Yoz kunlari chivinlarning hujumidan qochishga urinamiz. Ular chaqib ketgan joyni qashiyverib, hatto yaraga aylantirib yuborishimiz mumkin. Qulog‘imiz ostiga kelganda vizillagan ovozi eshitiladi, chaqib ketganda qichishadi, turli kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘ladi. Ushbu maqolada chivin haqidagi ba’zi ma’lumotlarni taqdim etamiz.
Agar biz yer yuzidagi xatarli jonzotlarni sanamoqchi bo‘lsak, xayolimizga darrov asrlon, fil, akula kabilar keladi. Lekin aslini olganda chivin sayyoramizdagi eng xatarli jonzotdir, hasharotdir. Qadim-qadimdan chivin millionlab odamlarning vafot etishiga sabab bo‘lgan. Chunki chivin o‘zi bilan ko‘plab kasalliklar virusini olib yuradi. Ular orasida insoniyat uchun o‘ta xatarli va halokatli bo‘lganlari bor. Chivin tashiydigan kasalliklarga misol qilib vabo, bezgak, sariq isitma, meningit, denge gemorragik isitmasi, “fil kasali” hamda mushaklarda, boshda og‘riq, isitma, terida toshmalar bilan kechuvchi Chikungunya kasalligi kabilarni keltirish mumkin. Chivin tarqatgan kasallik sababli bir yilda 70 million odam kasallanadi, shundan 2 millionga yaqini vafot etadi.
Erkak chivinlar gul nektari bilan oziqlanadi. Faqat urg‘ochi chivinlar insonni chaqadi, qonini so‘radi. Bunga sabab insondagi oqsil moddasi urg‘ochilar ichidagi tuxumchalar uchun juda ham zarurdir. Shu bois urg‘ochi chivin insonga yopishadi.
Chivin nafaqat insonlarga, balki qushlar, amfibiyalar (suvda ham, quruqlikda ham yashovchilar)ga ham hujum qiladi.
Chivin bir soatda 1,5 – 2,5 kilometr masofani bosib o‘tadi. Inson taxminan bir soatda 5 kilometr masofani bosib o‘tadi. Boshqa hasharotlar esa chivinga nisbatan ancha tezroq uchadi. Ha, chivin nisbatan sekinroq uchadigan hasharotdir.
Erkak chivin imkon qadar urg‘ochisini jalb etishga urinadi. Bunda u urg‘ochi chivin yaqiniga borib qanotining ovozini eshittirishga urinadi. Shu yo‘l bilan urg‘ochisining e’tiborini tortishga harakat qiladi.
Biz chivinlar hech qayerga ko‘chib ketmay, uylarda yashaydi deb o‘ylaymiz. Aslida esa chivinlar orasida ko‘chib yuradiganlari ham bor. Masalan, botqoqliklarda yashovchi chivinlar 160 kilometrlab masofalarni bosib o‘tib, o‘ziga munosib joy axtarib ko‘chib yuradi. Odatda sho‘r suvli botqoqliklarni topganda, o‘sha yerda yashaydi.
Chivinlarning hamma turi tuxum qo‘yish uchun suvga ehtiyoj sezadi. Suvning qanchaligi muhim emas. Ozgina ko‘lmak ham kifoya qiladi. Muhimi o‘sha joy nam bo‘lsa bo‘ldi.
Urg‘ochi chivin bir marta tuxum qo‘yganida 100 – 300 donagacha tuxum qo‘yadi. Umri davomida esa 3000 tagacha tuxum qo‘yadi.
Balog‘atga yetgan chivinning yoshi taxminan 5-6 oy atrofida bo‘ladi. Chivin shu muddat davomida juda ko‘p kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘ladi.
Chivinlar karbonat angidrid gazini 75 qadam uzoqlikdan seza oladi. Ma’lumki, inson kislorod yutib, karbonat angidrid gazini chiqaradi. Chivin esa shu gaz orqali insonni topib, undan qon so‘rish chorasini ko‘radi.
Chivin havoga ko‘tarilishdan oldin 30 millisoniya vaqt davomida qanotini qoqib turadi. Keyin orqa oyog‘iga tayanib yuqoriga sakraydi.
Chivin qon so‘rganidan so‘ng uning vazni ikki-uch barobar ortib ketadi. Keyin u shu og‘irlikda uchib ketadi. Bu esa o‘rta yoshli inson o‘z vaznidan uch barobar ortiq yuk – 200 kilogrammni ko‘tarib o‘chishiga tengdir.
Yer yuzida 3,500 turdagi chivinlar mavjud. Ammo ularning hammasi ham insonni chaquvchi, qon so‘ruvchi emas. Yuqorida aytganimizdek, faqat urg‘ochi chivinlar qon so‘radi.
O‘rganishlar natijasida chivinni ba’zi qon guruhlari o‘ziga ko‘proq tortishi ma’lum bo‘ldi. Chivin o‘zidagi qonni tahlil qiluvchi naycha orqali qonni tahlil qiladi, qaysi guruhga mansubligini aniqlaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, homilador ayollar va spirtli ichimliklarni iste’mol qiluvchilar ko‘proq miqdorda karbonat angidrid gazi chiqarar ekan. Shu bois chivinlar homiladorlar va spirtli ichimliklarni ist’mol qiluvchilarga ko‘proq yopishishi aniqlandi.
Ba’zilarning terisida kuchli qichishish sezilsa, ba’zilarda bu hol juda kam seziladi.
Chivinning terini teshib kiradigan xartumi bor. Xartumda esa 6 ta qismlar mavjud bo‘lib, har birining o‘ziga xos vazifasi bor. Ulardan to‘rttasi juda o‘tkir pichoqlar, qolgan ikkitasi esa ichi bo‘sh naychalardir. Bundan tashqari urg‘ochi chivin xartumida 47 ta o‘tkir tig‘lar (tishchalar) mavjud. Bu unga terini teshib kirishda as qotadi.
Chivinda 3 ta yurak bor. Biri markaziy yurak, qolgan ikkitasi har bir a’zo uchun yuraklardir.
Ma’lumki, chivin qon so‘rish uchun xartumini terimizga kiritganida tanamizdagi mudofaa tizimi ishlay boshlaydi va qon tashqariga chiqib ketmasligi uchun fermentlar ishlab chiqariladi. Bu moddalar terining teshilgan joyida qonning ivib, quyuqlashishiga sabab bo‘ladi. Chivin esa bunday sharoitda qon so‘ra olmaydi. Ammo unda qon ivishiga qarshi modda mavjud bo‘lib, u o‘sha suyuqlikni qon ivigan joyga quyadi. Natijada, o‘sha hudud sezgini yo‘qotib, qon quyulishining oldini oladi. Ana shu modda o‘sha hududning shishib, qichishishiga olib keladi. Bu jarayonlarning hammasi bir necha soniyada amalga oshadi. Inson terisi esa qon so‘rayotgan chivinni sezmay qolaveradi.
Jarrohlik amaliyotidan oldin bemorga narkoz berish yaqinda, aniqrog‘i o‘n to‘qqizinchi asrning o‘rtalarida kashf etilgandir. Ammo chivinlar tug‘ilganidayoq shu xususiyat bilan tug‘iladi. Inson karaxt qiluvchi moddalarni laboratoriya sharoitida katta qiyinchilik bilan tayyorlaydi. Ammo kichik maxluq bo‘lmish chivinda karaxt qiluvchi modda qayerdan paydo bo‘ldi ekan? Albatta, chivinga bunday qobiliyat, kerakli a’zolar va imkoniyatlarni Alloh taoloning O‘zi bergandir!
U Zot Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
إِنَّ اللَّهَ لاَ يَسْتَحْيِي أَن يَضْرِبَ مَثَلاً مَّا بَعُوضَةً فَمَا فَوْقَهَا فَأَمَّا الَّذِينَ آمَنُواْ فَيَعْلَمُونَ أَنَّهُ الْحَقُّ مِن رَّبِّهِمْ وَأَمَّا الَّذِينَ كَفَرُواْ فَيَقُولُونَ مَاذَا أَرَادَ اللَّهُ بِهَـذَا مَثَلاً يُضِلُّ بِهِ كَثِيراً وَيَهْدِي بِهِ كَثِيراً وَمَا يُضِلُّ بِهِ إِلاَّ الْفَاسِقِينَ
“Albatta, Alloh chivin yoki undan ustunroq narsani misol keltirishdan uyalmas. Iymon keltirganlar, albatta, u Robbilaridan kelgan haqligini biladilar. Ammo kufr keltirganlar. Alloh bu misoldan nimani iroda qiladi, deyishadi. U bilan ko‘pchilikni zalolatga ketkizadi va ko‘pchilikni hidoyatga soladi. U bilan faqat fosiqlarnigina zalolatga ketkizadi” (Baqara surasi, 26-oyat).
