Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyun, 2025   |   15 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
19:59
Xufton
21:37
Bismillah
11 Iyun, 2025, 15 Zulhijja, 1446

Va’daga vafo – mo‘minlik alomatidir

19.10.2019   2968   4 min.
Va’daga  vafo – mo‘minlik alomatidir

Musulmon kishi xulqlanishi lozim bo‘lgan go‘zal xulqlardan biri ahdga vafodorlikdir bo‘lib, bu inson ixtiyoridagi ish emas, balki, Robbimizning bizga buyurgan qat’iy buyrug‘laridan biridir. Bu haqda  Qur’oni karimda bunday deyiladi: "Ahdga vafo qilingiz! Zero, ahd-paymon (qiyomat kuni) so‘raladigan ishdir"(Isro surasi, 34-oyat). Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, ahdga vafodorlik arzimas amal emas.

Boshqa bir oyatda Alloh taolo mo‘minlarni sifatlab, vafodorlikni alohida madh etadi: “Ular (mo‘minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o‘zaro bog‘lagan) ahd-paymonlariga rioya etuvchidirlar” (Mu’minun surasi, 8-oyat). Demak, vafodorlik mo‘minning alomatlaridan biridir.

Ummatlari uchun har bir ishda namuna bo‘lgan zot Muhammad alayhissalom va’daga vafo bobida ham peshqadam edilar. Hattoki, hali Payg‘ambar bo‘lmaslaridan oldin ham  va’dalariga sodiq turganlari uchun xalq orasida “Sodiqul va’da” degan  nom qozonganlar. U zotning hayotlarida bo‘lgan ushbu voqea  so‘zimizga dalildir.

Abdulloh ibn Abul Hamso roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar bo‘lmaslaridan avval u zotdan bir narsa sotib oldim. U kishining bir oz pullari menda qoldi. “Ertaga shu yerga kelib qolganini beraman”, deb va’da berdim. Ertasiga kelishim lozimligini unitdim. Uch kundan keyin kelsam, payg‘ambarimiz meni o‘sha va’dalashilgan joyda kutib turgan ekanlar. Meni ko‘rgach, “Ey, bola! Uch kundan beri meni mashaqqatga qo‘yding. Men seni uch kundan beri intizor bo‘lib poylab turibman”,  dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam  o‘z ummatlarini ham ahdiga vafodor bo‘lishga undab, ahdni buzishdan, bevafolikdan qattiq qaytarganlar. Anas roziyallohu anhudan qilingan bir rivoyatda u zot alayhissalom: “Ahdi yo‘q kishining dini yo‘qdir”, deya vafosizlikning xatarini ta’kidlaganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Hadisga e’tibor beradigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz alayhissalom “Ahdi yo‘q kishining Islomi yo‘q”, emas, balki, “Ahdi yo‘q kishining dini yo‘qdir”, deya vafodorlikni dinga bog‘lamoqdalar. Bu bejiz emas albatta. Chunki, vafodorlikka barcha ilohiy dinlarda targ‘ib qilingan. Bunga Qur’oni karimda bir necha oyatlar bor. Xususan, Maryam surasining 54-oyatida Alloh taolo aytadi: “(Ey, Muhammad!) Kitobda Ismoil (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u va’dasida sodiq turuvchi nabiy va rasul edi”.

Ushbu oyatda Alloh taolo Ismoil alayhissalomni zikr qilib, u zotni eng avvalo “va’dasiga sodiq turuvchi...” deya tanitmoqda. Demak, vafodorlik Alloh yaxshi ko‘rgan hislatlardan biridir.

Yuqoridagi oyat va hadislardan vafodorlikning qanchalik maqtalgan, Alloh yaxshi ko‘rgan hislat ekanligini bildik. Shuni unutmaslik kerakki, har qanday maqtalgan sifatning aksi yomon ko‘rilgan va qaytarilgan xunuk sifat bo‘ladi. Xuddi shuningdek, vafodorlikning aksi bo‘lgan bevafolik va xiyonatkorlik ham dinimizda qattiq qoralangan hislatlar qatorida zikr qilinadi. Bunga misol, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “To‘rt xislat borki kimda bu xislatlar bo‘lsa u chin munofiq bo‘ladi. Agar unda bu xislatlarning biri bo‘lsa, toinki uni tark qilmagunicha unda munofiqlikning bir xislati bo‘ladi. Agar omonat qo‘yilsa xiyonat qiladi, gapirsa yolg‘on gapiradi, ahdlashsa xoinlik qiladi, agar bahslashsa buzuqlik qiladi”, dedilar (Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisda ahdga vafo qilmaslik munofiq kishining alomatlari qatorida zikr qilinishining o‘zi ham buning naqadar yomon illat ekanligini bildiradi. Demak, har bir inson Allohning huzurida daraja topmoqni istasa, kishilar orasida qadr topmoqni istasa, so‘ziga e’tiborli, va’dasiga vafodor bo‘lmoqligi lozim ekan. Va’daga vafodorlik nafaqat  oldi-berdi masalalarida, balki umumiy hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olishi kerak.  Shundagina Alloh taolo zikr qilgan “Najot topgan mo‘minlar” safida bo‘lamiz.

Ushbu yo‘lda barchamizga Robbimiz tavfiq berib, O‘zi yordamchimiz bo‘lsin!

 

Yorbek ISLOMOV,

Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sharq matbuotida o‘zbek o‘g‘lonlari ta’rifi

10.06.2025   2790   1 min.
Sharq matbuotida o‘zbek o‘g‘lonlari ta’rifi

Saudiya Arabistoni Podshohligining SPA, Qatar davlatining QNA, O‘mon Sultonligining ONA axborot agentliklari, Kuvaytning “Yangiliklar” gazetasi va "Ko‘rfaz", "Yaqin Sharq" kabi ko‘plab nashrlar “O‘zbekiston terma jamoasi qanday qilib Osiyo gigantiga aylandi?”, “Kapadze Jahon chempionati saralashidagi muvaffaqiyatini O‘zbekiston xalqiga bag‘ishladi”, “O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor 2026 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanma oldi” sarlavhali materiallar e’lon qildi.


Ushbu maqolalarda xalqimiz 30 yildan ko‘p kutgan, mamlakatimiz futboli tarixida yangi sahifa ochgan kun e’tirof etilgan. Aniqrog‘i, futbol bo‘yicha Jahon chempionati  Osiyo qit’asi 3-saralash bosqichi 9-turida O‘zbekiston terma jamoasi safarda Birlashgan Arab Amirliklari termasiga qarshi o‘yinda 0:0 hisobidagi durangga erishib, ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani ta’kidlangan.

 


Mualliflar jahon chempionatiga chiqish ulkan muvaffaqiyat sifatida nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar va federatsiyaning ham yutug‘i ekaniga urg‘u bergan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA

Sharq matbuotida o‘zbek o‘g‘lonlari ta’rifi Sharq matbuotida o‘zbek o‘g‘lonlari ta’rifi
Dunyo yangiliklari