Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi “Zarkent bobo” ziyoratgohida ayollar va bolalar tomonidan qabr tavof qilinayotgani, ustunlar o‘pilayotgani, zinalarga bosh qo‘yib, sajda etilayotgani haqidagi video tarqaldi. Undagi voyaga yetmagan bolalar ham kattalar ortidan bu amallarni bajarayotgani eng tashvishlanarli holatdir.
Ta’kidlash joizki, ushbu ziyoratgoh O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida emas. Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi avval shirk amallardan saqlanish haqida fatvo e’lon qilganini ta’kidlagan holda “Zarkent bobo” ziyoratgohi mutasaddilaridan mazkur holatga jiddiy e’tibor qaratishni tavsiya etadi.
Islom ta’limotiga muvofiq, musulmon kishi o‘zining imon-e’tiqodiga asosan barcha hojatlarini faqat Alloh taolodan so‘rashi va Uning O‘zigagina ibodat qilishi shart. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
“...Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!” (Kahf, 110).
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham inson ehtiyojini faqat Alloh taolodan so‘rash lozimligi haqida ta’limot berganlar.
Afsuski, ayrim kishilar bilimsizligi va johilligi sabab bo‘lib, mazkur qabrni tavof qilish va undan hojatini so‘rash kabi dinimizga zid amallarni qilib kelmoqdalar.
Qur’oni karimda:
“Albatta, Alloh o‘ziga (biror narsa) sherik qilinishini kechirmaydi. Bundan o‘zga (gunohlar)ni (O‘zi) xohlagan kishilar uchun kechirgay. Kimda-kim Allohga shirk keltirsa, demak, u (to‘g‘ri yo‘ldan) juda uzoqqa adashibdi” (Niso, 116).
Ushbu joydagi ziyoratchilar qabr atrofidagi har bir ustunni o‘pib, tavof qilishmoqda. Shu bilan birga ziyoratgohga chiqishda har bir zinaga sajda qilib chiqayotgan ayollar va bolalarni ko‘rib qattiq achinasiz. Ziyoratga kelganlar o‘sha qabr ustunlarini silab, yuz-ko‘zlarini surtib, atrofini aylanib, turli narsalarni so‘rashayotgani muborak dinimizda katta shirk hisoblanadi.
Bir necha yil avval shunday holatlar yuzasidan “Daraxt va tosh kabilarni muqaddas deb bilishning shirkligi haqida”gi fatvo e’lon qilingan. Shuningdek, ziyoratgohlarga ziyorat qilish odoblari haqida lavhalar ham qo‘yilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ushbu va shu kabi idora tasarrufida bo‘lmagan ziyoratgohlarning mas’ullarini shu kabi ko‘ngilsiz holatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida fuqarolarga ziyorat odoblarini tushuntirish masalasida hamkorlikka chaqiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Zarkent bobo” ziyoratgohi mutasaddilari bilan hamkorlikda kuzatilayotgan vaziyatga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda holatni doimiy nazoratga olishni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
- Avvalo, ijtimoiy tarmoqlarga kirishdan maqsadingiz shunchaki vaqt o‘tkazish, ermak emas, balki boshqalarga manfaat ulashish, ulardan manfaat olish, ilmni oshirish, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish;
- Fahsh, harom, boshqalarga tegishli rasm va videolarini tarqatish tiyilish;
- Dinni, ulamolarni, shaxslarni, xalqlarni kamsitadigan, obro‘ to‘kishga qaratilgan maqola, rasm va videolarni post qilib qo‘ymang;
- Foydasiz tortishuvlarga kirishmang;
- Mish-mish aytuvchi, tarqatuvchi bo‘lmang! Ma’lumotlarni tarqatishdan oldin tekshirib, aniqlashtiring;
- Postlaringiz bilan odamlarga ilm-ma’rifat, yaxshilik ulashishga intiling va bu ishlarning barchasini Alloh taoloning roziligi uchun qiling;
- Yozayotgan, yuborayotgan, ulashayotgan har bir so‘zingiz oxiratda sizning zararingizga emas, foydangizga guvohlik beradigan so‘z bo‘lishiga diqqat qiling;
- Ijtimoiy tarmoqlardan me’yorida foydalaning! Ibodatni ado etish, oilaning nafaqasi, silai rahm, qo‘shniga yaxshilik qilish kabi zimmangizdagi mas’uliyatlaringizni unutib qo‘ymang;
- Postlarga “yoqdi” tugmasidan bosishdan oldin bu ish iymoningizga futur yetkazadimi yoki yo‘qmi, aniqlab oling! Gunoh bo‘lgan postlarga “yoqdi” tugmasini bosish iymonga salbiy ta’sir etadi;
- Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizni oxiratda Alloh taoloning huzurida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilarida xijolat bo‘lib qolmaydigan tarzda yuriting!
Norin tumani “Abu Iso at-Termiziy” jome masjidi
imom-xatibi Maxmudov Yosinxon.
Manba: @SOFTALIMOTLAR