Bu oyatda Alloh taolo chivinni misol qilib keltirmoqda. Ha, chivin eslashga arzimaydigan hasharot emas. Uning tuzilishi, qanday imkoniyatlarga egaligi va tanasidagi jihozlari haqida o‘zingiz o‘qib bildingiz.
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bu mavzuda salaflarimizdan kelgan bir qancha ta’sirli rivoyatlar bor. Quyida ularning ayrimlarini keltiraman:
1. Shaqiq Balxiy rahimahulloh aytadi:
"Men xushu’ni Isroil ibn Yunusdan o‘rgandim. Biz uning atrofida edik, u o‘ng tomonida kim bor, chap tomonida kim borligini bilmasdi — oxirat haqida tafakkur qilardi".
2. Yusuf ibn Asbat rahimahulloh aytadi:
"Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh menga xufton namozidan so‘ng: "Tahorat idishini (obdasta) bergin", dedi. Unga berdim. U o‘ng qo‘li bilan olib, chap qo‘lini o‘ng qo‘lining ustiga qo‘ydi va tafakkurga cho‘mdi. Men uxlab qoldim, so‘ng saharda turdim — qarasam, idish hali ham qo‘lida. "Tong otdi", dedim. U esa bunday dedi: "Sen idishni bergan paytingdan buyon shu holda oxirat haqida tafakkur qildim".
3. Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan rivoyat:
U Suhayl ibn Adiyni sukunatda, tafakkurda ko‘rib:
"Qaysi nuqtaga yetding?" deb so‘radi.
U: "Sirot ko‘prigidaman", deb javob berdi.
4. Muhammad ibn Vase’ rahimahullohdan rivoyat:
Basralik bir kishi Abu Zarr vafotidan keyin uning xotini Ummu Zarrga borib, uning ibodatini so‘radi. U bunday dedi: "Abu Zarr kun bo‘yi uyning bir chetida tafakkur qilib o‘tirardi".
5. Ummu Dardo (Abu Dardoning xotini) aytadi:
"Abu Dardo roziyallohu anhuning eng afzal ibodati — tafakkur va ibrat olish edi".
6. Sirriy Saqatiy rahimahulloh aytadi:
"Har kuni burnimga qarayman — yuzim qorayganmi, deb. Tanish joyda o‘lishni yoqtirmayman — yer meni qabul qilmay qo‘ysa, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqaman".
7. Abu Shurayh rahimahulloh haqida:
Bir kuni u yurib ketayotgan edi, to‘xtab, ko‘ylagini boshiga tashlab, yig‘lashga tushdi.
Uni ko‘rib: "Nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U bunday javob berdi: "O‘tgan umrimni, kam amalimni, yaqinlashgan ajalimni tafakkur qildim".
8. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladi. Sababini so‘rashdi. U bunday dedi: "Dunyo va uning shahvatlari haqida o‘yladim. Ular tugamay turib, achchiq alam bilan almashadi. Agar buning o‘zida ibrat bo‘lmasa ham, aqlli kishi uchun unda pand nasihat bor. Endi o‘z holingizga qarang, ahli oilangiz, yaxshi ko‘rgan kishilaringiz bilan bugun jam bo‘lib turibsiz, ertagachi? Ertaga esa, albatta ulardan ajralish bor".
9. Dovud Toiy rahimahullohning holati:
U to‘lin oy kechasi uyning tomiga chiqdi. Osmonga qarab Osmon va yerning yaratilishi haqida tafakkurga cho‘mdi va yig‘lay boshladi. Shunchalik qattiq ta’sirlandiki, tomdan qo‘shnisining hovlisiga yiqilib tushganini sezmay qoldi. Qo‘shni uni o‘g‘ri deb o‘ylab, qilichiga yopishdi. Ammo kelib qarasa — Dovud ekan. "Qanday qilib tomdan tushib ketding?" - deb so‘radi. Dovud: "Qanday yiqilganimni sezganim yo‘q", deb javob berdi.
10. Sufyon Savriy rahimahulloh haqida:
U do‘stlari bilan o‘tirgan edi, chiroq o‘chib qoldi. Hamma yoqni zulmat qopladi. Keyin chiroqni yoqishdi. Qarasalar, Sufyonning ko‘zlaridan oqayotgan yoshi yuzi yuvyapti. Undan: "Senga nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U: "Shu onda qabr zulmatini esladim…", deb javob berdi.
Xulosa:
Salafi solihlar har bir holatda tafakkur qilganlar — taom yeganda, yurganda, yotganda, hatto suv idishini ushlab turgan paytda ham oxiratni eslab yig‘lardilar. Ular uchun tafakkur — ibodatning qalbi edi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV