Duo – eng ulug‘ ibodat. Hadisi sharifda “Duo ibodatning mag‘zidir” deyilgan. Inson boshiga tushgan mushkulning arishi, qarzdan qutulishi, bemorlikdan tuzalishi, ishi yurishishi, oila qurishi, safardan omon qaytishi va boshqa hojatlari ravo bo‘lishida duo qilish muhimdir. Zero, u shu duosi orqali Alloh taologa munojot qilib, Undan yordam so‘raydi. Duo qilishda boshqa sabablarni ham amalga oshiradi. Ayniqsa, ko‘pchilikning yoki insonlarning bir-birlari haqlariga qilgan g‘oibona duolari tezroq ijobat bo‘lishi umid qilinadi.
Abu Dardo roziyallohu anhu shunday deydilar, Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Qaysi bir musulmon o‘zining birodariga g‘oibona duo qilsa, bir Farishta: “va laka bimisl” – “Senga ham duoying mislicha bo‘lsin” deb turadi”, deganlarini eshitdim (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa: “Musulmon kishining o‘z birodariga qilgan g‘oibona duosi mustajob duodir. Uning bosh tomonida muvakkal bir farishta bo‘ladi, birodarining haqqiga har duo qilganida: “Amin! Va laka bimisl” deb turadi”, dedilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Muslim.uz sayti jamoasi tomonidan “Duo qilaylik!” nomli yangi loyiha boshlanganini ma’lum qilamiz. Endi siz so‘ramoqchi bo‘lgan duoingizni https://t.me/DuoQilaylikBot ushbu manzilga yozib yuborishingiz mumkin. Biz duolaringizni umumlashtirib, Muslim.uz saytida haftaning har payshanba kunlari soat 17:00 da, ya’ni Payshanba kuni tugab, Jum’a kuniga o‘tar mahalida e’lon qilamiz. Albatta, e’lon qilingan duolarni o‘qigan muxlislarimiz “Omin!” deyishadi. Bu esa duo ijobat bo‘lishining bir necha shartlarini o‘zida mujassam etadi.
Alloh taolo barchamizning duolarimizni ijobat aylab, O‘zining hidoyatidan ayirmasin! Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida bir guruh xodimlar tizimda uzoq yillar davomida ishlagan faxriy ustozlar va ilm-ma’rifat yo‘liga umrini bag‘ishlagan ahli ilmlarni yo‘qlab borishdi.
Jumladan, shayx Abdulaziz Mansur hazratlari, Rahmatulloh qori Obidov, Jaloliddin hoji Nuriddinov, Ahmadjon domla Bobomurodzoda, Abdulhakim qori Matqulov kabi fazilatli ustozlar diydoriga musharraf bo‘lindi.
Tashriflar davomida ustozlarning foydali suhbat va nasihatlari tinglandi. Ustozlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, yoshlar tarbiyasi va ma’naviy-ma’rifiy soha rivojiga qo‘shgan hissalari e’tirof etildi. Ularga esdalik hadyalar taqdim etildi.
Faxriy ustozlar bunday e’tibor va ehtiromdan mamnun bo‘lganlarini bildirib, yurtimiz, yurtboshimiz, muftiy hazratlari va boshqalar haqlariga duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati