Sunnatdan so‘ng ozgina yonboshlash.
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdod namozining sunnatidan keyin o‘ng taraflari bilan ozgina yonboshlab yotar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
4. Yosin surasini va Hashr surasining oxirgi uch oyatini tilovat qilish.
Ma’qil ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «“Yosin” Qur’onning qalbidir. Kim uni Allohni va oxirat kunini umid qilib o‘qisa, albatta, mag‘firat qilinadi. Uni o‘liklaringizga o‘qinglar», dedilar (Imom Ahmad, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Har bir narsaning qalbi bor. Qur’onning qalbi “Yosin”dir. Kim “Yosin”ni qiroat qilsa, Alloh unga bu qiroati uchun Qur’onni o‘n marta qiroat qilgan(savobi)ni yozadi» dedilar (Imom Termiziy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ma’qil ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim subh chog‘ida uch marta “A’uzu bismillahis samiy’il aliym, minash shaytonir rojiym” deb, Hashr surasi oxiridan uch oyatni tilovat qilsa, Alloh unga yetmish ming farishtani vakil qilib qo‘yadi. Ular unga kech kirguncha salavot aytadilar. Agar u o‘sha kuni o‘lsa, shahid holida o‘ladi. Kim o‘shalarni kech kirganda aytsa, xuddi o‘shandoq bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
5. Bomdod namozidan keyin o‘sha joyda o‘tirish.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Bomdod namozini o‘qib bo‘lganidan keyin namoz o‘qigan joyida to choshgoh namozini o‘qiguncha o‘tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo‘lsa, uning xatolari, agar dengiz ko‘pigidan ko‘p bo‘lsa ham, mag‘firat qilinadi”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Bomdod namozidan so‘ng namoz o‘qigan joylarida to quyosh yaxshi chiqib olgunicha o‘tirar edilar” (Imom Muslim rivoyati).
6. Quyosh chiqqanidan so‘ng ikki rakat ishroq (quyosh chiqishi) namozini o‘qish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Bomdodni jamoat bilan o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqqunicha Allohni zikr qilib o‘tirsa, keyin ikki rakat namoz o‘qisa, uning uchun haj va umraning ajridek bo‘lur. To‘liq, to‘liq, to‘liq”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
7.So‘ngra zuho (choshgoh) namozini o‘qish.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim choshgoh namozini muhofaza (bardavom) qilsa, uning gunohlari agar dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD