Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Sentabr, 2025   |   30 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:52
Quyosh
06:10
Peshin
12:21
Asr
16:33
Shom
18:24
Xufton
19:37
Bismillah
22 Sentabr, 2025, 30 Rabi`ul avval, 1447

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Hakim Termiziy" ziyoratgohiga tashrif buyurdi

10.10.2019   2502   2 min.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Hakim Termiziy

Surxondaryoning yuragi bo‘lmish ko‘hna Termiz o‘zining boy tarixi, dunyoga mashhur olimu fuzalolari bilan tarix sahifalariga, allaqachon, zarhal harflar bilan bitilgan durdona shaharlar sirasiga kiradi.
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan bu zaminda qo‘nim topgan bir qator allomalarning qadamjolari, maqbaralari obod qilinib, ziyoratgohga aylantirildi.
Bugun mazkur go‘shalar o‘zining salobati va serjiloligi bilan nafaqat yurtimiz, balki xorijlik ziyoratchilarning ham e’tiborini tortmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘hna vohaning gultoji bo‘lgan Surxondaryo dunyoning ko‘zga ko‘ringan olimu ulamolari, jahongashta sayyohlarining tashrif manziliga aylanib ulgurdi.
Mazkur viloyatda davlatimiz Rahbarining tashabbuslari bilan barpo etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, yangidan qurilgan masjidlar va “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan xayrli ishlarni ko‘zdan kechirish maqsadida, bugun 10 oktyabr kuni, erta tongda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov Surxondaryo viloyatiga jo‘nab ketishdi.
Ular manzilga yetib borishgach, o‘z safarlarini ulug‘ bobokalonimiz Hakim Termiziy qabrining ziyorati ila boshlashdi. Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, yurt obodligi, xalqimiz farovonligi, mirishkor dehqonlarimizning hosillariga baraka tilab ezgu duolar qilindi.
Ma’lumki, buyuk mutafakkir ziyoratgohi viloyatdagi eng obod, eng ko‘rkam maskanlardan biriga aylandi. Bu dargohga ziyoratga keluvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar soni ham yildan-yilga ko‘payib bormoqda.
Muhtaram Prezidentimizning tavsiyalari asosida ushbu qadamjoda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Maqbaraning ichki qismi to‘liq rekonstruksiya qilinib, naqshinkor jilo berilgan, Qur’oni karim oyatlari bitilgan. Natijada, ulug‘ ajdodimiz mangu qo‘nim topgan tabarruk go‘sha nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylandi.
Surxondaryo viloyati safari davom etmoqda.

 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Har narsa ko‘ringanidek emas

22.09.2025   320   1 min.
Har narsa ko‘ringanidek emas

Er-xotin havonot bog‘ida yurardi. Maymunlar yonidan o‘tayotganlarida ayoli urg‘ochi maymunga parvona bo‘layotgan erkak maymunni ko‘rib:

– Qarang, qanday g‘amxo‘r, mehribon ekan, – dedi.

Eri unga bir jilmayib indamay qo‘yaqoldi.

Keyin ular sherlar qafasi yonidan o‘tishdi. Erkak sher bir chetda beparvo yotar, urg‘ochisi undan uzoqda edi. Ayol eriga yana:

– Qarang, anavi sher ayolidan uzoqda, loqayd yotibdi. Oilasiga g‘amxo‘r emas, shekilli, – dedi.

Shunda er ayoliga:

– Qani, urg‘ochi sherga biror narsa uloqtirib ko‘r-chi? – dedi.

Ayol bir kichkina cho‘pni urg‘ochi sherga qarata uloqtirdi. Shunda erkak sher tezda o‘rnidan turib, vajohat bilan ayolini himoya qilish uchun ayolga tomon yugurib qoldi. Uning vajohatidan qo‘rqib ketgan ayol erining ortiga o‘tib oldi.  Er ayolini yetaklab maymunlar tomon yurdi va unga:

– Endi maymunlarga ham biror narsa uloqtir-chi? – dedi. Ayol yana bir cho‘pni olib achomlashib o‘tirgan maymunlarga qarata otdi. Shunda erkak maymun o‘zini jonini saqlash maqsadida daraxt tepasiga qarab qochib qoldi.

Erkak ayoliga qarab bunday dedi:

– Ko‘rdingmi, xotin, hamma narsa ham ko‘ringani kabi bo‘lavermaydi.

Darhaqiqat, ko‘pchilikni ko‘p narsalarning zohiri aldab qo‘yadi. Ammo ba’zan biz ko‘zimiz bilan ko‘rgan narsalar aslidan boshqacha bo‘lib chiqishi ham mumkin. Yolg‘on ko‘ringan narsa esa ba’zida rost bo‘lib chiqishi mumkin. Shunday ekan, xulosa qilishga shoshilmaylik.

Akbarshoh Rasulov

Ibratli hikoyalar