“Hilol” nashriyotida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qalamiga mansub besh jildlik “Xislatli hikmatlar sharhi” kitobi chop etildi.
Ushbu to‘plamdan shayx Ibn Atoulloh Sakandariyning “Hikamul-Atoiyya” kitobining tarjimasi va batafsil sharhlar o‘rin olgan. Unda ruhiy tarbiyaga oid asarlarni o‘rganishga oid mulohazalar, qalb ko‘zi berkligining dalili, aldamchi dunyoga nafs yoki qalb nazari kabi ko‘plab masalalarda mazmunli va xislatli hikmatlar keltirib o‘tilgan.
Orziqib kutilgan ushbu benazir to‘plam o‘ziga xos bejirim qutiga joylangan bo‘lib, zamonaviy ko‘rinishga ega. Uning kitobsevar muxlislarimiz qalbidan joy egallashiga ishonamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati