Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov viloyatning tuman va shaharlarida qayta qurish ishlari olib borilayotgan masjidlarni borib ko‘rdi.
Joriy yilda Toshkent viloyatida tegishli dastur asosida 29 ta masjid yangidan qurilmoqda. X.Turmatov Piskent, Bo‘ka, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Parkent tumanlaridagi qurilish jarayonlari bilan tanishar ekan, me’morchilik uslublarida va milliy an’analarga uyg‘un holda zamonaviy masjidlarning uslublaridan ham foydalanilganiga alohida e’tibor qaratdi. Bunday ko‘rinish ziyorat turizmi doirasida mamlakatimizga tashrif buyuradigan mehmonlar uchun ham hilma-xillikni taqdim etishini bildirdi.
Shuningdek bosh imom-xatib Quyi Chirchiq tumanidagi sakkizburchak shaklida qurilayotgan “Olmazor” masjidining yorug‘lik tizimiga yuqori baho berib: “Masjidlarning oynalari qanchalik ko‘p va keng bo‘lsa namozxonning bahri dili ochiladi”, deya ta’kidladi.
Masjidlardagi imkoniyatlar bo‘yicha zaruriy tavsilar berilar ekan, tahoratxonalarda keksalar holatini alohida hisobga olish hamda nogironligi bor fuqarolar uchun ham maxsus sharoitlar qilish yuzasidan takliflar berildi.
Allohning baytini qurishdek savobi ulug‘ ishlarda mehnat qilayotgan, yelib yugurayotgan fidoiy xodimlar, usta hunarmandlar, ishboshilar, homiylar haqqlariga duolar qilinib, yangi ibodat uylarini tez orada xalqimizga tuhfa etishlariga tilak bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi