Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2025   |   8 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
03 Iyul, 2025, 8 Muharram, 1447

Muhaddislar ustozi

28.08.2023   844   7 min.
Muhaddislar ustozi

Yahyo ibn Main rahmatullohi alayh hayoti, kuch-g'ayratini ilm olish va o'rgatishga bag'ishladi. Hadis ilmida benazir, taqvodor rabboniy olim hamda ko'plab muhaddislarning ustozi.

  Yahyo ibn Main ibn Avn Ziyod hijriy 158-yili Abbosiy xalifalaridan Abu Ja'far Mansur davrida, Iroqning Anbor shahrida dunyoga keldi (“Tarixul Bag'dod”). Kunyasi: Abu Zakariyo (“Al-asmo val lug'ot”).

Otasidan qolgan katta merosning barini ilm yo'lida, hadis eshitishga sarfladi. Hatto  oyoq kiyimidan boshqa hech narsasi qolmadi (“Al-asmo val lug'ot”).

Ilm talabida Hijoz, Shom, Misr hamda Yaman shaharlariga bordi. Juda ko'p muhaddis va allomalar bilan uchrashib, tengi yo'q ilm sohibiga aylandi.

Mutafakkir Abdulloh Ibn Muborak, Hushaym, Ismoil ibn Ayyosh, Abbod ibn Abbod, Ismoil ibn Mujolid ibn Said, Mo'tamir ibn Sulaymon, Sufyon ibn Uyayna, G'undor, Hafs ibn G'iyos, Vaki', Yahyo ibn Qottan, Ibn Mahdiy va boshqa ko'plab hadis shayxlaridan dars eshitdi.

Olim ahli sunna va jamoa e'tiqodida bo'lsa-da, u yashagan davrda fitnalar urchib, “Qur'oni karimni maxluq” deyish avj olgandi. Shunga ko'ra, ba'zilar Yahyo ibn Main ham “Qur'oni karimni maxluq” deb aytgan deya tuhmat qiladilar. Aslida, “Qur'oni karim Allohning kalomi, u maxluq emas”, deya o'z e'tiqodini ochiq bildirgan (Mizziy. “Tahzibulkamal”) .

Abbos Duriy aytadi: «Ahmad ibn Hanbalni Rovhdagi majlisida ko'rdim. U Yahyo ibn Maindan turli masalalar haqida so'rar: “Bu hadisga nima deysiz?”, “Bu hadisning hukmi qanday?” deya ma'lumotlarini tekshirib olardi. Agar Yahyo tasdiqlasa, Imom Ahmad uni yozib olardi». Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh: “Yahyo bilan birga hadis eshitish kishiga surur bag'ishlaydi“, derdi (“Tarixu Bag'dod”). Yana bunday derdi: “Yahyo ibn Main bilmagan hadis – hadis hisoblanmaydi” (“Al-asmo val lug'ot”) 

Ahmad ibn Uqba rahimahulloh aytadi: «Yahyo ibn Maindan: “Qancha hadis yozgansiz?” deb so'radim. U kishi: “Mana shu qo'llarim bilan 600 mingta hadis yozganman”, dedi».

Horun ibn Ma'ruf rahimahulloh bunday deydi: «Bir kuni huzurimizga hadis olimlaridan biri keldi. Undan hadis aytib berishini iltimos qildik. U kitobini qo'liga olgan vaqtida eshik taqilladi. Shayx u kim ekanini so'radi. “Ahmad ibn Hanbal”, degan javob bo'ldi. Kirishga ruxsat berildi. Shayx joyidan qimirlamadi. Shu tariqa Ahmad Davroqiy, Ibn Rumiy, Abu Hoysamalar ham izn so'rab kirishdi. Shayx bamaylixotir o'tirardi. So'ngra yana eshik taqilladi. Shayx kelgan kim ekanini so'radi. “Yahyo ibn Main” degan javob bo'ldi. Shu payt shayxning qo'llari qaltirab, kitobi erga tushib ketdi” (Hatib Bag'dodiy. “Tarixi Bag'dod”)

Abu Bakr Asram rahimahulloh aytadi: «Bir kuni Ahmad ibn Hanbal Yahyo ibn Mainni Ma'marning kitobidan mavzu' hadislarni yozib olayotganini ko'rdi va qattiq ajablandi. Shunda Yahyo ibn Main: “Men bularni to'qima hadis ekanini juda yaxshi bilaman. Biroq kimdir bu mavzu' hadislarni aytgan roviylarni menga maqtab, sobit qilmoqchi, qabul qilmoqchi bo'lsa, “Yolg'on aytibsan”, deya olishim uchun ham ularni yaxshi tanib olishim kerak”, dedi»  (Mizziy. “Tahzibulkamal”). Shu bois Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh: “Ichimizda Yahyo ibn Ma'in hadis roviylarini eng yaxshi biladiganimiz”, degan edi.

Muhammad ibn Horun Fallos aytadi: “Agar biror kishi Yahyo ibn Main haqida yomon so'z aytsa, bilingki, o'sha odam yolg'onchi va to'qima hadis aytib yuradigan kimsadir. Chunki Yahyo ibn Main ana shundaylarni ochiq-oydin gapirgani uchun uni yomon ko'rishadi” (“Siyar a'lam an-Nubalo”).

  Yahyo ibn Main Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hadislari himoyachisi, ularni sahihidan to'qimasini ajratib olish uchun to'qima hadis aytib yuradigan kimsalarni ayab o'tirmasdi. Lekin o'zi olijanob, insonlarga nisbatan bag'rikeng olim edi. Yahyo ibn Main o'zi haqida bunday deydi: “Kimdir xato qilayotgan bo'lsa, darhol yashirdim. U haqda yaxshi gumonda bo'lishni xush ko'rdim. Biror kishining ro'parasidan u yomon ko'radigan narsa bilan chiqmadim. Lekin xatosi bo'lsa, o'zaro oramizda bildirib qo'ydim. Agar qabul etsa, meni foydam tekkani, qabul qilmasa, o'z holiga qo'yardim” (Tahzibulkamal”).

Yahyo ibn Maindan zamondosh va yaqin do'stlari Ahmad ibn Hanbal, Muhammad ibn Sa'd, Abu Hoysama, Hannod ibn Sariy; yana Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Abu Zur'a, Abu Hotim, Hanbal ibn Ishoq, Ja'far Firyobiy hamda Abu Ya'lo Mavsiliy kabi olimlar ta'lim olib, hadis rivoyat qildilar (“Siyaru a'lam an-nubalo”).

Yahyo ibn Main hijriy 233 sanada, Zulqa'da oyida, 75 yoshida Madinada vafot etdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallamni dafn etishda qo'yilgan o'rindiqqa uni ham yotqizdilar. O'shanda: “Mana, bu Payg'ambarimiz alayhissalomdan yolg'onni ketkazgan zotdir!” deya jar soldirishdi va Baqi' qabristoniga dafn etdilar.

 

Manbalar asosida

Toshkent islom instituti “Hadis va Islom tarixi”

 kafedrasi o'qituvchisi Nilufar SAIDAKBAROVA tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Katta jamoaga ergashish

30.06.2025   4103   3 min.
Katta jamoaga ergashish

“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili –  bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.

Bu haqda alloma Ibn Rajab  o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.

Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar. 

Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.

Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.

Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.

Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.

U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).

To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.

Shamsuddin Xapizov,

Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA